Davlat oilada ta’lim olishga va mustaqil ta’lim olishga ko‘maklashadi.
Bolalarning oilada
ta’lim olishi va mustaqil ta’lim olish uslubiy va maslahat yordami ko‘rsatilgan holda tegishli o‘quv
dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish tartibi, shuningdek ta’lim oluvchilarning toifalari
ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi.
Oilada ta’lim olish bolalar, oila, davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda davlat
ta’lim muassasasi hamda ta’lim oluvchilarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari o‘rtasidagi
shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Mustaqil ta’lim olish yakka tartibda amalga oshiriladi hamda ta’lim
oluvchilarni kasbiy,
intellektual, ma’naviy va madaniy rivojlantirishga xizmat qiladi.
Oilada ta’lim olgan va mustaqil ta’lim olgan shaxslarga davlat
tomonidan tasdiqlangan
namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni berish davlat ta’lim muassasalarining tasdiqlangan o‘quv
dasturiga muvofiq eksternat tartibida amalga oshiriladi.
19-modda. Katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish
Katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish butun umr davomida o‘qitishning
markaziy tarkibiy qismi bo‘lib, ta’lim berish hamda o‘qitishning
jamiyat hayotida va mehnat
faoliyatida katta yoshdagilarning ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan barcha shakllarini o‘z ichiga
oladi, shuningdek rasmiy, norasmiy va informal o‘qitish jarayonlarining butun majmuini qamrab oladi.
Rasmiy ta’lim davlat ta’lim muassasalari hamda davlat
tomonidan tan olingan
akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat ta’lim tashkilotlari ishtirokidagi institutsionallashtirilgan (muayyan
qoidalar va normalarni mujassamlashtiruvchi), aniq maqsadga yo‘naltirilgan
va rejalashtirilgan
ta’limdir.
Norasmiy ta’lim ta’lim xizmatlari taqdim etilishini ta’minlovchi
shaxs yoki tashkilot
tomonidan institutsionallashtirilgan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtiruvchi), aniq
maqsadga yo‘naltirilgan va rejalashtirilgan bo‘lib, shaxsni butun hayoti davomida o‘qitishdagi
rasmiy
ta’limga qo‘shimcha va (yoki) uning muqobilidir.
Informal ta’lim aniq maqsadga yo‘naltirilgan, ammo institutsionallashtirilmagan (muayyan
qoidalar va normalarni mujassamlashtirmagan), rasmiy yoki norasmiy ta’limdan ko‘ra
kamroq
tashkillashtirilgan va tarkiblashtirilgandir hamda oiladagi, ish joyidagi, yashash joyidagi va kundalik
hayotdagi o‘quv faoliyatini o‘z ichiga olishi mumkin.