Sud hal qiluv qarorini qabul qilishda dalillarni qo‘shimcha tekshirish yoki ish uchun
ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlashni davom ettirishni zarur deb topsa, sud muhokamasini
yangidan boshlaydi, bu haqda ajrim chiqaradi. Bunday holda sud muhokamasi faqat qo‘shimcha
tekshirish ehtiyoji bo‘lgan holatlar doirasida olib boriladi.
157-modda. Hal qiluv qarorini tuzish
Hal qiluv qarori sud majlisida raislik qiluvchi yoki ishni ko‘rayotgan sud tarkibining boshqa
sudyalari tomonidan alohida hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi.
Hal qiluv qarori sudya tomonidan imzolanadi, ish hay’at tomonidan ko‘rilgan taqdirda esa, hal
qiluv qarorini qabul qilishda ishtirok etgan barcha sudyalar, shu jumladan alohida fikrga ega
bo‘lgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Hal qiluv qarori bir nusxada tuziladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi.