|
Suv rejimining o ‘zgarishi. Yer
|
bet | 81/83 | Sana | 12.01.2024 | Hajmi | 3,73 Mb. | | #136021 |
Bog'liq Konchilik ishi asoslariSuv rejimining o ‘zgarishi. Yer osti va yer usti suvlari karyer va shaxtalar qurilishiga, yer osti transporti harakatini tashkil qilish va boshqa kommunikatsiya inshootlarini barpo qilish hamda ulardan foydalanishga jiddiy xalaqit beradi. Shuning uchun ham konchilikda foydali qazilma konini quritish ishi muhim ahamiyatga ega. Bu ish uning joylashgan o‘rnidagi yer osti suvlari sathini pasaytirish bilan amalga oshiriladi. Bu bir yoki ikki bosqichda bajarilishi mumkin: 1) agar karyer joylashgan yerda ochiq suv havzasi mavjud bo‘lsa, yoki uning yaqinidan daryo, kanal va boshqa suv arteriyalari oqib o‘tadigan bo‘lsa, bu holda ular boshqa joyga ko‘chiriladi. Agar yer usti quruq bo‘lsa, unda bu ishga hojat qolmaydi; 2) yer osti suvlari sathi pasaytiriladi. Suv sathini pasaytirish uch usulda amalga oshiriladi:
yer usti usuli kon va uning atrofida tik quduqlar qazib, yer osti suvlarini tortib olib, kondan uzoq masofaga relyefga tashlashga asoslangan;
yer osti usuli shaxta suvlarini olishda qo‘llaniladi. Bunda tog‘ jinslarining turli chuqurliklarida ignafiltrlar o‘rnatiladi va qurilmadagi kuchli vakuum yordamida jinslar orasidagi suv ignafiltrlar orqali so‘rib olinib, nasoslar vositasida yer yuziga chiqariladi;
kombinatsiya usuli yuqoridagi har ikkala usulni birvarakay qo‘llashga asoslangan. Bu usul filtratsiya koeffitsienti past bo‘lgan joylarda qo‘llaniladi. U ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlab yer usti usuli qo‘llanilib, tik quduqlar yordamida yer osti suvlari tortib olinadi, keyin esa yer osti usuli qo‘llanilib, ignafiltrlar yordamida tog‘ jinslari mag‘zidagi suvlar so‘rib olinadi.
Konni quritish natijasida kon joylashgan hududda yer osti suvlari sathi pasayib, bo‘shliqlar hosil bo‘ladi va yerning cho‘kish holati yuzaga keladi. Agar kon quritilayotgan maydon uning atrofidagi hududlar bilan gidrologik jihatdan bog‘liq bo‘lsa, u holda cho‘kish yirik maydonlarni egallaydi.
Suvning ifloslanishi. Suvning ifloslanishi deganda suvga qo‘shilgan zararli moddalar konsentratsiyasining yo‘l qo‘yiladigan chegaraviy miqdordan oshib ketishiga tushuniladi.
Suvning ifloslanishidan uning sifat ko‘rsatkichlari o‘zgaradi. Bunday o‘zgarishlarni uch darajaga bo‘lib o‘rganish mumkin: birlamchi o ‘zgarish — suv tarkibining dastlabki fizik-kimyoviy va biologik o‘zgarishlari bo‘lib, bunda uning harorati va boshqa xususiyatlari qisman o‘zgaradi. Bunday o‘zgarish chuqurlashib, ikkilamchi o‘zgarishga o‘tishi mumkin. Ikkilamchi o‘zgarish — suvda gidrobiontlar hayotiga salbiy ta’sir etuvchi yangi moddalarning paydo bo‘lishidir. Bu moddalar suvdagi iflosliklarning o‘zaro kimyoviy reaksiyalari natijasida hosil bo‘ladi. Ikkilamchi o‘zgarishda suv ostidagi cho‘kmalarning bijg‘ishidan zaharli birikmalar ajralib chiqadi, suvdagi biologik jarayonlar susayib, gidrokimyoviy rejim buziladi, minerallashish kuchayadi va suv o‘z-o‘zini tozalash xususiyatini yo‘qotadi. Bunday suvdan hatto texnik maqsadlarda foydalanish ham mumkin bo‘lmaydi. Ikkilamchi o‘zgarish tobora chuqurlashib, suvning ekologik muhit sifatida yaroqliligi kamayib qoladi va u uchlamchi o‘zgarishga o‘tadi. Uchlamchi o‘zgarish — gidrobiontlarning o‘zaro va ular bilan tashqi muhit o‘rtasidagi murakkab tuzilishga ega bo‘lgan aloqalar majmuasining buzilishidir. Bunda suv organizmlarining hayot sikli butunlay izdan chiqadi, ularning biologik mahsuldorligi pasayib qoladi, suv havzasining biotsenozi yemirilaboshlaydi va organizmlar halok bo‘ladi.
Konni quritishda yer ostidan olinayotgan chuchuk suvni turli maishiy xo‘jalik va texnik maqsadlariga ishlatish mumkin. Ammo, bu suv odatda drenaj tarmoqlari orqali yer usti relyefiga tashlanadi va u yo‘l-yo‘lakay sizot suvlar bilan aralashib, ifloslangan «kon suvi»ga aylanadi. Yer usti va yer osti suvlarining holatiga ayniqsa ag‘darmalar, gidrootvallar, dumxona va shlamxonalarning salbiy ta’siri katta. Yirik ag‘darmalar katta maydonlarni egallaydi. Ulardan yerga singib kirayotgan atmosfera yog‘inlari ag‘darmadagi tog‘ jinslarini yuvib, ular tarkibidagi ifloslovchi moddalarni yer osti suvlariga aralashtiradi.
Texnologik va boshqa jarayonlarda hosil bo‘ladigan oqova suvlar hajmi odatda suv iste’moli hajmiga nisbatan katta bo‘ladi. Konchilikda ayniqsa drenaj suvlari ko‘p hosil bo‘ladi va ularni tozalamasdan turib, texnologik jarayonda foydalanib bo‘lmaydi. Suv tozalash inshootlari bo‘lmagan joylarda bu suvlar ochiq suv havzalariga tashlanib, ulardagi suvni ifloslaydi. Bu esa, pirovard natijada, o‘sha joyning ekotizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Suvning ifloslanishi ayniqsa ko‘mir konlarida kuchli bo‘ladi. Ko‘mir konlarining drenaj suvlarida odatda ko‘mir va yo‘ldosh elementlar zarralari, xlorli birikmalar, sulfat kislotasi, temir sulfati, fenol, kalsiy, magniy, natriy, kaliy va boshqalarning birikmalari uchraydi. Shuning uchun ham bunday shaxta suvlarini tozalab zararsizlantirmasdan turib ulardan hatto texnik maqsadlarda ham foydalanish mumkin emas.
Bulardan tashqari, kon suvlari o‘zida mis, rux, marganets, nikel, simob, qo‘rg‘oshin, uran va boshqa og‘ir metallarning tuzlarini saqlaydi. Bunday suvlar yer usti yoki yer osti suvlariga qo‘shilganida ulardagi ifloslovchi moddalar tabiiy modda aylanish doirasiga kirib, ekotizimlarga zarar yetkazishi mumkin. Tuproqqa cho‘kib, yer osti suvlariga aralashgan ifloslovchi moddalar yer osti suv oqimlari bilan uzoq masofalarga tarqaladi. Bunday holatda kon korxonasining atrof-muhitga lokal ta’siri regional ta’sirga aylanadi.
Kon suvlarining ayniqsa daryolarga tashlanishi muhitga katta zarar yetkazadi. Bunday daryo suvida kimyoviy va termal ifloslanish nisbatan kuchli bo‘ladi. Masalan, AQSh kon sanoatidan tabiiy suvlarga yilida 7,6 mln. m3 oqova suv tushadi. Bu mamlakatda qariyb 10 ming km uzunlikdagi daryo suvlari hamda 12 ming gektar maydondagi ochiq suv havzalari ko‘mir konlari oqovasi bilan ifloslangan. Bunday holatni O‘zbekiston misolida ko‘radigan bo‘lsak, Ohangaron ko‘mir koni yaqinida suvning qattiqligi 15,6 mg-ekv/l, sulfatlar miqdori 695 mg/l gachaligi aniqlangan. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining dumxonasi ta’sirida bo‘lgan hudud suvlari ayniqsa kuchli ifloslangan.
Suvning bulg‘anishi. Suvning bulg‘anishi — unga suvda erimaydigan predmetlarning aralashishidir. Bundan suvning sifat ko‘rsatkichi buzilmasada, qirg‘oqlar holati o‘zgaradi. Dengiz, okean va ko‘llar yaqinida joylashgan konlardagi qazilma boyliklarni ochiq usulda qazib olish jarayonida ifloslangan oqovalardan tashqari ularning qattiq chiqindilari ham suvga tushib, cho‘kindi sifatida to‘planadi. Bu esa suv havzasi sohillarining xususiyatini o‘zgartiradi. Bu masalada V.V. Mosinets va M.V. Gryaznov San-Fransisko (AQSh) ko‘rfazidagi ahvolni tekshirib, bu yerda oltin koni ishga tushirilishi natijasida keyingi 60 yil davomida suvga 2 mlrd. m3 tog‘ jinsi cho‘kib to‘planishidan ko‘rfaz akvatoriyasi 11% ga qisqarganligini aniqlaganlar.
Shunday qilib, konchilik sanoati tabiiy suvlar holatiga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Bevosita ta’sir ko‘rsatishiga suv resurslarining kamayishi, suv rejimining o‘zgarishi, texnologik jarayonlar uchun suv sarflanishi, drenaj
suvlarining yer osti va yer usti suvlari holatiga ta’siri kirsa, bilvosita ta’sirga ifloslangan suvlarning ekotizimlarga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini kiritish mumkin.
|
| |