Majburiyatni bajarish muddati, joyi va usuli
Majburiyatni bajarish muddati qonun bilan yoki taraflarning o‟zaro
kelishuvi bilan yoxud sud qarori bilan belgilanishi mumkin.
Majburiyatni bajarish muddati kalendar sana bilan yoki muayyan
vaqtda, masalan, uch oy ichida bajarilishini ko‟rsatish bilan yoxud biror
hodisaning vujudga kelishi, chunonchi, paxta hosilning yig‟ishtirib olinishi
vaqt bilan ko‟rsatilishi mumkin.
Muddatlar umumiy va juz‟iy, asosiy va maxsus, boshlang‟ich va
oxirgi muddatlarga bo‟linishi mumkin.
Umumiy muddat – barcha majburiyatning butunlay bajarilishi
muddati bo‟lsa, juz‟iy muddat – majburiyatning qonun yoki shartnomada
nazarda tutilgan qismlarga bo‟linib, qisman bajarilishidir. Bunday
muddatlar asosiy muddatlar hisoblanadi, chunki bu muddatlar taraflarning
asosiy majburiyatlarini bajarishlari uchun belgilanadi.
Maxsus muddatlar biror-bir qo‟shimcha, maxsus harakatlarni
bajarish, chunonchi, qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda
zarur hujjatlarni topshirish, mahsulotda bo‟lgan kamchiliklar to‟g‟risida
dalolatnomalar tuzish uchun belgilangan muddatlardir.
233
Ba‟zi majburiyatlarda, masalan, pudrat shartnomasida ishni boshlash
muddati–boshlang‟ich muddat va ishni tamomlash muddati – oxirgi
muddat qilib ko‟rsatilishi mumkin. Muddatlarni hisoblashga oid qoidalar
FKning 145-148-moddalarida normalangan.
Bajarish muddati belgilanmagan majburiyatlar ham uchraydi. Ba‟zi
hollarda o‟zaro shartnoma tuzishda majburiyatni bajarish muddatini
belgilamasliklari yoki majburiyatning kreditor yoki qarzdor talab qilgan
zahoti bajarilishi kerakligini belgilashlari mumkin.
Agar majburiyatni bajarish muddati ko‟rsatilmagan yoki talab qilib
olish payti bilan belgilanib qo‟yilmagan bo‟lsa, kreditor majburiyatda
ijroni talab qilishga, qarzdor esa ijroni har qachon amalga oshirishga haqli
bo‟ladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki
majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni
kreditor talab qilgan kundan boshlab, yetti kunlik muddat ichida bajarishi
shart (FK 242-modda). Muddat ko‟rsatilmay belgilangan majburiyatlarga
omonat saqlash majburiyatini ko‟rsatish mumkin. Taraflardan birining
talabi bo‟yicha omonat shartnomasi har qachon bekor qilinishi va ashyoni
omonatga qo‟ygan shaxs har qachon uning qaytarilishini talab qilishga,
omonat saqlovchi esa darhol qaytarishga majbur bo‟ladi. Agar ashyolar
talab qilib olinguncha yoki muddat ko‟rsatilmay saqlash uchun topshi-
rilgan bo‟lsa, omonat saqlovchi har qachon shartnomadan bosh torta oladi,
ammo bu holda u omonat topshirgan shaxsga mulkni qayta qabul qilish
uchun mazkur sharoitlarda yetarli muddat berishga majbur. Qonun ba‟zi
hollarda kreditorga ham ijroni qabul qilishga tayyorgarlik ko‟rish uchun
muhlat olish mumkinligini belgilaydi. Chunonchi, agar mulk ijarasi
shartnomasi muddati ko‟rsatilmay tuzilgan bo‟lsa, bu holda u noma‟lum
muddatga tuzilgan sanaladi va har ikki taraf xohlagan vaqtda shartnomani
bekor qila oladilar. Bu holda shartnomani bekor qilmoqchi bo‟lgan taraf
ikkinchi tarafni bir oy oldin ko‟chmas mulk ijarasida esa uch oy ilgari
yozma ogohlantirilishi lozim, deb ko‟rsatiladi.
Majburiyatlar
muddatidan
ilgari
ham
bajarilishi
mumkin.
Majburiyatning bajarilishi vaqti kreditor uchun har xil ahamiyatga ega
bo‟ladi. Chunonchi, kreditor omonatga qo‟yilgan narsani muddatidan
ilgari o‟ziga qaytarilishini istamasligi qarz shartnomasi bo‟yicha esa
berilgan qarzning muddatidan avval qaytarilishiga qarshi bo‟lmasligi
mumkin. Agar qonun hujjatlari yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‟lsa
yoxud majburiyatlarning mohiyatidan yoinki ish muomalasi odatlaridan
yoki odatda qo‟yiladigan boshqa talablardan anglashilsa, qarzdor
majburiyatni muddatidan ilgari bajarishga haqli, kreditor esa ijroni
muddatidan ilgari qabul qilishi shart (FK 243-modda).
