2. Trubalarni tayyorlash va ularni yig’ishga taxt qilish
Past (10 Mpa gacha) bosimli quvuryo’llar ( trubalardan yasalgan o’tkazgichlar). Metall trubalari. Omborda tanlab olingan barcha po’lat trubalar ularga ishlov berish va yi-ishga berishdan oldin ko’zga ko’rinadigan nuqsonlardan (oyiq joylar, darz, yoriq, pitirlar), shuningdek oval shaklda emasligini (ovallik truba diametrining 10% dan oshmasligi lozim) va ezilgan joylarning yo’qligi (ezilgan joyining chuqurligi 0,5 mm dan oshmasligi kerak) aniqlash maqsadida ular sinchiklab tashqi ko’rikdan o’tkaziladi, Bu nuqsonlar trubalarning mustahkamligini pasaytiradi va xizmat muddatini qisqartiradi. Shuning uchun bunday nuqsonli trubalar o’rnatish uchun yaroqsiz deb hisoblanadi.
Yaroqli deb topilgan trubalar to’g’ri chiziqlikka tekshiriladi, so’ngra esa kir va zangdan tashqi va ichki tomondan tozalanadi.
Keyingi yillarda trubalarda zanglashga qarshi kimyoviy ishlov berish usuli keng ko’lamda qo’llanilmoqda. Bu usulda mehnat unumdorligi ancha oshadi, trubalarni keyinchalik sifatli boyash mumkin bo’ladi. Pirovardida, ularning puxtaligi va xizmat muddati ancha oshadi. Suvgaz o’tkazish trubalarining bir bog’lami ortofosforli yoki susaytirilgan xlorid kislota bilan to’latilgan maxsus vannaga botiriladi. Po’lat trubalar bog’lami kislotali vannada biroz vaqt tutib turilgandan keyin suvli vannada yuviladi, so’ngra kislotaning ta’sirini neytrallash uchun natriy uch fosfat va kaustik soda eritmasi solingan vannaga tushiriladi.
Omborlardan o’ramlar (kalavalar)da keltiriladigan mis trubalar avval ko’zdan kechiriladi va siqilgan havo bilan dam berib ichi tozalanadi. So’ng o’ramlar suvli vannaga botiriladi va trubalarning zichligi 5 min davomida 0,2 Mpa bosimli havo berib tekshiriladi. Havo puflash va bosim ostida sinash trubalarning tozaligini va zichligini ko’rsatsa, ya’ni havo trubadan oson, to’liq o’tsa, sizishlar va boshqa nuqsonlar yo’q bo’lsa, truba o’rnatish uchun yaroqli bo’ladi. Mis trubalar zavoddan odatda kuydirib yumshatilgan holda jo’natiladi. Bunday hollarda o’ramdagi trubalarni to’g’rilash qiyin bo’lmaydi. Agar trubalar yumshatilmasdan keltirilgan bo’lsa, ular to’g’rilash oldidan kuydiriladi: (kalava) dagi trubalar och-qizil rangda shu’lalangunga qadar qizdiriladi va suvli vannada tez sovitiladi. Mis trubalarmaxsus chig’ir bilan tortib to’g’rilanadi.
78-rasm, Elektr jilvirlash mashinasi: 1-jilvirlash doirasi, 2-himoyalash g’ilofi
Metall trubalarga ishlov berish, rejalash, kesish, egish, trubalarni birlashtirish uchun ularning uchlarini tayyorlash, rezba qirqish (faqat suvgaz o’tkazuvchi po’lat trubalar uchun) kabi ishlarni bajarishdan iborat. Trubalar o’lchash asboblari bilan rejalanadi, mexanizasiyalashtirilgan asboblar bilan trubaqirqish stanoklarida kesiladi. Trubalni qirqish uchun mexanizasiyalashtirilgan asbob sifatida E-2102 va E-2103 elektrsilliqlash mashinalari (78-rasm) ishlatiladi. Bular diametri 180 mm yoki 230 mm li silliqlash doirasi 1 bilan jihozlanadi. Doiraning yarim qismi himoyalovchi g’ilof 2 bilan berkitilgan. Mashinalar elektr yuritgichining quvvati mos holda 1,6; 2 kVt bo’lib, kuchlanishi 36 V va chastotasi 200 Gs li elektr tok bilan ta’minlanadi,
Trubaning qirqilish tekisligi uning o’qiga perpendikulyar bo’lishi (ko’pi bilan 0,5 mm og’ishiga yo’l qoyiladi) lozim. Kesilgan yuzaning ichki va tashqi tomonlarida pitirlar ketkazilishi lozim. Kesib tayyorlangan truba bo’laklarining chiziqli o’lchamlari chizmalarda berilgan o’lchamlardan ko’pi bilan 2 mm farq qilishi mumkin.
