|
Uzoq muddatli aktivlarni tan olish va buxgalteriya balansida aks
|
bet | 8/16 | Sana | 18.05.2024 | Hajmi | 0,77 Mb. | | #242489 |
Bog'liq BMI Muzaffarov Javohir Uzoq muddatli aktivlarni tan olish va buxgalteriya balansida aks
ettirish algoritmi
tan olish to’xtatiladi
Uzoq muddatli aktivni
tan olish davom ettiriladi
1.3 - rasm. Uzoq muddatli aktivlarni tan olish va buxgalteriya balansida aks ettirish.15
Buxgalteriya hisobini tartibga soluvchi qonunlar hamda fuqarolik kodeksi o’rtasida mulkiy alohidalilik tamoyilining ma’nosini talqin qilishda ayrim ziddiyatlar mavjud. Jumladan, fuqarolik kodeksiga muvofiq mulkiy alohidalilik tamoyilida nafaqat mulkiy huquqning mavjudligi, balki uning ishonchli boshqaruv asosida e’tirof etilishi ham tushuniladi. Mulkiy alohidalilik tamoyilini talqin qilishning yuridik tushunchasi buxgalteriya hisobi tushunchasiga qaraganda kengroqdir.
MHXSda mulkiy alohidalilik tamoyili asosiy tamoyillardan hisoblanmaydi. Agarda kompaniya foyda olishni nazorat qila bilsa, u holda ijaraga olingan mulk uning aktivi bo’lib hisoblanadi. 16-son MHXS “Ijara”ga asosan operatsiyalar o’zining yuridik shakliga emas, balki mohiyatiga asosan hisobga olinadi va hisobotda ko’rsatiladi. Moliyaviy ijara shartnomasining yuridik shakli ijaraga olinayotgan aktivga egalik huquqining o’tishini ko’zda tutmasligi mumkin. Shunga qaramay ijarachining buxgalteriya balansida moliyaviy ijarani korxonaning aktivi sifatida aks ettirish talablarini ko’zda tutadi. 16-son MHXS “Ijara”da shunday qayd etiladi: “agar bunday ijara operatsiyalari ijarachining balansida ko’rsatilmagan bo’lsa, bunda iqtisodiy resurslar va majburiyatlar darajasi sun’iy pasaytirilgan deb qaralib, moliyaviy munosabatlar buzilganligini bildiradi ”16.
Statik hisob kontseptsiyasiga binoan barcha ijaraga olinayotgan vositalar balansga kiritilmasligi va balansdan tashqari schetlarda aks ettirilishi kerak. Bu operativ yoki moliyaviy ijara shartnomasi bo’yicha olingan aktivlar bo’lishidan qat’i nazar.
Dinamik hisob kontseptsiyasi egalik huquqi degan tushunchani e’tiborga olmaydi. Ushbu kontseptsiya nuqtai nazaridan korxona foydalanadigan har qanday aktiv buxgalteriya balansida ko’rsatilishi kerak.
Bizning fikrimizcha, uzoq muddatli aktivlarning hisobga olishda mulkiy alohidalik tamoyili bilan yuridik shakldan iqtisodiy mazmunning ustuvorligi tamoyili o’rtasida uzviy bog’liqlik bo’lishi zarur. Bundan tashqari, ushbu ikki tamoyilning amal qilishi daromad va xarajatlarning mutanosiblik tamoyiliga asoslangan bo’lishi lozim. Mulkdan foydalanuvchi aktivlardan foydalanish natijasida iqtisodiy naf olar ekan, u holda mulkning yuridik huquqi aktivlarning buxgalteriya balansida aks ettirishga asos bo’lmasligi kerak.
Buxgalteriya hisobi amaliyoti va yuridik talqin nuqtai nazaridan kelib chiqib uzoq muddatli aktivlar hisobiga mulkiy alohidalik tamoyilini qo’llash quyidagicha tashkil etilishi mumkin: shaxsiy mulkchilik, xo’jalik yuritish yoki operativ boshqaruv huquqida bo’lgan uzoq muddatli aktivlar, boshqa yuridik shaxslarning uzoq muddatli aktivlaridan ajratilgan holda hisobga olinadi.
Uzoq muddatli aktivlar hisobi negizida yotuvchi keyingi muhim tamoyil – bu faoliyatning uzluksizligidir. Ushbu tamoyil korxonani bir maromda faoliyat yuritishini va yaqin kelajakda o’z faoliyatini davom ettirishini bildiradi. Uzluksiz tamoyiliga asosan korxonada o’z faoliyatini tugatish yoki qisqartirish niyati bo’lmaydi va shuning uchun uning majburiyatlar o’rnatilgan tartibda qondiriladi.
Faoliyat uzluksizligi tamoyili korxona aktivlarini baholash usullarini tanlash imkoniyati asosida yuzaga keladi. Professor Ya.V.Sokolovning ta’kidlashicha, hukumat tomonidan o’tkaziladigan asosiy vositalarni qayta baholash faoliyat uzluksizligi tamoyilining muntazam ravishda buzilishiga olib keladi.17 Bizning fikrimizcha, o’tkaziladigan qayta baholash mazkur tamoyilning buzilishiga olib kelmaydi. Mazkur tamoyil asosida aktivlarni o’zgarmas baholarda hisobga olish emas, balki faoliyat yuritayotgan korxonani tan olish yotadi.
Dinamik hisob kontseptsiyasiga binoan asosiy vositalarni dastlabki yoki tiklanish baholari asosida baholash korxona aktivlarining rentabelligini hisoblash uchun zarur. Korxona faoliyati uzluksizligi tamoyili mos kelish tamoyili bilan solishtirilishi lozim, ya’ni unga ko’ra, xarajatlar o’sha hisobot davriga shunday mos kelishi kerakki, shunga yarasha daromad olingan bo’lishi kerak. Inflyatsiyaning o’sib boruvchi va tayyor mahsulotning narxni oshirishga olib keluvchi darajasi mazkur korxonaning asosiy vositalarini qayta baholash zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Faoliyat ko’rsatayotgan korxona uchun uzoq muddatli aktivlarni baholash balans qiymati bo’yicha amalga oshiriladi, bu yerda balans qiymati deganda dastlabki qiymati, shuningdek, joriy tiklanish, yoki o’tkazilgan qayta baholashlar yordamida hisoblash, yoki ekspert yo’li bilan aniqlangan joriy bozor baholari tushunilishi mumkin. Cheklangan xizmat muddatiga ega bo’lgan uzoq muddatli aktivlar uchun mazkur muddat davomida dastlabki qiymat tizimli ravishda kamayadi, shunga asosan, korxonaning buxgalteriya balansida uzoq muddatli aktivlar qoldiq qiymatda qayd etiladi. Agar korxona o’z faoliyatini tugatsa, korxona faoliyatining uzluksizlik tamoyili buziladi. Bunday sharoit korxona mulkini baholash usulini o’zgartirish lozim.
O’z faoliyatini tugatayotgan korxona uchun uzoq muddatli aktivlarni baholashda sotish qiymati usuli qo’llanilishi lozim. Bunda quyidagi holatlar vujudga kelishi mumkin:
yuridik shaxsning uzoq muddatli aktivlarini sotish qiymati kreditorlik qarzlarini qoplash uchun yetarli bo’ladi;
yuridik shaxsning uzoq muddatli aktivlarini sotish qiymati kreditorlar talabini qondira olmaydi va ular o’zlariga tegishi mumkin bo’lgan ulushning bir qismini oladi;
yuridik shaxsning uzoq muddatli aktivlarini sotish qiymati qarzlardan ancha ko’p va u qarzlarni to’laligicha qoplash uchun yetarli.
Shunday qilib, korxona faoliyatining uzluksizlik tamoyilini uzoq muddatli aktivlar buxgalteriya hisobiga tatbiq etib, quyidagicha ifodalash mumkin: faoliyat olib borayotgan korxonaning uzoq muddatli aktivlari balans qiymati (dastlabki, joriy tiklanuvchi, joriy bozor baholarida, qoldiq baholar)da baholanadi. Korxona faoliyati to’xtatilib oraliq tugatish balansi tuzilayotganda, uzoq muddatli aktivlar sotish qiymat bo’yicha baholanadi.
