O‘zi davlat narxlarga qay darajada aralashmoqda va kelajakda nima
qilmoqchi? Davlat bundan buyon bozorga faqat taklifni ko‘paytirish va asossiz narx
oshirayotganlarga qarshi kurashish orqali ta’sir o‘tkazmoqchi va narx belgilab
bermoqchi emas.
Narx belgilash qanchalik to‘g‘ri?
Davlat narxni nazorat qilishi har doim yomon hisoblanadi.
Biz
buni
o‘z tariximizda, energoresurslardan tortib oziq-ovqat
mahsulotlarigacha ko‘rganmiz. Non masalasi elektr energiyasi masalasi bilan bir xil.
Shu sababli narx nazorati olib tashlanishini 100 foiz to‘g‘ri deb hisoblayman. Agar
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini himoya qilmoqchi bo‘lsak, ularga
to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam berish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki
ijtimoiy himoya orqali aholining 10–15 foizi qamrab olinishi kerak. Shu sababli
hozirgi o‘zgarishni yomon deb bo‘lmaydi. Narxni erkinlashtirishdan qo‘rqmaslik
kerak. Shuningdek, ijtimoiy ximoyani ham unutmaslik lozim. Chunki, haqiqatan
ham, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bor va ularni himoya qilish kerakAslida
O‘zbekistonda don, un va qolipli non narxlarini erkinlashtirish jarayoni 2017 yildan
boshlangan. Bunga qadar aholining un mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini
qondirish uchun davlat tomonidan fermerlardan g‘allani past narxlarda sotib olish
mexanizmi amal qilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining har oylik bayoni asosida
qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga yopiq birja savdolari orqali mahalliy
bug‘doy uni sotilgan.
Oqibatda fermerlar va don korxonalarining iqtisodiy zarar ko‘rishi ularning
moddiy-texnik bazalarini yaxshilay olmasliklari, hosildorlikni oshirishga bo‘lgan
rag‘batning tushib ketishiga olib kelgan. Qolaversa, «plan» to‘ldirish masalasi davlat
siyosati darajasida hal etilgan, aks holda, turli tahdidlar yangrashi kuzatilgan.
Bularning barchasi mahsulot yetishtiruvchilarning og‘ir ahvolda ishlashiga va
oqibatda taklifni ko‘paytirishga rag‘bat qolmasligiga sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, arzon mahsulot bilan ta’minlash uchun narxni o‘rnatuvchi
tizimlar yaratish ayni vaqtda yangi korrupiya o‘chog‘ini yaratish ham hisoblanadi.
Masalan, davlat ehtiyojlari uchun sotib olingan g‘alla narxi 2017 yilda 550, 2018
yilda 750, 2019 yilda esa 1420 so‘m etib belgilangan. Maqsad — don erkinligini
ta’minlash, bozorda un va non mahsulotlari narxini barqaror ushlab turish, import
tovarga tobelikni kamaytirib, mahalliy ishlab chiqarishni maksimal oshirish. Ammo
arzon un har doim ham non ishlab chiqaruvchilarga yetib bormagan yoki arzon
unning barchasi ham non mahsulotiga aylanmagan.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, birgina «Ohangaron don» aksiyadorlik
jamiyati boshqaruvi mansabdor shaxslari tomonidan 2011–2018 yillar davomida
aholi ehtiyojlari uchun qolipli non ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan jami 18,6
milliard so‘mlik un va don mahsulotlari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
2019 yil 15 oktyabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi qarori bilan davlat
resurslariga qabul qilingan bug‘doydan olingan un ochiq birja savdolarida barcha
iste’molchilarga hech qanday cheklovlarsiz sotiladigan bo‘ldi. Boshqacha aytganda,
bug‘doy narxi qo‘yib yuborildi, endilikda davlat belgilagan qat’iy narx amal
qilmaydi.
Bu sohada erkin bozorni shakllantirish uchun 2017–2019 yillarda
bug‘doyning davlat xarid narxi 2,6 martaga oshirildi. 2019 yilga kelib bunday narx
hatto bozor narxlaridan oshdi. Ya’ni hukumat bug‘doyni tonnasiga o‘rtacha 1
million 420 ming so‘mdan xarid qilgan bo‘lsa, 2019 yil iyun–avgust oylarida
respublika bozorlarida narx 1,3–1,4 million so‘m atrofida bo‘lgan.
2019 yilning 15 oktyabridan esa davlat sotib olgan bug‘doyni qayta ishlashdan
olingan un ochiq birja savdolarida barcha iste’molchilarga hech qanday
cheklovlarsiz sotila boshlandi. Yangi tartib o‘rnatilgandan keyin dastlabki 6 oyda
(2019 yil 15 oktyabrdan 2020 yil 15 aprelgacha) birja savdolarida 846 ming tonna
bug‘doy sotilgan bo‘lib, bu mamlakatda yillik un ishlab chiqarish hajmining (1,6
million tonna) 53 foizi degani.
