|
I BOB. UZOQ MUDDATLI ORALIQDAGI ISHLAB CHIQARISH NAZARIYASI ASOSLARI
|
bet | 3/15 | Sana | 11.10.2024 | Hajmi | 285,69 Kb. | | #274465 |
Bog'liq Raqobatlashuvchi firma va tarmoqning uzoq muddatli oraliq Ishlab chiqarish jarayoni va ishlab chiqarish funksiyasi
Ishlab chiqarish - korxonalarining asosiy faoliyati turi bo’lib, bu jarayon cheklangan resurslardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Ishlab chiqariladigan mahsulot miqdori, ushbu tovarlarni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan resurslar hajmidan va ishlab chiqarishda foydalanilayotgan texnologiyaning holati va darajasiga bog’liqdir.
Ishlab chiqarish - bu kerakli mahsulotlarni tayyorlash uchun ishchi kuchidan, uskuna va texnologiyadan, tabiiy resurslardan hamda materiallardan ma’lum miqdordagi kombinatsiyada foydalanish jarayonidir. Masalan, o’z ustaxonasiga ega bo’lgan shaxs stol ishlab chiqarish uchun ishchi kuchidan, xom ashyo sifatida taxta, temir, arra va boshqa uskunalarga sarflangan kapitaldan foydalanadi.
Ishlab chiqarish jarayoni - bu kishilarni o’zlarining iste’moli uchun zarur bo’lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni yaratishga qaratilgan maqsadga muvofiq faoliyatidir. Moddiy va ma’naviy ne’matlar yaratish, turli xizmatlar ko’rsatish jarayoni kishilar iqtisodiy faoliyatining asosiy tomonidir.
Ma’lumki, har qanday ishlab chiqarish, birinchi navbatda, mehnat jarayonidir yoki boshqacha qilib aytganda, tabiatdagi bor narsalarning ko’rinishini o’zining iste’moli uchun muvofiq holga keltirish uchun qilingan mehnat faoliyatidan iboratdir. Ana shu mehnat jarayonida kishilar, eng avvalo, tabiat bilan, uning kuchlari va ashyolari bilan hamda bir-birlari bilan o’zaro ma’lum munosabatda bo’ladilar. Ishlab chiqarish jarayonida bo’ladigan bu munosabatlarning shakllari va xususiyatlarini o’rganish hamda ularni bilgan holda ishlab chiqarishni ongli tashkil etish oliy maqsadga, ya’ni cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanilgan holda kishilarning o’sib boruvchi ehtiyojlarini qondirish maqsadiga erishishning birdan-bir yo’lidir. Moddiy ne’matlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko’rsatishning ichki qonuniyatlari va uning rivojlanish xususiyatlari ko’pgina iqtisodchi olimlar tomonidan ko’rsatib berilgan. Ular mehnat kishilar yashashining umumiy asosidir deb ta’riflaydilar. Demak, mehnat
iste’mol qiymatlarini yaratuvchi sifatida, foydali mehnat sifatida kishilarning yashashi uchun hech qanday ijtimoiy shakllarga bog’liq bo’lmagan holda abadiy tabiiy zaruriyatdir, mehnat bo’lmaganda kishi bilan tabiat o’rtasida modda almashinuvi ham mumkin bo’lmas edi.
Ishlab chiqarish omillarini yiriklashgan uch guruhga bo’lib qarash mumkin: mehnat, kapital va materiallar.
Masalan, mehnat ishlab chiqarish omili sifatida malakali mehnatni (payvandchi, buxgalter, elektr ustasi), malakasiz mehnatni (har xil ishchilar) va korxona rahbarlarining tadbirkorlik harakatini o’z ichiga oladi. Bu mehnat turlarini umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar mehnat sig’imi va mehnat unumdorligidir.
Materiallar deganda, ishlab chiqarish jarayonida tayyor mahsulotga aylanadigan har qanday moddiy narsani qarashimiz mumkin: butlovchi qismlar, yarim fabrikatlar, temir, po’lat, shisha, yoqilg’i, yog’och, paxta va boshqa xom ashyolar tushuniladi.
Moddiy kapital sarfi ishchilar tomonidan binodan, uskunadan, instrumentdan va texnologik liniyalardan foydalanishni o’z ichiga oladi.
Ishlab chiqarish munosabatlari birinchi navbatda mahsulot ishlab chiqarishdagi texnologik munosabatlardir.
Texnologiya - bu tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish to’g’risidagi amaliy bilimlardir. Ma’lumki, texnologiyaning takomillashuvi fanda va texnikadagi yangi yutuqlarning ishlab chiqarish jarayoniga joriy qilish orqali boradi. Yangi texnologiya yangi ishlab chiqarish usullaridan foydalanishni, yangi mashina va mexanizmlardan yanada yuqori malakaga ega bo’lgan mehnatdan foydalanishni taqozo qiladi. Yangi texnologiya yangi turdagi mahsulotlarni yaratishga yordam beradi. Yangi texnologiya mahsulot sifatini oshirishga, ish sharoitlarini yaxshilashga, berilgan resurslar miqdori o’zgarmaganda ishlab chiqariladigan mahsulot miqdorini oshirishga, xarajatlarni kamaytirishga olib keladi.
|
| |