|
Mavzu №4.
KOMPYUTER QURILMALARINI BOSHQARUVCHI DASTURLAR
|
bet | 13/83 | Sana | 01.06.2024 | Hajmi | 182,05 Kb. | | #258938 |
Bog'liq Қарши давлат университетиMavzu №4.
KOMPYUTER QURILMALARINI BOSHQARUVCHI DASTURLAR
Reja:
1. Drayverlar va ularning asosiy vazifalari.
2. Drayverlarning turlari.
3. Drayverlarning tuzilishi.
Tayanch tushunchalar: BIOS; drayver; rezident drayver, referens-drayver; standart, virtual va yuklanuvchi drayverlar; minidrayver; port-drayver.
1. Drayverlar va ularning asosiy vazifalari.
Kompyuter qurilmalarini boshqarishda BIOSdan keyingi o‘rinda albatta drayverlar turadi. Tizimli dasturlar sinfiga kiruvchi eng muhim dasturlardan biri drayverlar sanaladi.
Drayver – bu kompyuterning tashqi qurilmalarini boshqarish bo‘yicha OS imkoniyatlarini kengaytiruvchi dasturdir.
Ta’rifdan ko‘rinib turibdiki, drayver – bu OSga kompyuter qurilmalari bilan ishlash imkonini beradigan xizmatchi dasturlar majmuasidir.
Har bir qurilma o‘z drayveriga ega bo‘lishi kerak. Binobarin, har bir drayverning ham o‘z vazifalari mavjud va ular quyidagilar:
- amaliy va tizimli dasturlardan keladigan so‘rov signallarini qayta ishlash, ularni qurilma tushunadigan tilga o‘girish;
- qurilmaning bir holatdan ikkinchisiga o‘tishini ta’minlash, ma’lumot almashinuvini amalga oshirish;
- qurilma parametrlarini belgilangan tartibda sozlash, uni faollashtirish kabi jarayonlarni boshqarish va nazorat qilishdan;
- tashqi qurilmaga yuboriladigan xabarni qabul qilish va qayta ishlash;
- tashqi qurilmaga yuboriladigan xabarni boshqarish buyruqlariga aylantirish;
- tashqi qurilmadan keladigan xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash.
Kengaytirilgan xotirani boshqaruvchi va virtual qurilmalarni boshqaruvchi dasturlar ham drayverlar turkumiga kiradi.
Ma’lumki, MS DOS da uning tarkibiga kiruvchi modullardan bir sanalgan IBMBIO.COM fayli o‘zida BIOS ning tashkil qiluvchilari bo‘lmish standart qurilmalar drayverlarini mujassamlashtiradi.
IBMBIO.COM fayli tarkibidagi drayverlar – rezident drayverlar deyiladi.
DOS imkoniyatlari BIOSni o‘zgartirmay turib yangi qurilmalar drayverlarini tizimga qo‘shish imkonini beradi. Bunday drayverlarga yuklanuvchi norezident drayverlar deyiladi. Ular CONFIG.SYS faylidagi DEVICE buyrug‘i orqali tizimga qo‘shiladi.
Windowsda drayverlar System, System32 va ularning qismpapkalarida saqlanuvchi bir nechta fayllardan tashkil topgan. Drayverlarning asosiy yadrosini tashkil etuvchi fayllar .vxd, .drv, .sys kabi kengaytmalarga bo‘lib, boshqa qo‘shimcha protsedura shaklidagi drayverlar esa .dll kengaytmali fayllar ko‘rinishida dinamik bog‘lanuvchi kutubxonada mujassamlashgan bo‘ladi.
Bundan tashqari drayverlar tarkibiga ma’lumotnoma fayllar, utilitalar, deinstallyatsiya modullari va boshqalar ham kirishi mumkin.
