diniy ta’lim olishga o‘z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda
majbur etishga yo‘l qo‘yilmaydi».
Demak, vijdon erkinligi faqat Xudoga ishonish yoki ishonmaslikdan tashqari,
ibodat qilish, diniy rasm-rusmlar va marosimlarda
ishtirok etish erkini,
shuningdek,
diniy ta’lim olish yoki olmaslikni o‘z ixtiyori asosida belgilash huquqlarini ham o‘z
ichiga oladi. Shu o‘rinda maslaning ikkinchi jihatini ham e’tiborga olish zarur, ya’ni
O‘zbekistonda diniy ta’lim maktab ta’limidan ajratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston
qonunchiligida xususiy tartibdagi diniy ta’lim taqiqlanadi. Shunday ekan, diniy
ta’lim maxsus vakolatga ega bo‘lgan diniy ta’lim muassasalarida o‘rganiladi.
Shaxs dinga nomigagina ishonishi yoki xudojo‘y bo‘lishi, but va sanamlar yoki
jonivorlarga sig‘inishi, dinsiz dahriy yoki butunlay dinga qarshi inson ham bo‘lishi
mumkin. Ammo shaxsning bu kabi qarashlari uni ayblash yoki tahqirlash uchun asos
bo‘lmaydi. Bu vijdon erkinligi huquqi asosida kafolatlangan imtiyoz hisoblanadi.
Kimning qanday e’tiqodga ega bo‘lishi yoki bo‘lmasligi uning vijdoniga havola
etiladi. Lekin havola etilayotgan e’tiqod qonunga xilof bo‘lmasligi shart. Ya’ni
e’tiqod qilaman deb taqiqlangan diniy tashkilotlarga a’zo bo‘lishi
yoki ularning
g‘oyalarini targ‘ib qilishi qonunga xilof sanaladi. Shu bilan birga, bir shaxs boshqa
shaxsni e’tiqodiy qarashlaridan kelib chiqib tahqirlashi ham taqiqlanadi. O‘z
navbatida, bunday xatti-harakat javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ba’zi huquqiy adabiyotlarda «vijdon erkinligi» o‘rnida «e’tiqod erkinligi»
tushunchasini ham uchratish mumkin. Aslida «e’tiqod» (arabcha «i’taqada»
fe’lidan) so‘zi ham ko‘p ma’noli so‘zlar jumlasiga kirib, ishonch, imonli bo‘lish,
ko‘ngilda tasdiqlash kabi bir necha ma’nolarga ega. Biz uchun kerakli bo‘lgan
ma’nosiga keladigan bo‘lsak, Xudoga yoki umuman g‘ayritabiiy kuchlarga imon
keltirishni anglatadi.
E’tiqod erkinligi ham vijdon erkinligi singari shaxsning biror dinni ixtiyor etib,
unga e’tiqod qilishi huquqini anglatadi. Lekin bu huquq vijdon erkinligi qoidalari
ruxsat beradigan dahriy bo‘lish huquqini kafolatlamaydi. Shu kabi farqlar sababli
ayrim davlatlar qonunchiligida (musulmon arab davlatlarida)
vijdon erkinligi emas,
e’tiqod erkinligi kafolatlangan. Shunga asosan agar inson amal qilib turgan dinidan
chiqadigan bo‘lsa, ayrim hollarda qonuniy jazo sanksiyalarining qo‘llanilishi ham
e’tiqod erkinligining o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatadi.
Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, vijdon erkinligi e’tiqod erkinligidan kengroq
tushuncha hisoblanadi.
Vijdon erkinligi tushunchasi xalqaro huquqiy hujjatlarda ham atroflicha bayon
etilgan. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 18-moddasida
shaxsning vijdon erkinligi huquqi kafolatlangan. Unda aytilishicha, «Har bir inson
fikr, vijdon
va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq o‘z dini yoki e’tiqodini
o‘zgartirish erkinligini va ta’limotda, toat-ibodat qilishda va diniy rasm-rusm hamda
marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, o‘z dini yoki e’tiqodiga
yakka o‘zi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini o‘z ichiga
oladi».
Mazkur normaga ko‘ra vijdon erkinligi
shaxsga quyidagi huquqlarni
kafolatlaydi: