2.2. Musiqa darsida musiqa savodi o‘rgatish metodikasi Musiqa savodi faoliyat turi umumta’lim maktablarining musiqa darsining asosiy
bo‘limlaridan biri bo‘lib, xor bilan qo‘shiq aytishga nisbatan ikkinchi darajali o‘rin tutadi.
Shunga qaramasdan musiqa savodi musiqa ta’limida katta rol o‘ynaydi. Musiqa nazariyasi va
tarixidan boshlang‘ich bilim berilib, o‘quvchilarning musiqiy bilim saviyasini oshirib borishiga
yordam beradi. Musiqa savodi musiqaga, uning ifoda vositalariga ongli munosabatni
tarbiyalaydi, musiqaning mazmunini tushunib olishga yordam beradi. Eng muhimi notaga qarab
kuylash va qo‘shiq aytish malakalarini hosil qilish, garmonik eshitish qobiliyatini o‘stirishga
ta’sir ko‘rsatish, vokal-xor ovozlarini aniq talaffuz etishga hamda xor bilan ijro etish sifatini
oshirishga qulaylik tug‘dirish yo‘li bilan sinfda qo‘shiq o‘rgatishni osonlashtiradi. Musiqa
darsida musiqa savodiga juda oz vaqt, 5-10 daqiqa ajratiladi. Shu sababli har gal qo‘shiq
o‘rganish, musiqa asarlarini tinglash jarayonida o‘quvchilarni eshitish malakalarini hamda
musiqa bilimini mustahkamlab, chuqurlashtirib borishi kerak. Maktabda musiqa savodini
o‘rganishda qo‘yiladigan asosiy metodik talab olingan musiqaviy bilimni bevosita amalda
qo‘llash hamda savod o‘rgatish bilan birgalashib qo‘shiq aytishni bir-biriga chambarchas bog‘lab
borishdan iborat. O‘quvchilar mustaqil qo‘shiq ayta oladigan va notanish kuylarni notaga qarab
o‘rgana oladigan bo‘lgan vaqtlardagina musiqa savodini o‘rganishdan ko‘zlanadigan maqsadga
erishilgan bo‘ladi. Musiqa savodini o‘rganish o‘quvchilarning musiqa tovushlarini eshitish
sezgilarining o‘sishiga asoslanishi kerak. O‘quvchi biror tovushni ovoz bilan esga tushurishdan
oldin uning qanday yangrashini aniq ravshan tasavvur qilishi va eshitib bilishi, ya’ni
“ko‘rayapman-eshitayapman-kuylayapman” deb, ko‘zga ko‘rinadigan narsadan eshitiladigan
14
narsaga qarab borishi lozim. Musiqa darsida jamoa bo‘lib qo‘shiq aytishda ham musiqa savodini
o‘rgatish jarayonida ham eshitish qobiliyati, metr-ritm sezgisi taraqqiy etadi.