Kirish. Temuriy shahzodalar orasida Shoh G’arib Mirzo G’aribiy, avvalo, lirik shoir sifatida muhim
o‘rin tutadi. Uning ijodida tasavvufiy g’oyalar, haqiqiy va majoziy ishq, vasl va hijron, umidvorlik va
umidsizlik, muhabbat va shikoyat, do‘st va raqib, ishonch va rashk, yorga iltijo, sog’inch, vafo va jafo, yorga
sadoqat, ko‘ngil, iyd, may kabi tushunchalar asosiy mavzular hisoblanadi. Shoh G’arib Mirzo G’aribiy
https://buxdu.uz
3 (79) 2021
PEDAGOGIK MAHORAT
157
ruhiyat musavviri. Uning ijodida insoniy munosabatlar, ko‘ngil deb atalgan ruhiy olam va unda hukmronlik
qiluvchi insoniy tuyg’ular o‘ziga xos tarzda yuzaga chiqadi. Shoir ijodining o‘ziga xosligi shundaki, unda
Sharq adabiyotiga xos an’analar, shoirlar ijodida asrlar davomida yetakchilik qilib kelgan tasvirlar butunlay
yangicha qiyofada namoyon bo‘ladi va poetik ta’sirchanligi, o‘ziga xos tarzda talqin qilinishi bilan
kitobxonni o‘ziga jalb etadi.
Asosiy qism. G’aribiy o‘z ijodi bilan zamondoshlari tomonidan e’tirof etilgan bo‘lsa-da, mumtoz
adabiyotning faqatgina g’azal janrida ijod qilgan. Uning o‘zbek va forsiy tilda yozgan ijodida besh parcha
muxammas va bir parcha qit’adan tashqari, qolgan barchasi g’azal janrida yozilgan. Bu holat nafaqat
G’aribiy ijodida, balki unga zamondosh bo‘lgan Bobur kabi ijodkorlar ijodida ham ko‘zga tashlanadi. Buni
G’aribiyning ijodda asosan otasi Sulton Husayn Mirzo ijodidan ilhomlangani bilan izohlash mumkin. Sulton
Husayn Mirzo G’aribiyga ota bo‘lish barobarida o‘zi ham ijod bilan shug’ullangan, dilbar g’azallar yozgan.
Bu esa, tabiiyki, badiiy ijodga moyil bo‘lgan nozikta’b G’aribiy g’azallarida ham o‘z aksini topgan. G’aribiy
ijodida sharqona odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilinganligi quyidagi g’azalda yaqqol ko‘zga
tashlanadi.
G’azalning dastlabki baytlari yor tasviriga, uning go‘zalligini ta’riflashga bag’ishlangan:
Qaysi bir gulchehra ul gulbargi xandonimcha bor?
Qaysi bir shamshodqad sarvi xiromonimcha bor?
Qaysi bir xurshidsiymoni anga monand etay?
Qaysi mahvash orazi sham’i shabistonimcha bor?
Keyingi misralarda shoirning ruhiy holati, sevgi tufayli chekkan iztiroblari tasvirlangan. Bunda balo
seli oshiq ko‘zidan oqqan yoshga teng kelmasligi, ko‘ngilda yuzlab choklar mavjudligi, bulbul ham oshiqdek
nola qila olmasligi holatlar o‘z badiiy tasviriga ega bo‘lgan:
Qaysi bir damkim ko‘zum hijronidin qon yig’lamas?
Qaysi bir seli balo bu chashmi giryonimcha bor?
Qaysi bir gul ko‘nglaki ko‘ksum kibi yuz chok erur?
Qaysi bulbul nolasi faryodu afg’onimcha bor?
G’azalda shu tarzda tasvir kuchayib boraveradi. Shoir ko‘ngliga ozor bergan go‘zal o‘z g’amzalari
bilan hatto kofirdan ham o‘zib ketadi. Oshiq ko‘nglidan chiqqan fig’onlar do‘zax o‘tidan ham kuchli tarzda
namoyon bo‘ladi:
Qaysidurkim men kibi ul g’amzadin majruh emas?
Qaysi kofir, qon qilurda nomusulmonimcha bor?
Qaysi bir anduh o‘tikim o‘rtamas onsiz meni?
Qaysi do‘zax o‘ti, yorab, so‘zi hijronimcha bor?
G’azal oxirida esa nochor ahvolga tushib qolgan oshiq o‘z nazmiga isloh berish uchun davoni shohi
suxandonida ko‘radi:
Gar parishon nazminga islohdin zeb istasang
Ey G’aribiy, qaysi bir, shohi suxandonimcha bor?
Ana shu o‘rinda G’aribiyning “shohi suxandonim” deyish bilan kimga ishora qilayotganligi, ya’ni
shohu shoir bo‘lgan otasi Husayn Boyqaroni nazarda tutganligi oydinlashadi. Bu esa biz yuqorida
G’aribiyning Husayn Boyqaro ijodidan ta’sirlanganligi to‘g’risidagi fikrlarimizni yana bir karra dalillaydi.
G’aribiy o‘z davrining boshqa ijodkorlari kabi zullisonayn shoirdir. U yoshligidan Alisher Navoiy va
Jomiy ijodini qiziqib o‘rgandi, ulardan ilhomlandi va bu ta’sir uning g’azallarida ham o‘z aksini topdi.
G’aribiy g’azallari soddaligi, xalq tiliga yaqinligi, balandparvoz, jimjimador jumlalardan xoliligi bilan ajralib
turadi. Bu uning shaxsiyatidagi kamtarinlik, soddalik kabi xususiyatlaridan dalolat berib turibdi. Shu bois
Alisher Navoiy ham o‘zining soqiynomasida G’aribiyning shaxsiyatidagi e’tiborli tomonlarni, uning
odamiylik xususiyatlari beqiyos ekanligini alohida uqtirib, quyidagicha ta’riflaydi:
Soqiyo, boday mastona ketur,
Dayrdin bodaparastona ketur.
O‘yla maykim chu ko‘rub bodaparast,
Ichkuchi atridin o‘lg’ay sarmast.
Nash’a baxsh, o‘ylaki ohangi Iroq,
Talx ul nav’ki xunobi firoq.
Mutribo, sen dog’i ohange tuz,
Rangida lahri Husayniy ko‘rguz.
Ham Husayniy so‘zidin rangi g’arib,
Ham G’aribiy damidin bayti ajib.
Soz aylab, meni ham shod aylang,
https://buxdu.uz
|