8 – MAVZU MARKAZIY OSIYO TARIXIDA HANAFIYA
MAZXABINING O‘RNI
Reja:
1. Abu Hanifaning hayoti va ilmiy faoliyati
2. Abu Hanifaning fiqhiy uslubi
3. Hanafiy mazhabining O‘rta Osiyoga tarqalishi
Tayanch so‘z va iboralar: Hanafiy mazhabi, fiqh, kalom ilmi, Kufa,
Ummaviylar xalifaligi, Abbosiylar xalifaligi, No‘mon ibn Sobit, Imomi A’zam,
Hammod ibn Sulaymon, tobeinlar, istinbot, ijtihod, mujtahid, Movaraunnahr fiqh
maktabi, Burhoniddin Marg‘iloniy, Hidoya asari, Samarqand fiqh maktabi, Buxoro
fiqh maktabi.
1. Abu Hanifaning hayoti va ilmiy faoliyati.
Abu Hanfaning nasl-nasabi va yoshlik hayoti. "Hanafiy" mazhabining
asoschisi, Abu Hanifa kunyasi, Imomi A’zam laqabi bilan shuhrat qozongan
Nu’mon ibn Sobit 80 hijriy yili (699 m.y.) Kufa shahrida tug‘ilib, 150 hijriy yili (767
m.y.) o‘sha yerda vafot etgan va Bag‘dod shahrining "Askar Mahdiy" nomli
mavzeida Xayzuron nomli qabristonning sharqiy tomonida dafn etilgan. Manbalarda
kelicha uning janoza namozi Hasan ibn Ammora imomligida o‘qilgan.
Ibn Xallikon yozishicha, Sulton Malikshoh Saljuqiyning mustavfiysi (moliya
vaziri) Sharafulmulk Abusaid Muhammad ibn Mansur al-Xorazmiy Abu Hanifaning
qabri ustida mashhad va gumbaz qurdirib, yonida hanafiylar uchun katta madrasa
bino qildi. Binoning ochilish marosimida mashhur shoir al-Bayoziy kirib kelib, bir
she’r o‘qidi. Ushbu she’rda Abu Hanifaning ilm rivojiga qaratilgan xizmati va
mazkur mozorni qurishda Abusaidning bajargan ishini e’zozlab vasf etgan edi.
Abu Hanifaning bobosi Zutay aslan Kobul aholisidan. Uning o‘g‘li Sobit
islomda tug‘ilib, Ali ibn Abu Tolib bilan uchrashgan va navro‘z kuni unga faluzaj
(foluda) halvosini taqdim etib, o‘zi va oilasi haqida Imomning ezgu duosini olgan.
Abu Hanifa savdo ishi bilan shug‘ullanuvchi bir oilada tug‘ilib, ipak matolar
savdosi bilan hayot kechirardi, ayni holda ilmu ma’rifat va islom ta’limotini
o‘zlashtirish uni qiziqtirardi.
U yashagan muhit - Iroq o‘lkasi qadim zamonlardan beri turli-tuman millatlar
hamda firqalar yashash makoni va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgan edi.
U yerda Suryoniylar, yunon falsafasi va sharq hikmatini tashuvchilar son-sanoqsiz
bo‘lib, siyosat va aqoid bo‘yicha turli yo‘nalishlar mavjud edi. Shialar, Xorijiylar,
Mo‘taziliylar, shuningdek, bir qator tobiinlar va mujtahidlar u yerda to‘plangan edi.
Mashhur sahobiy Ibn Mas’udning shogirdlari bo‘lmish bir guruh faqihlar, fiqh ilmi
rivoji bo‘yicha sezilarli ta’sir ko‘rsatib turardi.
Avvallari Abu Hanifa ko‘proq tijorat ishlari bilan shug‘ullanib, bo‘sh vaqtida
olimlar bilan uchrashib turardi, turli guruhlar bilan munozara va mujodala olib borib,
ularning tafakkuri hamda dunyoqarashlari bilan oshno bo‘lardi.
113
Kufa olimlari uni ilm o‘rganishga targ‘ib va tashviq qilib kelgan bo‘lsalar
ham, o‘sha davrning mashhur olimlaridan biri Sha’biy bilan uchrashuvi uning
hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi. Imomning o‘zi aytishicha, Sha’biy uning ilm
o‘rganish maqsadida olimlar majlislariga ko‘proq qatnashishini tavsiya qilib "Men
senda bir uyg‘oqlik va harakatni ko‘raman" degan edi. Uning o‘giti Abu Hanifaga
chuqur ta’sir o‘tkazib, uni ilmu ma’rifat tomonga yo‘llaydi, bozorga kamroq
qatnashsa ham, ota kasbi bo‘lmish tijoratni butunlay tark etmaydi.
