69
bu yerda A va B - sentrifugalash probirkalari (byuks, filtrlar)ning
choʻkmali va choʻkmasiz massasi (g); V-sentrifugalash yoki filtrlash
uchun olingan kultural suyuqlikning hajmi (ml).
Biomassani tortish usulida aniqlashda ikkita parallel namuna
olinadi.
Biomassani nefelometrik usulda aniqlash. Nefelometriya loyqa
eritma orqali oʻtgan yorugʻlik intensivligi oʻlchamiga asoslangan.
Mikroorganizmlar suspenziyasi tarqatadigan yorugʻlik miqdori yo
ularning massa birligida yoki hujayralar soni bilan ifodalangan
konsentratsiyasiga,
yo boʻlmasa ularning oʻrtacha oʻlchamiga
proporsionaldir. Bir tekis loyqalantiruvchi oʻsayotgan kulturalarga
tarqatayotgan yorugʻlik nuri bilan 1 ml kultural muhitdagi (±7%
aniqlikda) hujayralar sonini aniq bogʻliqligi xosdir. Mikroorganizmlar
parda, mitseliy, toʻp-toʻp yoki donador choʻkma
hosil qilganda bu
usulga rioya etilmaydi.
Yorugʻlikning tarqalishi miqdori fotoelektrokalorimetrlarda,
nefelometrlarda (FEKN-57, FEKN-56M va boshqalarda) oʻlchanadi.
Ularning ishlash prinsipi va yorugʻlikning tarqalishini oʻlchash tartibi
fizik-kimyoviy usullarga doir qoʻllanmalarda va instruksiyalarda
(priborlarga ilova etilgan) ta’riflangan boʻlib, eritmalarning optik
zichligini oʻlchashdan farq qilmaydi.
GPB da yoki solod sharbatida suspenziya hosil qilingan bakteriya
va achitqilar hujayrasini tekshirishda qizil filtrda oʻlchash, koʻk-yashil
suvoʻtlarni yashil filtrda oʻlchash eng qulaydir.
Kultural muhitda
hujayralar konsentratsiyasi yuqori (hujayralar nihoyatda koʻp) boʻlsa,
yorugʻlik tarqalishi kuchayadi, bu esa past natija olinishiga sabab
boʻladi. Shuning uchun hujayralar nihoyatda koʻp boʻlgan bunday
suspenziyaning oziq muhitini yoki suv bilan suyultirish kerak. Bitta
kulturaning namunasini har xil suyuqliklar
bilan suyultirish mumkin
emas, chunki hujayralarning boʻrtib qolishi va qisilishi yorugʻlik
tarqalishi darajasiga ta’sir etadi.
70
Hujayralar soni (biomassa) yo bevosita nefelometrning koʻrsatishi
boʻyicha, yoki yorugʻlik tarqalishi miqdori bilan hujayralar soni yoki
hajm birligidagi quruq biomassa orasidagi oʻzaro bogʻliqlik egri chizigʻi
bilan ifodalanadi.
Oʻlchov egri chizigʻi quyidagicha tuziladi: har xil quyuqlikdagi bir
nechta mikrob suspenziyasi tayyorlanadi. Sanash kamerasi yordamida
yoki quruq biomassasini tortish yoʻli bilan 1 ml suspenziyadagi
hujayralar soni aniqlanadi. Keyin fotoelektrokalorimetr yordamida
yorugʻlik tarqalishi oʻlchanadi. Olingan kattaliklarning bogʻliqligi grafik
tarzda ifodalanadi. Bunda ordinatalar oʻqiga fotoelektrokalorimetr
koʻrsatkichi, abssissalar oʻqiga 1 ml muhitdagi hujayralar soni (yoki g/l
hisobidagi quruq biomassa hajmi) yoziladi. Har qaysi oʻlchov chizigʻiga
yorugʻlik filtrining raqami (nomeri),
kyuvetaning ish masofasi, grafik
tuzilgan muddat va mikroorganizmning nomi yozib qoʻyiladi.
Oʻlchov egri chizigʻi boʻyicha hujayralar soni quyidagicha
aniqlanadi. Analiz qilinayotgan namunaning yorugʻlik tarqatishi
oʻlchanadi, ordinatalar oʻqidan olingan songa mos nuqta topiladi. Ana
shu nuqta orqali oʻlchash egri chizigʻi bilan kesishguncha abssissalar
oʻqiga parallel chiziq oʻtkaziladi.
Perpendikulyarning abssissalar oʻqi
bilan kesishish nuqtasi
tekshirilayotgan namunadagi hujayralar soniga (biomassasiga) mos
keladi.