|
Payvandlash usullari va texnologiyalari
|
bet | 81/123 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 14,49 Mb. | | #234931 |
Bog'liq Mat va KMT darslik11.2. Payvandlash usullari va texnologiyalari
Metall zarrachalarini payvandlash sharoitiga qarab (atomlararo bolg‘anishni vujudga keltirish uchun), suyuqlantirib, bosim ostida va gaz bilan payvandlash kabilarga ajratiladi.
Suyuqlantirib payvandlashning asosiy mohiyati shundan iboratki, bunda payvandlanadigan detallar, masalan, ikkita detalning qirralaridagi metall kuchli issiqlik manbalari, ya’ni elektr yoyi, gaz alangasi, kimyoviy reaksiya, suyuqlantirilgan shlak, elektron nur energiyasi, plazma lazer nuri energiyasi va boshqalar bilan suyuqlantiriladi. Bularning hammasida detalning qizib suyuqlangan bir qirrasidagi metall ikkinchi qirrasidagi suyuqlangan metall bilan o‘zaro birikadi. Natijada, payvandlash vannasi deb ataladigan umumiy suyuq metall sig‘im hosil bo‘ladi. Payvandlash vannasida metall sovigach, chok metali vujudga keladi. Chok metali detal qirralaridagi metallning yoki payvandlash vannasiga kiritilgan qo‘shimcha metallning suyuqlanishi hisobiga hosil bo‘lishi mumkin.
Payvandlanadigan detal qirrasi va chok chegarasidagi metall donalarining qisman suyuqlangan zonasi suyuqlanish zonasi deb ataladi, shu zonada atomlararo bog‘lanish sodir bo‘ladi. Bunda chok metali payvandlanadigan qismlar metali bilan mustaqil tutashadi, payvandlanadigan qismlarning sirtlaridagi iflosliklar shlak tarzida qalqib chiqadi va olib tashlanadi.
Bosim ostida payvandlash. Bosim ostida payvandlashda esa biriktiriladigan joydagi metall biror R kuch ta’sirida plastik deformatsiyalanadi. Biriktiriladigan sirtlardagi iflosliklar sirtga siqib chiqariladi, payvandlanadigan qismlarning sirtlari toza, tekis va butun qirqimi bo‘yicha atomning tutinish masofasiga yaqinlashgan bo‘ladi. Atomlararo bog‘lanish ro‘y bergan zona birikish zonasi deb ataladi. Birikish zonasining kengligi o‘nlab mikronlarda o‘lchanadi.
Detallarning birikish joylari qizdirilsa, ularning qirralari oson plastik deformatsiyalanadi. Bunda muayyan joyni qizdirib payvandlashda issiqlik manbayi bo‘lib, elektr toki, gaz alangasi, kimyoviy reaksiya, mexanik ishalanish, umumiy qizdirib payvandlashda temirchilik qo‘rasi, qizdirish pechi xizmat qiladi.
Ikki yoki undan ko‘p detallarni payvandlab hosil qilingan, ajralmaydigan birikmalarga payvand birikmalar deb ataladi.
Suyuqlantirib payvandlashda uchma–uch, ustma–ust, burchakli va tavrsimon birikmalar hosil qilinadi (11.1–rasm). Shuningdek teshikli, toretsli, ustma-ust hamda elektr tokida parchinlangan birikmalar ham qo‘llaniladi.
Uchma–uch payvandlanadigan birikmalarda ularni tashkil etuvchi elementlar bir tekislik yoki bir yuzada joylashadi (11.1–rasm, a). Bunday birikmaning qator afzalliklari mavjud:
1. Payvandlanadigan elementlar (detallar) ning qalinligi cheklanmaydi.
2. Yuklanishlarni bir elementdan ikkinchisiga o‘tkazishda zo‘riqish ancha tekis taqsimlanadi.
3. Birikma hosil qilish jarayonida metall juda kam sarflanadi.
4. Payvand birikma sifatini, undagi nuqsonlar joyi, o‘lchamlari va turini rentgen nuri bilan aniqlash juda oson.
Shuni aytish kerakki, uchma-uch payvandlanadigan birikmalar ba’zi kamchiliklardan ham holi emas, ya’ni:
11.1–rasm. Payvand birikmalarning asosiy xillari: a – uchma–uch birikma; b – ustma–ust birikma; v – burchakli birikma; g – tavrsimon birikma
Payvandlanadigan elementlarni (detallarni) yig‘ish zarur.
Shakldor metallar yoki prokatlar (burchakliklar, shvellerlar, tavrlar, qo‘shtavrlar) ni uchma-uch payvandlashda qirralariga ishlov berish murakkabroq.
Ustma–ust birikmada payvandlanadigan qismlar parallel joylashadi va bir-birini berkitib turadi (11.1–rasm, b). Bunday birikmaning asosiy kamchiliklari quyidagilardir:
1. Asosiy metall birikmalarni qoplashga sarflanadi. Qalinligi 20 mm gacha bo‘lgan qismlarni ustma–ust payvandlaganda metallni tejash zaruriyati cheklanadi.
2. Bunday birikmalarda yuklanish bir tekis bo‘yicha taqsimlanmaydi, shuning uchun bunday birikmalar o‘zgaruvchan yoki dinamik (zarbli) yuklanishlarga chidamsizroq.
3. Ustma–ust payvandlanadigan listlarning orasidagi choklar bir tomonlama payvandlanadigan bo‘lsa, payvandlanmagan choklar birikmaning mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Birikmadagi nuqsonlarni aniqlash qiyin. Bunday birikmalarning afzalliklari:
1. Birikma ostidagi qirralarni qiya qilib yo‘nish shart emas.
2. Birikmani yig‘ish oson va h.
Burchakli birikma bir–biriga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida joylashgan va bir-biriga tegib turadigan joyidan payvandlangan ikki qismning payvand birikmasidir (11.1–rasm, v).
Tavrsimon birikma – bir qismning sirtiga boshqa qism to‘g‘ri burchak ostida uchidan payvandlangan birikma (11.1–rasm, g).
Burchakli va tavrsimon birikmalar to‘sinlar, ustunlar, sinchlar, fermalar, ramalar va boshqalarni payvandlashda keng qo‘llaniladi. Bu birikmalar tegishli birikmaning mustahkamligini oshiradi va deformatsiyalanishini kamaytiradi.
Teshikli birikmalar – ustma–ust payvandlash chokining uzunligi etarlicha mustahkam bo‘lmaganda qo‘llaniladi.
Ustqo‘ymali birikmalardan – uchma–uch va ustma–ust payvandlashlarning iloji bo‘lmaganda foydalaniladi.
Bunday birikmalar, asosan, shakldor qismlarni biriktirishda va uchma–uch birikmalarni kuchaytirishda qo‘llaniladi.
Elektr toki bilan parchinlab biriktirish, asosan, ustma–ust va tavr birikmalarda qo‘llaniladi. Shunday biriktirish orqali mustahkam, biroq zich bo‘lmagan birikmalar hosil qilinadi.
Payvand choklar payvand birikmalar ko‘rinishiga hamda chok kesimining geometrik shakliga ko‘ra uchma–uch va burchakli choklarga ajratiladi. Uchma–uch choklar uchma–uch, torets, yonlama ba’zan esa burchakli birikmalar hosil qilishda ham qo‘llaniladi. Burchakli chok ustma–ust, tavrsimon va burchakli birikmalarda mavjud bo‘ladi.
Uchma–uch choklar tashqi shakliga ko‘ra tekis yoki qavariq bo‘lishi mumkin. Burchakli choklar botiq qilib ham bajarilishi mumkin. Qavariq chokli payvand birikmalarga nisbatan statik yuklanishga chidamli. Biroq juda qavariq chokli payvand birikmalarda ortiqcha metall sarflanganligi uchun tejamsiz hisoblanadi. Yassi chokli uchma–uch birikmalar, botiq chokli, burchakli, tavrsimon va ustma–ust payvand birikmalar qavariq chokli birikmalarga nisbatan dinamik (zarbli) yoki o‘zgaruvchan yuklanishlarga chidamli bo‘ladi.
Turli payvand choklarning sifati payvandlash rejimlarining to‘g‘ri belgilanishi va to‘g‘ri bajarilishiga ham bog‘liq. Odatda, payvand chokning sifatini tekshirish ishlari uch bosqichga bo‘linadi:
1. Payvandlashdan avval asosiy metall bilan chok metalining sifatini, elektrod qoplamasini, flyuslar qanchalik to‘g‘ri belgilanganini, chok kertimlarining qanday tayyorlanganini tekshirish hamda payvandchining malakasini aniqlash.
2. Payvandlashning har bir jarayoni qanday va qay rejimlarda olib borilgani, ikkinchi qatlam chokini bostirishda yuzalarning kuyindi va shlaklardan tozalangani va umuman jarayonning to‘g‘ri olib borilgani tekshiriladi.
3. Payvandlab bo‘lingach, chokning sifati, tashqi va ichki yuzalari (rentgen nurlari, metallografik mikroskoplar yordamida) kuzatiladi.
|
| |