8.1. Ichki sekretsiya bezlari faoliyatining umumiy qonuniyatlari
Ichki sekretsiya bezlari haqida tushunchalar. Ma’lumki organizmdagi mavjud bezlar spesifik moddalar-sekretlar ishlab chiqaradi. Sekretlar oqish yo’llari orqali gavdaning bo’shliqlariga (og’iz bo’shlig’i, me’daga, ichaklarga) yoki tashqi muhitga ajratiladi. Bunday holda tashqi sekresiya haqida ham gap yuritishga to’g’ri keladi: Tashqi sekretsiya bezlari. So’lak, me’da, yog’, ter bezlari – tashqi sekretsiya bezlariga kiradi.
Lekin organizmda yana shunday bezlar borki, qaysiki ularning alohida chiqaruv yo’llari bo’lmay, balki ajratgan sekretlarini to’g’ridan-to’g’ri qonga ajratadi. Bunday bezlar ichki sekretsiya bezlari yoki endokrin bezlari deb yuritiladi va bu so’z grekcha endon – ichki, krinin ajratadi degan ma’noni beradi. Endokrin bezlariga gipofiz, epifiz, qalqonsimon bez yoki qalqonsimon bezoldi bezchalari, me’daosti bezi, jinsiy va ayrisimon bezlar kiradi.
Me’daosti va jinsiy bezlar – aralash bezlar hisoblanadi, ya’ni ularning ayrim hujayralari tashqi sekretorlik funksiyasini bajarsa, ayrimlari ichki sekretorlik funksiyasini bajaradi.
38-rasm. Endokrin bezlarning joylanish chizmasi.
1-g’urrasimon bez yoki epifiz; 2-gipofiz; 3-qalqonsimon bez; 4-qalqonsimon bez oldi bezchalari; 5-ayrisimon bez; 6-medaosti bezi; 7-buyrakusti bezi; 8-tuxumdon (qizlarda); 9-urug’don(o’g’il bollarda)
Jinsiy bezlar jinsiy gormonlar ishlab chiqarish bilan birga, jinsiy hujayralarni (tuxum va spermatazoidlar) ham ishlab chiqaradi. Me’daosti bezining hujayralarini bir qismi insulin va glyukogen gormonlarini ishlab chiqsa, qolgan qismi me’daosti bezining hazm shiralarini ishlab chiqaradi.
Odamning endokrin bezlari o’lchami jihatidan unchalik katta emas, og’irligi ham unchalik katta emas (grammning bir qismidan, bir necha grammlargacha) lekin qon tomirlari bilan juda yaxshi ta’minlangan. Qon ularga zarur bo’lgan qurilish materiallarini olib keladi va undan kimyoviy jihatdan faol sekretlarni olib ketadi.
Endokrin bezlarga juda katta tarmoqlangan asab tolalari keladi va ularning faoliyati doimiy ravishda asab tizimi bilan nazorat qilinadi.Ichki sekretsiya bezlari funksional jihatdan bir-biri bilan uzviy bog’langan va bitta bezning jarohatlanishi boshqa bir bezning faoliyatini buzilishini chaqiradi.
Endokrin bezlarning o’z-o’zini boshqarish jarayonida gipotalamo-gipofizar tizimning roli. Gipotalamusning ko’pgina hujayralari neyrosekretsiya xususiyatiga ega, ya’ni ularda biologik faol moddalar –neyrogormonlar hosil bo’ladi. Gipotalamusning neyrosekretor hujayralari tana va o’simtalarga egadirlar. Ularning sekreti-gormonlar tabiatan polipeptidlar bo’lib – sekretor granulalar shaklida hosil bo’lib hujayra aksonlariga tushadi va oxirgi uchlarigacha yetib boradi va o’sha joyda jamlanadi. Ajralib chiqishdan oldin gormonlar granulalari o’zining zichligini yo’qotadi va pufakchalarga aylanadi. Neyrosekretor hujayralarning o’simtalari gipotalamo-gipofizar traktini hosil qiladi – gipofizning oyoqchalari, ya’ni ular orqali neyrogormonlar gipofizga tushadi va uning hujayralarini sekretorlik faolligini o’zgartiradi. Boshqa endokrin bezlar orqali gipofizning funksiyasini o’zgarishi organizmni funksiyalarini o’zgarishini chaqiradi.
