|
B6 vitamini (piridoksin, adermin)
|
bet | 4/7 | Sana | 16.12.2023 | Hajmi | 28 Kb. | | #120703 |
Bog'liq SUVDA ERUVCHI VITAMINLARB6 vitamini (piridoksin, adermin)
Bu guruh vitaminlariga kiruvchi piridoksin oziq-ovqat mahsulotlarida ko’p uchraydi, shuning uchun odamda bu vitamin taqchilligi kam bo’ladi. U sholi kepagida, no’xat va loviyada, kartoshkada, karam, sabzi, har xil achitqilarda, hayvonlarning jigari, go’shti va buyraklarida, tuxum sarig’ida serob bo’lib, bu mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlar iste'mol qilish bilan odamda unga bo’lgan ehtiyoj to’liq qonadi. Lekin mehnat faoliyati og’ir jismoniy ish bilan bog’liq kishilarda, ruhiy, hissiy zo’riqishlarda, kasalliklar tufayli ko’plab antibiotiklar qabul qilinganida piridoksinga bo’lgan talab bir muncha oshadi.
B6 vitamini aminokislotlar o’zlashtirilishini ta'minlaydigan ferment tarkibiga kiradi, u yetishmasligidan tanada oqsillar hosil bo’lishi pasayib ketadi. Piridoksin ishtirokida aminokislotalarning bir turdan ikkinchisiga aylanishi juda muhim jarayon bo’lib, bu holat tanada tegishli oqsillar sintez bo’lishi uchun aminokislotlar zahirasini yaratadi. Shuning uchun ham bu vitamin yetishmaganida zarur oqsillar taqchilligi tufayli u yoki bu kasalliklar kelib chiqadi. B6 vitamini avitaminozi yana teri kasalligi–dermatitni keltirib chiqaradi hamda u tiamin va riboflavin qabul qilish bilan tuzalmaydi. Qachonki bunday kasallikka chalingan kalamushlar ovqatiga jigar, achitqi, sholi kepagi qo’shib berilganida ular tuzalishgan. Keyinchalik bu mahsulotlardan dermatitni davolaydigan modda ajratib olinib (1938 y.), unga V6 vitamini yoki piridoksin-adermin degan nom berilgan.
Piridoksin me'da-ichak tizimida sintezlanishi ham mumkin degan fikr bor, chunki vujuddan ajralgan piridoksin parchalanish hosilalari uning ovqat bilan qabul qilinishiga qaraganda bir oz ko’p bo’lar ekan.
B9 vitamini (folat kislota yoki bs vitamini)
B9 vitaminining Bs vitamini deb nomlanishi ilk bor uning jo‘jalarda olib borilgan tajribalarda ochilganidir (inglizcha -|” chicken ” - jo‘ja).
Bu vitaminning yana folat kislota deyilishiga sabab uning ismaloq yashil barglaridan (lotincha “folium” - barg) ajratib olinganidir. Qoqi, yalpiz, qichitqi o‘t, dostorbosh kabi boshqa o‘simliklarning yashil barglarida ham mo‘l bo‘ladi, lekin qurigan bargda, ayniqsa quyosh nuri ostida quritilgan bo‘lsa folat kislota uchramaydi. Quritilgan, qaynatilgan o‘simliklar mahsulotlari tarkibida birgina folat kislota emas, balki boshqa vitaminlar ham juda kam bo‘ladi. shuning uchun o‘simliklarning mevalarini, barglarini va boshqa qismlarini iloji boricha “tirik”ligicha iste'mol qilishga intilish kerak. Shunda vujudning aksariyat vitaminlar va ma'danli moddalarga bo‘lgan ehtiyoji qondirilib, dorixonalardagi darmondorilaga hojat qolmaydi (albatta og‘ir avitaminozlarga mubtalo bo‘lganlar bundan mustasno).
Tajribalarda shu narsa aniqlanganki, agar jo‘jalar ovqatidan folat kislota umuman olib tashlansa, ular o‘sishdan to‘xtab, qoni kamayib ketar ekan. B9 vitamini bevosita qon hosil bo‘lishida ishtirok qilganligi uchun ham uni ayrim manbalarda antianemik vitamin deb yuritishadi. Ovqatlanish qoidalariga rioya qilib borilsa, bu vitaminning avitaminozi kam uchraydi. Yana u ichak mikroflorasi tomonidan ham sintez qilinadi. Agar ichaklarning faoliyati yomonlashib folat kislota qonga o‘tmay qolsa, odamda kamqonlik, ya'ni anemiya yuzaga keladi. Bundan tashqari B9 vitamini avitaminozi hazm a'zolari, jigar vazifasining buzilishi va himoya qobiliyatining pasayishi bilan ham ifodalanadi. Folat kislota taqchilligidan xastalikka uchraganlarda asabiylashuv, uyqusizlik, tez charchash, parishonxotirlik alomatlari uchraydi.
Folat kislota yangi hujayra va to‘qimalar hosil bo‘lishida, jumladan, qizil qon tanachalarining yuzaga kelishida faol qatnashadi, agar u yetishmasa eritrotsitlar yetilmaydi, natijada kamqonlik paydo bo‘ladi.
B9 vitaminining tabiiy manbalariga ismaloq va yuqorida aytib o‘tilgan o‘simliklarning yashil barglari, pomidor, sabzi, lavlagi, rangli karam, dukkaklilar, donli o‘simliklar, hayvonning jigari, go‘shti, baliq va tuxum kiradi. Odamda unga bo‘lgan kecha-kunduzlik ehtiyoj o‘rtacha 200 mg, ko‘p jismoniy mehnat qiladiganlar, har xil stress holatlarda faoliyat ko‘rsatadiganlarda hamda homilador, emizikli onalarda bu miqdor 400 mg va undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
|
| |