14.3.Davlatning oila institutiga qaratilgan ijtimoiy siyosati
Har qaysi millat ma’naviyatini shakllantirish hamda yuksaltirishda oilaning
o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Chunki eng sof hamda pokiza tuyg‘ular, halollik,
rostgo‘ylik, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi insoniy fazilatlar, eng avvalo, oila
sharoitida kamol topadi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda oila institutini har
tomonlama qo‘llab-quvvatlashga muhim ijtimoiy vazifa sifatida e’tibor qaratilgani
zamirida ham har tomonlama sog‘lom, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga
sadoqatli avlodni tarbiyalash maqsadi mujassamdir.
Mustaqillik yillarida oila fenomeniga davlat ahamiyati darajasida jiddiy e’tibor
qaratilganligi, oilani har taraflama rivojlantirish, uni qo‘llab-quvvatlash hamda
ijtimoiy-ma’naviy himoya qilishga astoydil kirishilganligini alohida ta’kidlash
zarur. Bu, avvalo, Asosiy qonunimiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topdi. Jumladan, Konstitutsiyamizning uchinchi
bo‘lim, XIV bobi «Oila» deb nomlangan bo‘lib, undagi 63–66-moddalarda oilaning
ijtimoiy-tarixiy roli, ahamiyati huquq va burchlari hamda ahamiyati qonuniy
asoslarda aniq-ravshan belgilab berilgan. Bu moddalarda oilaning «jamiyatning
asosiy bo‘g‘ini» ekanligi hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga
egaligi, oila qurishga asos bo‘luvchi nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng
huquqliligiga asoslanishi (63-modda), ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga
yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi (64-modda), davlat va jamiyat
yetim bolalarni yoki ota-onalari vasiyligidan mahrum bo‘lgan farzandlarni o‘z
171
qaramog‘iga olishni, shuningdek, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini
rag‘batlantirishi (64-modda), farzandlar ota-onalar nasl-nasabi va fuqarolik
holatidan qat’i nazar, qonun oldida teng ekanligi (65-modda), onalik va bolalikning
davlat tomonidan muhofaza qilinishi (shu modda) kabi g‘oyat muhim masalalarga
huquqiy maqom berildi. Ayniqsa, 66-moddadagi «Voyaga yetgan, mehnatga
layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar» kabi
fikrlar jahon qonunchiligida o‘ziga xos yangi hodisa sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998 yil 30 apreldagi qarori bilan
yangi Kodeks O‘zbekiston Respublikasining “Oila kodeksi” qabul qilindi
1
va 1998
yil 1 sentyabrdan boshlab yangi kodeks amalga kiritildi. Mazkur Oila kodeksi
mohiyati, mazmuni jihatidan 1969 yil 6 iyunda qabul qilingan O‘zbekiston SSRning
Nikoh va oila kodeksidan tubdan farq qiladi. Jumladan, eski kodeksda Ittifoqdosh
respublikalar aholisining o‘ziga xos urf-odatlari, mahalliy va milliy xususiyatlari
inobatga olinmagan holda barcha uchun nafaqat shakl, shuningdek, mazmun
jihatdan ham bir xil bo‘lgan qoidalar joriy qilinar edi. Yangi Kodeksda biz orzu
qilgan yangi jamiyatning tabiatini ifoda etuvchi, uning asosiy xususiyatlarini o‘zida
mukammal aks ettiradigan hamda zamonaviy oilaviy hayotning kamol topishiga,
oilaviy munosabatlarning rivojlanishi va mustahkamlanishiga faol ta’sir
ko‘rsatishga qaratilgan qoidalar mujassam bo‘ldi. Ayni paytda, ushbu Kodeksda
zamonaviy oila qonunlarini takomillashtirishda uzoq yillar davomida hayot
sinovidan o‘tgan va ijobiy ma’no-mazmun kasb etgan qoidalar ham saqlanib qolgan.
