Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud yozuvda yo‘l qo‘yilgan xatolarni va arifmetik xatolarni hal
qiluv qarorining mazmunini o‘zgartirmagan holda, ishda ishtirok etuvchi shaxsning, davlat
ijrochisining, sud hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarning arizasiga
ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bo‘yicha tuzatishga haqli.
Yozuvdagi yo‘l qo‘yilgan xatolarni yoki arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risidagi ariza ishda
ishtirok etuvchi shaxslarni, davlat ijrochisini yoki sud hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga
yuklatilgan boshqa organlarni ushbu Kodeksning
124-moddasida
nazarda tutilgan tartibda
xabardor qilgan holda sud majlisida ko‘riladi. Biroq mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani
ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
Yozuvdagi yo‘l qo‘yilgan xatolarni yoki arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risidagi ariza u berilgan
kundan e’tiboran yigirma kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.
Yozuvdagi xatolarni, arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risida yoki tuzatishni rad etish haqida
ajrim chiqariladi.
Yozuvdagi xatolarni, arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risidagi yoki tuzatishni rad etish haqidagi
ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
3-§. Hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishi va uni ijroga qaratish tartibi
165-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishi
Hal qiluv qarori, agar uning ustidan apellatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest
keltirilmagan) bo‘lsa, u qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach, qonuniy kuchga kiradi.
Apellatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa,
apellatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
166-modda. Hal qiluv qarorining ijrosini ta’minlash
Hal qiluv qarorini ijro etish mumkin bo‘lmay qoladi yoki qiyinlashadi deb hisoblash uchun
asosi bo‘lgan shaxslar ushbu hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga uning ijrosini ta’minlash
to‘g‘risida ariza berishi mumkin.
Arizada ijrosi ta’minlanishi zarur bo‘lgan hal qiluv qarori va uni ta’minlash to‘g‘risida iltimos
bilan murojaat qilishga arizachini undagan sabablar ko‘rsatilishi kerak.
Hal qiluv qarorining ijrosini ta’minlash to‘g‘risidagi masala ushbu Kodeksning
95-moddasida
nazarda tutilgan tartibda hal etiladi.