MATEMATIKANI O‘QITISHDA INNOVATSION O‘QUV-METODIK MAJMUALARDAN FOYDALANISH
Tayirov J.O‘. – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi “Temurbeklar maktabi” katta o‘qituvchisi
Axborot hajmining keskin ortishi ta’lim mazmunida innovatsion bilimlarni aks etishi bilan bog‘liq masalalarda mavjud o‘quv dasturlari va adabiyotlarining moslashuvchanligini tezkor ta’minlashga nisbatan jiddiy talablarni qo‘yadi. Shu sababdan ta’lim mazmunini takomillashtirishda zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlarini samarali qo‘llashni, ta’lim muassasalarida kompyuterlashtirishni rivojlantirishni, elektron axborot-ta’lim resurslaridan to‘laqonli foydalanishni taqozo etmoqda. Ta’lim bosqichlari orasida uzviylikni ta’minlash ta’lim maqsadi, mazmuni, metodlari, shakllari, vositalari, prinsiplari orasida uzviylikni ta’minlashni taqozo etadi. Shu sababli uzviylikni ta’minlashda elektron o‘quv-metodik majmualardan foydalanish samarali hisoblanadi.
Demak, akademik litsey, kasb-hunar kollejidan boshlanib, oliy ta’lim bosqichida davom etadigan fanlardan shu ta’lim bosqichlarida dars beradigan o‘qituvchilar hamkorligida uzviylik prinsipiga asoslangan elektron o‘quv-metodik majmualarni yaratish muhim masala hisoblanadi.
Elektron o‘quv-metodik majmualarni yaratish bo‘yicha bir qator talablar ishlab chiqilgan. Uzviylik prinsipiga asoslangan elektron o‘quv-metodik majmualarni yaratish bo‘yicha yuqoridagi talablarga qo‘shimcha quyidagi talablarni qo‘yish mumkin:
1) oldin o‘rgangan, o‘quv materialini hozirda va kelajakda o‘rganish istiqbollarini hisobga olish;
2) o‘quv materiallarini o‘rganishda turli tafakkur usullarini uyg‘unlashtirish;
3) psixologiyadagi turli o‘zlashtirish nazariyalari yutuqlarini hisobga olish;
3) ko‘p bosqichli masalalar tizimidan foydalanish;
4) tarixiy materiallar va tatbiqiy masalalar (sohalar bo‘yicha) bloklarini kiritish.
Biz matematika umumta’lim fani sifatida o‘qitiladigan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar, aniq fanlar yo‘nalishi matematika guruhlarida hamda pedagogika oliy ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan matematika kurslari uchun yagona elektron o‘quv-metodik majmuani bir o‘zgaruvchili funksiyaning differensial hisobi bo‘limi misolida yaratmoqdamiz.
Quyida elektron o‘quv-metodik majmuadan foydalanish ketma-ketligi bilan tanishtirib o‘tamiz:
Bosh menyu – uchta muhitdan iborat bo‘lib, har bir muhitning o‘z muhitiga mos ravishda darajalar belgilangan hamda har bir boshqa muhitlar bilan bir biriga bevosita uzviy bog‘liqdir, ya’ni davomiydir.
Har bir muhit mos ravishda modullardan, modullar esa mavzulardan iborat. Modullarga kirishdan oldin modullarga qo‘yiladigan talablar bilan tanishiladi. Talablar talabaning modulga kirishdan oldin, kirgandan so‘ng va chiqish davridagi bilim saviyasiga ko‘ra darajalarga ajratilgan. Talaba talablar bilan tanishgach, tashxis testlari topshiriladi. Tashxis testlaridan yetarli ball to‘plagan talaba mavzular mundarijasiga yuzlanadi. Talaba kerakli mavzuni o‘zlashtirgach modullar yakunida nazorat testlarini topshiradi.
Nazorat testlaridan yetarlicha ball to‘plagan talabagina keyingi modulga o‘tishi mumkin. Aks holda joriy modulning kirish qismiga qaytib boradi. Nazorat testlaridan yetarli ball to‘play olmagan talaba aynan qaysi testlarda xato qilganligi va shu test olingan mavzuni aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda qayta o‘zlashtiradi (1-chizma).
|