• Suv zaxiralarini qayta tiklash.
  • 10.4 Konchilik ishlarida yerdan foydalanish va tuproq muhofazasi
  • Konchilikda suvni muhofaza qilish




    Download 3,73 Mb.
    bet82/83
    Sana12.01.2024
    Hajmi3,73 Mb.
    #136021
    1   ...   75   76   77   78   79   80   81   82   83
    Bog'liq
    Konchilik ishi asoslari

    Konchilikda suvni muhofaza qilish. Konchilik sanoatida suvni muhofaza qilish bo‘yicha turli tadbirlar bajariladi. Ularni
    umumlashtirib, ikki guruhga bo‘lish mumkin:

    1. suv zaxiralarini, suvning rejimi va sifatini saqlash;

    2. suv zaxiralarini qayta tiklash.

    Suv zaxiralarini, suvning rejimi va sifatini saqlash. Suv zaxiralarini saqlash konning joylashgan o‘rni xususiyatlariga ko‘ra turli usullarda bajariladi. Agar kon joylashgan hudud sersuv bo‘lsa va drenaj suvlaridan xo‘jalik maqsadlarida foydalanish imkoni bo‘lmasa, u holda bu suvlar yer usti relyefiga emas, balki tik quduqlar yordamida yerning chuqur gorizontlariga yuboriladi.
    Ba’zi hollarda kon joylashgan hududning geologik va gidrogeologik xususiyatlarini hisobga olgan holda kuchli ifloslangan hamda zaharli moddalarni saqlovchi kon suvlari yer osti suv omborlariga haydaladi. Bu ish bir muncha murakkab bo‘lib, maxsus geologik va gidrogeologik qidiruv ishlari o‘tkazishni talab qiladi.
    Bu usullarning an’anaviy usuldan ustunligi shundaki, bunda kon atroflaridan yer osti suvlari oqib kelishi to‘xtaydi, suv rejimi buzilmaydi, yer usti suvlariga drenaj oqovalari tashlanmaydi hamda kon atroflaridagi yer osti suv zaxiralari saqlanadi.
    Suv zaxiralarini qayta tiklash. Suv zaxiralarini qayta tiklash majmuasiga konchilik ishlarida hosil bo‘lgan oqovalarni tozalash, ularni yopiq suv ta’minoti tizimiga qaytarish, yer usti suvlarini kon oqovalari bilan ifloslamaslik va bulg‘amaslik ishlari kiradi.
    Suvni tozalash. Kon ishlaridan hosil bo‘ladigan oqova suvlar ularning fizik- kimyoviy xususiyatlari, ifloslanganlik darajasi, ifloslovchi zarralarning katta- kichikligiga ko‘ra mexanik (sizish, tindirish), fizik-kimyoviy (flotatsiya, absorbsiya, ion almashish, distillyasiya, ultrafiltratsiya, kristallizatsiya, desorbsiya), kimyoviy (neytralizatsiya, koagulyasiya, flokulyasiya, oksidlanish- qaytarilish), elektrokimyoviy (elektroliz) va biologik usullarni qo‘llash bilan amalga oshiriladi. Barcha hollarda ham oqovalar dastlab mexanik tozalashdan o‘tkaziladi. Suvni tozalash usullari orasida ko‘proq qo‘llaniladiganlari quyidagilar:

    • yirik zarralardan tozalashda tindirish, flotatsiya, filtratsiya va sentrifugadan o‘tkaziladi, mayda dispersli zarralardan tozalashda esa koagulyasiya, flokulyasiya hamda elektroliz usullari qo‘llaniladi;

    • noorganik birikmalardan tozalashda distillyasiya, ion almashish, ultrafiltratsiya, reagentlar yordamida cho‘ktirish, sovutish va elektroliz usullari qo‘llaniladi;

    • organik birikmalardan tozalashda ekstraksiya, absorbsiya, flotatsiya, ion almashish va reagent qo‘shish usullari qo‘llaniladi.