Buni biz gipofizning oldingi bo’lagi gormonlari va boshqa endokrin bezlar bilan o’zaro aloqasi orasidagi munosabati bilan tushuntiramiz. Gipofizning oldingi bo’lagidan qalqonsimon bez gormonlari hosil bo’lishini stimullovchi tireotrop gormon ishlab chiqiladi. Agar, hayvonlar gipofizining oldingi bo’lagi olib tashlansa va shu bilan birga tireotrop gormonlar tushishi to’xtatilsa, gipofizni atrofiyaga uchrashini chaqiradi va tireotrop gormonini taqchilligi yuzaga keladi. Qolqonsimon bezning ichki sekretorlik funksiyasini tireotrop gormoni bilan stimullanuvishida namoyon bo’luvchi gipofiz bilan qalqonsimon bezlar orasidagi to’g’ridan-to’g’ri bog’liqlik shunday yo’l bilan bajariladi. Ikkinchi tomondan qolqonsimon bezi gormonlarining me’yoridan ortiq darajada ko’payib ketishi, gipofizning tireotrop gormonini hosil bo’lishini tormozlaydi, bu holat tufayli qalqonsimon bez bilan gipofizning treotrop gormonini sekretsiyasi orasidagi qayta manfiy bog’lanish yuzaga keladi.
Shunga o’xshash o’zaro bog’lanishlar gipofizning oldingi qismidan ajraladigan adrenokortikotrop gormon bilan buyrak usti bezining sekresiyasi orasida hamda gipofizning gonadotrop (jinsiy bezlarni stimullovchi) gormoni bilan jinsiy bezlarni endokrin sekretsiyasi orasida ham kuzatiladi.Mana shu yo’l bilan ichki sekretsiya bezlari faoliyatining o’z-o’zidan boshqarilishi bajariladi: ichki va tashqi muhit omillari ta’siri ostida bezlarning funksiyasini ortishi gormonalli muvozanatni normallashuviga olib keluvchi manfiy qaytar bog’lanish kuchini oshishini ta’minlaydi.
Miyaning gipotalamik qismini markaziy asab tizimining boshqa bo’limlari bilan bog’langanligi sababli, ichki muhitga tushayotgan tashqi muhitlarning barcha nerv impulslari kollektorlar bo’lib hisoblanadi. Bu impulslar ta’siri ostida gipotalamusning neyrosekretor hujayralarining funksional holati o’zgaradi, va undan keyin esa gipofizning va u bilan bog’langan boshqa endokrin bezlarning ham funksional holati o’zgaradi.
8.2. Gormonlar.
Gormonlar haqida tushuncha. Gormonlar – ichki sekretsiya bezlarida ishlab chiqiladigan maxsus fiziologik faol moddalardir. Gormonlar yuqori biologik faollikga ega. Demak 1 g adrenalin (buyrakusti bezi gormoni) 100 mln.izolyatsiya qilingan baqalar yuragini faoliyatini stimullashga qodir bo’lsa, 1 g insulin (me’daosti bezi gormoni) gormoni 125000 quyon qonidagi qand darajasini pasaytirish qobiliyatiga egadir. Gormonlarning molekulasining o’lchami unchalik katta emas, bu esa ularni qon tomirlari devorlaridan to’qimalarga o’tishni ta’minlaydi. Bundan tashqari molekulalarning kichik o’lchamda bo’lishi o’larning to’qimalar membranasidan chiqish imkonini beradi.
