|
Elektron tijoratda shartnoma tuzish tartibi
|
bet | 92/151 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 2,86 Mb. | | #248346 |
Bog'liq boburElektron tijoratda shartnoma tuzish tartibi
Shartnoma oferta va aktseptdan iborat bo'ladi. Shartnoma, agar shartnomada o'zgacha hol nazarda tutilmagan bo'lsa, oferta yuborgan taraf tomonidan boshqa taraf yuborgan aktsept olingan paytdan boshlab tuzilgan deb e'tirof etiladi.
Oferta o'zida elektron hujjatni ifodalaydi, uning vositasida elektron tijorat ishtirokchisi bitta shaxsga, bir nechta aniq shaxslarga va shaxslarning nomuayyan doirasiga shartnoma tuzishni taklif etadi va ularning shartnoma shartlari mavjud bo'lgan, shu jumladan ushbu Qoidalarga muvofiq majburiy shartnoma shartlari mavjud bo'lgan matndan foydalanilishini ta'minlaydi.
Elektron tijorat ishtirokchisidan chiquvchi ofertada shartnomaga kiritilishi kerak bo'lgan barcha shartlar yoxud bunday shartlar mavjud bo'lgan elektron hujjatlar yoki elektron xabarlarga xavolalar bo'lishi kerak.
Oferta unda ko'rsatilgan muddat mobaynida haqiqiydir. Elektron tijorat ishtirokchisi tomonidan olingan oferta, agar ofertaning o'zida
o'zgacha hol qayd etilmagan yoxud taklifning mohiyatidan yoki taklif bildirilgan vaziyatdan kelib chiqmasa, uning aktsepti uchun belgilangan muddat mobaynida chaqirib olinishi mumkin emas.
Ofertani chaqirib olish uni oluvchiga chaqirib olish sabablari ko'rsatilishi kerak bo'lgan elektron hujjat yoki elektron xabar shaklida chaqirib olish to'g'risida bildirishnoma yuborish orqali amalga oshiriladi.
Shartnoma:
uning elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi elektron hujjat tarzida;
matnida elektron tijorat ishtirokchisining roziligi bildirilgan matn bo'lgan elektron xabar tarzida;
ofertada ko'rsatilgan shartlarni bajarish bo'yicha harakatlarni sodir etish orqali aktseptni amalga oshirish yo'li bilan tuzilishi mumkin.
Aktsept o'zida elektron hujjatni yoki elektron xabarni, shuningdek ofertadagi mavjud shartlarni bajarish bo'yicha harakatlarni ifodalaydi, uning orqali shaxs ofertada taklif etilgan shartlarda shartnoma tuzishga to'liq va so'zsiz rozilikni ifodalaydi.
Aktseptda oferent tomonidan taklif etilgan shartnomaning barcha shartlari o'zgartirilmasligi kerak. Oferentga shartnomaning o'zgartirilgan shartlari bilan javob yuborilgan taqdirda, bunday javob aktsept hisoblanmaydi va yangi oferta hisoblanadi.
Oferta yoki aktsept, agar taraflarning ahdlashuvida o'zgacha hol nazarda tutilmagan bo'lsa, axborot tizimi tomonidan avtomatik aniqlanadigan oluvchi tomonidan uning olinganligi to'g'risida bildirishnoma jo'natilgan paytdan boshlab olingan deb hisoblanadi.
Oferta olinganligi to'g'risidagi bildirishnoma ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda aktsept olinmasdan shartnomani ijro etish uchun asos hisoblanmaydi. Oferta va aktsept jo'natuvchi tomonidan ularning mazmuni o'zgartirilmasdan, ular yuborilgan tarzda, oluvchi tomonidan esa — agar taraflarning ahdlashuvida o'zgacha hol nazarda tutilmagan bo'lsa, shartnomaning amal qilishi to'xtatilgan paytgacha ular olinganda qanday bo'lsa, shu tarzda saqlanishi kerak.
Oferta va aktseptni tayyorlash, rasmiylashtirish, amalga oshirish bilan bog'liq umumiy talablar va ayrim masalalar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Axborot tizimlaridan foydalanilgan holda tuzilgan shartnoma yozma shaklda tuzilgan va taraflar tomonidan imzolangan, shu jumladan taraflarning muhrlari bilan tasdiqlangan shartnomaga tenglashtiriladi.
Shartnomada quyidagi majburiy shartlar bo'lishi kerak:
shartnoma predmeti;
taraflarning asosiy huquqlari va majburiyatlari;
mahsulotlarning (ishlar, xizmatlarning) narxi va tavsifi hamda taraflar o'rtasida hisob-kitob qilish tartibi;
kafolat muddati, agar bu aniq bir mahsulot uchun belgilangan bo'lsa;
yetkazib berish joyi va shartlari (yetkazib berish xizmatlari mavjud bo'lganda);
taraflarning javobgarligi;
majburiyatlarni bajarish tartibi va muddatlari;
shartnomaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish imkoniyati va tartibi;
bitimni rad etish shartlari;
mahsulot va pul mablag'larini qaytarish shartlari va tartibi;
shartnoma tuzilgan til to'g'risidagi ma'lumot;
elektron hujjatga va elektron xabarga havola qilish vositasida shartnomaga kiritiladigan shartlar va tegishli havoladan foydalanish tartibi (ular mavjud bo'lganda);
shartnomaning amal qilishini to'xtatish shartlari;
nizolarni hal etish tartibi;
taraflarning joylashgan joyi (pochta manzili), elektron manzili va bank rekvizitlari;
taraflar tomonidan kelishilgan boshqa shartlar.
Shartnoma unga hamma foydalanishi mumkin bo'lgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yo'li bilan kiritiladigan alohida shartlarni o'z ichiga olishi mumkin. Bu holda elektron hujjatni joylashtirgan elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan muddat mobaynida undan erkin foydalanish imkoniyatini ta'minlashi, bu muddat o'tganidan keyin esa mazkur elektron hujjatning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda saqlanishini ta'minlashi shart.
Shartnomaga kiritiladigan o'zgartirishlar shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan elektron hujjat va (yoki) elektron xabar sifatida rasmiylashtiriladi.
|
| |