    Konchilik sanoatida amalda keng tarqalgan usul — suvni tindirishdir. Shaxtaning oqova suvi gorizontal tindirgichlarda tinitilib, xlorlanadi va suv havzasiga tashlanadi. Konnning nordon suvini neytrallash uchun unga ohak eritmasi qo‘shiladi.
    Konchilik sanoati ishlab chiqarishidagi suv iste’moli va texnologik jarayonlardan chiqadigan suv hajmi suvdan foydalanish koeffitsientini belgilaydi. Bu koeffitsient (K) odatda birga yaqin bo‘ladi.
    K = (Vol - Vtash ) / Vol
    Bu yerda:
    Vol - suv manbalaridan olinadigan suv hajmi;
    Vtash - texnologik jarayonlardan chiqadigan oqova suvlar hajmi. Bu ko‘rsatkichlar konchilik mahsuloti birligiga nisbatan olinadi.
    10.4 Konchilik ishlarida yerdan foydalanish va tuproq
    muhofazasi
    Kon ishlarining tuproqqa ta’siri. Konchilik ishlab chiqarishi, ayniqsa foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib olish, yer yuzining relyefi va boshqa geoekologik xususiyatlariga ta’sir ko‘rsatadi. Karyerlar, ag‘darmalar, dumxona, shlamxona va ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa maydonlar minglab gektar yerlarni egallaydi va ularning xo‘jalik ishlari uchun yaroqliligini turli darajada kamaytiradi. Bunday maydonlar hajmi O‘zbekistonda 10 ming gektarga teng.
    Yerlarning buzilish darajasi foydali qazilmaning joylashgan chuqurligiga bog‘liq. Agar u yer yuziga yaqin-yoyilib joylashgan bo‘lsa, unda qoplama tog‘ jinslari va kambag‘al rudani konning ichkarisida rudadan bo‘shagan maydonda hosil qilinadigan ichki ag‘darmaga tashlanadi. Agar qazilma chuqur va tik joylashgan bo‘lsa, unda qoplama tog‘ jinslari va kambag‘al ruda kondan tashqaridagi katta maydonlarni egallaydigan tashqi ag‘darmaga tashlanadi.
    Yer yuzi tuprog‘ining holatiga dumxona va shlamxonalar ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadilar. Rudani boyitish jarayonida hosil bo‘ladigan katta miqdordagi pulpa dumxona va shlamxonalarga maxsus quvurlar (pulpoprovodlar) orqali haydaladi. Quvurlar ma’lum hajmdagi maydonlarni egallaydi, buning ustiga dumxona va shlamxonalarda to‘planadigan kon chiqindilari tuproqni zaharlaydi.
    Yer qonunchiligi bo‘yicha tog‘-kon ishlarini olib borish uchun maqsadli yer maydonlari ajratib beriladi. Bu yerlarni buzilmaydigan va buziladigan yer guruhlariga bo‘lish mumkin. Buzilmaydigan yerlarga ma’muriy binolar va omborxonalar bilan band bo‘lgan maydonlar, bino va inshootlar orasidagi maydonlar, inshootlarni qo‘riqlash zonalari, sanitariya-gigiena ob’ektlari egallagan maydonlar kiradi. Buzilmaydigan yerlar ajratib berilgan umumiy yer maydonining 5-40% ni tashkil qiladi. Buziladigan yerlarga ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan quyidagi maydonlar kiradi:

    1. kon qazish ishlariga ajratilgan yer maydonlari - karyerlar, transheyalar va kon suvini haydash yo‘llari qurilishi uchun ajratilgan maydonlar;

    2. ag‘darmalar uchun ajratilgan yerlar - foydali qazilma rudasini vaqtincha saqlash maqsadida tashkil qilingan va rudani qayta ishlashdan chiqqan chiqindi tog‘ jinslardan iborat tashqi ag‘darmalar, dumxona va shlamxonalar joylashgan o‘rni;

    3. buziladigan boshqa yerlar - kon sanoati uchun o‘tkazilgan temir yo‘l, avtoyo‘l, quvur yo‘li, elektr uzatish tarmoqlari, konveyer liniyasi, osma yo‘l, ta’mirlash xizmati egallagan va avtokorxona egallagan maydonlar.

    Foydali qazilmani qazib olishda atrof hududlarning yerlari ifloslanadi, tuproqning mexanik tarkibi va uning namlik rejimi o‘zgaradi, tuproqning eroziyaga moyilligi kuchayadi. Tekshirishlar ko‘rsatishicha, sirti ko‘kalamzorlashtirilmagan yoki maxsus moddalardan iborat ekran bilan qoplanmagan tashqi ag‘darmalar o‘z atrofida radiusi 3-4 km va undan katta bo‘lgan maydonlarni ifloslaydi. Bulardan tashqari konchilik ishlab chiqarishi jarayonlaridan havoga chiqariladigan turli zararli va zaharli gazlar yerga cho‘kib, tuproqni ifloslaydi, radioaktiv chiqindilar saqlanadigan dumxona, shlamxona va ag‘darmalar tuproqni radioaktiv moddalar bilan ifloslaydi.

    Download 3,73 Mb.
    1   ...   75   76   77   78   79   80   81   82   83




    Download 3,73 Mb.