234
Fuqarolik huquqida majburiyatni ijro etish joyi ham muhim
ahamiyatga ega. FKning 246-moddasiga asosan, agar majburiyatni
bajarish joyi qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilab qo‟yilgan
bo‟lmasa va majburiyatning mohiyatidan yoxud ish muomalasi odatlaridan
yoinki odatda qo‟yiladigan talablardan anglashilmasa, ijro quyidagi
joylarda amalga oshirilishi kerak:
1) ko‟chmas mol-mulkni topshirish majburiyatlari bo‟yicha mol-
mulk turgan joyda;
2) tashishni nazarda tutadigan tovar yoki boshqa mol-mulkni
topshirish majburiyatlar bo‟yicha – tovarni kreditorga yetkazib berish
uchun uni birinchi tashuvchiga topshirish joyida;
3) qarzdorning tovarni yoki boshqa mol-mulkni topshirish yuzasidan
o‟zga majburiyatlari bo‟yicha – mol-mulkni tayyorlash va saqlash joyida,
basharti majburiyatning kelib chiqish paytida bu joy kreditorga ma‟lum
bo‟lgan bo‟lsa;
4) pul majburiyati bo‟yicha – majburiyat vujudga kelgan paytda
kreditor yashagan joyda, agar kreditor yuridik shaxs bo‟lsa, uning
majburiyat vujudga kelgan paytda joylashgan yerida, agar kreditor
majburiyatni bajarish vaqtigacha o‟z yashash joyini yoki joylashgan yerini
o‟zgartirgan bo‟lsa va bu haqda qarzdorni xabardor qilgan bo‟lsa – ijro
bilan bog‟liq hamma xarajatlarni kreditor hisobidan qilgan holda, uning
yangi yashash joyida yoki joylashgan yerida;
5) boshqa barcha majburiyatlar bo‟yicha – qarzdorning yashash
joyida, agar qarzdor yuridik shaxs bo‟lsa, uning joylashgan yerida.
Majburiyatni ijro etish usuli - bu majburiyat tuzilgan shartnomaning
shartlari yoki huquq normalari bilan belgilangan tartibda ijro etilishidir.
Ba‟zi majburiyatlar o‟zining mazmuniga ko‟ra birdaniga va batamom ijro
etiladi. Chunonchi, xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyoni
masalan, sotilgan televizorni topshirish majburiyati bir vaqtda va batamom
ijro etiladi. Boshqa bir xil majburiyatlar, aksincha, qismlarga bo‟linib, bir
qancha vaqt davomida ijro etilishi mumkin. Umrbod ta‟minlash sharti
bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berishda moddiy ta‟minot unga
bir necha yillar davomida beriladi, ya‟ni majburiyat qismlariga bo‟linib,
bir qancha vaqt davomida bajariladi. Aksariyat majburiyat masalan,
tashkilotlarga sotilgan mahsulot (tovar)larni yetkazib berish va buning
uchun haq to‟lash majburiyatlari birdaniga, qismlarga bo‟lib-bo‟lib ham
bajarilishi mumkin.
Ba‟zi hollarda majburiyatning qismlarga bo‟linib ijro etilishi kreditor
uchun noqulay bo‟lishi mumkin
. Masalan, qish faslida sotiladigan kiyimlarni bir
necha chorakka bo‟lib, bahor va yoz fasllarida yetkazib berilishi xo‟jalik hisobida ish
235
ko‟ruvchi savdo tashkilotini qanoatlantirmasligi mumkin. Bunday hollarda
boshqacha tartib qonun hujjatlarida, shartnomada nazarda tutilgan bo‟lmasa yoki
ish muomalasi odatlaridan yoxud majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa,
kreditor majburiyatning qismlarga bo‟lib bajarilishini qabul qilmaslikka haqli (FK
239-modda). Bunday ijroni kreditor qabul qilmasa, qarzdor majburiyatni lozim
darajada bajarmagan yoki butunlay bajarmagan hisoblanadi.
Ba‟zi hollarda ikki tomonlama majburiyatlarda kimning eng avval
o‟z majburiyatini ijro etishi lozimligi ma‟lum bo‟ladi
. Masalan, vositachilik
shartnomasi bo‟yicha vositachi avval o‟z majburiyatini bajaradi, narsani sotadi,
keyin xizmat haqini oladi; chakana savdo magazinida oluvchi tovarning qiymatini
avval to‟laydi, keyin molni oladi va h.k. Agar taraflardan biri o‟z majburiyatini avval
bajarishi noma‟lum bo‟lganda, agar qonun, shartnoma yoki majburiyat mohiyatidan
boshqacha hol anglashilmasa, shartnoma yuzasidan olingan o‟zaro majburiyatlar bir
vaqtda bajarilishi lozim bo‟ladi.
Yuqorida keltirilgan qoida dispozitiv xarakterda bo‟lganligi tufayli
majburiyatning avvalo kim tomonidan bajarilishi, masalan, sotilgan
narsaning topshirilishi yoki pulning to‟lanishi o‟zaro kelishuv bo‟yicha
ham belgilanishi mumkin.
|