65
holda, o‘quvchilarga nafaqat faktlarning qat’iy ilmiy bayonini berish,
balki o‘qitishning turli qiziqarli metodlarini ham qo‘llash lozim.
Masalan, ko‘pchilikka ma’lum va ommabop bo‘lgan krossvord
o‘yini bolalarda qiziqish uyg‘otishi tabiiydir. Krossvord ko‘rinishidagi
so‘rov shakli o‘quvchilar uchun har doim qiziqarli va o‘ziga tortadigan
metoddir. Ushbu o‘yinga o‘quvchilar shu darajada kirishib ketadilarki,
hatto, o‘zlari ham informatikaning turli mavzulari bo‘yicha krossvordlar
tuzishlari mumkin. Mustaqil ijodiy faoliyatning bunday shakli foydali
bo‘lishi bilan birga, faqatgina kuchli o‘quvchilarnigina emas, balki
kuchsizlarni ham qamrab oladi.
Boshqa o‘quv predmetlaridan kuchsiz o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar
ko‘pincha informatikadan yaxshi va tirishqoq o‘quvchilarga aylanadilar.
Krossvordlar, rebuslar va boshqotirmalar sodda bo‘lishlari bilan birga,
mashhur olimlar, allomalar ismlariga, maxsus atamalarga diqqatini jalb
etishning samarali vositasi hamdir.
O‘yinli vaziyat, krossvord va rebusni yechishdagi qiyinchiliklarni
yengib o‘tishdagi elementlari o‘quvchilarni shunday o‘ziga tortadiki,
beixtiyor ularni informatika sohasidagi bilimlarini to‘ldirishga
rag‘batlantiradi.