U birinchi marta kalom ilmiga qiziqib, turli firqalar, ayniqsa, Mo‘tazila va
Xavorij vakillari bilan bahslashib turadi. Hatto Mo‘tazila bilan munozara o‘tkazish
maqsadida bir yilgacha Basra shahrida qolib ketadi. U barcha fanlar, ayniqsa, kalom,
hadis, tafsir, fiqh, hikmat eshiklarini qoqib o‘tib, har birida, ayniqsa, kalom va hadis
ilmlarida o‘z iste’dodini sinab ko‘radi, oxiri borib butunlay fiqh ilmiga beriladi.
Uning o‘zi bu haqda shunday degan edi:
"O‘zimga murojaat qilib shunday dedim: bizlar biladigan narsalardan hech
biri bizlardan oldin o‘tgan Payg‘ambar sahobalari va tobiinlardan chetda qolmagan
edi. Ular bizlarga nisbatan iqtidorliroq, bilimliroq va haqiqatni anglab olishda
salohiyatliroq edilar, lekin shunday bo‘lsa ham, ular nafaqat munozara va
mujodalaga berilib bu sohaga chuqur kirib bormadilar, balki jiddiy suratda
boshqalarni ham bu yo‘ldan qaytardilar. Men ular shariat va fiqh ilmiga berilib, bu
sohada o‘zlaridan qoldirgan so‘zlarining guvohi bo‘ldim. Ular har doim o‘tirishib
ushbu mavzu (fiqh va shariat) bo‘yicha fikr yuritar, uni odamlarga o‘rgatar, ularni
ushbu fanlarni o‘zlashtirish uchun targ‘ib etib fatvo berib, fatvo so‘rardilar. Shu
yo‘sinda birinchi bosqich o‘tib, odamlar ular izidan bordilar. Men ularga tegishli
bo‘lgan aytib o‘tilgan narsalarni bilib olganimdan keyin, munozara va mujodala va
kalom ilmi bilan chuqur shug‘ullanishni tark etib, faqat uni aniqlab olish bilan
kifoyalandim va salaflar (o‘tganlar) yo‘lidan borib, ilmu ma’rifat ahli bilan
suhbatdosh bo‘lishga yuz tutdim. Men anglab oldimki, kalom yo‘lidan borib, uning
mavzulari bo‘yicha munozara qiluvchilarda o‘tganlarning siymosi va solih
kishilarning uslubini ko‘rish mumkin emas ekan, ularning ko‘ngillari qattiq va
yuraklari qotgan bo‘lib, Qur’on, Sunna va salafi solihinga qarshi turishdan ham
qaytmas ekanlar, ularda taqvo va parhez-gorlik ko‘rinmas ekan".
Birinchi bosqichda Abu Hanifa kalom ilmiga berilib, bir mutakallim sifatida
ushbu sohada katta iqtidor va yuksak malakaga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, erishilgan
muvaffaqiyatlar uni qoniqgirmadi. Aqoid muammolarini akliy va falsafiy dalillar
bilan isbotlash, ya’ni kalom ilmiga berilish yo‘lidan emas, balki undan ko‘ra
samaraliroq yo‘l - fiqh, ya’ni huquqshunoslik ilmi va unga tegishli bo‘lgan fanlarni
o‘zlashtirish orqali odamlarga keng ko‘lamda xizmat qilish va ularning hayotiy
muammolarini yechib berishga erishish imkonini ustun qo‘ydi.
U kalom ilmi bo‘yicha "al-Fiqhul-Akbar", "ar-Risalotu ilo Usmonil-Bustiy"
(Abu Hanifadan Muqotil rivoyati asosida) va "Ar-raddu alal-qadariya" kabi risolalar
yozgan bo‘lsa ham, o‘z shogirdlari va o‘g‘illarini ushbu yo‘lga o‘tishdan qaytarardi.
Ibn Bazzoziy yozishicha, imom keksalik chog‘larida o‘g‘li Hammodni kalom
mavzui bo‘yicha munozarada ko‘rganda: "Bizlar munozara qilgan paytlarda, bizni
suhbatdoshimizning haq va to‘g‘ri yo‘ldan chiqishlari qo‘rqitardi, lekin sizlar esa
114
munozara chog‘ida suhbatdoshingiz haq yo‘lidan chiqishini istaysizlar. Har kim o‘z
suhbatdoshini haq yo‘ldan og‘dirmoqchi bo‘lsa, uni kufr tomonga yo‘llaydi, lekin
uning o‘zi suhbatdoshidan oldinroq kufr yo‘liga o‘tgan bo‘ladi", degan edi.
Abu Hanifaning ustozlari va zamondoshlari. Abu Hanifa fiqh ilmini kimdan
o‘rgangani haqida "Men ilm va fiqh koni bo‘lgan joyda yashab, uning ahli bilan
uchrashib, faqihlar jumlasidan birini tanlab oldim", degan edi.
Imom Abu Zahra uning ushbu qisqa so‘zidan bunday xulosa chiqargan:
Imomning hikmatli so‘zidan quyidagi uch narsani anglab olish mumkin:
Ilm o‘rganuvchi, ilmiy muhitda yashab, uning xidini sezib tursa, olimlar bilan
uchrashib o‘z davrining turli fikriy yo‘nalishlari bilan muloqotda bo‘lsa,
shuningdek, fan sohasida unga fanning nozik tomonlarini ko‘rsatib, yashirin
muammolarini ochib beradigan ustozlardan birining mulozimatida tursa, o‘shanda
yorug‘likda harakat qiladigan bo‘lib, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.
Abu Hanifa mazkur bosqichlarning barchasini bosib o‘tib, ayniqsa, ilmu
ma’rifat, falsafa va aqoid markazi bo‘lmish Kufa shahrining olimlari bilan fiqhiy
masalalar bo‘yicha Qur’on, Sunna, Ijmo va Qiyos asosida muzokaralar olib borardi,
nass mavjud bo‘lmaganda muammolarni qiyos orqali isbotlashga harakat qilardi.
Kufa olimlaridan Ibrohim Naxa’iy va undan so‘ng uning shogirdlari Qur’on va
Sunnadagi hukmlarning sabab va illatlarini istixroj qilib (chiqarib) belgilab olgandan
keyin, o‘sha hukmlarni mazkur illatlar (sa-bablar) mavjud bo‘lgan hodisalarga tatbiq
etib qiyos metodi-dan foydalanardilar. Abu Hanifa yoshlik va talabalik vaqti-da ana
shunday ilmiy muhitda nafas olib yashadi, Kufa shayxi va Iroqning buyuk faqihi
darajasiga ko‘tarilgunga qadar shu yo‘ldan bordi.
Shayx
Muhammad
Xuzariybek
"Tarixut-tashri’il-islomiy"
kitobida
yozishicha, Abu Hanifa fiqh ilmini o‘zlashtirish maqsadida o‘sha davrning yirik
olimi bo‘lmish Hammod ibn Sulaymonni tanlab olib, uning dars halqasiga o‘tirdi.
Hammod ibn Sulaymon Ash’ariy (v 120 h.y.) fiqq ilmini Ibrohim Naxa’iy va
undan keyin Sha’biydan olgan edi, ularning ikkalasi ham Ali ibn Abu Tolib va Ibn
Mas’ud fiqhini Shurayh, Alqama, Masruq ibn Ajda’ orqali o‘zlashtirgan edilar. Abu
Zaxra ta’kidlashicha, Abu Hanifaning qarashlari fiqhiy masalalar bo‘yicha Ibrohim
Naxa’iyga yaqinroq edi, chunki u Iroq maktabining yirik namoyandasi hisoblanardi,
Sha’biy esa Ra’y va Qiyos maktabini yoqtirmagani sababli, axli hadis tarafdorlariga
yaqinroq edi.
Hindistonlik mashhur faqih Dexlaviy "Hujjatullohil-bolig‘a" nomli asarida
ta’kidlashicha, Ibrohim Naxa’iyning so‘zlari Hanafiy mazhabi uchun yo‘llanma
hisoblanadi. Agar Ibrohim va uning yo‘ldoshlari so‘zlari Hanafiy mazhabi bilan
taqqoslansa, juda kam joylarda ular orasida farq ko‘zga tashlanadi, Abu Hanifa
shunday o‘rinlarda ham Kufa faqihlari yo‘nalishidan chiqmaydi.
Uning ustozlari barchasi ham ahli sunna val jamoadan bo‘lmay, ayrimlari turli
guruhlar va firqalarga mansub edi. Ularning hammasi ham fiqh, bo‘yicha ra’y va
qiyosni qo‘llab-quvvatlamasdi. Masalan, bir qator tobiinlar faqat hadis va osorga
tayanib ushbu chegaradan chiqmasdilar.
Shuningdek, Abu Hanifa Ja’fariy shialar imomlari bo‘lmish Muhammad
Boqir va uning o‘g‘li imom Ja’far Sodiq (oltinchi imom)dan hadis rivoyat qilib, fiqh
115
ilmi bo‘yicha ular bilan munozaralar olib borgan. "Doiratul-maorifi ta-shayyu’"
(Shialik qomusi)ning birinchi jildida ta’kidlanishicha, imom Boqir uning
ustozlaridan biri edi. Hazrat Sodiq uning qiyos va istehson uslubiga muxolif bo‘lsa
ham, bunday muxolafat ilmiy munozarali mohiyatga ega edi.
Al-Makkiy rivoyatiga ko‘ra Abu Hanifa yoshlik chog‘lari ra’y va qiyos bilan
shug‘ullanib yurgan davrda, shialarning beshinchi imomi va olimlaridan biri
Muhammad Boqir bilan uchrashgan edi.
