132
Май 2021 10-қисм
Тошкент
O‘ZBEK TILI DARSLARIDA INTERFAOL METODLARDAN FOYDALANISH
Sattorova Shoira Oblaqulovna
Navoiy viloati Zarafshon shahar
4-umumiy o`rta ta’lim maktabi
o’zbek tili o’qituvchisi
Telefon: +99893 665 39 97
Annotatsiya:
Ta’lim uzoq davom etadigan jarayon bo’lib, uning sifati darsda qo’llanilgan
metodlarga bog’liq. Mazkur maqolada o‘zbek tili darslarida foydalanishga tavsiya etiladigan
interfaol metodlardan namunalar keltirilgan.
Kalit so’zlar:
Intefaol metodlar, innovatsion texnologiya, “Charxpalak” texnologiyasi,
“Taqdimot”, “Tanlash ixtiyoriy,bajarish majburiy” , “Imkoniyat” usullari.
Bugungi kunda jamiyatimizda yangi ijtimoiy munosabatlarning shakllanishi, ta’limning jahon
ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi zamonaviy pedagogik texnologiyalarda yangicha yondashuv
zarurligini taqozo etmoqda. Bu yondashuvlar o’z navbatida o’quv jarayonining tashkiliy va
metodik jihatlariga muayyan ijobiy o’zgarishlar olib kirmoqdaki, ularning ko’pchiligi pedagogik
texnologiya va pedagogik mahorat bilan uzviy bog’liq.
Har bir darsni o’ziga xos usul asosida o’tish, o’quvchining fanga bo’lgan qiziqishini oshirish,
uning qalbida ilmga muhabbat uyg’otish o’qituvchining mahoratiga bog’liq. Muallimning
mahoratini oshirishga xizmat qiluvchi vositalardan biri zamonaviy pedagogik texnologiyalardir.
Zamonaviy pedagogik texnologiya – hozirgi zamon didaktikasi va pedagogikasi taraqqiyotining
mahsuli.
Ko’p yillar davomida an’anaviy dars o’tish ta’limning asosiy shakllaridan biri bo’lib
keldi. An’anaviy darsda o’qituvchi faol, o’quvchi esa passiv ishtirokchiga aylanadi. Bu esa
o’quvchining mustaqil fikrlashi, izlanuvchanlik qobiliyati rivojlanishiga to’sqinlik qiladi. Axborot-
kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda bunday darslar yaxshi
samara bermaydi. Bugungi davr talabi dars jarayonini noan’anaviy tarzda mazmunli tashkil etish,
o’quvchilarning qiziqishini orttirib, ularning o’quv jarayonidagi faolligini ta’minlashni taqozo
etadi.
Ta’lim uzoq davom etadigan jarayon bo’lib, uning sifati darsda qo’llanilgan metodlarga bog’liq.
Darsning mazmunli o’tishi, unda qanday metodlardan foydalanilgani va natijaga erishilgani
o’qituvchining mahorati, bilim darajasini belgilaydi. Darsda metodlar to’g’ri tanlansa, maqsadga
tez va oson erishiladi. Interfaol metodlarni tanlash har bir darsning didaktik maqsadidan kelib
chiqqan holda amalga oshiriladi. Bu esa o’qituvchidan har doim bir xil usulda emas, dars
mavzusiga mos metodlar asosida dars o’tishni talab etadi. Buning uchun o’qituvchi doimo o’z
ustida ishlashi, bilim va kasbiy malakasini oshirib borishi, ilm-fan yangiliklaridan xabardor
bo’lishi va o’z faoliyatida ulardan samarali foydalanishi lozim.