Moliyaviy hisobotlarni tuzish va taqdim etish kontseptual asosiga ko’ra, hisoblash tamoyili korxona xo’jalik faoliyatining ma’lum bir davrini tavsiflaydi, ya’ni sodir etilgan xo’jalik operatsiyalari aynan o’sha davrga taalluqli deb tan olinadi, bunda pul mablag’larini to’langan yoki olingan payti inobatga olinmaydi. Shunday qilib, hisoblash tamoyili bu buxgalteriya hisobida bo’lib o’tgan xo’jalik operatsiyalarni mazkur hisobot davrida tan olinishi lozim ekanligini e’tirof etish demakdir. Shuning uchun korxona faoliyati tugatilayotganda aktivlarni sotish bahosi ularni sotishdan olinadigan daromadlarni hisoblash imkonini beradi.
Bizning fikrimizcha, hisoblash tamoyilini 3 ta mustaqil tamoyilga ajratish maqsadga muvofiq. Bular: a) xarajatlarni aniqlash tamoyili;
b) daromadlarning xarajatlarga mos kelish tamoyili; v) qayd qilish tamoyili.
Xarajatlarni aniqlash tamoyilining ma’nosi shundan iboratki, xarid qilingan aktivlarga to’langan pul va uning ekvivalentlari o’z holicha xarajat hisoblanmaydi, balki o’sha mablag’larni to’lash natijasida majburiyatlarining vujudga kelishi xarajat bo’lib hisoblanadi.
Daromadlarni qayd qilish tamoyili ularning haqiqatda kelib tushgan vaqtidan qat’i nazar, ular vujudga kelgan hisobot davrida tan olinishini bildiradi.
Hozirgi kunda buxgalteriya hisobi qoidalarida daromadni tan olishning asosiy mezoni qilib mulkka egalik huquqining hamda mulkka nisbatan risklarning sotuvchidan oluvchiga o’tishi payti qabul qilingan. Uzoq muddatli aktivlar bo’yicha operatsiyalarda alohida obyektlarni vaqtinchalik foydalanishga berishdan, sotilishi va boshqa chiqimlaridan ham daromadlar olish mumkin. Bunday daromadlar ham qayd etish tamoyili asosida tan olinishi va hisobga olinishi lozim.
Daromadlarning xarajatlarga mos kelish tamoyili shuni ko’zda tutadiki, daromad olish uchun qilingan xarajatlar buxgalteriya hisobida daromadlar ko’rsatilgan davrda keltiriladi. Bu tamoyilning muallifi nemis olimi E.SHmalenbax hisoblanadi. Uning fikricha, uzoq muddatli aktivlar - bu kelgusida daromad olish uchun bugun qilingan xarajatdir.
Mos kelish tamoyilining qo’llanish zaruriyatini Amerikalik iqtisodchi olimlar quyidagicha ta’kidlaganlar: “Mos kelish qoidasini shunday tushuntirish mumkin: daromad keltirishga sabab bo’lgan xarajatlar olingan daromad qaysi davrga tegishli bo’lsa, o’sha davrga tegishli bo’ladi”18.
Professor M.I.Kuterning ta’kidlashicha, - “Mazkur tamoyilning qo’llanilishi davr xarajatlarini ishlab chiqarish tannarxiga tenglashtirishga imkon beradi”1920.
Mos kelish tamoyilini amaliyotda qo’llash anchayin qiyin hisoblanadi. Mazkur tamoyilning qo’llanilishi hisobot davrida ishlab topilgan daromad, albatta, shu davrda amalga oshirilgan xarajatlarga bog’liq bo’lishini taqozo etadi. Ushbu tamoyilni amalga oshirish uchun xorij amaliyotida buxgalteriya hisobining maxsus usullarini qo’llash ko’zda tutilgan. Bu usullar konstatatsiya yoki transformatsiya deb ham ataladi. Xarajatlar va daromadlarni bir hisobot davrida hisobga olish konstatatsiya usuli deb e’tirof etiladi. Xarajatlar va daromadlar ikki va undan ortiq hisobot davrlariga tegishli bo’lsa, transformatsiya vujudga keladi.
