O‘QUV-METODIK
QO‘LLANMA
6
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimida oxirgi yillarda o‘qituvchilarning
jamiyatdagi mavqeyini oshirish, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, davlat rahbari
tomonidan tavsiya etilgan 5 ta tashabbus doirasida o‘quvchilarni darsdan tashqari
to‘garaklarga jalb etish va maktablarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qator amaliy ishlar
amalga oshirildi.
Bugungi ta’lim tizimi eski mazmundagi o‘quv dasturlaridan voz kechib, innovatsion
raqamli iqtisodiyot va axborotli jamiyat uchun kadrlar tayyorlash imkonini beruvchi
o‘qitish tizimiga o‘tmoqda. Shunga mos ravishda, ta’lim berishga yondashuvlar ham
o‘zgarib, internet va axborot texnologiyalari imkoniyatlarini ta’lim jarayoniga keng
integratsiya qilish ishlari boshlab yuborildi. O‘qituvchilar oddiy bilim beruvchidan ta’lim
jarayoni va sifatini ta’minlovchi asosiy tashkilotchiga aylanmoqdalar.
Ayrim o‘qituvchilar uchun bunday o‘zgarishlar oson kechmaydi, albatta. Bunday
davrda raqobatbardoshlik, hamkorlik munosabatlarini o‘rnata olish qobiliyatlari
muhim rol o‘ynaydi. O‘quv dasturlari mazmuni tanqidiy fikrlash, kommunikativlik, ijodiy
yaratuvchanlik va hamkorlik ko‘nikmalarini, ya’ni tom ma’nodagi kompetensiyalarni
rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.
Mazkur qo‘llanmada yoritilgan barcha ishlanma va texnologiyalar bugungi kunda
mustaqil hayotda hamma uchun zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish,
maktab o‘quvchilarida esa izlanuvchanlik, mustaqil faoliyat va noan’anaviy sharoitlarda
ilmiy xulosalarga asoslangan yechimlarni qidiruvchi va yaratuvchanlik qobiliyatlari
rivojlangan avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan.
“Alifbe” maktab davrida o‘zlashtiriladigan darslik ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, uni
o‘rganishni boshlagan davrdan har bir o‘quvchiga til o‘rganishda zarur deb hisoblangan 4
ta: eshitib tushunish; o‘qish; yozish va fikrni bayon qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish juda
ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Agar ilmiy va ensiklopedik manbalarga murojaat qiladigan bo‘lsak, savodxonlik bu:
– aholi madaniy saviyasi ko‘rsatkichlaridan biri;
– adabiy til normalariga muvofiq keladigan og‘zaki va yozma nutq malakalariga egalik;
– oddiy matnlarni o‘qiy olish yoki ularni o‘qish va yoza olish ko‘nikmalariga egalik;
– muayyan soha bo‘yicha bilimga egalik ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz.
Aziz ustoz, murakkab va mashaqqatli, lekin sharafli kasbiy faoliyatingizda Sizga omad
tilab qolamiz!