Yuqoridagi o‘zgarishlarga qaramay, bu davrda birja savdolarida un narxining
keskin oshib ketishi kuzatilmadi: 1 tonna unning boshlang‘ich narxi o‘rtacha 2
million 185 ming so‘m atrofida bo‘lgan holatda o‘rtacha 2 million 415 ming
so‘mdan sotilgan. Masalaning yana bir tomoni, don narxlari erkinlashtirilishi fermer
xo‘jaliklarining hosildorlikni va yalpi hosilni oshirishga bo‘lgan intilishlarini
kuchaytirdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2019 yillarda o‘rtacha
hosildorlik gektariga 57,8 sentnerdan 64,3 sentnergacha ko‘tarilgan. Shuningdek, un
mahsulotining erkin sotilishi ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasidagi raqobatni
kuchaytirdi. Korxonalar bozorni «berib» qo‘ymaslik uchun un sifatini yaxshilash va
tannarxini pasaytirish ustida ishlashni boshladi. Mijozlarga mahsulotni yetkazib
berish, qadoqlash va boshqa xizmatlarga talab kuchaydi.
Hukumat un narxining erkinlashtirilishi aholining kambag‘al qatlamiga salbiy
ta’sir qilishini yumshatish bo‘yicha ham bir nechta choralar ko‘rdi. Xususan, un va
qolipli non narxi erkinlashishi fonida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga kiruvchi
10 ta toifadagi 3 milliondan ortiq aholiga kompensatsiya joriy etildi.
Lekin boshqa sohalar kabi koronavirus pandemiyasi bu sohadagi rejalarni
ham o‘zgartirishga majbur qildi. Mazkur kutilmagan holat oqibatida 2020 yil 16
apreldan un mahsulotini birjada sotish to‘xtatilib, 1-navli 1 kilogramm unning
chakana narxi qat’iy 2800 so‘m va 600 grammli qolipli nonning chakana narxi 1600
so‘m miqdorida belgilab qo‘yildi.
Narxlarni saqlab qolish maqsadida davlat 2020 yil hosilidan bug‘doyning 1
tonnasini 1 million 550 ming so‘mdan (bozor narxidan 350–400 ming so‘m past)
xarid qildi. Bu qaror esa o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari, don korxonalari va qolipli
non ishlab chiqaruvchi korxonalar moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bu muammoni bartaraf etish uchun esa un ishlab chiqaruvchi korxonalarga
davlat budjetidan bir yilda 100 milliard so‘mga yaqin kompensatsiya to‘lab berildi.
Shuningdek, ushbu amaliyot bo‘yicha qayd etilgan narxlar 2021 yil hosili uchun
ham saqlab qolindi. Bu safar ham fermerlarning zarar ko‘rishi inobatga olinib, ularga
800 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Yana budjet pulidan kompensatsiya berilishidan
maqsad — ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ayni pandemiya davrida nonga bo‘lgan
talabini to‘liq qondira olishi kerak edi.
Pandemiya boshida narxlarning belgilab qo‘yilishi narx-navoning ma’lum
darajada barqarorligini ta’minlagan bo‘lsa ham, keyinchalik bozorda un narxi osha
boshladi. Unning narxi qat’iy belgilangan bo‘lishiga qaramay, amalda arzon unning
katta qismi bozor narxlarida sotilishi kuzatildi. Ya’ni budjetdan moliyalashtirilgan
arzon un aslida nonga aylanmay, bozorda boshqa import tovarlar qatori yuqori
narxda sotildi. Negaki bozor talab va taklifi avtomatik ravishda narxni oshirishga
imkon berardi.
2021 yil 25 noyabr holatiga 1-navli 1 kilogramm mahalliy unning chakana
narxi belgilangan chakana narx 2 800 so‘m bo‘lishiga qaramay, hududlarda 4050
so‘mdan 5400 so‘mgachani tashkil qildi. Shuningdek, hududlarda (Toshkent
shahridan tashqari) vazni 600 grammlik qolipli non 1700 so‘mdan 2600
so‘mgacha sotila boshladi. Ya’ni narx o‘rnatish siyosatidan voz kechilayotgani
mantiqan to‘g‘ri qaror. Yana bir jihat shundaki, korxonalarga arzon non yetkazib
berishi uchun imtiyozli narxlarda un berishdan ko‘ra aholining yordamga muhtoj
qatlamini to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy qo‘llab-quvvatlash ham tranzaksion xarajatlar
tomonidan arzonga tushadi, ham korrupsion holatlar yuzaga kelishining oldini oladi.
Narxlar nega oshdi, degan savolga keladigan bo‘lsak, bunga ikkita sabab
bo‘lishi mumkin: birinchi sabab aniq, butun dunyoda Ukraina va Rossiya urushi
hamda boshqa ba’zi omillar sabab oziq-ovqat narxlari ko‘tarildi. Ikkinchi sabab esa
bozorlarda katta miqdorda mahsulot sotib olib, ularni ataylab narx ko‘tarilgandan
keyin qimmatroqqa, maydalab sotishni istayotganlar mavjud bo‘lishi mumkin.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bozordagi narx-navoni asossiz
oshirish, raqobatni buzish, bozorga kirishga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha
vakolatlari kuchaytirilayotgani ham mazkur xavotirlarni tasdiqlaydi.
|