Trubalar sovuqlayin (qumga to’latmasdan) STG-1 m (trubalarning shartli o’tish diametri 14 dan 38 mm gacha) yoki TGS-2 (25-50 mm) truba egish stanoklarida, agar bular bo’lmasa, elektr yoki dastaki yuritmalari gidravlik trubaegichlarda egiladi.
Dastaki yuritmali gidravlik trubaegich (79-rasm, a) shartli o’tish diametri 15 dan 50 mm gacha bo’lgan gazsuvo’tkazish trubalarini egishga mo’ljallangan bo’lib, porshenli moy nasosi 3 tirak roliklari 1 bo’lgan traversa 2 va almashtiriladigan uchta (egiladigan turli diametrdagi trubalar uchun) sektor 4 dan iborat. Egiladigan truba diametriga mos sektor tanlanadi va unga truba joylanadi.
79-rasm. Dastaki gidravlik trubaeggich (a) va dastaki trubaeggich (b, v): 1-tirak rolik, 2- traversa, 3- nasos, 4- qismlar
So’ngra traversaga trubaning egilish burchagiga qarab tirak roliklar o’rnatiladi va silindrda nasos yordamida bosim hosil qilinadi. Shunda uchiga sektor o’rnatilgan shtok silindrdan chiqib trubani egadi. Shtokni boshlang’ich holatiga qaytarish uchun jo’mrak ochiladi, tirak roliklar olinadi va egilgan truba chiqarib olinadi. Gidravlik trubaggich yiliga ikki marta kerosin bilan yuviladi va nasosdagi moy almashtiriladi. Gidravlik dastaki trubaeggich va elekt yuritmali trubaeggichning ishlash prinsipi bir-biriga o’xshaydi, lekin elektr yuritmalida nasosdagi moy bosimi elektr yuritma yordamida hosil qilinadi. Mis trubalar dastaki trubaeggichlar (79-rasm, b, v) bilan egiladi.
Trubalarni egishdaquyidagi talablarga rioya qilinadi: trubaning egilgan joyi tekis bo’lishi lozim (burmalarga yo’l qoyilmaydi); truba ko’ndalang kesimining ovalligi 10% dan oshmasligi kerak. Ovallik tashqi eng katta va eng kichik diametrlar farqining egilishdan oldingi diametriga nisbati kabi aniqlanadi; suvgaz o’tkazish trubalarining choki o’zining mustahkamligini saqlashi va deformasiyalanmasligi kerak. Bu talablarga muvofiq trubalarni shartli o’tish diametriga qarrab quyidagi radiusda egish tavsiya etiladi:
Shartli o’tish diametri, mm 8 15 20 25 32 40 50
Trubalarni egish radiusi, mm 40 60 80 100 125 150 200
Amalda soviqlayin egishda egilish joyining ichki minimal radiusi quyidagicha: po’lat trubalar uchun-kamida to’rt tashqi diametr; mis trubalar uchun-kamida ikki tashqi diametr alyuminiy va uning qotishmalaridan tayyorlangan kuydirilgan trubalar uchun –kamida uch tashqi diametr bo’ladi.
Suv-gaz o’tkazish trubalaridan rezbalar trubaga rezba kertish stanoklarida rezba kesuvchi tangensial plashkalar yordamida kesiladi. Trubalarda va biriktirish qismlarida kesilgan silindrik rezba (GOST 6357-81) to’liq profilli, uzilmagan, toza, metalldek yaraqlagan va pitirlarsiz bo’lishi lozim. Pitirlar trubaning qirrasida va o’ramlarning o’zida paydo bo’ladi. Trubalarning o’zaro zich birikishi, shuningdek ularni asboblarga va apparatlarga zich ulash uchun yuqorida keltirilgan talablarni bajarish zarur. Uzilgan yoki to’liq qirqilmagan rezba biriktiriladigan ish qismining 10 % ni tashkil etsa, bunday rezba yaroqsiz deb hisoblanadi.
Rezba birikmaning puxtaligi rezbaning tozaligiga ko’p jihatdan bog’liq, chunki rezba o’ramlarining orasida qolgan qum yoki loy birikmaning etarli darajada zich bo’lishiga yo’l qoymaydi. Shuning uchun trubada rezba qirqishdan oldin uning uchi kir va zangdan yaxshilab tozalanadi, rezba qirqilgandan keyin esa qirindi va kir qoldiqlaridan tozalanadi.
Plastmassa trubalar ham ustoxonalarda oldindan tayyorlanadi; alohida plastmassa trubalar bog’lamga to’planadi, bog’lamning egiluvchan bo’lishi uchun trubalar o’ramlar qadamini 600-800 mm qilib o’raladi. O’ramlar bog’lami 600-700 mm oraliqda kanop yoki gazlama tasmalar bilan bog’lab chiqiladi. O’rnatish joyiga tashish uchun o’ramlar bog’lami diametri 0.5-1 m doira shaklida o’rab qoyiladi.
Tayyorlash va o’rnatish jarayonida plastmassa trubalar neft, neft mahsulotlari, o’simlik moylari va yog’lardan ehtiyot qilinadi. Trubalarning kesik, chuqur tirnalgan va boshqa shikastlangan qismlari qirqib tashlanadi.
Plastmassa trubalarni tayyorlash va o’tkazish jarayonida ularni egishga to’g’ri keladi. Ularni sovuqlayin yoki issiq holda talab etilgan radiusda egiladi. Soviqlayin egishda pastzichlikdagi polietilen trubaning egilish radiusi kamida sakkiz tashqi diametr, zich trubalarning egilish radiusi esa kamida to’qqiz tashqi diametrga teng bo’lishi lozim.
Issiqlayin egish uchun plastmassa trubalar qaynab to’rgan suvda yoki issiq havo oqimida qizdiriladi. Birinchi usulda qaynab to’rgan suvli idishga botirilib, uning devorlari 100oS gacha qizigunga qadar bir necha minut saqlab turiladi. Egilish radiusi kamida trubaning uch diametriga teng bo’lishi kerak.
Yuqori (10 Mpa dan ortiq) bosimli quvuryo’llar loyihada ko’rsatilgan, ishlatiladigan muhit hamda atrof muhitning parametrlariga va xossalariga qarab tanlangan trubalardan yig’ib tayyorlanadi. Bunday quvuryo’llar uchun legirlangan po’latlardan (GOST 9941-81), shuningdek 10 va 20 markali uglerodli po’latlardan (GOST 8734-75) tayyorlangan choksiz trubalar ishlatiladi.
Yuqori bosimli quvuryo’llarning trubalarini yig’ish ishlarini bajarishdan oldin material olish, trubalarga ishlov berish va quvuryo’llarni o’rnatish bilan bog’liq bo’lgan davrga muvofiq montaj boshqarmasi buyruq asosida muhandis-texnik xodilardan mas’ul odam tayinlanadi. Bu mas’ul xodim ishlov beriladigan trubalarning sifatini, yuqori bosim quvuryo’llarining to’g’ri o’tkazilishini, shuningdek, shuningdek o’rnatish jarayonida tuziladigan hujjatlarning rasmiylashtirilishinidoimiy nazorat qilib boradi. Bu xodim o’rnatish uchastkasining va montaj tashkiloti omborining vakillari bilan birgalikda quvuryo’llarning barcha elementlarini, shu jumladan montaj tashkilotining omboriga keltiriladigan buyumlarni va payvandlash materiallarini tekshirishi lozim. Tekshirishda materiallar (trubalar, elektrodlar, flyuslar va h.k) ga tayyorlovchi-zavod bergan sertifikatlarga, buyumlarning pasportlariga; buyurtmachining omborida trubalarni qabul qilib olish royxatlariga, shuningdek kislorod bilan to’latishga mo’ljallangan quvuryo’llar elementlarining yog’dan tozalanganligi to’g’risidagi dalolatnomalarga amal qilinadi.
Ko’zga ko’rinadigan nuqsonlarni aniqlash, shuningdek tayyorlovchi-zavod va buyurtmachi muhr (kleymo) larining borligini tekshirish uchun barcha trubalar va buyumlar (shakldor detallar, flaneslar, shpilkalar, gaykalar va linzalar) tashqi tomondan ko’zdan kechiriladi. Armaturani ko’zdan kechirish qoidalari 20- paragrafda ko’rib o’tiladi.
Trubalar, buyumlar va payvandlash materiallarini tekshirish natijalari dalolatnoma yozib rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma tekshiruvdan o’tkazilgan trubalar, buyumlar va payvandlash materiallarining loyiha spesifikasiyalariga mos kelishi, zarur texnik hujjatlarning mavjudligi hamda bu buyum va materiallarni o’rnatish mumkinligi ko’rsatiladi.