Drayverlarni o‘rnatish va o‘rnatilganlarini bekor qilish bilan bog‘liq amallar ketma-ketligi .inf kengaytmali maxsus axborot faylida saqlanadi. Uning yordamida Windows ОС qurilmaning tipi, modeli, uning drayveri qaysi sinfga tegishliligi, shuningdek, zarur bo‘lgan boshqa resurslar va fayllarni ham aniqlab oladi. Shu bilan birga bu .inf kengaytmali faylda boshqa biror bir faylni o‘chirish, qayta nomlash, nusxalash, ishga tushirish, tizimli registrga yozish yoki olib tashlash, arxivlash amallari va boshqalar ham ifodalanishi mumkin. Umuman olganda, barcha bunday .inf kengaytmali fayllar kompyuterga OSdan keyin chetdan o‘rnatiladigan drayverlar komplektiga kiruvchi INF nomli katalogda joylashgan bo‘ladi.
Windows 98 va Windows 2000 dan boshlab undan keyingi OSlarning barchasi WDM3 deb ataluvchi drayverlarning yangi modelini ham qo‘llab-quvvatlaydi. WDM-drayverlar faollashtirilganda, ularni OS xuddi standart drayverlar singari qayta yuklanishsiz qabul qiladi. WDM-drayverlar odatda System32/Drivers papkasida joylashgan bo‘ladi. Xususan, USB, IEEE-1394 (Firewire) kabi qurilmalarning yangi avlod interfeyslari xuddi shu WDM-drayverlar boshqaruvida ishlaydi.
Qoidaga ko‘ra, har bir qurilmaning funksiyasini aniqlab beruvchi o‘z kontrollyorlari mavjud. Bu kontrollyorlar odatda mikrosxema ko‘rinishida bo‘lib, ular o‘ziga tegishli qurilmani kompyuterning boshqa qurilmalari bilan “aloqasini” ta’minlab beradilar. Mazkur qurilma kontrollyorining markaziy protsessor va boshqa qurilmalar kontrollerlari bilan o‘zaro aloqasi shu kontroller uchun maxsus yozilgan dastur buyruqlari asasida amalga oshadi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, drayver – bu qurilma kontrolleri bilan markaziy protsessor “muloqotini” ta’minlab beruvchi tizimli dasturdir. Chipset deb ataluvchi bunday mikrosxemani ishlab chiqaruvchilar bu qurilma uchun drayverlarni odatda o‘zlari yozishadi va bu drayverlar referens-drayverlar deb ataladi.
Har qanday boshqa dasturiy ta’minot singari drayverlar ham o‘zining versiyasiga ega. Drayver versiyasining formatini qanday belgilash aslida uni yaratuvchi dasturchining o‘ziga bog‘liq, ammo ba’zi hollarda Windowsga mo‘ljallab yoziladigan drayverlar uchun belgilangan andozaga amal qilishga to‘g‘ri keladi. Masalan, DirectXni qo‘llab-quvvatlovchi tovush platasi (SoundCard), yoki turli kompyuter o‘yin dasturlari ishini yaxshilashga qaratilgan videokarta (VideoCard) drayverlarini misol qilib keltirish mumkin. Bunday drayverlarning versiya formatini belgilashda qoidaga ko‘ra, dastlabki birinchi raqam – OS versiyasining nomerini bildiradi. Masalan, Windows 9x/NT = 4, Windows 2000 = 5 va hk. Undan keyingi ikkinchi raqam – DirectXning versiyasini bildiradi, masalan, dx7 = 12, dx8 = 13 va hk. Oxirgi raqamlar drayverning o‘ziga tegishli versiya nomerini bildiradi, masalan, 1241. Endi umumiy holda misol keltiramiz, ya’ni, masalan, agar NVidia videokartasining drayveri 4.13.01.1241 versiya nomeri bilan ifodalangan bo‘lsa, demak, u Windows 9x va DirectX8 ga mo‘ljallangan 1241 nomerli versiyadagi drayver deb qabul qilinadi.
|
| |