• Oilada bolalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash mazmuni.
  • Umumiy pedagogika




    Download 238 Kb.
    bet7/8
    Sana20.11.2023
    Hajmi238 Kb.
    #102174
    1   2   3   4   5   6   7   8
    Bog'liq
    6-mavzu Ishlanma
    27 I bob maktabgacha ta’lim muassasalarining ish hujjatlari
    4.Huquqiy tarbiya. Huquqiy tarbiya shaxs tomonidan o‘zlashtirilgan nazariy-huquqiy bilimlar negizida huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko‘nikma va malakalarni hosil qilish, unda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlarni qaror toptirish va huquqiy madaniyatni shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon hisoblanadi. Shaxs huquqiy madaniyatini shakllantirish huquqiy ta’lim va tarbiya jarayoning muhim bosqichidir.
    Huquqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar hal etiladi:
    - o‘quvchilarga huquqiy me’yorlar, qonunlar va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar mohiyati hamda ularning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati to‘g’risida ma’lumotlar berish;
    - o‘quvchilarda huquqiy bilimlarni egallashga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirish, huquqiy ongni qaror toptirishga erishish;
    - o‘quvchilarda huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko‘nikma va malakalarni hosil qilish;
    - ularda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlar (huquqiy tasavvur, huquqiy idrok, huquqiy tafakkur, huquqiy savodxonlik, huquqiy mas’ullik, huquqiy faollik, huquqiy e’tiqod va huquqiy salohiyat)ning qaror topishini ta’minlash;
    - o‘quvchilar huquqiy madaniyati (huquqiy me’yorlar, qonunlarning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini to‘g’ri baholash, harakat va harakatsizlikning qonuniy bo‘lishiga erishish, davlat Konstituttsiyasi va ramzlarini, shuningdek, fuqarolik huquq va burchlarini hurmat qilish, yuridik xizmatlarga nisbatan ehtiyojni qaror toptirish, har qanday ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashni tashkil etish)ni shakllantirish.
    Huquqiy madaniyat – shaxs tomonidan huquqiy bilimlarning o‘zlashtirilishi hamda huquqiy faoliyatni tashkil etish darajasining sifat ko‘rsatkichi. Shaxs huquqiy madaniyatini shakllantirish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:
    - keng ko‘lamli ijtimoiy – huquqiy axborotli muhitning mavjudligi;
    - shaxs huquqiy ongini shakllantirish;
    - shaxs huquqiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
    Pedagogik jarayonda huquqiy ta’lim-tarbiyaning samaradorligini hisobga olish maqsadga muvofiqdir. O‘quvchilarning huquqiy jihatdan tarbiyalanganligi quyidagi holatlar bilan o‘lchanadi:
    -o‘quvchilar tomonidan "O‘zbekiston davlat va huquqi asoslari", "Konstitutsiyaviy huquq" kabi o‘quv fanlarining o‘zlashtirilish darajasi, ya’ni, huquqiy bilimlarning muayyan darajasi;
    - ularning umumjamiyat axloqiy-huquqiy me’yorlariga amal qilishlari hamda maktab va boshqa o‘quv yurtlari ichki tartib-qoidalari, shuningdek, o‘quvchilar qoidalariga rioya qilishlari, tartib-intizomni buzish hollarining kamayganligi, o‘z-o‘zini nazorat qilish, xatti-harakatlari mohiyatini ongli tahlil etish qobiliyatiga ega ekanliklari – huquqiy ongning muayyan darajasi;
    - ijtimoiy-huquqiy faolliklari (o‘quvchilar o‘z-o‘zini boshqaruv organlari, yoshlar uyushmalari, tabiatni muhofaza qilish, shuningdek, jamoat tashkilotlari hamda huquq-tartibotni himoya qiluvchi tashkilotlar faoliyatini uyushtirishdagi ishtiroklari) – amaliy-huquqiy faoliyat ko‘lami.
    O‘quvchilardagi qiziqishni inobatga olgan holda huquqiy mazmundagi, xususan, "Biznes faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari", "Maishiy xizmat turlaridan foydalanishning huquqiy mohiyati", "Oldi-sotdi munosabatlarining huquqiy-axloqiy negizlari", "Yoshlar jinoyatchiligi va uning oqibatlari", "XXI asrga narkotiklarsiz qadam tashla!", "Sening huquq va burchlaring", "Yoshlar ijtimoiy mehnatini tashkil etish shartlari", "Nikoh-muqaddas bitim", "Tabiatni muhofaza qilishning huquqiy asoslari", "Terrorizm – mudhish jinoyat", "Qonuniy harakat va harakatsizlik nima?" kabi mavzularda ma’ruza va seminarlar tashkil etish, mustaqil ravishda huquqiy bilimlarni o‘zlashtirish maqsadida ularni huquqiy adabiyotlar bilan ishlashga o‘rgatish, jinoiy xatti-harakatlar va ularning oqibatlari xususida davra suhbati, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan uchrashuv va konferentsiyalar o‘tkazish, shuningdek, huquqiy mavzudagi kinofilьmlar namoyish etish g’oyat muhim.
    SHaxsda huquqiy sifatlarni qaror topishi uning ijtimoiy – huquqiy munosabatlar jarayonidagi ishtiroki darajasi va sifatiga bog’liq. Doimiy ravishda, maqsadli tarzda huquqiy munosabatlarga kirishish shaxsda huquqiy madaniyat unsurlarining shakllanishiga olib keladi. Shu bois jamiyat mafkurasi, ijtimoiy tuzumda qaror topgan huquqiy munosabatlar mazmuni, uning g’oyalari o‘quvchilar huquqiy madaniyatini shakllantirishda yetakchi o‘rin tutadi.
    Huquqiy tarbiyani tashkil etish davrida o‘quvchilar faoliyati mazmunini tahlil etish, ularda o‘z faoliyatlariga nisbatan tanqidiy yondoshuvni qaror toptirish, shuningdek, o‘z faoliyatlarini real baholashga o‘rgatib borish talab etiladi.
    SHaxs huquqiy madaniyatini quyidagi ikki asosiy qismga ajratish mumkin;
    1) huquqiy ong;
    2) huquqiy faoliyat.
    Huquqiy ong – ijtimoiy ong shakllaridan biri bo‘lib, u jamiyat taraqqiyotning ma’lum bosqichida – davlat, mulk va mulkiy munosabatlarning paydo bo‘lishi, aholining keskin sur’atda tabaqalashuvi, huquq, huquqiy munosabatlar tushunchalarining paydo bo‘lish jarayonida ularga yondosh tushuncha sifatida qo‘llanilgan hamda ijtimoiy-huquqiy munosabatlarni tashkil etish chog’ida ko‘zga tashlanadi.
    Huquqiy ong muayyan jamiyatning moddiy hayot tarzi bilan belgilanadigan tasavvur, idrok, tafakkur va e’tiqodlar tizimi bo‘lib, ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida murakkab tuzilishga ega.
    Huquqiy faoliyat huquqiy me’yorlar, qonunlar talablariga nisbatan ongli yondashish, ularga qat’iy va og’ishmay amal qilish, qonunlarni hurmat qilish, ularni shaxs erkini himoya qilish kafolati sifatida e’tirof etish, huquqiy munosabatlar jarayonidagi faol ishtirokni tashkil etishga yo‘naltirilgan amaliy xatti–harakatlar majmui.
    Shaxs huquqiy madaniyatining muhim tarkibiy qismlari sifatida quyidagilar e’tirof etiladi: huquqiy tasavvur, huquqiy idrok, huquqiy savodxonlik, huquqiy tafakkur, huquqiy faollik, huquqiy mas’ullik, huquqiy e’tiqod, huquqiy salohiyat.
    5.Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning maqsad va vazifalari. Ma’naviy-axloqiy tarbiya - yagona ijtimoiy tarbiya jarayonining tarkibiy qismi. Jamiyat tomonidan insonlar xulqining boshqarilishiga zarurat ikki o‘zaro bog‘liq vazifani shart qilib qo‘yadi: birinchidan, jamiyat ongida me’yorlar, tamoyillar, ideallar, adolat, ezgulik va yovuzlik kabi tushunchalar ko‘rinishida aks etadigan va asoslanadigan axloqiy talablarni ishlab chiqish; ikkinchidan, inson o‘z xatti-harakatlarini yo‘naltirishi va nazorat qila olishi, shuningdek ijtimoiy xulqni boshqarishda ishtirok eta olishi, ya’ni boshqa kishilarga talab qo‘ya bilishi va ularning xatti- harakatlarini baholay olishi uchun bu talablarni hamda ular bilan bog‘liq tasavvurlarni har bir inson ongiga singdirish. Aynan shu ikkinchi vazifa insonda shaxsning tegishli e’ tiqod, ma’ naviy moyilliklar, his-tuyg‘ular, odatlar, barqaror axloqiy sifatlarni shakllantirishdan iborat bo‘lgan axloqiy tarbiya orqali hal qilinadi. U yoki bu jamiyatda ma’naviy-axloqiy tarbiya jarayonining mazmuni uning maqsadlari bilan belgilanadi. Bu maqsadlar ijtimoiy munosabatlar tavsifi bilan belgilanadi.
    O‘quvchilarda ma’naviy-axloqiy tarbiyani shakllantirish ularning ma’naviy dunyosini, ongini, axloqiy hislarini, shaxsiy sifatlari va xulqini tarbiyalash hamda rivojlantirishni taqozo etadi. O‘quvchilarni axloqiy tarbiyalashning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi: 1) o‘quvchilarda axloqiy his-tuyg‘ular va xatti- harakatlarni tarbiyalash; 2) xulq madaniyati va ijobiy his-tuyg‘ularni tarbiyalash; 3) axloqiy xulq-atvor ko‘nikmalarini shakllantirish.
    Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning asosiy tamoyillariga quyidagilar kiradi: ma’naviy-axloqiy tarbiyaning ma’lum maqsadga qaratilganligi; ta’lim-tarbiya ishiga o‘quvchi shaxsini hurmat qilgan holda yondashish; ma’naviy-axloqiy tarbiyani hayot va amaliyot bilan bog‘lab olib borish; o‘quvchilarning faolligi; jamoada tarbiyalash; tarbiyaviy ishning tizimliligi va izchilligi; tarbiyaviy ishning ta’sirchanligi; oila, ta’lim muassasasi, davlat va nodavlat tashkilotlar hamda kattalar tarbiyaviy ta’sirining birligi; o‘quvchidagi ijobiy sifatlarga suyanish; o‘quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirishni ko‘zda tutish.
    Tarbiyaning zamonaviy tamoyillari - tarbiyachi va tarbiyalanuvchi o‘rtasida sub’yekt-sub’yekt munosabatlarining o‘rnatilishi, dialog nuqtai nazariga muvofiq tarzda shunday xulosaga kelindiki, ma’naviy-axloqiy tarbiyaning muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun psixik jarayonlarga (motivasiya, anglash, interiorizasiya va boshqalar) tashqi ta’sirlar ichki, individual-shaxsiyga organik va mustahkam aylanadigan pedagogik shart-sharoitlarni yaratish zarur.
    Ma’naviy-axloqiy tarbiya metodlari. Ma’naviy-axloqiy tarbiyada turli metod va usullardan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
    Ma’naviy-axloqiy tarbiya metodlari deganda, o‘quvchilarning axloqiy tasavvur va bilimlarni egallab olishga, ularda madaniy xulq va ijobiy munosabatlarni, shaxsning axloqiy his-tuyg‘ulari va sifatlarini tarbiyalashga qaratilgan faoliyat usulidir.
    Ma’naviy-axloqiy tarbiya metodlarini shartli ravishda quyidagicha tasnif etish mumkin:
    Ma’naviy-axloqiy ongni shakllantirish metodlari: hikoya, tushuntirish, etik suhbat, izohlash, nasihat, o‘git, ko‘rsatma, namuna va boshqalar.
    Ma’naviy-axloqiy xulq-atvorni shakllantirish metodlari: mashq, o‘rgatish, pedagogik talab, tarbiyalovchi vaziyat, topshiriq va hakozolar.
    Ma’naviy-axloqiy motivasiyani hosil qilishga doir metodlar: rag‘batlantirish, musobaqa, tanbeh berish kabilar.
    Oilada bolalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash mazmuni.
    “Biz uchun muqaddas bo‘lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur”
    Sh.M.Mirziyoyev
    Oila er-xotinlik ittifoqiga, qarindoshlik aloqalariga, umumiy xo‘jalik yuritadigan er va xotin, ota-ona va bolalar, aka-uka va opa-singillar va boshqa qarindoshlar o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadigan kichik ijtimoiy guruh, jamiyatning asosi, davlat qudratining manbai. Oilaning hayoti moddiy (biologik, xo‘jalik) va ma’naviy (axloqiy, huquqiy, psixologik) jarayonlar bilan xarakterlanadi. Oila-tarixiy kategoriya. Uning shakllari va funktsiyalari mavjud ijtimoiy munosabatlar xarakteriga, shuningdek jamiyatning madaniy taraqqiyoti darajasiga bog‘liq.
    Oila kishilarning nikoh yoki qon-qarindoshlik rishtalari, umumiy turmush tarzi, axloqiy mas’uliyat hamda o‘zaro yordamga asoslanuvchi kichik guruhi. «Jamiyat» va «oila» tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bu bog‘liqlik jamiyatning oilalarsiz mavjud bo‘lmasligi hamda o‘z navbatida oilaning ma’lum bir jamiyat tarkibida vujudga kelishi va yashovchanligida ko‘rinadi. Oila hamda jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar ikki tomonlama aloqadorlik xususiyatiga ega. Har bir oila umumjamiyat talablari asosida faoliyat yuritadi. Jamiyat taraqqiyotining rivoji esa uning bag‘rida mavjud bo‘lgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy qiyofasining shakllanganlik darajasiga bevosita bog‘liqdir. Chunonchi, ijtimoiy borliqning oilalar zimmasiga qo‘yadigan talablari ularning manfaatlariga zid bo‘lmasa, aksincha, oilalar farovonligi, tinchligini ta’minlashga yordam bersa, oilalar tomonidan ijtimoiy talablarning qo‘llab-quvvatlanishi, ularning amaldagi ijrosini ta’minlash ko‘rsatkichi shuncha yuqori bo‘ladi.
    Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bo‘lib, bu muhitda shaxs kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, xarakter va dunyoqarash shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko‘radi, jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi.
    Oilaviy munosabatlar – ota-onalar yoki bolaning kamoloti uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar (buva-buvilar) hamda farzandlar o‘rtasida turli yo‘nalishlarda tashkil etiluvchi munosabatlardir.
    Oilaviy munosabatlar farzandlarning aqliy, ruhiy kamolotini ta’minlab, ota-onalarda o‘ziga xos faollikni ham yuzaga keltiradi. Xususan, farzandlarning bevosita ta’siri tufayli ularning qiziqish hamda faoliyatlari doirasi kengayadi, o‘zaro aloqalari mazmunan boyib boradi, real hayot mohiyatini chuqurroq anglash, ya’ni, farzandlar kamoloti, kelajagi timsolida o‘z umri davomiyligini kurish holati ro‘y beradi.
    Shaxsning ma’naviy sifatlarga ega bo‘lishi, unda ma’naviy bilimlarni egallashga nisbatan ehtiyoj va qiziqishning paydo bo‘lishida oila tarbiyasi asosiy rolni bajaradi. Oilada qaror topgan sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit farzandlarning yetuk, barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun beqiyos ahamiyatga egadir.
    Sharqda azal-azaldan oila tarbiyasiga yuksak baho berib kelingan. Totalitar tuzum davrida esa oilaning shaxs tarbiyasida tutgan o‘rni inkor etilib, uni ijtimoiy borliq vositasida tarbiyalashga harakat qilindi.
    Oila tarbiyasining mohiyati. Oila tarbiyasi, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ota-onalar yoki shaxs kamoloti uchun mas’ul shaxslar tomonidan tashkil etiluvchi hamda farzandlarni har tomonlama yetuk, sog‘lom etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon. Ota-onalar o‘zlarining ijtimoiy burchlarini bajarar ekanlar, farzandlarida mehnatga, uni tashkil etuvchilarga nisbatan mehr-muhabbat, hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ularni ijtimoiy-foydali mehnatga tayyorlash, turli ko‘rinishdagi munosabatlarni uyushtirish vaqtida tartib-intizomga amal qilish, ijtimoiy me’yorlarga og‘ishmay rioya etish, sog‘lom turmush tarzini yaratish, o‘z shaxsiy hayotlari mazmunini belgilashda maqsad, so‘z va faoliyat birligini ta’minlash borasida har tomonlama ijobiy ibrat namunasini ko‘rsatadi.
    6.Mehnat tarbiyasi maqsad va vazifalari. Mehnat tarbiyasining maqsadi o‘ quvchilarda mehnatga ongli munosabatni shakllantirishdir. Mazkur maqsadga erishish yo‘lida quyidagi vazifalarni ijobiy hal etish maqsadga muvofiq:
    yosh avlodda mehnat qilish istagini qaror toptirish va ularni zamonaviy ishlab chiqarishning turli sohalarida faoliyat yuritishga tayyorlash;
    o‘quvchilarda umumjamiyat manfaati yo‘lida mehnat qilish ehtiyojini hosil qilish;
    ularning aqliy qobiliyatlarini rivojlantirish;
    o‘quvchilarning mavjud bilimlarini uzluksiz ravishda takomillashtirib borishlari uchun zarur shart-sharoitni yaratish;
    ularda mehnat ko‘nikma va malakalarini tarkib toptirish;
    o‘ quvchilar faoliyatida yuqori madaniyat, maqsadga intilish, tashkilotchilik, mehnat intizomi, tadbirkorlik, tejamkorlik, ishni sifatli bajarish, moddiy boyliklarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, hayotiy faoliyat yo‘nalishini belgilash malakalarini shakllantirish;
    o‘quvchilarda davlat iqtisodiy siyosati mazmuniga tayangan holda ular yashab turgan hududlar ishlab chiqarish xususiyatlariga muvofiq kasblarni egallashga bo‘lgan qiziqishni oshirish;
    o‘quvchilarni kasbga yo‘llash, ularni mehnat faoliyatining barcha turlari, shuningdek, ular yashayotgan hududda ehtiyoj mavjud bo‘lgan mutaxassisliklar bilan tanishtirish.
    Mehnat tarbiyasini tashkil etishning pedagogik shart- sharoitlari:

    1. Bolalar mehnatining o‘quv-tarbiyaviy vazifalar bilan bog‘liqligi.

    2. Ijtimoiy ahamiyatli mehnatni o‘quvchilarning qiziqishlari bilan birga qo‘shib olib borilishi.

    3. Mehnat faoliyatining hamma bopligi va qo‘ldan kela olishi.

    4. Mehnat faoliyatining majburiyligi va vij doniyligi.

    5. Mehnat faoliyatini tashkil etishda jamoaviy va individual shakllarini birga qo‘shib olib borish.

    Mehnat faoliyatining asosiy turlari quyidagilardir:
    O‘quv mehnati o‘quvchilarning ilmiy bilimlar hamda turli fanlar asoslarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan faoliyati turidir.
    Ijtimoiy-foydali mehnat shaxsni har tomonlama kamol toptirish hamda uning muayyan ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan hamda ijtimoiy mehnat xarakteridagi faoliyati turidir.
    Hozirgi davrda ta’lim muassasalarida o‘z-o‘ziga xizmat keng yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘z-o‘ziga xizmat o‘quvchilarning ijtimoiy va o‘quv ehtiyojlarini qondirish maqsadida ularning o‘zlari tomonidan amalga oshiriluvchi mehnat faoliyati turidir. O‘quvchilarning navbatchiligi o‘z-o‘ziga xizmat qilishni tarkib toptirishning muhim shaklidir.
    Ishlab chiqarish mehnati turlari xilma-xildir. Masalan, o‘quvchilarning mehnat haftaligi, chorvaga em-xashak tayyorlash va
    shirkat xo‘jaliklarida faoliyat yuritish va boshqalar. Unumli mehnat

    • o‘quvchilar mehnatining eng ommaviy shakli sanaladi.

    Mehnat tarbiyasini tashkil etish shakllari: mehnat bayrami, o‘quvchilar yasagan buyumlar ko‘rgazmasi; hasharlar uyushtirish; qarovchisi yo‘q, bemor, keksa va nogiron kishilarga ko‘rsatiluvchi insonparvarlik yordami; ko‘kalamzorlashtirish; ta’mirlash (maktab binosini); «Mohir qo‘llar» to‘garagi faoliyati.
    7. Jismoniy tarbiyaning maqsad va vazifalari. Jismoniy tarbiya deganda organizmning morfologik va funksional rivojlanishini jamiyat talablari darajasida amalga oshirish, jismoniy sifatlarni, qobiliyatlarni rivojlantirish, jismoniy madaniyat va sport sohasiga taalluqli maxsus bilimlarni o‘zlashtirib olish tushuniladi.
    Jismoniy tarbiya - tarbiyalanuvchilarning jismoniy va sportga oid faoliyatlarini maqsadga yo‘naltirilgan, aniq tashkil etiladigan va rejali tarzda amalga oshirish tizimi.
    Jismoniy tarbiyaning vazifalari xilma-xil bo‘lib, pedagogikada qator tasniflar yaratilgan. Jumladan, V.A.Slastenin, I.F.Isaev, E.N.Shiyanovlar jismoniy tarbiyaning quyidagi vazifalarini ajratib ko‘rsatishadi:

    1. bolalarning jismoniy to‘g‘ri rivojlanishiga yordam berish - organizmning morfologik va funksional rivojlanishini ta’minlovchi ishchanlik qobiliyatini oshirish, uning tashqi muhitning noqulay vaziyatlariga barqaror qarshi tura olishini mustahkamlash;

    2. asosiy harakatlantiruvchi sifatlarni rivojlantirish - bolaning xilma-xil harakatga doir faoliyatga qobiliyatliligi uning barcha jismoniy sifatlari - kuchlilik, chidamlilik, chaqqonlik va epchillikni yuksak uyg‘unlikda rivojlanishini ta’minlaydi;

    3. hayotiy muhim harakatga oid ko‘nikma va malakalarni shakllantirish - bolada maxsus harakatga doir bilim, ko‘nikma va malakalarni tarkib toptirish. Harakatga doir tasavvurlarga tayangan holda bola turli sharoitlarda o‘z xatti-harakatlarini boshqara olish imkoniyatiga ega bo‘ladi;

    4. jismoniy madaniyatning tizimli mashg‘ulotlariga barqaror qiziqish va ehtiyojlarni tarbiyalash. Sog‘lom turmush tarzning asosida bolaning doimiy ravishda o‘z-o‘zini jismonan rivojlantirishga ichki tayyorligi yotadi. U muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish va bolalarning jismoniy mashg‘ulotlarga faol munosabati natijasida yuzaga keladi;

    5) jismoniy madaniyat va sport, tibbiy va gigiena sohalariga oid minimum nazariy bilimlarni egallash zarurligi. Bolalar kun tartibi va shaxsiy gigiena haqida, jismoniy madaniyat va sportning salomatlikni mustahkamlashdagi ahamiyati aniq tasavvurlarga ega bo‘lishi zarur.
    B.T.Lixachev jismoniy tarbiyaning quyidagi vazifalarini ajratib ko‘rsatadi:

    1. rivojlantiruvchi - bolalarning jismoniy kuchini va nerv tizimini takomillashtirish, o‘ zgaruvchan vaziyatlarga moslashuvini ta’ minlash;

    2. tarbiyaviy - bolalarda ma’naviy-axloqiy sifatlarning tarkibiy topishiga erishish. Boshqacha aytganda, «Sog‘lom tanda - sog‘ aql»;

    3. ta’limiy - bolalarning jismoniy madaniyatning nazariy asoslari bilan tanishtirish, uning inson hayotidagi ahamiyatini tushunib etish;

    4. sog‘lomlashtiruvchi - bolalarda harakatga doir sifatlarni tarkib toptirish, ularning baquvvat va tetiklashuviga ko‘maklashish;

    5. umummadaniy - bo‘sh vaqtni mazmunli va foydali o‘tkazish.

    I.P.Podlasiy tomonidan taklif etilgan jismoniy tarbiyaning
    vazifalari V.A.Slastenin, I.F.Isaev, E.N.Shiyanovlar tasnifiga mos kelib, shu bilan birga jismoniy tarbiyaning yana ikkita funktsiyasi alohida ajratib ko‘rsatilgan: 1) tarbiyalanuvchilarda estetik sifatlarni tarbiyalash; 2) tarbiyalanuvchilarda axloqiy sifatlarni tarbiyalash.
    Jismoniy tarbiya vositalari. Jismoniy tarbiyani amalga oshirish vositalari xilma-xil bo‘lib, ularni umumlashgan tarzda uch guruhga ajratish mumkin: tabiiy omillar, gigienik shart-sharoitlar va jismoniy mashqlar.
    Tabiiy omillar tabiat in’omlari (suv, havo, quyosh)ning sog‘liqni mustahkamlash, bolaning morfologik va jismoniy to‘g‘ri rivojlanishiga ko‘maklashish imkoniyatlarini o‘zida aks ettiradi. Ilmiy adabiyotlarda mazkur holat «bola organizmini chiniqtirish» atamasi bilan tavsiflanadi. Bola organizmini chiniqtirish deganda, organizmni mustahkamlash, chidamlilik, zararli ta’sirlarga qarshilik ko‘rsatish, hayotiy sharoitlarning o‘zgarishiga tez moslashish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar tizimi tushuniladi.
    Gigienik shart-sharoitlar. Bolalarning jismoniy to‘g‘ri rivojlanishi uchun gigienik shart-sharoitlar - uyqu, ovqatlanish va kiyinish, kun tartibi kabilarni hisobga olish zarur.
    Bolalarning jismoniy jihatdan tarbiyalashdagi muhim vazifa nerv tizimi gigienasidir. Bu vazifani hal etishda uyqu katta ahamiyatga ega. Uyqu miya yarim sharlarining normal ishlashi uchun zarur bo‘lgan kuch-quvvatni tiklaydi. Chuqur va yaxshi, uzoq davom etadigan uyqu nerv tizimining, organizm charchashining oldini oluvchi asosiy vositadir. Agar bola yomon uxlasa, uyquga to‘ymasa nerv tizimining buzilganidan dalolat beradi. Nerv tizimi qo‘zg‘aluvchan bolalar aksariyat yomon uxlashadi. Bunday bolalarning uyqu tormozlanishi chuqur normal uyquni ta’minlay olmaydi.
    Kiyinish ham gigienik omil sifatida bolaning jismoniy rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Kiyim har doim bolani o‘rab turgan havo temperaturasiga mos kelishi kerak. U engil materialdan tayyorlanib, havoni, issiqlikni yaxshi o‘tkazadigan bo‘lishi, oson yuviladigan, yaxshi ho‘llanadigan, namni shimadigan, elastik va badanni bevzovta qilmaydigan bo‘lishi lozim.
    Bolalarning ovqatlanishi (nonushta, tushki ovqat, kech tushki ovqat va kechki ovqat) osoyishta vaziyatda o‘tishi kerak. Bola stol atrofiga yaxshi ishtaha bilan o‘tirsa, uning organizmida ovqatning yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beruvchi shart-sharoit hosil qiladi. Yaxshi ishtaha bolalarda mustaqillikni, madaniy-gigienik malakalarni, stol atrofida o‘zini to‘g‘ri tutib o‘tirish malakalarini tarbiyalashga yordam beradi. Eng muhimi - bolalarning yoshligidan boshlab ularda yaxshi ishtaha bo‘lishini ta’minlash muhim ahamiyatga egadir.
    Kun tartibi jismoniy tarbiyaning muhim shartidir. Kun tartibi xilma-xil faoliyat hamda dam olishning vaqt jihatdan maqsadga muvofiq taqsimlanishi, hayot tartibidir.
    Jismoniy mashqlar deganda, jismoniy tarbiya qonuniyatlari va vazifalari bilan bog‘liqlikda maxsus tashkil etiluvchi hamda ongli ravishda bajarishga qaratilgan harakatlar yig‘indisi tushuniladi. Jismoniy mashqlarga tasnif etishga doir xilma-xil yondashuvlar mavjud bo‘lib, ko‘proq umumlashgan tasnif o‘zida gimnastika, o‘yin, sayr kabilarni qamrab oladi.
    Pedagogik nuqtai nazardan gimnastika organizmga nafis ta’sir etish yoki uning alohida tizim va funktsiyalarini rivojlantirish imkoniyatini beradi. Gimnastikaning asosiy, gigienik, sportga oid, badiiy, ishlab chiqarishga doir, tibbiy turlari mavjud.
    O‘yin bolaning jismoniy kuchini, qo‘llarining qattiqligini, qaddi- qomatining tikligini, ishonchli ko‘zlarni rivojlantirishga xizmat qilib, unda o‘tkir zehn, topqirlik, tashabbuskorlik kabi sifatlarni tarbiyalaydi. O‘yinning tarbiyaviy ahamiyati katta bo‘lib, bolalarda g‘amxo‘rlik, o‘z jamoasi uchun qayg‘urish, birgalikdagi harakatlanishdan quvonish, do‘stlik va o‘rtoqlik hissini kuchaytiradi.
    Sayr piyoda, qayiqda, chanada va velosipedda o‘tkazilishi mumkin. Sayr bolalarning uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lib, ularning sog‘ligi va jismoniy taraqqiyotiga har tomonlama ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
    8.Estetik tarbiya va uning vazifalari va vositalari - tarbiyalanuvchilarda estetik his-tuyg‘ u, estetik ong va munosabatni shakllantirishga qaratilgan tarbiyaning alohida shakli. Estetik tarbiya - bu estetik jihatdan rivojlangan va ijodiy faol bo‘lgan inson shaxsini shakllantirish jarayoni. Estetik tarbiya insonparvar mohiyatga, estetik orzuga mos keladigan voqelikni idrok etish, baholash va nafosat qonunlari asosida qayta yaratishga qodir bo‘lgan inson shaxsini shakllantirishga mo‘ljallangan tarbiya sohasidir.
    Estetik tarbiyaning maqsadi: tarbiyalanuvchilarda shaxsning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan axloqiy-estetik, insonparvarlik ideallarini, go‘zallikni ko‘ra olish, his qilish, tushunish va yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish.
    Estetik tarbiyaning vazifalari:

    1. tarbiyalanuvchilarni san’atdagi, atrofi-mizdagi go‘zallikni his qila olishga o‘rgatish;

    2. voqelikka estetik munosabatni qaror toptirish;

    3. estetik didni, go‘zallikni baholash qobiliyatini tarbiyalash.

