|
Tanlama to’plamning reprezentativligi va uni ta’minlash usullari
|
bet | 49/206 | Sana | 04.01.2024 | Hajmi | 1,13 Mb. | | #129927 |
Bog'liq 4-Statistika-2004-darslik-X.Shodiev-1 Tanlama to’plamning reprezentativligi va uni ta’minlash usullari
Tanlov xatosining miqdori va uni aniqlash usullari tanlashning turi va o’tkazish sxemalariga bog’liq bo’ladi.
Bosh to’plamdan birliklarni tanlab olish qoidalariga qarab, tanlash tasodifiy, mexanik, tipik, seriyali (uyali) va kombinatsiyali tanlash usullarida amalga oshirilishi mumkin.
Tasodifiy tanlash. Tanlashning bu usuli keng tarqalgan bo’lib, u qur’a usuli ham deyiladi, bunda to’plamning har birligi uchun tartib raqamli jeton yoki bilet tayyorlanadi. Keyin ulardan tasodifiy tartibda to’plam birligining kerakli bo’lgan miqdori (birligi) saralab olinadi.
Bunday sharoitda to’plam birliklarining har biri tanlovga tushishining bir xil ehtimoliga ega bo’ladi.
Tasodifiy tanlashga misol qilib yutuqli o’yin tirajlarini olishimiz mumkin, bunda chiqarilgan biletlarning umumiy miqdoridan tasodifiy ravishda tavakkaliga nomerlarning ma’lum qismi tanlanadi va ular yutuq chiqqan nomerlarni tashkil qiladi. Bunda hamma nomerlar uchun tanlanma to’plamga tushish uchun teng imkoniyat ta’minlanadi.
Mexanik tanlash. Bu usulda umumiy to’plam birliklari tasodifiy belgi bo’yicha hajm jihatidan teng bo’lgan guruhlarga bo’linadi. Keyin ma’lum qoidaga ko’ra, har bir guruhdan bittadan birlik ajratib olinadi. O’rganilayotgan to’plamning hamma birliklari oldindan ma’lum tartibda joylashtiriladi. Masalan, alfavit bo’yicha, o’rniga qarab va h.k., keyin esa, tanlovning hajmiga ko’ra, mexanik ravishda ma’lum interval orqali birliklarning zarur miqdori tanlanadi. Agar fakultet talabalarining 10 foizli mexanik tanlovini o’tkazish kerak bo’lsa, dastavval ular familiyalarining alfavit bo’yicha ro’yxati tuziladi va mexanik holda har o’ninchi talaba tanlab olinadi, Masalan: 1, 11, 21, 31 yoki 7, 17, 27, 37 tartib raqamdagilar va h.k. Agar tanlov 5 foizli bo’lsa, unda har yigirmanchi talaba tanlab olinadi, ya’ni interval tanlovning miqdoriga bog’liq bo’ladi. Tanlov qancha kam bo’lsa, interval shuncha katta bo’ladi.
Tipik tanlash. O’rganilayotgan to’plam birliklari muhim, tipik belgi bo’yicha sifat jihatdan bir xil, bir turdagi guruhlarga bo’linadi. Keyin har qaysi guruhdan tasodifiy usul bilan birliklar tanlanadi, bu tanlov guruhining bosh to’plamdagi salmog’iga proportsional ravishda bo’lishi kerak.
Masalan, Toshkent Moliya institutning 4 ta fakultetida o’qiyotgan 10 ming talabadan 1500 tasida tipik tanlov o’tkazish zarur. Buning uchun institut talabalari fakultetlar bo’yicha bir xil guruhlarga guruhlanadi, keyin ularning har biridan fakultet talabalarining institut talabalaridagi salmog’iga proportsional ravishda talabalar soni tanlab olinadi.
Tipik tanlash tasodifiy yoki mexanik tanlashga nisbatan aniqroq natijalarni beradi, chunki bu tanlovga bosh to’plamga proportsional holda hamma tipik guruhlarining vakillari tushadi.
|
| |