RADIATSIYA VA UNING INSON SALOMATLIGIGA TA’SIRI
Saidova M.A. – Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi fizika astronomiya fani o’qituvchisi
Atabayeva G.R. – 218-umumta’lim maktabi fizika fani o’qituvchisi
Radioaktivlik— atom yadrolarining ion nurlanishlari chiqarishi natijasida boshqa bir atom yadrolarining hosil qilishidir. Radioaktiv nurlanishlar ionlovchi nurlanishlar deb ataladi, chunki bu nurlar ta’sir etgan moddalar atom va molekulalarida ionlar hosil bo'ladi. Bunday ionlovchi nurlanishlarga rentgen nurlari, radio va gamma nurlari, alfa va beta nurlari, shuningdek, neytron oqimlari kiradi. Alfa nurlari katta ionlashtirish xususiyatiga ega bo'lgan, harakat doirasi katta bo'lmagan geliy atom yadrosining musbat zaryadlangan zarrachalari hisoblanadi. Harakat doirasi katta bo'lmaganligi sababli inson teri qavatigagina ta’sir qilib, terini yorib kira olmaydi, shuning uchun ham uncha zararli emas. Beta nurlari radioaktiv moddalaming atom yadrolari tarqatadigan elektron yoki pozitron oqimidir. Bu nurlarning harakat doirasi ancha keng va yorib kirish qobiliyatiga ega. Shu sababli ham inson uchun xavflidir.
Bir qancha ilmiy-tekshirish muassasalarida va sanoat korxonalarida har xil maqsadlar uchun radioaktiv moddalardan foydalaniladi. Masalan, mashinasozlik sanoatida radioaktiv moddalardan quyma detallardagi kamchiliklarni va payvand qilingan joylarning va detallarning sifatini aniqlashda keng qo'llaniladi. Kristallsimon moddalarning tarkibini tahlil qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish va avtomatlashtirishda ham radioaktiv nurlar yaxshi natija beradi. Ionlashgan nurlar inson organizmiga zararli ta’sir ko'rsatib, og'ir kasalliklarning kelib chiqishiga sababchi bo'lishi mumkin. Uning ta’sirida inson og'ir kasallik hisoblanadigan nur, oq qon kasalligi va har xil xavfli o’sma, teri kasalliklariga duchor bo'lishi mumkin. Shuningdek, ionlashgan nurlar ta’sirida genetik ta’sirlanish, ya’ni keyingi avlodlarga ham ta’sir ko'rsatuvchi nasliy kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Radioaktiv nurlarning eng xavfli joyi shundaki, inson organizmida bu kasallik yaqqol namoyon bo’lguncha hech qanday belgiga ega bo'lmaydi. Aniqlangandan keyingi holat esa nihoyatda og'ir bo'lishi va ko'pincha o'lim bilan tugashi mumkin. Radioaktiv moddalar bilan ishlaganda ishni to'g'ri tashkil qilish va muhofaza chora-tadbirlarini qo'llash xavfsizlikni ta’minlaydi.
Ushbu maqolada quyidagi asosiy xulosalar qayd etildi:
1. Radioaktiv moddalarning eng xavfli tomoni shundaki, uning ta’siri inson organizmidagi sezish organlariga sezilmaydi, ya’ni inson radioaktiv nurlar ta’sirida uzoq vaqt ishlashiga qaramasdan, ularning zararli ta’sirlarini mutlaqo sezmasligi mumkin. Buning natijasi esa ayanchli tugaydi.
2. Radioaktiv nurlanishlar ta’sirida organizmning umumiy qon aylanish tizimining buzilishi kuzatiladi. Bunda qon aylanish ritmi susayadi, qonning quyilish xususiyati yo'qola boradi, qon tomirlari, ayniqsa, kapilyar qon tomirlari mo'rt bo'lib qoladi, ovqat hazm qilish a’zolarining faoliyati buziladi, odam ozib ketadi va organizmning tashqi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati kamayadi.
3. Alfa nurlanishlardan saqlanishda ekran qarshiligini hisoblashning ehtiyoji yo'q. Chunki bu nurlanishlar harakat doirasi eng kuchli radioaktiv moddalarda ham 55 mmdan oshmaydi. Alfa nurlanishlarni oyna, pleksiglaz, folganing eng yupqa xili ham ushlab qolish imkoniyatiga ega.
4. Beta nurlanishlardan muhofaza qilishda beta nurlarining harakat masofalarini hisobga olgan holda ekran moddasi va qalinligi tanlanadi.
5. Gamma nurlanishlardan muhofaza qilishda og'ir metallardan foydalanish kerak. Masalan, qo'rg'oshin, volfram va boshqalar yaxshi natija beradi. O'zlarining muhofazalanish xususiyatlariga ko'ra o'rtacha og'irlikdagi metallar ekran sifatida yaxshi natija beradi (po'lat, cho'yan, mis birikmalari va boshqalar).
6. Radiometrik asboblar radioaktiv moddalar qancha zarrachalar va kvantlar ajratayotganini o'lchaydi. Dozimetrik asboblar esa ionlashtirilgan nurlanishlar qancha energiyani uzatayotgani yoki obyektga tushayotganini o'lchaydi. Radiometrik va dozimetrik asboblar umuman sanoat korxonalari holatini o'lchash uchun hamda shaxsiy nazorat vositasi sifatida ishlatilishi mumkin.
7. Shaxsiy muhofaza aslahalari asosiy muhofaza aslahalariga qo'shimcha ravishda ishlatiladi va organizmning teri qismlarini, shuningdek, nafas olish a’zolarini tashqi nurlanishdan muhofaza qiladi. Ular asosan nurlanishlardan saqlash imkoniyatiga ega, ammo γ-nurlanishlar va neytron nurlanishlaridan muhofaza qila olmaydi.
|