150-modda. Sud majlisida tanaffus Sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga yoki o‘z tashabbusiga ko‘ra sud
majlisida tanaffus e’lon qilishi mumkin.
Sud majlisida tanaffus uch kundan oshmagan muddatga e’lon qilinishi mumkin. Tanaffus
haqida sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi.
Tanaffus tugaganidan keyin sud majlisi davom ettiriladi, bu haqda raislik qiluvchi sud
majlisida e’lon qiladi. Tanaffusdan oldin tekshirilgan dalillar takroran ko‘rib chiqilmaydi, shu
jumladan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vakillari almashtirilganda ham takroran ko‘rib
chiqilmaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tanaffus e’lon qilinguniga qadar sud majlisida hozir
bo‘lganligidan yoki bo‘lmaganligidan qat’i nazar sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda
xabardor qilingan hisoblanadi hamda ularning tanaffus tugaganidan keyin sud majlisiga
kelmaganligi sud majlisini davom ettirishga to‘sqinlik qilmaydi.
151-modda. Sud muzokaralari Barcha dalillar tekshirilganidan keyin sud majlisida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi
shaxslardan ularda ish bo‘yicha qo‘shimcha materiallar bor-yo‘qligini aniqlaydi. Sud bunday
materiallar mavjud bo‘lmagan taqdirda, sud muzokaralariga o‘tadi.
Sud muzokaralari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning og‘zaki chiqishlaridan iborat bo‘ladi.
Muzokaralarda ular ish bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini asoslaydi.
Sud muzokaralarida birinchi bo‘lib arizachi, keyin nizoning predmetiga nisbatan mustaqil
talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs va javobgar so‘zga chiqadi. Nizoning predmetiga nisbatan
mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishda qaysi arizachining yoki javobgarning
tarafida ishtirok etayotgan bo‘lsa, shu arizachidan yoki javobgardan keyin so‘zga chiqadi.
Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish
maqsadida sudga murojaat etgan prokuror, shuningdek davlat organlarining va boshqa
shaxslarning vakillari sud muzokaralarida birinchi bo‘lib so‘zga chiqadi.
Sud muzokaralari ishtirokchilari sud tomonidan aniqlanmagan holatlarga va sud majlisida
tekshirilmagan yoki sud tomonidan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan deb tan olingan dalillarga tayanishga
haqli emas.
Ishda ishtirok etuvchi prokuror sud muzokaralarida nizoning mazmuniga doir fikrini oxirida
bayon etadi, bundan ushbu moddaning
to‘rtinchi qismida
nazarda tutilgan hollar mustasno.