Yuqori bosim quvuryo’llarining trubalariga montaj tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan texnologik kartalarga muvofiq ishlov beriladi. Kesilgandan keyin termik ishlov berilmaydiganlegirlangan po’latlardan tayyorlangan trubalar faqat mexanikaviy usulda kesiladi. Bunda trubaning qizish temperaturasi 200oS dan oshmasligi lozim. Uglerodli po’latdan tayyorlangan trubalar elektrsilliqlash mashinasi yoki temirarra bilan kesiladi.
Trubaning kesilgan har bir bo’lagi kesilgan joyda tashqi va ichki diametrlarning va devor qalinligining davlat standartlarida yoki texnikaviy shartlarda belgilanganlariga mos kelishiga, shuningdek metall qatlamining ko’chmaganligi, darz va ezilgan joylarning yo’qligi tekshiriladi. Ko’rsatilgan talablarga mos kelmaydigan truba bo’laklari o’rnatishga yaroqsiz deb hisoblanadi.
Payvandlash uchun mo’ljallangan trubalarning qirralari mexanikaviy ishlov berib tayyorlanadi. Mexanikaviy ishlov berishda (rezba qirqishda, yon yuzalariga ishlov berishda, qirralarni payvandlashga tayyorlashda) metallning ustki qatlamlarini yo’nishda ichki nuqsonlarni aniqlash maqsadida qirindilarga va yangitdan hosil bo’lgan yuzalarga qarab metallning sifati kuzatib boriladi.
Trubalarda rezba GOST 6357-81 boyicha kertiladi, keyin rezbaning sirti tashqi ko’rikdan o’tkaziladi, rezbaning uzunligi, qochimi, tashqi diametri o’lchash asboblari bilan tekshiriladi. Rezbaning o’rta diametri esa kalibrlar bilan o’lchanadi.
Trubalarning payvandlanadigan yon yuzalariga to’g’ri ishlov berilganligi burchaklik bilan tekshiriladi. Trubaning yon yuzasi bilan burchaklik (go’niya)ning yondoshgan tomoni orasidagi tirqish 0,5 mm dan katta bo’lmasligi kerak. Trubaning uchining to’g’ri yo’nilganligi maxsus shablon bilan tekshiriladi. Andaza yordamida truba uchining qiyalik burchagi va yo’nilgan joy shakli nazorat qilinadi. Trubaning yo’nilgan uchining qiyalik burchagi chizmada yoki texnologik kartada ko’rsatilgan qiymatlardan katta bo’lmasligi kerak.
Trubalarning flaneslar bilan birlashtirish uchun ishlov berilgan uchlari flaneslar bilan komplektlanadi. Shunda har qaysi flanesning yon yuzasiga trubalarning va truba uchlari nomeri yoziladi, shuningdek montaj tashkilotining tamg’asi bosiladi.
Yuqori bosim quvuryo’llari uchun faqat zavodda tayyorlangan trubalar, otvodlar, burchakliklar va troyniklar qo’llaniladi.
Yuqori bosim quvuryo’llari uchun tayyorlangan har bir truba komplektlovchi detallar bilan birga o’rnatish uchun berishdan oldin GOST 356-80 ga muvofiq gidravlik sinovdan o’tkazib tekshiriladi. Bunda trubalar bosim ostida 5 minut davomida saqlab turiladi. Tayyorlangan trubalar va detallar 10 Mpa dan yuqori bosimga tayyorlash-o’rnatish ustaxonalarida maxsus jihozlangan, odam to’planishi va o’tib qolishi mumkin bo’lgan joylar va yo’laklardan uzoqdagi ish joylarida gidravlik sinovdan o’tkaziladi.
Gidravlik sinashda suv yoki industrial moydan foydalaniladi. Kislorod bilan to’latiladigan quvuryo’llar uchun ishlatiladigan trubalar va detallarni faqat suv bilan sinashga ruxsat etiladi. Sinovlarni o’tkazishda sinalayotgan trubalar va detallardagi bosim manometr boyicha kuzatib turiladi.
Agar 5 minut davomida bosim pasaymasdan tursa, bosim ish bosimigacha tushiriladi, trubalar va detallar ko’zdan kechirilib, sodir bo’lishi mumkin nuqsonlar (shishgan, terlagan va h.k joylar) aniqlanadi.
|