    Estetik madaniyatni shakllantirish - bu faqatgina badiiiy
    dunyoqarashni o‘stirish, o‘qilgan kitoblar, ko‘rilgan kinofilbmlar, tinglangan musiqiy asarlar sonini ko‘paytirishgina emas. Aksincha, bu insonning hissiyotiga ta’sir ko‘rsatish, shaxs ma’naviyatini boyitish, xulq-atvorini boshqarish va tuzatishdir. Agar befarqlik, loqaydlik namoyon bo‘lsa, inson o‘zining antiestetikligini namoyon etadi. Agar o‘quvchi go‘zallikni his qilishning ijobiy odatlari, she’riyat, ijodiy mehnatnini o‘zlashtirgan bo‘lsa, u holda uning estetik madaniyatining yuqori darajada ekanligi haqida bemalol gapirish mumkin. Shunday odamlar borki, romanlar, she’rlar o‘qishadi, ko‘rgazma va konsertlarda ishtirok etadi, biroq ijtimoiy axloq me’yorlarini buzishadi. Bunday odamlar estetik madaniyatdan uzoq, chunki estetik qarashlar va estetik lazzatlanish ularning ichki dunyosiga kirib bormagan. Buning uchun shaxs estetik madaniyatini shakllantirishning muhim tarkibiy qismlari - estetik qiziqish, estetik ehtiyoj, estetik ong, estetik mulohaza, estetik did, estetik idealni tarkib toptirish, ularning psixologik-pedagogik jihatlarini asoslash lozim.
    Estetik madaniyatning tarkibiy qismlari:
    Shaxsning voqelikni estetik jihatdan bilib olishga undovchi sub’ektiv omillar estetik ehtiyoj deb ataladi.
    Shaxsning estetik faoliyatiga, voqelik va san’at asarlarini estetik jihatdan o‘zlashtirishga kirishishi estetik qiziqish deb ataladi.
    Ijtimoiy voqelik, tabiat, san’at bilan bevosita muloqot jarayonida

    • nazariyalar, qarashlar, badiiy ta’lim va tarbiya natijasida shakllanadigan xususiyat estetik ong deb ataladi.

    Shaxsning aniq bir estetik hodisaga munosabatini bildiruvchi aqliy harakati estetik mulohaza deb ataladi.
    Estetik axborotlar oqimi, estetik va axloqiy normalar yig‘indisi orqali shakllanadigan va shaxsning narsa-buyum, hodisalarga estetik baho berishida yaqqol namoyon bo‘ladigan hodisa estetik did deb ataladi.
    Shaxsning tabiat, jamiyat va san’atdagi maqsad tarzida idrok etadigan, takomillashgan go‘zallik borasidagi bahosining aks etishi estetik ideal deb ataladi.
    Tarbiyaviy faoliyatning shunday shakllari borki, ular shaxsning estetik voqelikka munosabatini rivojlantirshga xizmat qiladi. Tarbiyaviy faoliyatning bunday shakllari Estetik tarbiya vositalari deb ataladi.
    Estetik tarbiya vositalariga tabiat, mehnat va san’at kiradi.
    Mehnat takomillashgan sari, ayniqsa, jismoniy mehnat turlari texnikalashib borgani sari, ularning ko‘ngilli va ijodiy tabiati ortib boradi. Shu tariqa mehnat estetik tarbiyaning eng muhim omili bo‘lib qoladi. Qoloq ishlab chiqarish texnikasi va texnologiyasi sharoitida har qanday mehnat turi shaxsga estetik ta’sir ko‘rsata olmaydi. Ishlab chiqarish jarayonida qatnashayotgan har bir shaxs o‘z mehnatidan ko‘proq moddiy va ma’naviy manfaatdor bo‘lsagina, mehnat estetik tarbiya omili bo‘la oladi.
    Estetik tarbiyaning eng muhim omili - bu tabiatdir. Tabiat bilan doimiy ravishda munosabatda bo‘lmay turib, estetik jihatdan rivoj­lanish, estetik tarbiyani uyushtirish mumkin emas. Boshqacha ayt- ganda, tabiat hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydigan go‘zallik manbai.U estetik his-tuyg‘u, kuzatuvchanlikni rivojlantirish uchun boy material beradi. Ayniqsa, tabiat badiiiy obrazlar orqali ifodalansa, yanada o‘zining estetik jihatini yaqqol namoyon etadi.
    Estetik tarbiya vositalari orasida san’at muhim o‘rin egallaydi. San’at voqelikka estetik munosabatning eng muhim shaklidir. Jamiyat estetik madaniyatining darajasi ko‘p jihatdan san’at rivojining darajasi, uning ijtimoiy hayotda qanchalik ko‘p ahamiyat kasb etishiga bog‘ liq.
    San’at estetik tarbiya vositasi sifatida har bir shaxsga mo‘ljallanganligi bilan, dunyoga keng va ochiq ko‘z bilan qarash tuyg‘usini shakllantirish, nafosatni bevosita mushohada etish, yuksak orzu-umidlar yo‘lida ijodkorlik qobiliyatini vujudga keltirishi bilan izohlanadi.



    Download 238 Kb.
    1   2   3   4   5   6   7   8




    Download 238 Kb.