Uzoq muddatli aktivlar buxgalteriya hisobiga xarajatlar transformatsiyasi jarayonini qo’llash ma’nosini quyidagicha ifodalash mumkin: uzoq muddatli aktivlarni sotib olish bo’yicha ularning dastlabki qiymati kelgusida olinadigan iqtisodiy naflarga mos ravishda amortizatsiya ajratmalari ko’rinishida xarajatlar hisobiga chiqariladigan kapitallashgan xarajatlarga transformatsiya qilinadi.
Uzoq muddatli aktivlarning tiklanishi bo’yicha amalga oshirilgan xarajatlar joriy xarajatlarga (agarda qilingan xarajatlar hisobot davrida olinadigan iqtisodiy nafga mos kelsa), kechiktirilgan xarajatlarga (agarda qilingan xarajatlar ikki va undan ortiq hisobot davrida iqtisodiy naf olishga imkon bersa), kapitallashgan xarajatlarga (agarda qilingan xarajatlar uzoq muddatli aktivlarning boshlang’ich qiymatini ko’paytirib, kelgusi davrda iqtisodiy naf olishga imkon bersa) transformatsiyalanadi.
Daromadni olish huquqi ushbu hisobot davriga mos kelsa, joriy daromad hisoblanadi, aksincha kelgusida daromad sifatida tan olinib, ularni olish huquqi ham kelgusida vujudga kelsa, u holda daromad transformatsiyalanadi.
Buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillaridan biri bu ehtiyotkorlik tamoyilidir. Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarida mazkur tamoyilning quyidagicha ta’rifi berilgan: “Ehtiyotkorlik noaniqlik sharoitida zarur bo’lgan hisob-kitoblarni ishlab chiqish uchun tegishli bo’lgan mulohazani shakllantirishda muhim, shunday ehtiyotkorlik choralarini ko’rish natijasida aktivlar va daromadlar ortib ketmagan, majburiyat yoki xarajatlar pasayib ketmagan bo’lishi kerak.21
Shunday qilib, ehtiyotkorlik tamoyili moliyaviy hisobotni tuzishda to’rtta qoidaga tayanadi: aktivlarni oshirmaslik, daromadlarni oshirmaslik, xarajatlarni kamaytirmaslik, majburiyatlarni kamaytirmaslik.
“Aktivlarni oshirmaslik” qoidasini uzoq muddatli aktivlarga nisbatan qo’llash Xalqaro standart tomonidan quyidagi holatlarda qo’llaniladi: uzoq muddatli aktivlarning buxgalteriya hisobida tan olinishida, ularning foydali xizmat ko’rsatish davri belgilanganda balans qiymatiga, uzoq muddatli aktivlarni undirib olinadigan qiymati miqdorida tuzatishlar kiritilganda.
Amerikalik olim A.A.Bernstaynning ta’kidlashicha: “Konservatizmning sharti asosiy vositalarning qiymatini doimo kamaytirishni yoki asosiy vositalarni hisobdan chiqarishda ko’riladigan zarar buxgalteriya hisobida bevosita hisobdan chiqarish bilan ko’rsatilishini talab etadi. Bu faqat qiymat va foydalilikning kamayishini ko’rsatish uchungina emas, balki kelajakdagi davrlarda aktivlarni foydalilik va unumlilik sharoitida ushlab tura olishiga qodir bo’lmay qolgan xarajatlardan xalos etish uchun ham zarur”.22
Shunday qilib, ehtiyotkorlik tamoyili daromadlarning xarajatlarga mos kelishi tamoyiliga bilan o’zaro bog’liq. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq, uzoq muddatli aktivlarning iqtisodiy naf keltira olish qobiliyati ularning foydali ishlash davrini aniqlashning muhim omili hisoblanadi.
“Aktivlarni oshirib yubormaslik” qoidasini ro’yobga chiqarish maqsadida kompaniya uzoq muddatli aktivlarning foydali ish davrini qisqartirishda tezlashtirilgan ammortizatsiya usulini qo’llashi mumkin.
Bunday baholashda xalqaro standartlar uzoq muddatli aktivlarning foydali xizmat davri mobaynidagi kompaniya xarajatlarini qoplash summasi sifatida talqin qiladi. Qoplanadigan summa uzoq muddatli aktiv obyektlarining balans qiymatidan kam bo’lmasligi lozim. Agar balans qiymati qoplanadigan summadan yuqori bo’lsa, ular o’rtasidagi farq kompaniya zarariga kiritiladi.
Buxgalteriya hisobining milliy standartida ehtiyotkorlik tamoyili o’z aksini topgan. Chunonchi, “Moliyaviy hisobotni tuzish va buxgalteriya hisobini yuritish va taqdim etish uchun kontseptual asos”da korxona hisob siyosatining ehtiyotkorlik tamoyillariga javob berishi qayd etilgan.
Uzoq muddatli aktivlarga nisbatan ehtiyotkorlik tamoyili buxgalteriya hisobi qoidalariga bog’liq holda aktivlarni baholashning eng kam bahodagi variantini qo’llashni taqozo etadi. Bu usul rus olimi A.K.Roshaxovskiy tomonidan to’liq talqin etilgan. Uning fikricha, “aktivlar qiymatini oshirib emas, balki pasaytirib ko’rsatilgani ma’qul va ularning qiymati, ixtiyoriy summaga kamaytirilishi zarur. Mayda idora buyumlarining qiymati esa umuman buxgalteriya balansida aks ettirilmaydi. Bunday ehtiyotkorlik aktivlar qiymatini bo’rtirib ko’rsatishning oldini olishnigina emas, balki kelgusidagi ayrim zararlarni ham aktivlar qiymatini kamaytirish orqali hisobdan chiqarib yuborish imkonini beradi.”23
Uzoq muddatli aktivlarning bir obyektiga nisbatan ikki xil ehtiyotkorlik kontseptsiyasi mavjud:
dinamik buxgalteriya hisobi nuqtai nazaridan ehtiyotkorlik tamoyili, bunda uzoq muddatli aktivlarning ularni faqat sotish yoki boshqa sabablar bilan chiqib ketishi holatidagi real qiymatini aniqlashni ko’zda tutadi;
statik buxgalteriya hisobi nuqtai nazaridan ehtiyotkorlik kontseptsiyasi, bu hali sotilmagan uzoq muddatli aktivlarning potentsial zararini e’tiborga olishni nazarda tutadi, ya’ni uzoq muddatli aktivlarning sof sotish qiymatini pasayishi e’tiborga olinadi.
Statik hisob kontseptsiyasi amaldagi buxgalteriya hisobotlarida to’liq qo’llanilmaydi.
Buxgalteriya hisobi qoidalariga ko’ra egalik huquqiga binoan obyektlar foyda keltirishi yoki keltirmasligidan qat’iy nazar uzoq muddatli aktiv deb tan olinadi. Xalqaro standartlar qoidasiga ko’ra, foyda keltirmaydigan uzoq muddatli aktivlarga qilinadigan sarf xarajatlar zararga olib boriladi.
Uzoq muddatli aktivlarga nisbatan konservatizm tamoyiliga amal qilish mumkin emas, chunki har bir zarar keltiruvchi obyekt hisobdan chiqarilishi kerak, har qanday aktiv bahosining o’zgarishini o’sha obyektni sotish paytigacha amalga oshirish mumkin emas. Bundan tashqari konservatizm tamoyili boshqa tamoyillar bilan qarama - qarshi jihatlarga ega, chunonchi, korxona faoliyatining uzluksizligi tamoyili bilan ham.
Biroq zamonaviy buxgalteriya hisobida ehtiyotkorlik tamoyili uzoq muddatli aktivlar obyektini qayta baholash va konservatsiyalashda ko’p qo’llanilmoqda. Uzoq muddatli aktivlar narxining oshib ketishi va uning natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi va mol - mulk solig’ining oshishini oldini olish uchun korxona aktivlarini qayta baholashda shunday qayta baholash usullarini qo’llashga harakat qiladiki, buning natijasida uzoq muddatli aktivlar qiymati pasayadi.