Bulardan tashqari, Abu Hanifa boshqa turli shialik yo‘nalishlari, jumladan,
Kaysoniya, Zaydiya, Ismoiliya va boshqalar bilan muloqotda bo‘ldi. Xorijiylar
vakillari bilan juda ko‘p munozaralar olib bordi. Ko‘p yillar Makkada yashash unga
sahobalarning eng yirik olimlaridan biri bo‘lmish Ibn Abbos shogirdlaridan Qur’on
fiqhini o‘rganish uchun imkon yaratib berdi. Ibn Abbosning shogirdlari Makkada
yashardilar.
Kufa shahrida Abu Hanifa bilan zamondosh bo‘lib yashagan mashhur
faqihlardan quyidagilar manbalarda zikr etilgan:
1. So‘fiyon ibn Said as-Savriy (97-161 h.y.) hadis ilmining mashhur
imomlaridan biri va atoqli mujtahid edi.
2. Sharik ibn Abdullo an-Naxa’iy, 95 yil Buxoroda tug‘ilib, 177 h.y Kufada
vafot etgan. U fiqh ilmi bo‘yicha katta salohiyat va ilmiy maqomga ega bo‘lib, Kufa
shahrida kamoli adolat bilan qozilik vazifasini bajarardi.
3. Ibn Abilaylo – Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Abilaylo (t.74h.) ra’y
tarafdorlaridan bo‘lib, faqih va muftiy bo‘lgani uchun Kufa qozisi qilib tayinlandi.
Umaviylar va Abbosiylar davrida 33 yil ushbu vazifani bajarib kelib, 148 yilda
hayotdan ko‘z yumdi. So‘fyon Savriy: "Bizning faqih-larimiz ibn Abilaylo va Ibn
Shibramadurlar", degan edi.
Abu Hanifa yashagan davr va uning siyosiy qarashlari. Abu Hanifa turli
siyosiy va ijtimoiy hodisalarga to‘la bo‘lgan ikki davr – Umaviylar va Abbosiylar
davrlarida yashab, ilmiy faoliyat olib bordi va davlat hokimiyati birinchi suloladan
ikkinchi sulolaga o‘tishining guvohi bo‘ldi. U siyosiy tomondan Alaviylar (Ali
avlodlari va ularning homiylari) tarafdori bo‘lgan bo‘lsa ham, tinchlik va xalq
manfaatini ko‘zlab hech qachon qurol ko‘tarib kurashlarda qatnashmadi.
Aytib o‘tganimizdek, hokimiyat Abbosiylarga o‘tishi jarayonida Kufa shahri
ushbu tarixiy harakatning markazi bo‘lib, natijada Abul-Abbos Saffohga bay’at
qilish (ovoz berishning qadimiy uslubi) amalga oshirildi va Umaviylar hokimiyatdan
chetlashtirildi.
Mazkur harakatda Abu Hanifa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etmagan bo‘lsa ham,
aytib o‘tganimizdek, Ali oilasi va uning tarafdorlariga nisbatan o‘zining ezgu
niyatlarini yashirmasdi. O‘sha davrda yuz berib turadigan siyosiy hodisalar Abu
Hanifa hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida bir qator rivoyatlar mavjud.
Ulardan biri Ibn Xallikon tomonidan quyi-dagidek rivoyat qilingan:
Umaviylar vakili Marvon ibn Muhammad tomonidan Iroq volisi qilib
tayinlangan Yazid ibn Hubayra Abu Hanifaga murojaat qilib, unga qozilik vazifasini
taklif qiladi, lekin Abu Hanifa uni qabul qilishdan bosh tortgani uchun uni o‘n
116
kungacha har kuni o‘n qamchi urib jazolaydi, lekin imom bu taklifni qabul qilmagani
sababli uni qo‘yib yuboradi.
Mazkur hodisa yuz bergani to‘g‘ri ekanligini qo‘llash maq-sadida Ibn
Xallikon quyidagi rivoyatlarni ham keltiradi:
Ahmad ibn Hanbal "Xalqi Qur’on" masalasi bo‘yicha savalangandan keyin,
Abu Hanifa boshidan kechirgan ushbu voqeani eslaganda imomga kuyinib yig‘lardi.
Shuningdek, Abu Hanifaning nevarasi Ismoil ibn Hammod bunday degan edi:
"Otam bilan Kunosidan o‘tayotganimizda u yig‘ladi. Nega yig‘laysiz?" deb
so‘raganimda javob berdi: "Ey o‘g‘lim, mana shu yerda Hubayra qozilik vazifasini
qabul qildirish uchun otam-ni o‘n kungacha har kuni o‘n qamchi urardi, lekin u qabul
qil-madi".
Abu Zahra ham buni tasdiqlaydi, lekin Muhammad Xuzariybek fikricha,
qamchi bilan urish haddan ortiq tahqir hisoblanadi. Amirlikdan keyin eng sharafli
vazifa bo‘lmish faqatgina qozilik vazifasini qabul qilmaganligi uchun bir oqil kishi
tomonidan bir kishini bunday jazolash tushunarli emas. Chunki Kufada juda ko‘p
faqihlar mavjud bo‘lib, ulardan har birini qozilik vazifasini bajarish uchun tanlab
olish mumkin edi.
So‘ngra Xuzariybek ushbu hodisaga siyosiy tus berib bunday deydi:
"Menimcha, Abu Hanifaga qozilik vazifasini taklif etishdan maqsad davlatga
nisbatan uning ishonchi va do‘stligini aniqlab olish edi. Aftidan, olimlar o‘sha
davrda ularga yoqmagan davlatda ishlashni yoqtirmas edilar va uni o‘sha davlatni
qo‘llab-quvvatlash deb bilardilar. Shuning uchun Hubayra Abu Hanifaning taklif
etilgan vazifani bajarishdan bosh tortganini Bani Umayyaga (Umaviylarga)
qarshilik deb uni urgandir".
Biz ham ushbu fikrga qo‘shilamiz. Nafaqat Umaviylar davrida, balki
Abbosiylar davrida ham imomning savalanishi uchun asosiy sabab siyosiy omil
bo‘lgan edi.
Abu Hanifa Hubayra qamog‘idan chiqqandan keyin Makkaga qarab yo‘l oladi
(130 h.y.) va hokimiyat Abbosiylar sulolasiga o‘tgunga qadar Kufaga qaytib
kelmaydi.
U yangi hokimiyat – Abbosiylar hokimiyatini rozilik bilan kutib olib, ularga
bay’at qiladi. Lekin uning Ali oilasi va avlodlariga bo‘lgan ishonch va hurmati har
doim Mansurning – Abbosiylar xalifasining tashvishiga sabab bo‘lardi. Zohiran
Mansur imomning mavqeini ko‘tarib, hurmat ko‘rsatib, unga katga hadyalar taqdim
etib turardi, lekin imom ularni yumshoqlik va tadbir bilan qaytarib yuborardi, chunki
u hech kimdan hech qachon hadya qabul qilmas edi.
Ba’zan yuz bergan ayrim hodisalar ham u bilan Mansur orasidagi
munosabatga o‘z ta’sirini ko‘rsatib turardi.
Abbosiy xalifalari siyosiy tomondan Abu Hanifani yoqtirmasalar ham, uning
mazhabi va huquqiy ta’limotlariga katta zarurat sezardilar. Chunki ahli hadis
mazhablariga nisbatan Hanafiy mazhabi o‘zining keng dunyoqarashi, ijtimoiy,
iqtisodiy muammolarni yechishda yaratgan katta va keng qamrovli imkoniyatlari
bilan, davlat uchun juda ko‘p qulayliklar yaratib, zamon talablariga, voqelikka
muvofiq ravishda javob berishga qodir edi. Lekin shunga qaramasdan, uning
117
muxoliflari ham saroyda, ham boshqa joylarda mavjud bo‘lib, o‘rni kelganda unga
qarshi ig‘vo tarqatar edilar.
Abu Hanifaning fiqhiy asarlari. Abu Zahra "Imom Abu Hanifa unga nisbat
berilgan bir necha kichik risolalardan boshqa kitob yozmagan", deb ta’kid-lab, ular
jumlasidan "al-Fiqhul-Akbar", "al-Olim val-mu-taallim", "Qadariyaga raddiya"
risolasi va Usmon al-Bustiyga yozgan risolasini eslatib o‘tib, ularning hammasi
kalom ilmiga tegishli asarlar bo‘lgan va uning o‘zi fiqh bo‘yicha hech qanday kitob
yozmagan, balki uning fiqhi va huquqiy nazariyalari shogirdlari tomonidan to‘planib
tarqatilgan", deydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, aytib o‘tilgan risolalar Abu Zahra yozganidek,
nafaqat Abu Hanifaga nisbat berilgan, balki uning haqiqiy asarlaridir.
Kotib Chalabiy "Imomi A’zam musnadi" nomi bilan ushbu asar haqida
mufassal ma’lumotlar berib o‘tib, Hasan ibn Ziyod Luluiy tomonidan rivoyat
qilinganini eslatib o‘tadi. Horisiy rivoyatiga binoan, ushbu "Musnad" shayx Qosim
ibn Qut-lubg‘o tomonidan fiqq boblari asosida tartibga solingan. Jamoluddin
Mahmud ibn Ahmad al-Qunaviy Addad-Dimashqiy (v.70 h.) uni qisqartirib, "al-
Mu’tamad" deb nomlagan.
Abul-muayyid Muhammad ibn Mahmud al-Xorazmiy (v.665 h.) uning barcha
zavoidini chiqarib tashlab o‘z ishini quyidagicha izohlaydi: "Shomda ba’zi bir johil
kishilar, uni kamsi-tish maqsadida miqdorini kamaytirib ko‘rsatib, boshqa asar-
larning qadrini ko‘tarib yurgani, Shofi’iy Musnadi va Molik Muvattosiga asoslanib,
Abu Hanifaning Musnadi yo‘q, deb tasavvur qilishlarining guvohi bo‘ldim.
