|
VATANPARVALIK KATEGORIYASINI BAHOLASH BO‘YICHA XORIJ DAVLATLARI TAJRIBASI
|
bet | 134/151 | Sana | 01.04.2021 | Hajmi | 5,41 Mb. | | #13872 |
VATANPARVALIK KATEGORIYASINI BAHOLASH BO‘YICHA XORIJ DAVLATLARI TAJRIBASI
Abduraxmanov Sh.N. – Buxoro davlat universiteti Harbiy ta’lim fakulteti “Uslubiy tayyorgarlik sikli” boshlig‘i, katta leytenant
Xorij davlatlarida vatanparvalik kategoriyasining talqin qilinishi, uning ko‘rsatkichlarini baholashga bo‘lgan ehtiyoj anchadan beri mavjud. Buni bir necha mamlakatlar tarixida ko‘rsa bo‘ladi.
Inglizlar tarixi ko‘p asrlar mobaynida butun dunyo xalqlarining diqqat markazida bo‘lishi bejiz emas. XIX asrning oxirlarida ingliz iqtisodiyotining rivojlanishi, davlatchilik tuzilishidagi siyosiy xususiyatlar, yuksak madaniyatning rivojlanishi – bularning barchasi tarixchi, siyosatchi, iqtisodchi va faylasuf olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qilgan. I. S. Shilnikov ta’kidlashicha, “Aynan, Britaniya imperiyasining qudrati, uning sarhadlarining kengayishi, milliy xarakterning shakllanishi, o‘z milliy qadriyatlariga muhabbat, ona zaminni ardoqlash hissi, ona-yurtini e’zozlash, oilasi va yaqinlariga g‘amxo‘r bo‘lish sifatlari – ingliz vatanparvarligining nishonasi sifatida namoyon bo‘ladi. “Mening uyim – mening qal’am!” iborasi ham ilk bor inglizlar tomonidan iste’molga kiritilganligi ayon”. Sir emaski, Buyuk Britaniyaning qudrati, uning sarhadlarining kengayishi, o‘zga millatlar (ayniqsa bosib olingan xalqlar) ustidan dominantlik hissi Britan vatanparvarligida noxush holatlarni ham keltirib chiqargan, ayniqsa, qirolicha Yelizaveta II davridayoq boshlangan va bir necha asrlar davomida keyingi monarxlar tomonidan davom etgan siyosat asnosida (1876-1947- yillar) qator mamlakatlar Buyuk Britaniyaga qaram mamlakatlar (Hindiston, Shimoliy Pokiston va boshqalar) hisoblandi. Bular sirasiga Angliyadagi Qo‘shma qirollik: Uels, Shotlandiya, Irlandiya (1920-yillargacha) ; qirollik yerlari: Menn, Djersi, Gernsi orollari; dominionlar (Usmon imperiyasiga tegishli bo‘lgan yerlar) va h.k. Inglizlarning etnik xususiyatlari haqidagi qarashlar bosib olingan xalqlar tomonidan yuzaki baholanib borildi va kelgusida ingliz milliy xarakterining shakllanishida o‘chmas iz qoldirdi.
Ingliz yozuvchisi J. Golsuorsi “ haqiqiy ingliz yozuvchisi, jentelmen, o‘z ona-yurtini sevuvchi vatanparvar” [Tugusheva, 12009,-53-b.] asarlarida o‘z zamonasida yashab, ijod etgan yozuvchi, shoirlar, saroy a’yonlari-yu, boy-zodagonlaridan tortib, oddiy kosib va mehnatkash inson siymolari gavdalanadi. Uning asarlarida badiiy siymolar orqali ingliz xalqiga mansub bo‘lgan “vatanparvarlik” tushunchasi keng talqin qilingan. Yozuvchining “Dil izhorlari albomi” deb nomlangan tarixiy-publitsistik asarida J. Golsuorsi “ingliz vatanparvarligi” kategoriyasini baholab, o‘zini qiynagan savollarga javob izlaydi. Yozuvchi haqiqiy vatanparvar bo‘lish uchun o‘z ona yerini sevish bilan birga, unga jonini fido qilish, shu zaminda yashovchi fuqaro uchun eng oliy ne’mat, deb uqtiradi. Angliyaning go‘zal tabiatini yozuvchi mo’jaz narsalarda ko‘radi. Uning uchun shotland botqoqliklari, qishloq hayoti, osmonda uchib ketayotgan qushlar, daladagi choy o‘tlarining hidi, otlarning kishnashi o‘z Vatanini chuqur bilishga undovchi kuch, deb biladi. O‘z romanlarida J. Golsuorsi ingliz vatanparvarligini talqin qilib, unga baho berar ekan, shunday yozadi: “...ingliz xarakterining eng ko‘zga ko‘ringan tomoni – bu uning vatanparvarligidir. Inglizlar xarakterida egoizm (xudbinlik) o‘zga millat vakillariga nisbatan kam darajada namoyon bo‘lsada, ammo o‘zining qudrati va boshqa xalqlardan ustunligini ko‘rsatish hissi juda kuchlidir. Dunyoning yarmini bosib olgan inglizlar o‘zining mamlakati uchun shu paytgacha “country” so‘zidan boshqa atama o‘ylab topishmadilar. Ushbu so‘z zamirida: ham “mamlakat”, ham “qishloq”, “shahardan uzoq joy”,-degan ma’no mavjud”. Darhaqiqat, ingliz lug‘atlariga e’tibor qaratsak: “country” – 1) an area of land that is a nation, especially considered together with its population, political organization, industry. England is my native country; 2) the land outside cities or towns; land used for farming or left unused. We are going to have a day in the country tomorrow; 3) land with a special nature or character: good farming country;an area of land that has its own government and official borders: Ministers from four Arab countries met today in Cairo; 4) the country the people who live in a country: a crime that has chocked the whole country; 5) areas away from cities and large towns, consisting of fields, farms, villages etc = COUNTRYSIDE: Unemployment affects both town and country. We went for a picnic in the country.
J. Golsuorsi “vatanparvarlik” kategoriyasiga baho berishda konnotativ, empirik, tarixiy, madaniyatshunoslik, ilmiy dunyoqarash asnosida hissiy fonli aspektlarni yoritishga harakat qiladi [Teliya, 1986]. “The Country House”, “Salvation of a Forsyte and Other Stories” [Golsuorsi, 2005], [Galsworthy, 2011,-71-b.]. Ingliz ekanligimdan g‘ururlanaman, deyish o‘rniga inglizlar:” 1) “the British Empire”, - g‘urur bilan Britaniyaning o‘zga mamlakatlardan ustunligini qayd etishadi”.-deb yozadi. Masalan, “In matters of national honourhe was even plainer, for he never went into the merits of the question, knowing, as a simple patriot, that his country must be right; or that, if not right, it would be never do to say she wasn’t” [Golsuorsi, 2005: 154] va h.k..
Hozirgi kunda amerikaliklar tomonidan so‘zlanayotgan ingliz tilida «siyosiy nazokat» mavjud. Ular foreigner (kelgindi) evfemizmi o‘rniga, alien (notanish) yoki newcomer (bu erlik emas) so‘zini ishlatishadi.[Ter-Minasova, 2007]. Albatta, vaqt o‘tishi bilan “ingliz vatanparvarligi” atamasiga yangicha qarashlar paydo bo‘ldiki, ular Yevropa Ittifoqi va Amerika madaniyati “domiga tushish xavfi”dan saqlanish uchun “vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirishga urinishayapti” [Visson, 2005].
I. S. Shilnikov “J. Golsuorsining asarlarida ingliz vatanparvarligining talqin qilinishi” nomli monografiyasida o‘zga millatlar madaniyati, turmush tarzi haqida u yoki bu elat, xalq, millat to‘g‘risida muayyan fikr paydo bo‘lishiga oldindan ma’lum bo‘lgan axborotlarning ta’siri katta bo‘ladi, - deb yozadi. Darhaqiqat, u yoki bu elat, xalq, millat to‘g‘risida tarixiy turg‘un bo‘lib qolgan ijobiy ustanovkalar shu millat vakillariga nisbatan yaqinlashish, do‘stlashish hissini uyg‘otadi, aks va salbiy (mash’um) ustanovkalar esa xalqlarning bir-biriga bo‘lgan yaqinlashish, hamkorlikda yashash, mehnat qilishga jiddiy to‘sqinlik qiladi.
Bugungi kunda dunyodagi eng oliy maqsad tinchlikni saqlash hisoblanadi. Shu jihatdan olganda, xalqlar orasida milliy totuvlikni saqlash, do‘stona munosabatlarni o‘rnatish, fikr hamkorligiga erishish muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda har bir ziyoli insonning o‘zga millat va elatlar tarixi, urf-odatlarini, qadriyatlarini o‘rganish hayot normasiga aylanib bo‘lgan. “Hatto, oliy ta’lim muassasalari talaba va professor-o‘qituvchilarining til o‘rganishlariga bo‘lgan ishtiyoqi, nafaqat kommunikativlik kompetensiyalarini shakllantirish va rivojlantirishga, balki, o‘zga millat va xalqlar bilan partisipativ (o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik) asosida ish yuritishga qaratilgan,-deb yozadi M.V.Yelizarova [Elizarova, 2014,-123-b.].
Yaponiyada yoshlarni bog‘cha davridagi rivojlanish pallasidayoq Vatanga sadoqatli qilib o‘stirish masalalariga katta e’tibor qaratishadi. Yaponiya davlatining premyer ministri Sindzo Abe faoliyat yuritayotgan paytdan boshlab, maktablarda vatanparvarlik his-tuyg‘ularini o‘quvchilarda shakllantirishga davlat siyosati darajasidagi masala sifatida qarala boshlandi. Ushbu siyosatchi topshirig‘i bilan “sinf xonalariga vatanparvarlikni qaytarish” harakati boshlandi. Shu maqsadda “Yaponiya tarixi” o‘quv predmeti bo‘yicha darsliklar qaytadan nashr qilindi (2000-2010- yillar). 1947-yili Yaponiya ikkinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng “Ta’lim to‘g‘risidagi fundamental Qonun” qabul qilindi. Unda vatanparvarlik atamasidan qochish holatlarini kuzatish mumkin. 2002-yildan e’tiboran Yaponiya hukumati tomonidan yangi o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari va darsliklar tayyorlanib, ularda “vatanparvarlik” atamasi yangi ma’no-mazmun kasb etuvchi atama sifatida talqin qilindi va olti yillik majburiy ta’limning asosiy maqsadi – “bolalarda vatanparvarlikni shakllantirish”, deb belgilandi.