Gormonlar to’qimalarda juda tez parchalanadi, shu sababli ularni doimiy ta’sirini ta’minlash uchun doimiy ravishda qonga ajralib turishi kerak. Faqat ana shunday holda qondagi gormonlar konsentrasiyasini doimiy holda saqlab turish mumkin.
Gormonlar nisbatan turga xos spesifiklik xususiyatiga ega, bu esa muhim ahamiyatga ega, chunki odam organizmidagi u yoki bu gormonni yetishmasligini hayvonlarni shunga mos bezlaridan olinadigan gormonal preparatlarni kiritish yo’li bilan kompensatsiya qilish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda ko’plab gormonlarni faqatgina ajratibgina qolmay, balki ulardan ayrimlarini sintetik yo’l bilan olish imkoni ham yaratildi.Ular o’zlarining kimyoviy tuzilishi bo’yicha polipeptidlarga kiradi (insulin va gipofizning ko’pgina gormonlari).
Qalqonsimon bezning gormonlari - tiroksin va triyodtreonin hamda buyrak usti bezining mag’iz qavatidan ishlab chiqiladigan adrenalin va noradrenalin gormonlari aminokislotalarning hosilalari hisoblanadi. Buyrak usti bez po’stloq qismining va jinsiy bezlarning gormonlari tabiati bo’yicha steroidlar hisoblanadi.
Gormonlarning ahamiyati. Gormonlar moddalar almashinuviga ta’sir qiladi, hujayralar faoliyatini boshqaradi, hujayralar membranasi orqali moddalar almashinuvi mahsulotlarini o’tishini ta’minlaydi. Gormonlar nafas olishga, qon aylanishiga, ovqat hazmiga, ta’sir ko’rsatadi, ko’payish funksiyasi ham gormonlar ajralishi bilan bog’langan.
Organizmning o’sishi va rivojlanishi, turli yosh davrlarining almashinishi, ichki sekretsiya bezlari faoliyati bilan bog’liq. Gormonlar to’qimalarning o’sishi va tabaqalanishiga ta’sir ko’rsatadi. Gipofizning oldingi qismini funksiyasini pasayishi natijasida organizmdagi oqsillar sintezi keskin pasayadi va buning natijasida organizm o’sishdan to’xtaydi.Qolqonsimon bez gormonlarining yetishmasligi natijasida to’qimalarning tabaqalanishi buziladi.
Bunga juda yengil ishonch hosil qilish mumkin, agar it baliqning qalqonsimon bezi olib tashlanganda, itbaliq o’sadi. Lekin uning metamorfozi yetilgan baqaga aylanishi yuz bermaydi. Jinsiy bezlarning rivojlanishi to’xtatilganda ikkilamchi jinsiy belgilarning rivojlanishi kechikadi yoki zaif rivojlanadi, gipofizning gonadotrop gormonlarining yetarlicha ishlab chiqilmasligi jinsiy bezlarning yetilishini va spesifik jinsiy hujayralarning hosil bo’lishini buzadi. Qolqonsimon bezning yod saqlovchi gormonlari regeneratsiya jarayoniga stimullovchi ta’sir ko’rsatadi. Ularning ta’siri ostida teri va muskullarning jarohatlari va singan suyaklarning bitishi tezlashadi.
Gormonlarning ta’sir mexanizmi. Gormonlarning ta’sir mexanizmi haligacha to’liq aniqlanmagan. Gormonlar o’z ta’sirini organizmga hujayra membranalaridan o’tishini o’zgartirish yo’li bilan va hujayra yadrolaridagi genetik jarayonlarni stimullash yo’li bilan ferment tizimlarini faollashtirish yoki to’xtatish yo’li bilan ta’sir ko’rsatadi deb hisoblaydilar.
Gormonlar fermentlarga qo’shilib ularningg buzilishini o’zgartiradi va bu bilan fermentativ reaksiyalarning kechishiga ta’sir qiladi degan taxminlar ham bor. Lekin gormonlarning bunday mexanizmlar ta’siri ularning ayrimlari uchungina ko’rsatilgan.
Me’daosti bezining gormoni insulinning hujayra membranalaridan glyukozaning o’tish xususiyatiga ta’siri juda yaxshi o’rganilgan, ya’ni insulin membranalarni o’tkazuvchanlik xususiyatini yaxshilaydi. Xuddi shunday xususiyatga jinsiy gormonlar va o’sish gormoni ham egadirlar. Lekin buyrakusti bezining po’stloq qismining gormonlari; gidrokortizon va kortikosteronlar hujayra membranalarining o’tkazish xususiyatini pasaytiradi.
Deyarlik barcha gormonlar, hujayralarning genetik apparati orqali ta’sir ko’rsatish xususiyatiga ega (me’da osti bezi, qalqonsimon bez, buyrakusti, jinsiy bezlar, gipofizning gormonlari) va nuklein kislotalar oqsillarni sintezlanishida ishtirok etadi.
Masalan insulin glyukozaning parchalanishini bajaruvchi fermentlarni sintezlanishida faol ishtirok etadi. Bu gormonning taqchilligi paytida glyukozaning parchalanish jadalligi juda pasayib ketadi, bu esa o’z navbatida qon tarkibida glyukozani miqdorini ortishiga olib keladi.
Ko’pchilik steriodli gormonlar axborotchi RNKning sintezlanishini tezlashtiradi va shu yo’l bilan oqsillar va ayrim oqsil-fermentlarni sintezlanishini faollashtiradi.
Ayrim gormonlar hujayra yadrosiga kirib xromatin (oqsil va DNK kompleksi) bilan bog’ hosil qiladi, ya’ni genetik material bilan birikadi va irsiy axborotlarning navbatma navbat va to’liq namoyon bo’lishini boshqaradi.
Gormonlar va stress. Ichki sekresiya bezlari asab tizimi bilan bir qatorda stress sharoitlarda organizmning moslanish reaksiyasini, ya’ni favqulodda yuzaga keluvchi tashqi muhitlar ta’siri natijasida yuzaga keluvchi (sovuqqa qotish, muhit haroratini ko’tarilishi, jarohatlar, infeksiya, zaharlanish va h.z.) kuchlanishga moslanishini ta’minlaydi.
Kanadalik tadqiqotchi G.Selye stress haqidagi ta’limotni fanga kiritdi (ingl. stress- kuchlanish). Stress paytida bir qator umumiy moslanish sindromlari deb ataladigan moslanish o’zgarishlari yuzaga keladi. Barcha turdagi stresslarga xos bo’lgan bunday o’zgarishlar organizmni hayotini saqlab qolish uchun qaratilgandir. Gipofiz va buyrakusti bezlari po’stloq qatlami ishtirokisiz umumiy adaptatsion sindromlarni rivojlanishi mumkin emas. Agar hayvonlarning gipofiz yoki buyrakusti bezlari olib tashlansa, favquloddagi qo’zg’atuvchi ta’siri ostida halok bo’lishi mumkin. Adaptasiya sindromni rivojlanishining uch bosqichi farqlanadi: I-bosqich bezovtalanish reaksiyasi – glyukokortikoid va adrenokortikotrop gormonlarining qonga ajralishini tezlashishi bilan birga kechadi, bu esa organizmni qo’zg’atuvchilar ta’siriga moslashishini ta’minlaydi; II-bosqich –ta’sirotchilar ta’siriga organizmni chidamliligi ya’ni rezistentligini oshiradi – gipofizning oldingi qismini va buyrakusti bezining massasini ortishi (gipertrofiya), adrenokortekotrop gormoni va glyukokortikokoidlarni katta miqdordagi sekresiyasi bilan xarakterlanadi, bu esa o’z navbatida organizmni noqulay ta’sirotlar ta’siriga chidamliligini rivojlanishini ta’minlaydi; III-bosqich – oriqlab ketish – bezlar yetarli darajadagi himoya gormonlarini ishlab chiqaolmasligi bilan xarakterlanadi. Bu esa moslanish jarayonini buzadi va organizmni holati yomonlashib uning o’limiga olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, favqulodda qo’zg’atuvchilar ta’siriga organizmni moslanishi uchun yetarli miqdorda AKTG va glyukokortikoidlarni yetarlicha sekretsiyasini talab etadi. Bu gormonlarni Selye moslovchilar deb atadi.
Gipofiz va buyrak usti bezining po’stloq qismini stessorli reaksiyalarga qo’shilishi eng avvalo reflektor yo’l bilan gipotalamusning funksional faolligining ortishi ishtirokida, (stressorlar, ekstero – va interoreseptorlarga ta’sir etib gipotalamusga qator impulslar oqimini yuboradi), asab tizimining simpatik bo’limini qo’zg’atilishi orqali va nihoyat bosh miya po’stlog’idan chiquvchi impulslar natijasida yuz beradi (ruhiy stress).
Gormonlar funksiyalarni gumoral boshqarilishining omili ekanligi. Gumoral boshqarilish – boshqarilishning eng qadimgi shaklidir. Organizmda uning hayot faoliyati davomida hosil bo’ladigan ximiyaviy moddalar qonga va to’qimalararo suyuqliklarga tushadi. Kimyoviy moddalar organizm suyuqliklari bilan tashilib uning organlari faoliyatiga ta’sir etadi, ularning o’zaro aloqasini ta’minlaydi. Tananing barcha qismlarini kelishgan faoliyati tufayli organizmni yaxlitligi ta’minlanadi, o’zgaruvchan tashqi muhit sharoitiga moslashadi va o’zining hayotini ta’min etadi.
Organizm funksiyalarining o’zaro munosabatining koordinasiyasi uning ichki hayoti va tashqi xulq-atvorining murakkab boshqarish tizimining uzluksiz ishi bilan ta’minlanadi. Odamlarda yuqori darajada takomillashgan qo’zg’atuvchilarga beriladigan javob reaksiyalari ancha tez va aniqroq bajarilishini asab tizimi boshqaradi. Evolyusiya jarayoni davomida hayot jarayonlarini boshqaruvchi juda faol kimyoviy moddalar ishlab chiquvchi ixtisoslashgan organlar tizimi hosil bo’lgan. Yuqorida aytilganidek bular ichki sekretsiya bezlaridan ishlab chiqiluvchi – gormonlardir.
Kimyoviy moddalarning bunday organizmning funksiyalariga muhim va har tomonlama ta’siriga qaramasdan shuni qayd qilish kerakki, boshqarishning bu shakli o’zining bajarilishi uchun nisbatan uzoq muddat talab qiladi va organizmning ichki va tashqi muhit qo’zg’atuvchilariga tez va aniq reaksiyasini ta’minlay olmaydi.
Umuman olganda, organizmning asab va gumoral mexanizmlari uzviy holda ta’sir ko’rsatadi. Organizmda hosil bo’luvchi kimyoviy boshqaruvchilar asab hujayralariga ta’sir ko’rsatib uning holatini o’zgartiradi. Asab tizimining holatiga ichki sekretsiya bezlaridan ajraladigan gormonlar ham ta’sir ko’rsatadi. Lekin, endokrin bezlar funksiyalarini asab tizimi boshqaradi. Unga organizmda asosiy bosh rol beriladi.
Gumoral omillar – neyrogumoral boshqarilishining bitta zvenosi hisoblanadi. Misol sifatida chanqoqlik paytida qonning osmotik bosimini boshqarilishini ko’rib chiqamiz. Suv taqchilligi tufayli organizmning ichki muhitida osmotik bosim ko’tariladi, bu esa osmoreseptorlarni qo’zg’atilishiga olib keladi. Yuzaga kelgan qo’zg’alish asab yo’llari orqali markaziy asab tizimiga keladi. Bu yerdan impulslar ichki sekresiya bezlariga –gipofaza kelib gipofizning antidiurtek gormonini qonga chiqarilishini stimullaydi. Bu gormon, qonga tushganidan keyin buyrakning egri-bugri kanalchalariga keladi va hosil bo’lgan birlamchi siydikni tarkibidan suvni yana qonga qayta surilishini tezlashtiradi. Shunday qilib, organizmdagi buzilgan osmotik bosimi tiklanadi.
Qon tarkibida qandning miqdori me’yoridan ortib ketganida asab tizimi me’daosti bezining ichki sekretor qismini funksiyasini stimullaydi. Natijada, qonga ko’p miqdorda insulin tushadi va ortiqcha miqdordagi qand, gormon ta’sirida jigar va muskullarda glikogenga aylanadi.
Jadal muskulli ish bajarilganida organizmni qandga bo’lgan talabi ortganida va uning miqdori qonda yetarli bo’lmaganida buyrakusti bezining faoliyati tezlashadi. Buyrakusti bezining gormoni adrenalin glikogenni qandga aylanishini ta’minlaydi.
Shunday qilib, asab tizimi ichki sekretsiya bezlar faoliyatiga, ular tomonidan gormonlar ishlab chiqilishiga ta’sir ko’rsatadi. Juda ko’plab endokrin kasalliklar (qandli diabet, Bazedov kasalligi, jinsiy bezlar funksiyalarining buzilishi) asab tizimining buzilishi natijasida rivojlanadi. Asab tizimining ta’siri sekretor nervlar orqali bajariladi. Bundan tashqari nervlar endokrin bezlarining qon tomirlariga ham keladi, tomirlarni yuzasini o’zgartirib, bu bezlarning faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi. Nihoyat, endokrin bezlarda markaziy asab tizimini endokrin bezlar holati haqidagi ma’lumotlar bilan signal beruvchi markazga intiluvchi nervlarning sezuvchi uchlari joylashgan.
Organizmning o’sish va rivojlanishiga gormonlarning ta’siri. Endokrin bezlar tizimi embrional rivojlanishning boshlang’ich davrlaridan boshlaboq o’sayotgan organizmga jiddiy ta’sir ko’rsatadi.
Embrional rivojlanish jarayonlaridan boshlaboq ayrim endokrin bezlar faoliyat ko’rsata boshlaydilar. Homilani shakllanishiga ta’sir qiladi (ayrisimon bez, epifiz, me’daosti bezining insulyar apparati, buyrak usti bezining po’stloq qismi).
Postnatal davrida endokrin bezlar organizmning fiziologik funksiyalariga qo’shilish vaqti turlicha: masalan 1 yoshdan 6-7 yoshgacha qolqonsimon bez, epifiz va ayrisimon bez (timus) lar organizmga kuchli ta’sir ko’rsatadi. Bu davrning oxirida gipofizning oldingi qismining faolligi tezlashadi, ularning gormonlari bolalarning jinsiy yetilishi davrigacha to’g’ri chiziqli o’sishning aniqlovchi asosiy omili bo’lib qoladi.
7 yoshdan 15-16 yoshgacha gipofizning funksiyasi keskin tezlashadi, pubertat davrida esa jinsiy bezlarning faoliyati aniq namoyon bo’ladi, murakkab neyrogormonalli o’zgarishlar yuz beradi: epifizning gipotalamusni tormozlovchi ta’siri pasayadi, gipofizdan gonadotrop gormonlarini sekresiyasi tezlashadi, buyrakusti bezi po’stlog’idan ikkilamchi jinsiy belgilarni namoyon bo’lishini ta’minlovchi androgenlarni ishlab chiqilishi tezlashadi.
8.3. Qalqonsimon bez.
Qalqonsimon bez kekirdakni oldi tomonida joylashgan bo’lib, u ikkita yon qismlardan va bo’yinchasidan iboratdir. Bu bez juda ko’plab qon tomirlari va limfatik tomirlar bilan ta’minlangan. Qalqonsimon bez qon tomirlaridan 1 daqiqada, ushbu bezning masssiga nisbatan 3-5 marta ortiq qon oqib o’tadi.
Qalqonsimon bezning yirik hujayralari kolloid moddalar bilan to’la follikulalar hosil qiladi. Bu moddalar tarkibiga yod bilan aminokislotalar birikmasi shaklidagi bez tomonidan ishlab chiqilgan gormonlar kiradi.
Yangi tug’ilgan bolalarda bezning massasi 1 g.ga yaqin bo’lsa, 5-10 yoshlarda –10 g, 12-15 yoshlarda bezning massasi sezilarli darajada ortib voyaga yetgan odamlarnikiga derlik yetib qoladi – 25-35 g.
Qalqonsimon bezning gormoni – tiroksin 65 % gacha yod saqlaydi, Tiroksin –organizmdagi moddalar almashinuvining juda kuchli stimulyatori hisoblanadi: u oqsillar, yog’lar va uglevodlar almashinuvini, tezlashtiradi, mitoxondriyalardagi oksidlanish jarayonlarini faollashtiradi va bu esa energiya almashinuvini tezlashishiga olib keladi. Ayniqsa homilani rivojlanishida to’qimalarning o’sishi va tabaqalanish jarayonlarida gormonning roli juda muhimdir.
Qalqonsimon bezning gormonlari markaziy asab tizimiga stimullovchi ta’sir ko’rsatadi. Bu bez gormonlarini qonga yetarlicha tushmasligi yoki bo’lmasligi aqliy rivojlanishni keskin to’xtashini ko’rsatadi.
Olmoniyalik hakam K.Bazedov 1840 yilda birinchi bo’lib qalqonsimon bezning me’yoridan ortiq funksiyasi (giperfunksiyasi) bilan bog’liq bo’lgan kasalliklar haqida yozgan edi. Bu kasalliklar uchun xarakterli belgi bo’lib qalqonsimon bezni kattalashishi (zob), ko’zni tashqari tomonga chiqib ketguday ko’rinishi (ko’z olmachalari o’z orbitasidan chiqadi), moddalar almashinuvi ortadi va bu belgi jiddiy darajada oriqlab ketish bilan ko’rinishi hisoblanadi. Ko’pchilik hollarda pulsni soni 1 daqiqada 180-200 martagacha yetadi. Bemorlar qiziqqon, bezovta bo’ladi, ular juda tez charchaydigan, uyquni buzilishi kuzatiladi, bolalar yig’loqi bo’lib qoladi.
Bazedov kasalligi hozirgi vaqtda samarali davolash yo’llari va tartibiga ega.
Qolqonsimon bezi gormonlari yetishmaganda (gipofunksiyasida) organizmdagi moddalar almashinuvining mo’tadil darajasini ta’min etilmasligiga va oqsil to’qimalarini zichlik holatini buzilishiga olib keladi. To’qimalar juda bo’shashib ketadi, shilimshiqli bo’lib miksedema yoki shilliq shishlar kasalligi rivojlanadi. Bu vaqtda odam holsizlanadigan bo’lib qoladi, ishtaha yo’qoladi, tana harorati pasayadi, to’qimalarning g’ovaklashishi, umumiy shish, muskullarning shalvirashi, sochlarni yomon o’sishi bilan ko’rinuvchi terining shishi unga xarakterli bo’lgan ko’rinishni beradi.
Bolalarning yoshlik davridagi qolqonsimon bez funksiyasining yetarlicha bo’lmasligi kretinizmga olib keladi. Bu vaqtda bola o’sishdan qoladi va tana proporsiyasi buziladi, jinsiy yetilish orqaga suriladi, aqliy rivojlanishdan ortda qoladi. Qalqonsimon bezning gipofunksiyasini ertaroq aniqlash va unga mos holda davolash jiddiy darajadagi ijobiy samara beradi.
Qalqonsimon bezning funksiyasini buzilishi genetik o’zgarishlar natijasida yuzaga kelsa, ayrim hududlarda qalqonsimon bez gormonlarini sintezlanishi uchun zarur bo’lgan yodni yetishmasligi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlar odatda baland tog’li hududlarda hamda suv, tuproq va o’simliklarda yod yetishmaydigan kul rang tuproqli serdaraxtli joylarda uchrayli. Bunday joylarda yashovchi odamlarda qalqonsimon bez o’lchami jihatidan kattalashib ketsada, odatda uning funksiyasi juda past bo’ladi. Bu esa endemik zob deb yuritiladi. Endemik kasallik deb, ma’lum joyda va u yerda yashovchi odamlarda doimiy ravishda kuzatiladigan kasalliklarga aytiladi.
Mustaqil O’zbekistonimizda keng ko’lamdagi profilaktik tadbirlarni o’tkazilishi tufayli endemik zob umumiy kasallik sifatida yo’qotilgan. Non, choy va tuzlarga yodni qo’shilishi juda yaxshi samara beradi. Har 100 g tuzga 1 g.dan kaliy yodidan qo’shish organizmni yodga bo’lgan talabini qondiradi.
8.4. Qalqonsimon bezoldi bezlari
Odamlarda ikki juft qalqonsimon bezoldi bezchalari mavjud. Ular qalqonsimon bezning orti yuzasida, ko’pchilik hollarda uning to’qimalarida joylashgan. Har bir bezning o’lchami 1-2 mm dan ortiq bo’lmaydi, ularning umumiy massasi esa –0,1-0,13 g.ni tashkil etadi va ular paratgormon ishlab chiqadi, hamda u organizmda Ca va P almashinuvini boshqaradi.
Qalqonsimon bezoldi bezchalarining gipofunksiyasida qon tarkibidagi Ca miqdorini kamayishi yuz beradi, bu esa oyoq, qo’l, gavda va yuz muskullari tomirlarini tortishishini – tetaniyani chaqiradi, bu hodisa qon tarkibidagi Ca ni miqdori kamayishi demak, sitoplazma hujayralarida ham kamayishi bilan bog’liq bo’lgan asab muskul to’qimalarining qo’zg’aluvchanligini ortishi hisobga yuz beradi. Ushbu bezlar gormonlari yetishmaganda suyaklar ancha mo’rt bo’lib qoladi, singan suyaklarning bitishi qiyinlashadi, tishlar juda yengil sinadi. Organizmga kalsiy xlor tuzini kiritilishi, kasallardagi tomirlar tortishini to’xtatadi, gormonni kiritilishi esa kasallikni kechishini yengillashtiradi.
Qalqonsimon bezoldi bezchalarini gormonal funksiyasi yetishmasligiga bolalar va emizikli onalar juda sezuvchan bo’ladi. Bu tushunarli, chunki, bu davrda organizmning kalsiyga bo’lgan talabi juda yuqori bo’ladi.
Qalqonsimon bezoldi bezchalarining giperfunksiyasida suyaklarning dekalsinasiyasi yuz beradi: suyaklar sinuvchan bo’lib qoladi, yengil deformasiyalanadi, qiyshiq bo’lib qoladi.
Buyraklar to’qimalarida, yurakni qon tomirlarida, yurak muskullarida, oshqozon shilliq po’stlog’ida va bronxiolalarda kalsiy tuzlarining yig’ilishi yuz beradi.
|