O‘shanda Imomdan faqat bir qator hadislar rivoyat qilinardi. Ushbu hodisa mening
diniy hamiyatim (g‘ayratim)ni qo‘zg‘atib, buyuk olimlar tomonidan to‘plangan 15
ta musnadni birlashtirishga kirishdim".
Abul-muayyid undan keyin 15 ta buyuk hadis olimlari, jumladan, Imom
Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy, Imom Abu Yusuf, Imom Hofiz, Abu
Muhammad Abdullo Husayn ibn Muhammad ibn Xusrav al-Balxiy (v. 523 h.),
Imom Movardiy va boshqalarning ismlarini qayd etadi.
Ushbu to‘plangan musnad Ismoil ibn Iso ibn Davlat al-Avg‘oniy al-Makkiy
va Abu Baqo Ahmad ibn Muhammad al-Qurashiy al-Adaviy al-Molikiy tomonidan
qisqartirilib Jaloludsin as-Suyutiy (v. 911 h.) uni sharxlab "at-Ta’liqa-tul-manifa alo
musnadi Abi Hanifa" deb atagan.
Abu Hanifaga nisbat berilgan mazkur musnaddan bir qo‘lyoz-ma nusxasi O‘z
FA Aburayhon Beruniy nomidagi sharqshunos-lik instituti qo‘lyozmalar fondida
P.4815 raqami ostida saqlanmoqda.
Nusxaning oxirida: "Imomi A’zam Abu Hanifaning "Musnad" nomli kitobi
870 yil ramazon oyining 29-kuni ko‘chirib tugatildi", deb yozilgan.
Kitob 270 varaq (540 bet)da suls yozuvida yozilgan bo‘lib, kotibning ismi
mavjud emas. Boshidan 113 varag‘i tushgan.
"Musnad" 40 bobni o‘z ichiga oladi. Boblarda Abu Hanifa-dan rivoyat
qilingan hadislar isnodlari bilan mufassal shaklda beriladi. 40-bob besh fasldan
iborat bo‘lib, ularda Musnadda zikr etilgan shayxlar (hadis rivoyati ustozlari)-ning
qisqacha tarjimai holi beriladi. Masalan, birinchi faslda Musnadda nomi zikr etilgan
118
Payg‘ambar sahobalari, ikkinchi faslda Abu Hanifaning uch yuzga yaqin ustozlari
(hadis rivoyati bo‘yicha), uchinchi faslda Abu Hanifadan rivoyat qilgan uning
as'hobi (suhbatdoshlari) tanitiladi.
Vahba Az-Zuhayliy "Islom fiqhi va uning manbalari" kitobida qayd etishicha,
u Anas ibn Molik bilan uchrashib, undan "Ilm o‘rganish har bir musulmonga farzdir"
degan hadisni rivoyat qilgan.
"Imomi A’zam musnadi" bo‘iicha tadqiqot olib borib, uni har tomonlama
o‘rganish hadis va fikh olimlari oldida turgan faxrli burch hisoblanadi.
Abu Hanifaning shaxsiyati va ilmiy maqomi. Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobit
islom huquqshunosligi tarixida misli ko‘rilmagan buyuk va ko‘p qirrali shaxslardan
biri edi. Uning buyukligi ramzini Qur’on va Sunnaga chuqur ishongan va tayangan
holda mustaqil fikr yuritishida va hech qanday qo‘rquvsiz fiqh bo‘yicha ushbu
yo‘nalishni takomillashtirib, tizimlashtirishida ko‘rish mumkin.
U yashagan davr rivojlanish davri, u hayot kechirgan muhit turli madaniyatlar
uchrashuvi markazi, xilma-xil siyosiy, ijtimoiy va falsafiy fikrlar to‘qnashuvi
maydoni edi. Qur’on va Hadislarda barcha hayotiy muammolarni yechish uchun
ko‘pin-cha umumiy va ba’zan konkret usul hamda qoida-lar ko‘rsatib berilgan edi.
Ilohiy kitobda aniqlashtirilma-gan masalalar Payg‘ambarimiz so‘zlari bilan
izohlanar va aniqlikka olib chiqilardi. Undan keyin ijmo uslubi o‘z yechi-mini
topmagan muammolarni hal qilish tamoyillarini bel-gilab berardi. Lekin, mazkur
yo‘llanmalar taraqqiyot sari olg‘a qadam tashlab borayotgan jamiyatda yuz berib
turadigan hodisalarga javob topish uchun yetarli emas edi.