2003-yili Yaponiya hukumati tomonidan “So‘z va vatanparvarlik erkinligi to‘g‘risida”gi farmoyish qabul qilinib, maktab o‘quvchilarining vatanparvarlik darajasini baholash tizimi yaratildi. Ta’lim tizimida tahsil oluvchilar 11 yoshdan e’tiboran vatanparvarligi uchun baho ola boshladilar va ushbu baholar o‘quvchi kundaligi va fanlarni o‘zlashtirish tabelida o‘z aksini topa boshladi. Hali pedagogikada kvalimetrik tamoyillar, tahlil metodlari to‘laqonli yaratilmaganligi, o‘quvchilar vatanparvarligini baholash kreteriyalari, mezonlari ishlab chiqilmaganligi bois, bunday baholanish jamoatchilik tomonidan qat’iy tanqid ostiga olindi. Ammo, jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramasdan, Yapon hukumati 2006- yilning dekabr oyida yangi tahrirdagi farmoyish qabul qildi. Unda o‘qituvchining o‘zida yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik his-tuyg‘ularining rivojlanganlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishi va bu his-tuyg‘ularni o‘quvchilarda shakllantirishga layoqatli bo‘lishlari ko‘rsatib o‘tildi. (Epa Andy Rain, 2015,-45-b.)
Xitoy va Janubiy Koreya mamlakatlarida “vatanparvarlik to‘g‘risida”gi farmon qattiq tanqid ostiga olindi, chunki bu qo‘shni mamlakatlar Yaponiya ta’limidagi ushbu siyosatni o‘z mamlakatlariga xavf tug‘diruvchi siyosat sifatida qabul qildilar va shu mamlakatlar tarixi bo‘yicha yozilgan darsliklarda: “Pekin va Seul Tokioning xufyona mintaqaviy liderlikka nomzodini ko‘rsatayotganligini fahmlab yetganliklari”ni ifoda etdilar.
2012-yili Yaponiya maktablari uchun nashr qilingan darsliklarda “vatanparvarlik nima?” savoliga javob beruvchi rasmiy qarashlar o‘z ifodasini topdi. Bu qarashlarda Xitoy, Janubiy Koreya va Rossiya mamlakatlari bilan ko‘p yillardan beri davom etayotgan chegaraviy tuzilmalar to‘g‘risidagi bahslar ifodalandi.
Yaponiya ministri Yosixide Suga yapon maktablarida 1890-yildayoq imzolangan imperiya farmoyishlarida aks ettirilgan vatanparvarlik fazilatlarini zamonaviy maktablarda ham qo‘llash mumkinligini rasmiy holatda bayon qildi. Bu farmoyishda ko‘rsatilishicha, har bir yapon fuqarosi o‘z jonini Vataniga qurbon qilishga shay bo‘lishi, mamlakatining gullab-yashnashiga o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi uqtiriladi.
Yaponiya maktablarida quyi sinflari uchun kendo darsi kiritilgan bo‘lib, unda o‘quvchilar fextovaniya – zamonaviy qilichbozlik texnikasi bo‘yicha saboq oladilar. Ushbu darslarda samuraylar an’analari, qadriyatlari, qilich bilan ishlash texnikasi haqida ma’lumot berilib, amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilinadi.
Yapon maktablarida o‘quvchilar vatanparvarligini baholash uchun testologiya metodlariga murojaat etiladi. Masalan, Toyonaka shahrida joylashgan “Moritomo gakuen» nomli maktabda Akie Abe tomonidan taklif etilgan, vatanparvarlikni baholash testlari ishlab chiqilgan bo‘lib, shu maktab o‘quvchilarining vatanparvarligi testlar yordamida aniqlanib, muayyan ballar asosida yil davomida baholab boriladi.
Yoshlarda vatanparvarlik darajasining sifat ko‘rsatkichlarini pedagogik tahlil qilish ma’lum obyektga yo‘naltirilganligi bilan belgilanadi, yoshlarning rivojlanish davrlari, emotsional-hissiy sohasini o‘rganish, individual tafovutlarini hisobga olish, ularning dunyoqarashi, mental xususiyatlari, ijtimoiy nufuziga qarab belgilanadi. Talabalarda vatanparvarlik darajasining sifat ko‘rsatkichlarini pedagogik tahlil qilish asnosida kelajakdagi fuqarolik e’tiqodiga ta’sir etuvchi mezonlar ishlab chiqiladi. Aks ta’sir sifatida ularning kelajakdagi faoliyatiga ham ta’sir qo‘rsatish, qo‘yilgan maqsadga erishilganlikni nazorat qilish mumkin.
|
| |