PEDAGOGIK MAHORAT 3 (79) 2021




Download 3,37 Mb.
Pdf ko'rish
bet326/344
Sana07.12.2023
Hajmi3,37 Mb.
#113345
1   ...   322   323   324   325   326   327   328   329   ...   344
Bog'liq
Pedagogik mahorat 3-son 2021 yil

PEDAGOGIK MAHORAT 3 (79) 2021 
244 
Ibn Sino “Tib qonunlari” asarida kurash va jismoniy mashqlarning kishi badantarbiyasidagi oʻrni, 
oʻyinning shifobaxsh xususiyatlari haqida toʻxtalgan. Kaykovus, Umar Hayyom, Abulqosim Firdavsiy, 
Beruniy chavgon, nard, shaxmat, tirandozlik, qilichbozlik, chavandozlik kabi yuzlab oʻyinlar xususida yozib 
qoldirgan. Alisher Navoiy asarlarida bayramlar, tantanalar, toʻylar munosabati bilan tashkil etilgan oʻyinlar 
haqida koʻpgina ma’lumotlar bor. Ularda oʻyinlarning uyushtirilishi, ijrochilari, oʻtkazish qoidalari bayon 
etilgan. 
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab milliy qadriyatlarimiz, an’ana va 
udumlarimiz, shu jumladan, xalq bayramlarini qayta tiklashga katta e’tibor qaratildi.
Shunday milliy xalq bayramlarimizdan biri bu Navroʻz hisoblanadi. Ha, Navroʻz shunchaki bayram 
emas. Uning millat tarixi, falsafasi, badiiyati va san’ati, madaniyati, mifologik, diniy va dunyoviy 
dunyoqarashini, ilmiy tafakkur tarzini oʻzida mujassam etgan qomusiy bir ayyom ekanligi mustaqillik 
sharofati bilan tiklandi. Navroʻz hamisha barcha davrlarda ham ommaviy ravishda katta maydonlarda, 
saylgohlarda zoʻr tantana bilan nishonlangan. Katta-yu kichik, yosh-u qari, erkak-u ayol – butun xalqning 
ezgu niyatlari, shodiyona olqishlarining quvvati qoʻshilib, borliqni onadan tug‘ilganday tozartib, 
yashnatishga xizmat qilgan. Bayramning tantana qilinishi, unda uyushtirilgan barcha oʻyin-tomoshalar, 
qoʻshiq-raqslardan kutilgan muddao ham ushbu maqsadga yoʻnaltiriladi. 
Mustaqillik sharofati ila bu bayram hayotda yana oʻz oʻrnini topdi, yangicha mazmun va mohiyat 
kashf etdi. Chinakamiga xalq shodiyonasining tantanasiga aylandi. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 
ta’kidlaganlaridek, “Navroʻz xalqimizning ma’naviy qiyofasini va pokiza his tuyg‘ularini, oʻlmas ruhi va 
madaniyatini oʻzida yorqin namoyon etadigan eng koʻhna, eng sevimli, chinakam milliy ayyomimizdir. 
Navroʻzning oʻlmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan Yangi Oʻzbekiston g‘oyasi bilan 
uyg‘un va hamohangdir”. 
Navroʻz nafaqat tabiatning oʻzgarishi, yasharishi, balki inson qalbi, ruhiyati va tafakkur tarzining ham 
yangilanishidir. Inson tabiatni anglash orqali, oʻzligi, “men”ligini kashf etadi, qalbida oʻziga ishonch, ertangi 
kun umidi uyg‘onadi. Shuning uchun ham bu bayram hamma davrlarda ham tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, 
doʻstlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbatning taronasi, har insonning oʻz xalqi, uning tarixi va 
madaniyatiga boʻlgan hurmatining nishonasi boʻlib kelgan. Endilikda oʻzining teran mohiyati hamda chuqur 
falsafasi, yasharish va yangilanish pallasi, sharqona yangi yilning debochasi sifatida hayotimizda alohida 
oʻrin egalladi. Navroʻz bilan bog‘liq tadbirlar, kurash, koʻpkari, poyga kabi koʻplab xalq milliy oʻyinlari, 
folklor namunalari, rasm-rusmlar, urf-odatlar, qadriyatlar tiklandi va ular yoshlarni milliy hamda 
umumbashariy g‘oyalar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
Qadimiy tarixga ega boʻlgan xalq milliy oʻyinlari oʻzining jozibasi, rango-rangligi, aqliy, axloqiy, 
jismoniy, estetik va ruhiy tarbiyadagi oʻrni bilan beqiyos ahamiyatga ega. Ular hech qachon shunchaki 
ermak boʻlmagan, balki kishining goʻdaklikdan oʻsib-ulg‘aygunicha eng muhim tarbiya vazifasini oʻtagan. 
Murg‘ak bola qatnashgan oʻyinlar orqali hayot voqealari, tabiat hodisalari, soʻz qudrati, insoniy 
munosabatlar oʻrgatilgan. Xususan, “Besh tosh”, “Pichoq”, “Jambul”, “Yong‘oq merganlik”, “Varrak”, 
“Ovchi”, “Mindi”, “Arqon tortish”, “Chillak” kabi oʻyinlar kurashishni oʻrgatadi, aqlni charxlaydi. Oʻz-
oʻzini anglashni, xatolarni tuzatish tuyg‘usini shakllantiradi. Jamoaviylik tuyg‘usini hech narsa 
oʻyinlarchalik singdira olmaydi. 
Xalq an’anaviy milliy oʻyinlari nomoddiy madaniy merosga kiradi. Shunday boʻlgach, uzoq 
ajdodlarimiz yaratgan va bizgacha “suyak surib” yetib kelgan xalq milliy oʻyinlarini izlamoq, topmoq, qayta 
tiklab, yosh avlod kamoloti uchun joriy etmoq har bir vatanparvar yosh-u keksaning, ziyoli-yu ishchining 
burchiga aylansa, ma’naviy, madaniy, ruhiy qudratimiz yanada kuchli, baquvvat boʻladi. 

Download 3,37 Mb.
1   ...   322   323   324   325   326   327   328   329   ...   344




Download 3,37 Mb.
Pdf ko'rish