|
1-mavzu. Pedagogik diagnostikaning predmeti va tarixiy rivoji Reja
|
bet | 1/9 | Sana | 21.01.2024 | Hajmi | 105,5 Kb. | | #142517 |
Bog'liq 1-mavzu
1-mavzu. Pedagogik diagnostikaning predmeti va tarixiy rivoji
Reja:
1. “Pedagogik diagnostika va korreksiya”ning o‘quv fani sifatida shakllanishi hamda rivojlanishi.
2. “Pedagogik diagnostika” tushunchasining mohiyati.
3. “Pedagogik diagnostika va korreksiya” o‘quv fanining mazmuni.
4. “Pedagogik diagnostika va korreksiya” o‘quv fanining asosiy tushunchalari.
Tayanch tushunchalar: diagnostika, pedagogik diagnostika, korreksiya, tashxis (diagnoz), tashxislash, tashkil etish, nazorat qilish, korreksiyalash, baholash.
I. “Pedagogik diagnostika va korreksiya”ning o‘quv fani sifatida shakllanishi hamda rivojlanishi. Zamonaviy sharoitda “Pedagogika” fani har tomonlama rivojlangan, komil shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazish masalasini hal qilishga yo‘naltirilgan. Asrlar davomida shakllangan ta’lim va tarbiya tizimi yuksak ong, tafakkur, dunyoqarash, axloqiy fazilatlar va hayotiy tajribaga ega shaxsni tarbiyalashga doir boy an’analarni o‘zida aks ettiradi. Kishilik taraqqiyotining turli bosqichlarida pedagogika amaliyotida ana shu boy an’analarga tayanib kelingan. Biroq, mavjud pedagogik an’analar turg‘un xarakterga ega bo‘lmay, o‘z g‘oyalarini ijtimoiy borliqda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, erishilayotgan yutuqlar asosida dinamik, dialektik ravishda boyitib boradi. Bu esa o‘z navbatida pedagogika jarayon, faoliyat va ilmiy-tadqiqot sohalarida yangidan yangi yo‘nalishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Yangi yo‘nalish g‘oyalari, tamoyillarining tobora boyib, ko‘payib borishi esa pedagogik turkum fanlar sirasida mustaqil fanlarning shakllanishini ta’minlaydi. So‘nggi chorak asr mobaynida pedagogik turkum fanlarining soni “Ijtimoiy pedagogika”, “Pedagogik texnologiya”, “Innovatsion pedagogika”, “Pedagogik innovatika”, “Pedagogik konfliktologiya”, “Pedagogik diagnostika va korreksiya” kabi mustaqil fanlar hisobiga oshdi. Mazkur fanlarning amaliyotida o‘zining munosib o‘rniga ega va ular dolzarb pedagogik muammolarni samarali tadqiq qilishga yordam bermoqda.
Garchi diagnostika va korreksiyalash masalalari juda qadimdan o‘rganilgan bo‘lsa-da, “Pedagogik diagnostika va korreksiya” nisbatan yangi o‘quv fan sanaladi. Jahon ta’limi amaliyotida o‘zining mustaqil o‘rniga ega bo‘lganiga hali unchalik ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramay, ushbu fan ta’lim jarayonining ishtirokchilarining ehtiyojlarini qondirish borasida muayyan tajribaga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimida esa mazkur fanning o‘quv fani sifatida o‘qitilishi borasida daslabki tajribalar to‘plangan bo‘lsa-da, biroq, o‘qituvchilar “Pedagogik diagnostika va korreksiya”n o‘quv faniing barcha imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish bo‘yicha boy amaliy tajribalarga ega emaslar. Shu bois ayni vaqtda respublika ta’lim muassasalarida fan imkoniyatlaridan samarali foydalanishga
jiddiy e’tibor qaratilmoqda1.
Ushbu tushuncha ilk marta tibbiyotda qadimgi Gresiyada qo‘llanilgan2. Qadimgi yunonlar muvaffaqiyatli davolash uchun kasallik va uning sabablarini to‘g‘ri anglash, bemor organizmi xususiyatlari, kasallikning kechishi tavsifidan xabardor bo‘lish, turli davo vositalarining ta’sirini bilish va shu sababli kasallikni davolashdan ko‘ra unga to‘g‘ri tashxis qo‘yish muhim ekanligini anglashgan. Ijtimoiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida iqtisodiy, madaniy o‘zgarishlar, sub’ektlarning hayot tarzidan kelib chiqqan holda “diagnostika” tushunchasi turli (texnika, iqtisodiyot, psixologiya) sohalarda ham qo‘llanila boshlandi3.
Kishilik jamiyatining ilk bosqichida tibbiyotda oddiy va ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan kasalliklarga tashxis qo‘yishda suyak sinishi, jarohat, qayt qilish, ich ketish, og‘riqni his qilish, isitma kabi belgilarga tayanilgan. Qadimgi Misr va Hindistonda tana haroratining ko‘tarilishi, yurak faoliyati eshitish, tanani paypaslab ko‘rishga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, qadimgi Xitoyda tomir orqali yurak pulsini o‘lchash, Gresiyada esa tashxis qo‘yish ilmiy klinik (ham tashxis qo‘yish, ham davolash ishlari birga olib boriladigan) tibbiyot uchun boshlang‘ich asos bo‘lib xizmat qildi. Tibbiy diagnostikaning asoschisi Gippokrat hisoblanadi. Uning tashxis qo‘yish uslubi bemor holatini kasallikning dastlabki va keyingi davrdagi holatini sinchiklab o‘rganish, kasallikning ayrim belgilariga ta’sir ko‘rsatish, ma’lum uskuna (masalan, naycha – naysimon asbob) yordamida ichki organlar holatini tekshirish, o‘pkadagi xirillash, o‘pka pardasidagi ishqalanishni eshitish, jigar va taloqni paypaslab ko‘rishdan iborat bo‘lgan.
Tibbiyot sohasida kasallikka tashxis qo‘yish borasida o‘sha davrlardayoq izlanishlar olib borilgan. Xalqning boy hayotiy tajribasi, o‘ziga xos davolash iqtidoriga ega shaxs (tabib, kohin)larning izlanishlari natijasida turli kasalliklarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish amaliyoti ilmiy bilimlar bilan boyigan.
Uyg‘onish davri, ayniqsa, VIII-XIX asrlarda tibbiyotda yangi, jumladan, harorat o‘lchovchi asbob (termometriya), tanaga barmoq bilan urib ko‘rib eshitish (perkussiya), yurak urushi va o‘pkani eshitib ko‘radigan asbob (stetoskop), Laennekning eshitib ko‘rish metodi va boshqa tashxis metodlari yaratildi.
Shunga ko‘ra dastlab “diagnostika” tushunchasi negizida kasalliklarni aniqlashda qo‘llaniladigan metodlar va ular to‘g‘risidagi ta’limot ifodalangan. Zamonaviy sharoitda esa mazkur atama bemor shaxsi, u mansub bo‘lgan ijtimoiy muhit, ruhiy holati, organizmining irsiy va fiziologik xususiyatlari, kasallikning kelib chiqish sabablari, kechishi, organizmda kechayotgan fiziologik holatlar, organizmning tashqi muhit omillari, turli davo vositalariga ta’sirchanligi, shuningdek, davo vositalarining boshqa organlar faoliyatiga ta’siridan iborat yaxlit jarayonni hamda davolovchi vrachning kasallikni aniqlash va bemor holati bo‘yicha kuzatishlari, mulohazalarini ham anglatadi.
Pedagogik diagnostikaning rivoji psixologik diagnostika bilan bog‘liq va
bevosita uning negizida yuzaga kelgan. Psixologik diagnostikaning o‘zi XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida psixologiya sohasida olib borilgan qator tadqiqotlarning g‘oyalariga asoslangan holda mustaqil fan sifatida shakllana boshladi.
Bu davrda Vilgelm Maksimilian Vundt (1832-1920) va Vilyam Shtern (1871-1938 yy.) tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlarda nafaqat yuqori psixologik funksiyalarni ifodalovchi holatlarga asoslanuvchi umumiy psixologik qonuniyatlar, balki shaxsning individual xususiyatlari (idrok, xotira, diqqat, ta’sirlanish tezligi va sh.k.) keng ko‘lamda o‘rganildi. Biroq, bilish sohasida “psixologik diagnostika” tushunchasining qo‘llanilishi German Rorshax (1884-1922 yy.) bilan bog‘liq.
Psixologik tahlil (psixoanaliz) masalalari bilan qiziqqan hamda Shveysariyaning nufuzli tibbiyot vakillari orasida tobora mashhur bo‘lib borayotgan psixologik tahlil metodini yoqlovchi faollardan biriga aylangan German Rorshax til iste’molida ilk marta “psixologik diagnostika” tushunchasini qo‘lladi.
German Rorshax tomonidan 1921 yilda “Psixologik diagnostika: idrokka asoslangan tashxislovchi test” nomli asarning e’lon qilinishi “Psixologik diagnostika” tarixining aynan shu nom bilan rivojlanib borishini ta’minladi4.
Bugungi kunda o‘qituvchi kasbiy faoliyatining muhim tarkibiy kismiga aylanib borayotgan “Pedagogik diagnostika”ning tarixida nemis olimi Karlxayns Ingenkampning alohida o‘rni bor.
|
| |