b)
a) tuproq solishtirma qarshiligi (K) ni uning namligi (W) ga nisbatan oʻzgarishi; b) tuproq qattiqligi (R) ni namlikka nisbatan (W) oʻzgarishi.
1.1-rasm
Demak, yuqorida ta'kidlaganlardan koʻrinib turibdiki, gʻoʻza qator oralariga kuzgi bugʻdoy ekish uchun tuproq namligini ma'lum darajada boʻlishi katta ahamiyatga ega ekan. Agarda namlik kam boʻlsa gʻoʻza qator oralarini sugʻorib, etilgandan soʻng ishlov berish kerak. Bunda ishlov berishlar soni keskin kamayadi va ekish sifati ancha yuqori boʻladi.
Gʻoʻza qator oralariga bugʻdoy ekish uchun erga ishlov berilganda har qanday texnologiya va ish qurollari qoʻllanilsa ham tuproq tarkibi mayin, katta kesaklar, begona oʻtlar boʻlmasligi kerak. Bunday tayyorlangan erlarga bugʻdoy ekilganda ekish sifati yaxshi boʻladi.
Gʻoʻza qator orasiga bugʻdoy ekish oldidan tuproqqa ishlov berish uchun quyidagi agrotexnika talablar qoʻyiladi: [6, 14]
1) qator oralari yumshatilganda oʻlchami 5 sm dan katta kesaklar hosil boʻlmasligi va oʻlchami 2,5 sm dan kichik boʻlgan fraksiyalar miqdori 80 foizdan kam boʻlmasligi lozim;
2) ishlov berish chuqurligi 15-18 sm oraliqda boʻlishi kerak va belgilangan chuqurlikdan chetga chiqish 1 sm dan katta boʻlmasligi lozim;
3) begona oʻt qoldiqlari toʻliq yoʻqotilishi lozim;
4) ishlov berilmay qolib ketgan joylarni boʻlishiga ruxsat etilmaydi;
5) mashinaning ish organlari gʻoʻzaning qolgan hosilini toʻkmasligi va shikastlamasligi kerak.
Yuqorida keltirilgan agrotexnika talablarga rioya qilingan holda tuproqqa ishlov berilganda kuzgi bugʻdoy ekish sifatli bajarilgan boʻlib, yuqori hosil olishga zamin yaratilgan hamda xarajatlar esa kam sarflangan boʻladi.
1.3. Gʻoʻza qator oralarini kuzgi bugʻdoy ekishga tayyorlashda qoʻllaniladigan mavjud texnika vositalari va ish organlarining tahlili
Hozirgi kunda Respublikamizda gʻoʻza qator oralariga kuzgi bugʻdoy ekishdan oldin ularni tayyorlashda turli xil moslashtirilgan kultivator va moslamalardan foydalanilmoqda. 1.2-rasmda gʻoʻza qator oralariga kuzgi bugʻdoy ekishda xoʻjaliklarda keng qoʻllanilib kelinayotgan moslashtirilgan kultivatorning texnologik ish jarayoni tasvirlangan [6].
Gʻoʻza qator oralariga bugʻdoy ekishga moslashtirilgan kultivatorning texnologik ish sxemasi.
1-urugʻ sepish apparati; 2-qiya yuza; 3-gryadil; 4-egat ochkich; 5-yumshatuvchi ish organlari; 6-tayanch gʻildirak; 7-parallelogrammli mexanizm; 8-povodok; 9-prujina; 10-rama; 11-gidrosilindr; 12-ikki elkali richag; 13-tebratkich; 14-urugʻ yoʻnaltirgich.
1.2-rasm
Kultivator oldingi ikkita yon ramalar (rasmda koʻrsatilmagan) va ketingi ramadan tashkil topgan boʻlib, ularga paralelogrammli mexanizm orqali ish organlari oʻrnatilgan.
Bugʻdoy sepish uchun oʻgʻit sepishda qoʻllaniladigan apparatlardan foydalaniladi va ular kultivatorning ketingi ramasiga oʻrnatilgan.
Sepish apparatlari traktorning yon quvvat olish validan mufta orqali zanjirli uzatma bilan harakatga keltiriladi. Sepish apparatini ostki tomoniga joylashgan valik aylanganda unga oʻrnatilgan shesternya bugʻdoy (oʻgʻit) tashlagich bilan birgalikda halqasimon shesternyani aylantiriladi.
Bugʻdoy (oʻgʻit) tashlagichlar bugʻdoyni xalqasimon oraliqqa beradi va soʻngra u urugʻ yoʻnaltirgich 14 ga oʻtadi. Urugʻ yoʻnaltirgichning ostiga ulangan oʻgʻit (urugʻ) oʻtkazgichlar olib qoʻyilgan. Shuning uchun urugʻlar kultivatorni eniga teng boʻlgan qiya yuza (2) ga kelib tushadi va unga urilib sochiladi hamda kultivasiya qilingan er yuzasiga tushadi.
Erga tushgan urugʻlarni egat ochkich 4 egat olish bilan birga tuproqqa koʻmib ketadi. Har bir qatorga oʻrnatilgan gryadillarga tuproqqa ishlov beruvchi yumshatuvchi ish organlari 5 oʻrnatilgan. Ular yordamida gʻoʻza qator oralari ma'lum chuqurlikda yumshatilib ketiladi. Ammo bu usulda bir oʻtishda tuproqqa talab qilingan darajada ishlov berib boʻlmaydi. Chunki, unga oʻrnatilgan ish organlari tuproqni namligi kam boʻlganligi va qotib ketganligi uchun bir oʻtishda maydalab, uning tarkibini mayin qilib bera olmaydi. Shuning uchun bu agregatlar bilan erni tayyorlashda ular bir joydan ikki-toʻrt marta oʻtishiga toʻgʻri keladi. Bu esa gektariga sarflanadigan toʻgʻridan-toʻgʻri harajatlarni ortishiga olib keladi.
Shuningdek, sepilgan urugʻlar tuproq yuzasiga bir xilda taqsimlanmaydi hamda bir xil chuqurlikka koʻmilmaydi. Bir qism bugʻdoylar tuproqqa har xil chuqurlikda koʻmilsa, ayrimlari tuproq yuzasida qolib ketadi. Bu esa hosildorlikni kamayishiga olib keladi [6].
Ayrim xoʻjaliklarda koʻrib chiqilgan kultivatorga oʻzgartirishlar kiritilib, uning ishlash jarayoni oʻzgartirilgan (1.3-rasm). Bugʻdoyni sochadigan qiya tekislik olinib, oʻrniga parallelogramm mexanizm 7 ga maxkamlangan kronshteyn 18 da turadigan sochuvchi disk 2 oʻrnatilib, unga kultivatorni oʻgʻit sepish apparatlarini harakatga keltiradigan valikka oʻrnatilgan konussimon shesternya juftliklari 15 dan egiluvchan hamda teleskopik kardanli uzatma 17 orqali harakat keltirilgan.
|