|
Respublikamizda kuzgi bugʻdoy etishtirish boʻyicha ma'lumotlar
|
bet | 5/22 | Sana | 09.09.2024 | Hajmi | 27,31 Mb. | | #270747 |
I-BO’LIM
1.1. Respublikamizda kuzgi bugʻdoy etishtirish boʻyicha ma'lumotlar
Ilmiy-tadqiqot institutlari va ilgʻor xoʻjaliklarning koʻp yillik tajribalari shuni koʻrsatadiki, Respublikamiz sharoitida bugʻdoy va arpa kuzda ekilganda ularning hosildorligi ancha ortadi. Masalan, kuzda ekilgan bugʻdoy bahorgi bugʻdoyga qaraganda Qarshida 32, Qamashida 51, Baxmalda esa 24 foiz qoʻshimcha hosil bergan [13]. Buning sababi shundaki, kuzda koʻklagan maysa bahorda birmuncha qulay sharoitda rivojlanadi, tuproqdagi nam va ozuqa moddalardan yaxshi foydalanib, barvaqt etiladi va serhosil boʻladi. Kuzda unib chiqqan bugʻdoy maysalari sovuq tushguncha oʻzini tutib olsa, hosil yanada moʻl boʻladi. Shuning uchun sugʻoriladigan va lalmikor erlarning asosiy qismiga donli ekinlarni (arpa, bugʻdoy) kuzda ekish maqsadga muvofiqdir. Lekin, Oʻzbekiston sharoitida lalmikor erlarga bahorgi ekishdan butunlay voz kechib ham boʻlmaydi. Chunki, ayrim yillari kuzda yogʻingarchilik deyarli boʻlmaydi, sovuq esa juda erta tushadi. Ana shunday kezlarda sepilgan urugʻlarning unib chiqishi bahorgacha choʻzilib ketadi. Tabiiyki, bunday hollarda dalalarda oʻsimlik juda siyrak unib, bahorgi ekishga nisbatan kam hosil beradi. Ekish muddatiga qarab kuzgi bugʻdoy maysalarining qishlashi turlicha boʻladi. Kuzgi bugʻdoy kechikib ekilganda oʻsimlik yaxshi shoxlab ulgurmaydi, ildizi ham etarli rivojlanmagan boʻladi. Natijada uning qishga chidamliligi kamayadi, noqulay sharoit tugʻilganda maysalar tez siyraklashib, nobud boʻladi. Urugʻni haddan tashqari erta ekish mumkin emas. Chunki, kuz yaxshi kelsa, oʻsimlik tez oʻsib, keyinchalik uni sovuq urib ketishi mumkin. Urugʻni shunday muddatda ekish kerakki, oʻsimlik kuzda rivojlanishdan toʻxtaguncha 4-5 tadan poya chiqarishga ulgursin. Ana shunda, maysalar qishdan yaxshi chiqadi va moʻl hosil beradi. Kuzgi bugʻdoy maysalari harorat 5°S dan pastga tushganda oʻsishdan toʻxtaydi. Kuzgi ekinlarda toʻrt-beshtadan poya hosil boʻlishi uchun maysalar unib chiqqanidan to sovuq tushguncha sutkalik oʻrtacha harorat 50 kungacha kamida 5°S issiq boʻlishi kerak. Shunda oʻsimlik uchun foydali harorat yigʻindisi qariyib 450-480° ga teng keladi. Buning uchun sutkalik oʻrtacha harorat 14-17°S boʻlganda kuzgi bugʻdoyni ekaverish lozim.
Oʻzbekistonning sugʻoriladigan erlarida kuzgi bugʻdoyni quyidagi muddatlarda ekish eng yaxshi natija beradi: Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida 1-15 oktyabr, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida 20-30 sentyabr, Sirdaryo, Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 1-15 sentyabr, Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1-10 sentyabrda [13,14]. Urugʻ ana shu muddatlardan kech sepilsa hosil kamayib ketadi. Belgilangan me'yordagi urugʻni ekish kuzgi bugʻdoy maysalarining toʻliq boʻlishi va yaxshi saqlanishiga ijobiy ta'sir etadi. Oʻrtacha qalinlikda boʻlgan kuzgi bugʻdoy maysalari yaxshi qishlaydi, chunki ular qishgacha tuplab er betini qoplaydi, natijada tuproq harorati oshib, qishda ekin muzlamaydi, bahorda esa tez oʻsib etiladi. Bu sugʻoriladigan erlarda hosilni ertaroq yigʻishtirib olish va takroriy ekin ekishga barvaqt kirishish imkonini beradi. Urugʻ belgilangan me'yordan kam ekilsa dalani yovvoyi oʻt bosib, hosil kamayib ketadi, urugʻ haddan tashqari qalin sepilganda, oʻsimlik yaxshi tuplamaydi, boshoqlari kalta boʻlib etiladi.
|
| |