Yangi Kodeksga kiritilgan normalarda mamlakatimizda barpo etilayotgan huquqiy-
demokratik, insonparvar davlat vazifalarini bajarishga, umuminsoniy va milliy
qadriyatlar asosida zamonaviy oilalarning barqarorligini ta’minlash tizimini
yaratishga qaratilgan qoidalar o‘z aksini topgan. Yangi Kodeksda, jumladan 1-
modda – «Oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari hamda ularning vazifalari»da shunday
deyiladi: Huquqiy davlatlarda oilaviy munosabatlarga oid axloqiy normalar huquqiy
qoidalar bilan uzviy bog‘liqdir. Huquqiy normalarning muayyan munosabatlarga
tadqiq qilinishi umuminsoniy axloq talablarini amalga oshirishni ta’minlasa, axloqiy
1
https://www.lex.uz/docs/104720
172
normalar esa, o‘z navbatida, qonunlarni buzmasdan, to‘g‘ri amalga oshirish, qonun
talablariga og‘ishmay rioya qilish uchun zarur hissiyotlarni tug‘diradi. Adolat va
tenglik qaror topgan demokratik jamiyatda oilaviy munosabat yuksak ideallar –
muhabbat, do‘stlik, birodarlik, o‘zaro hurmat-izzat tamoyillari asosida
tuzilishi,muqarrar nikohning ozod bo‘lishi, er va xotin nikohga o‘tishining erkin
bo‘lishi oila munosabatlarining mustahkam va abadiy bo‘lishi uchun garovdir
1
.
Oila kodeksida nikoh shartnomasi instituti, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy
ko‘rikdan o‘tkazish, oilaviy munosabatlarda mahalliy urf-odat hamda an’analarning
qo‘llanilishi, qon-qardoshlik, bolalarning nasl-nasabini belgilash, aliment to‘lashga
oid majburiyatlar singari qator qoidalar jamlangan.
Ona va bola manfaatlarining huquqiy himoyasi ularning salomatligini asrash,
moddiy hamda ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnatni onalik bilan bog‘lab
qo‘shib olib borish uchun ayollarga zarur sharoitlarni yaratishga asoslanadi.
Mamlakatimizda har bir oila davlat muhofazasiga olingan. Oila kodeksi va
boshqa qonun hujjatlari oilaviy munosabatlarni tartibga solish, oilaviy ajrimlarning
oldini olish, nafaqat er-xotin, ayni chog‘da voyaga yetmagan farzandlarning ham
huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga molik.
Mamlakatimizda oila mustahkamligini ta’minlash, ayniqsa, yosh oilalarni har
tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2018 yil
27 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3808-sonli “O‘zbekiston
Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”
qarori qabul qilindi.
2
Ushbu qarorda O‘zbekistonda oilani rivojlantirishga global
darajada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlari
doirasida, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini
rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi
doirasida qaralishi takidlab o‘tilgan.
Qarorga asosan quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida oila institutini
mustahkamlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi:
1
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga sharhlar. – Toshkent: Adolat, 2000, 3-4 betlar.
2
https://www.lex.uz/docs/3797625
173
oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini
takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;
zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;
demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish;
oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy
oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash;
oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning
samarali tizimini yaratish.
Ushbu qaror bilan «Oila» markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi,
«Mahalla» xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va keng
jamoatchilikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil
20 sentyabrdagi A/RES/47/237-son rezolyusiyasi bilan e’lon qilingan Xalqaro oila
kunini respublikaning barcha hududlarida har yili nishonlash to‘g‘risidagi taklifi
ma’qullandi.
Oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy
oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash kabi
masalalar bugungi kunda ham mantiqan davom etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, oilani asrab-avaylash, uning mustahkamligini
ta’minlash, ajrashish arafasidagi oilalarni yarashtirish eng ezgu amallardan
hisoblanadi. Shunday ekan, oilaviy ajrashishlarning oldini olish, er-xotinni o‘zaro
murosaga keltirish borasida nafaqat sudlar, balki keng jamoatchilik ham alohida
jonbozlik ko‘rsatishi jamiyatimiz rivojiga munosib ulush qo‘shishi shubhasizdir.
|