Uzoq muddatli aktivlarni hisobga olishda davriylik, moliyalashtirish hamda joriy, kelgusi davr va kapital xarajatlarni alohida hisobga olish usullari metodologik usul bo’lib hisoblanadi.
Buxgalteriya hisobi davriyligi usuli aktivlarning sotib olish bo’yicha bir vaqtdagi xarajatlarini alohida hisobot davrlari bo’yicha taqsimlashni ko’zda tutadi. Shunday qilib, uzoq muddatli aktivlarni sotib olish bir vaqtda katta xarajatlar qilinishini taqozo etadi, lekin bu xarajatlar qaysi davrda vujudga kelgan bo’lsa, o’sha hisobot davriga kiritilmaydi. Shuning uchun aktivlardan foydalanish muddatining dastlabki hisob-kitobi amalga oshiriladi va ulardan samarali foydalanish davri aniqlanadi. SHuningdek, uzoq muddatli aktivlarning har bir hisobot davriga to’g’ri keluvchi qismi ajratiladi.
Moliyalashtirish usuli, asosan, moliyaviy va xo’jalik operatsiyalarini amalga oshirishda qo’llaniladi. Professor A.M.Galaganning ta’kidlashicha, “Moliyalashtirish - bu hisob qaydnomasini yuritishdir, bunda ham moliyaviy, ham xo’jalik tomonlar qayd etiladi”.24 SHunday qilib, qandaydir aktivni sotib olish operatsiyasi ikkita qo’shaloq schetlarda qayd etilishi mumkin. Bulardan biri - aktivlarni hisobga olish uchun, ikkinchisi - manbani hisobga olish uchun mo’ljallangan. Ushbu usul hozirgi kunda mamlakatimizda byudjet muassasalarida asosiy vositalarni hisobga olishda qo’llanilmoqda.
Uzoq muddatli aktivlarni sotib olish paytida korxonaning bir vaqtdagi katta xarajatlari vujudga keladi. Bu xarajatlar pul mablag’lari to’lash, debitorlik qarzlarining vujudga kelishi, boshqa aktivlarga almashtirish orqali amalga oshirilishi mumkin. Ko’rsatilgan xarajatlar korxonaning uzoq muddatli aktivlari qiymatini oshirishi hamda joriy yoki kelajak davr xarajatlariga tegishli bo’lishi mumkin. SHuning uchun yuqoridagi xarajatlarni joriy, kelgusi davr va kapitallashgan xarajatlarga ajratish juda muhim. Uzoq muddatli aktivlarni sotib olganda sotib olish bo’yicha xarajatlarning katta qismi kapitallashtiriladi, biroq xarajatlarning bir qismi joriy davr xarajatlariga kiritilishi mumkin. SHunday qilib, buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillari uzoq muddatli aktivlarni hisobga olishning kontseptual asosini belgilaydi. Ushbu asosiy tamoyillarga tayangan xolda uzoq muddatli aktivlar bo’yicha operatsiyalarni moliyaviy hisobotda o’zaro aloqadorligini quyidagicha tasvirlash mumkin 1.3–rasm).
Mazkur aloqadorlik uzoq muddatli aktivlarni kirim qilinishi, ichki xarakati va chiqib ketishi va ularni pul oqimlardagi xarakatini moliyaviy hisobotning shakllarida mantiqiy ketma-ketligini tasvirlaydi.
Asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar va uzoq muddatli debitorlik qarzlari va kechiktirilgan xarajatlarni buxgalteriya balansida hisobot davri boshiga va oxiriga bo’lgan holatini ifodalasa, moliyaviy natijalar hisobotida ular bo’yicha hisoblangan eskirish qiymatlari va ularni sotish yuzasidan vujudga kelgan moliyaviy natijalarni aniqlanadi. Pul oqimlari to’g’risidagi hisobotda esa ularning xaridi va sotilishi hamda xarakati bilan vujudga keladigan pul oqimlari xarakati o’z aksini topadi.
II BOB. Asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va investitsiyalar hisobining metodologik masalalari
|
| |