Sababi, faqihlar va mujtahidlar ta’kidlaganlaridek, nass (Qur’on oyatlari va
hadislar iboralari) chegaralangan bo‘lib, yuz berib turadigan hodisalar cheksiz va
amaliyot maydoni chegarasizdir. Shahristoniy aytishicha: "Bizga ma’lumki,
ibodatlar va ish yuritish, tasarruf sohalarida yuz berib turadigan hodisalar cheksiz,
son-sanoqsizdir. Shuningdek, bizga ma’lumki har bir hodisa uchun bir muayyan
nass mavjud emas va buni tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. Albatta, nasslar cheklangan
va voqealar cheksiz bo‘lib, cheklangan narsalar chegarasiz narsa-larni qamrab
ololmaydi. Shu sababli ijtihod va qiyosga e’tibor berish bir zarurat sifatida yuzaga
kelib, har bir hodisa uchun ijtihod qilish lozim bo‘ladi".
Hazrati Muhammad sallollohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalga qozilik
vazifasini topshirib, uni Yamanga jo‘natmoqchi bo‘lganida, undan: "Bor-diyu
Qur’on va Sunnada muammolar yechimini topolmasang nima qilasan", deb
so‘raganda, u: "O‘z ray’im (shaxsiy fikrim)ga asoslanib ijtihod qilaman", deb javob
bergan edi.
O‘shanda Payg‘ambar uning ko‘ksiga qo‘li bilan urib, Xudo-ga hamdu
sanolar bo‘lsinki, o‘z Payg‘ambarining elchisi (vakili)ni Payg‘ambar rozi bo‘ladigan
yo‘lga yo‘lladi, deb rozilik bildirgan edi.
Hazrat Muhammad sollallo‘hu alayhi vasallamning ushbu so‘zlari voqelikni
e’tirof etishdan iborat bo‘lib, u kelajakda amaliyot, ya’ni siyosiy, ijtimoiy va
iqtisodiy sohalarda son-sanoqsiz hodisalar yuz berishini ko‘zlagani uchun,
sahobalarni va ular orqali olim-larni shunday sharoitga duch kelgan chog‘da qanday
amal qilish yo‘lini ko‘rsatgan.
119
Shuningdek, Qur’on ko‘pincha huquqiy masalalarga umumiy shaklda dalolat
qiladi. Bunday ahvolda usulul-fiqh qoidala-riga asoslanib, ko‘rsatilgan umumiy
hukm doirasida Sunna va ijmodan foydalanib, yechimi topilmagan masalalarni hal
qilish yo‘llarini qidirishga zarurat sezilardi. Yangi muammoning yechimi hadislar
va ijmoda ham topilmasa, qiyos va huquqiy istidlolga murojaat qilinardi.
Abu Hanifa shu yo‘ldan — to‘g‘ri yo‘ldan bordi. Albatga bunday yo‘l
Payg‘ambarimiz bir marta emas, balki o‘rni kelganda har doim sahobalarga
ko‘rsatib turgan, Xulofoi Roshidin va o‘sha davr faqihlari tomonidan bosib o‘tilgan
yo‘l hisoblanardi.
Abu Hanifa Qur’onning ruhi va haqiqiy mazmunini, yo‘llanmalari va
ko‘rsatmalarini chuqur anglab olgan edi. Shuning uchun ham fiqh hayot bilan
uyg‘unlashib harakat qilishi va hayot rivoji bilan taraqqiy etib borishi zarurligini
yaxshi tushunardi. U bilardiki, agar fiqh zamon bilan hamohang harakat qilmay
to‘xtab qolsa va zamon talablariga javob berolma-sa, albatta qotib qoladi. U "Az-
zarurotu tubihul-mahzurot" (zarurat noravo narsalarni ravo qiladi) "Lo-zarara va lo
zirora fil-islom" prinsiplarining tub mohiyati va mazmunini yaxshi tushunardi. Shu
sababli o‘z mazhabini erkin fikrlilikka asoslantirdi, hech qachon hatto og‘ir va
chidab bo‘lmay-digan sharoitda ham hurfikrlilik va e’tiqod mustaqilligidan voz
kechmay, uni o‘ziga bayroq qilib oldi va bu yo‘lda o‘z hayotini garovga qo‘ydi.
Kalom ilmining uslubi bilan oshno bo‘lish, Kufa shahridek madaniyat
o‘choqlaridan birida yashash unga o‘zi asos solgan mazhabning asosiy qoidalarini
ishlab chiqishda katta yordam bergan.
Tadqiqotchi olimlar Hanafiy mazhabini sunniylar huquqshunosligida qiyos va
tafakkurning cho‘qqisi deb to‘g‘ri baholaganlar. Abu Hanifa ilk bor fiqh ilmini tasnif
qilib ya’ni ilmiy nuqtai nazardan turli faslu boblarga bo‘lib, faroiz (meros) ilmini
mustaqil fan sifatida fiqq ilmi-dan ajratib bergan.
Misrlik mashhur olim Ahmad Amin o‘zining "Zuhal-is-lom" ("Islom
yog‘dusi") nomli asarida ta’kidlashicha, Abu Hanifa ibodat va huquqning turli
sohalariga doir 60 mingdan 80 mingga qadar masalalarni chuqur yoritib bergan.
Turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy Abu Hanifa haqida: "U sunniylarning
to‘rtta mazhabi rahbarlaridan birinchisi va islom shariatining buyuk bir rukni
(ustuni)dir. Uning fiqh sohasidagi keng ma’lumoti va qiyosdan foydala-nish
bo‘yicha favqulodda iqtidori va shuningdek, ruhiy pokligi va axloqiy fazilatlari
borasida ancha kitoblar yozilgandir", deb yozgan edi.
Misrlik olim Abdul-Halim al-Jundiy o‘zining "Abu Hanifa islomda erkinlik
va murosa qahramoni" nomli chiroyli kitobida ushbu davr allomasining haqiqiy
ilmiy siymosini yoritib berishga harakat qilib, katta muvaffaqiyatga erishgan. U
bunday xulosa chiqaradi:
"Abu Hanifa har yerda, har doim, o‘tmish, hozir va kelajakka, har bir sohada
– mulkchilik, ayollar va fuqarolar huquqlari bo‘yicha, shuningdek, har qanday
tasarruf qilish sohasida erkinlik va murosani e’lon qilgan. Erkinlik va murosa uning
nomi bilan abadiy oliy darajaga ko‘tarilgan. Uning ra’y va qiyos maktabi islom
huquqining onasi va zamon o‘tishi bilan uning manbai bo‘lib qoladi. U biron bir
120
rasmiy madrasa yoki o‘quv yurtida ta’lim olmagan, u faqat jome’ masjidga kirib,
hayot madrasasidan o‘rgangan".
Abu Hanifa bunday yuksak ilmiy maqomga qanday qilib erishdi, uning ilmu
ma’rifat manbalari nimalardan iborat edi, degan savolga keladigan bo‘lsak, bu haqda
turli mualliflar, jumladan Shahristoniy, islom ensiklopediyasi manoqib kitoblari
mualliflari va Imom Abu Zahra o‘z fikru mulohazalarini bildirib o‘tganlar. Ularni
xulosa qilib quyi-dagicha fikr bildirish mumkin:
Birinchidan, Abu Hanifaning tug‘ma xususiyatlari va shu xislatlar yordamida
o‘zlashtirib olgan fazilatlari uni oliy maqomdagi olim darajasiga ko‘targan edi.
Uning ruhiy fazilatlari, tafakkur yo‘nalishi va ajoyib xarakterining asosini mana shu
tabiiy iste’dod tashkil etardi.
Ikkinchidan, ilmiy sohada o‘zining faoliyatlarini belgilab olishda uning
murabbiy va ustozlari chuqur ta’sir ko‘rsatib, ilmiy takomil yo‘llarini bosib o‘tishi
uchun zamin yaratib bergan edi. Ma’lumki, Abu Hanifa o‘sha davrda mavjud
bo‘lgan turli-tuman aqidaviy oqimlar, xuquqiy, falsafiy yo‘nalishlar vakillari bilan
har doim uchrashib, ulardan o‘rganib, ular bilan tajriba almashib turardi.
Uchinchidan, uning shaxsiy hayoti va turmush tajribalari, yuz bergan
hodisalar, turli guruhlar va firqalar bilan o‘rnatgan aloqalari, siyosiy oqimlar bilan
bo‘lgan munosabatlari, bozor, savdo va xalqning amaliy hayotidan chiqarib olgan
xulosalari uning dunyoqarashining shakllanishi uchun muhim omil bo‘lib ta’sir
ko‘rsatgan. U yaratgan huquqiy maktabning barcha sohalarida ushbu omillar
ta’sirini yaqqol ko‘rish mumkin. Shu sababli u ishlab chiqqan usul va qoidalar har
doim hayot talablariga javob berish imkoniga ega bo‘lib, hanafiy mazhabining keng
ko‘lamda tarqalishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.
To‘rtinchidan, u yashagan davr – erkin tafakkur muhiti, olim iste’dodining
o‘sishi, aqliyatining keng sohada namoyon bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratib
berdi.
Mazkur omillar Abu Hanifaga o‘z zamondosh olimlari orasida ilmu fan
cho‘qqisiga ko‘tarilib, uzoqni ko‘ra bilish, haqiqat va voqelikka qarab intilish va har
bir hodisaga ik-kilanmasdan javob topish malakasiga ega bo‘lish imkoniyati-ni
yaratib berdi.
Abu Hanifa shunday kuchli istidlol qilish malakasiga ega ediki, hatto ashaddiy
dushmanlarini ham qoyil qoldirardi. Masalan, bir kuni Xorijiylardan bir guruhi
kelib, Abu Hanifadan so‘radilar:
|