|
Kompetensiya va kompetentlik tushunchalari tahlili
|
bet | 4/10 | Sana | 23.05.2024 | Hajmi | 82,83 Kb. | | #251227 |
Bog'liq Narbayeva Fazilat...1.2.Kompetensiya va kompetentlik tushunchalari tahlili.
Kompetensiya va kompetentlik tushunchalari tahlili bilan o‘zbek olimlaridan N.A.Muslimov, S.Yu.Ashurova, K.J.Risqulova, J.Xujayev, R.V.Djo‘rayev, Sh.Sharipov, U.Begimqulov va boshqalar samarali faoliyat olib borishgan. K.J.Risqulova “Kompetensiya” har qanday kasb egasiga zarur bo‘lgan kasbiy qonun-qoidalar, tamoyillar, talablar, burch, vazifa hamda majburiyatlar, shuningdek, shaxsiy deontologik me’yorlar yig‘indisi deb hisoblaydi. Shaxs amaliy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, kompetensiya me’yorlarini jamiyat talablaridan kelib chiqqan holda kreativlik asosida ish tajribasida namoyon etish mahorati komtenentlik bo‘ladi degan xulosaga kelgan. A.Avloniy nomidagi O‘qituvchilar malakasini oshirish instituti pedagog olimasi L.T.Xurvalieva: “Kompetensiya – bilim, ko‘nikma, malaka, qarashlar, individning qadriyati va shaxsiy sifatlari, kvalifikatsiyaning namoyon bo‘lishi yoki ta’sir ko‘rsatish qobiliyati”, – deb ta’riflaydi. Berilgan barcha ta’riflar, ilmiy asoslar, tadqiqot ishlarini umumlashtirgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida “Kompetensiya — bilim, ko‘nikma, malaka va shaxsiy sifatlar majmui” deb umumiy va qisqacha ta’rif keltirib o‘tilgan. O‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligi hamda kompetentligi muammosi N.A.Muslimov, Sh.E.Qurbonov, F.R.Yuzlikayeva, A.R.Xodjaboyev, X.F.Rashidov, Sh.S.Sharipov, O.X.To‘raqulov, D.O.Ximmataliyev, O.A.Qo‘ysinovlar tomonidan tadqiq qilingan. Pedagogning kasbiy kompetentligi A.Markova, B.Nazarova ishlarida asosiy 4 ta guruhga ajratilgan bo‘lib, ularning umumiy qarashlari hozirgacha ilmiy tadiqoqt ishlari uchun asos vazifasini bajarib kelmoqda. Pedagogik kompetentlik bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqot ishlari orasida L.M.Mitinaning qarashlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u pedagogik kompetentlik - deganda predmet haqidagi bilimlar, o‘qitish metodikasi va didaktikasi, pedagogik muloqot ko‘nikma va malakasi, shuningdek o‘z-o‘zini rivojlantirish, o‘z-o‘zini takomillashtirish, o‘z-o‘zini amalga oshirish usullari va vositalarining uyg‘un birlashishini tushungan. U pedagogik kompetentlik tuzilmasida quyidagi uchta tashkil etuvchini ajratgan: faoliyatli, kommunikativ va shaxsiy. L.M.Mitina tomonidan taklif etilgan pedagogik kompetentlikni tuzilmalashtirishdan kelib chiqqan holda, biz, bo‘lajak mutaxassislar uchun egallanish darajasi pedagogik kompetentlikning rivojlanish darajasini aniqlaydigan quyidagi kompetensiyalar majmuasi yetarli va zarur deb hisoblaymiz. Quyida kasbiy kompetentlik negizida aks etuvchi sifatlarning mohiyati qisqacha yoritiladi.
1. Ijtimoiy kompetentlik – ijtimoiy munosabatlarda, jamoaviy faoliyatda doimiy faollik ko‘rsatish va boshqa ijtimoiy ko‘nikma, malakalarga egalik, kasbiy faoliyatda subyektlar(o‘quvchi, talaba, ota-ona va hokazo) bilan muloqotga kirisha olish.
2. Maxsus kompetentlik – kasbiy-pedagogik faoliyatni tashkil etishda yuksak tayyorgarlik, yetarli malakalarga egalik, kasbiy-pedagogik faoliyatda kelib chiqadigan turli vaziyatlarni mohirona hal qilish, o‘z faoliyatini, kasbiy rivojlanishi, jamoaviy taraqqiyotini doimiy nazorat qilish va natijalarini real baholash, o‘z ustida doimiy ishlash, shu bilan birga psixologik, metodik, informatsion, kreativ, innovatsion va kommunikativ kompetentlik kabi bir qancha kompetensiyalarni o‘z ichiga oladi.
V.A. Slasteninning qarashlarida asosiy urg‘u o‘qituvchi faoliyatini vazifalar nuqtayi nazaridan tizimlashtirishga qaratilgan bo‘lib, "pedagogik faoliyat o‘z mohiyatiga ko‘ra turli sinflar va darajadagi tipik va o‘ziga xos pedagogik vazifalar to‘plamini hal qilish jarayonidan boshqa narsa emas” deb hisoblaydi. Shuningdek V.A. Slastenin "Pedagogik muammolarni yuqori mahorat darajasida hal qilishga tayyorlik bir qator kasbiy va pedagogik mahorat bilan belgilanadi" deb pedagogik mahorat haqida ham qimmatli fikrlarni keltirib o‘tgan. U belgilagan tegishli malakalar tizimi o‘qituvchi-pedagogning kasbiy mahoratini shakllantirishning asosi sifatida qaraladi. Yu.N.Kulyutkin pedagogik faoliyatni "odamdan odamga" yoki subyektdan subyektga turidagi kasblar guruhiga kiritadi, ular shaxslarning o‘zaro munosabatlari bilan tavsiflanadi. Shu bilan birga, “o‘qituvchi o‘quvchida kelajakda o‘zining kelajakdagi faoliyatini mustaqil boshqarish imkonini beradigan “ichki asoslarni” (bilimlar, e’tiqodlar, usullar, harakatlar) shakllantirishga intiladi. Pedagogik faoliyat ushbu nazariyada o‘qituvchining o‘quvchining shaxsini rivojlantirish uchun uning faoliyatini refleksli nazorat qilish sifatida namoyon bo‘ladi.
Kasbiy kompetentlik quyidagi holatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi:
- murakkab jarayonlarda;
- noaniq vazifalarni bajarishda;
- bir-biriga zid ma’lumotlardan foydalanishda;
- kutilmagan vaziyatda harakat rejasiga ega bo‘la olishda.
Kasbiy kompetentlik deganda mutaxassis dunyoqarashining kengligi, uning ishbilarmonlik mahorati va shaxsiy sifatlari, bilim, ko‘nikma hamda malakalariga suyangan holda to‘g‘ri qarorlar qabul qila olishi tushuniladi. Oliy ta’lim o‘qituvchisining kasbiy kompetensiyasi takomillashuvida nazariy tayyorgarliklar bilan birga amaliy tayyorgarliklar uzviyligi ta’minlanishi kerak. Bo‘lajak o‘qituvchilarining nazariy va amaliy tayyorgarligi tashkiliy jihatdan qanday shakl va melodlarda bo‘lmasin, quyidagi didaktik tamoyillarga asoslanadi:
1. Nazariy va amaliy bilimlar uzviyligi;
2. Kasbiy bilim va ko‘nikmalarni tizimli tarzda takomillashtirib borishi;
3. Bo‘lajak kasbiy-pedagogik faoliyat bilan funksional bog‘liqlik;
4. Talabalar amaliy faoliyatining ko‘rgazmaliligi;
5. O‘z kasbiy faoliyati yuzasidan bosqichma-bosqich mustaqil faoliyat yurgazishga intilish va mas’uliyal hissini shakllanishi;
6. Bo‘lajak o‘qituvchilarda nazariy va amaliy bilimlar hamda ko‘nikmalarini takomillashishi natijasida kompetensiyani shakllanishi va rivojlanishi. Pedagogning kompetentligi – bilimdonlik, kasbiga moslik, malakalilik, tajribalilik, mas’uliyatlilikni rahbarlik faoliyatiga singdirib borish. O‘z sohasini, ishining ustasi bo‘lish, sohasining sirlarini har tomonlama chuqur bilish demakdir. Pedagogik kompetensiyaning shakllanish bosqichlari:
1. Qobiliyatni aniqlash.
2. Tarbiyalash va shakllantirish.
3. Chiniqtirish (kichik hajmdagi topshiriqlar berish).
4. Ishonch (mustaqil rahbarlik lavozimiga tayinlanish).
5. Rahbarlik cho‘qqisi.
O‘qituvchilar ta’lim muassasasida pedagogik jarayonlarni ilmiy asosda tashkil etish va uni boshqarish hamda qulay ta’limiy muhitni shakllantirishi uchun o‘qitishning turli xil zamonaviy usullarini bilishi va ularga asoslanishi, rivojlantiruvchi g‘oyalar yo‘nalishini aniqlay olishi, ilg‘or tajribalami va fan-texnika yutuqlarini muntazam o‘rganib borishi, ularni o‘z faoliyatida tatbiq etishi, yangiliklarga asoslangan o‘z innovatsion faoliyatini tashkil eta olishi zarur hisoblanadi. Ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilarning faoliyatlarini takomillashtirish va o‘quv jarayonini rivojlantirishning eng asosiy shartlaridan biri o‘qituvchilarning pedagogik jarayonlarni ilmiy asosda tashkil etishining zarurligidir. Pedagogik jarayonlarning ilmiyligi - yangiliklarni tatbiq etish va innovatsiyalarning o‘ziga xos xususiyatlariga asoslanish hamda ilmiy asoslangan ma’lumotlardan foydalanish, pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarishning pedagogik, psixologik va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini o‘zlashtirish, shular qatori pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarish jarayoniga innovatsion yondashuv texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni belgilaydi.
|
| |