157
Essensial yog‘ kislotalar (vitamin F)
Bu vitamin organizmda sintezlanmaydigan to‘yinmagan, ammo
hayot uchun zarar bo‘lgan yog‘ kislotalar yig‘indisi hisoblanadi. U teri
epiteliysi o‘sishi va regeneratsiyasi, prostaglandinlar sintezi uchun kerak.
To‘yinmagan yog‘ kislotalarni so‘rilishi ingichka ichakda kechadi,
qonda xilomikronlar tarkibida tashiladi. To‘qimalarda biologik
membranalar tarkibiga kiruvchi asosiy yog‘lar va bioregulyatorlar
sintezida ishlatiladi. Vitamin Fning biokimyoviy funksiyalari
prostaglandinlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, to‘qimalarda u vitamin
A zaxirasini ta’minlaydi va uni modda almashinuvidagi ishtirokini
osonlashtiradi. To‘yinmagan yog‘ kislotalarni biologik funksiyalarini
saqlashda tokoferol muhim rol o‘ynaydi (lipoperoksidatsiyalanishidan
saqlaydi). Vitamin F qonda holesterin miqdorini pasaytiradi.
Vitaminga o‘simlik moylari boydir, bir kunlik ehtiyoji 5-10 g tashkil
qiladi.
Bioflavonoidlar (vitamin P)
Vitamin P (rutin, sitrin, o‘tkazuvchan vitamin) 1936-yilda A. Sent
Derdi tomonidan limon po‘stidan ajratib olish yo‘li bilan aniqlangan.
Avitaminoz P belgilari: qon-tomirlarning o‘tkazuvchanligi ortadi,
natijada, qon quyilishi, qon ketishlar kuzatiladi; umumiy holsizlik, tez
charchash va oyoq-qo‘llarda og‘riq kuzatiladi.
Organizmda bioflavonoidlar fenol kislotalarigacha oksidlanadi.
Asosan erkin yoki fenol kislotalar konyugatlari sifatida siydik bilan
ajraladi. Bioflavonoidlar kapillyarlar mustahkamligini ta’minlaydi. Ular
askorbin kislotalar bilan birgalikda biriktiruvchi to‘qimalarda kollagen
sintezini, gialuronidaza fermentini ingibirlash orqali biriktiruvchi
to‘qima asosiy moddasini stabillaydi, to‘qima nafas olishida ishtirok
etadi.
Vitaminlar asosan sabzavot va mevalar tarkibidida mavjud. Bir
kunlik ehtiyoj me’yori 25-50 mg.