|
Muhammad payg‘ambar hayoti va uning islom
|
bet | 156/193 | Sana | 29.05.2024 | Hajmi | 2,19 Mb. | | #256562 |
Bog'liq Muhandislik-texnologiyaMuhammad payg‘ambar hayoti va uning islom
uchun olib borgan kurashlari. Makka davri
Muhammad Ibn Abdulloh yoki Muhammad payg‘ambar Saudiya Arabistonidagi Makka shahrida Quraysh qabilasining Xoshimiylar xonadonida melodiy yil hisobida 570 yilda tug‘ilgan. Ilk Islom manbalaridagi ma'lumotlarga qaraganda, Muhammad «fil egalari yurishi» deb atalgan tarixiy voqyeadan ellik kun keyin tavallud topgan. Islom an'anasida bu 1-«fil yili» rabi'-ul-avval oyining 12-kuni deb qabul qilingan. Al-Xorazmiy va al-Beruniylarning aniqlashlaricha, bu tarix 570 yilning 20 apreliga to‘g‘ri keladi.(Qarang: Mutallib Usmonov. Qur'oni Karim va janobi Rasululohning amallari.T., «Nur». 1992 yil, 5-bet).
Arabiston sahrolarida ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullangan Quraysh qabilasining o‘ndan ortiq urug‘i V asr boshlarida Makka vohasiga joylashib, o‘troqlashgan edi. Bu joyda mavjud bo‘lgan Ka'ba ibodatxonasi Ibrohim payg‘ambar o‘g‘li Ismoil bilan birga boshpana uchun qurgan, degan rivoyatlar ham bor. Zam-zam bulog‘i hamda uning atrofidagi yerlar qadimdan arablar o‘rtasida muqaddas hisoblangan va vaqti-vaqti bilan bu yerni ziyorat qilish qabilalar o‘rtasida odatga aylanib ketgan. Chunki, Ka'bada qabilalarning o‘z xudo-ilohalari-yu ma'budalari uchun qo‘ygan butlari, sanamlari, haykallari mavjud bo‘lib, ularning jami soni 360 ta edi. Ana shu xudolarga atab har yili bahor va yoz oylarida Arofat tepaligida arablar tuya, mol, qo‘y kabi hayvonlarni so‘yib xudoyilik qilganlar. Ka'ba yonidagi qora toshga sig‘inib, uning atrofidan aylanib zikr raqsiga tushganlar. Zam-zam suvidan iste'mol qilib, unga jannatdagi kavsardan yer yuziga otilib chiqqan muqaddas ne'mat suvi deb bilganlar. Shu tariqa V asr o‘rtalaridayoq Makka shaharga aylangan. Makkada katta bozorlar vujudga kelib, unga atrofdagi arab qabilalari, uzoq yurtlardan ham savodgarlar kelishib tijorat va ziyorat qilganlar. Hozirgi vaqtda ham ana shu jarayon xaj marosimi nomi bilan davom etmoqda.
Makkadagi hoshimiylar xonadoni nufuzli urug‘lardan hisoblangan. Muhammad avlodlari shu xonadondan chiqqan. Muhammad ham yosh bo‘lgan paytlarida Makka ziyoratgohlari-ning tasarrufi hoshimiylar qo‘lida bo‘lib, uning bobosi Abdul Mutallib Ka'baning bosh shayxi, eshik kalitlarini saqlovchi edi. Abdul Mutallibning oltita o‘g‘li bo‘lib, ikkinchisi - Abdulloh Muhammadning otasi. U Muhammadning tug‘ilganini eshitib savdo karvoni bilan falastindan qaytib kelayotib yurak og‘rig‘i kasalidan Madinada vafot etgan. Onasi Omina esa chaqalog‘ini ko‘tarib karvon bilan qaytgani haqida manbalarda ma'lumotlar mavjud.
O‘sha davrda Makkada o‘ziga to‘q arablar orasida farzandini atrofdagi qishloqlardagi ayollarga emizishga berish odati bo‘lgan. Muhammadni ham bobosi Sa'd ibn Bakr qabilasidagi Halima Ismli ayolga emizishga bergan. Muhammad enaga bag‘rida besh yoshigacha yashagan va keyin makkaga, uyiga olib kelingan.
Bu o‘rinda shuni ham tilga olib o‘tish kerakki. Muhammad besh yoshida, hali Halimaning bag‘rida yashayotgan vaqtidayoq kelajakda payg‘ambar bo‘lishi uchun osmondan ikkita farishta tushib ko‘kragini ochishgani, qalbidagi insonlarga xos bo‘lgan g‘araz va yomonliklarni ildizi bo‘lgan qora qoni olib tashlangani va qalbini poklashgani haqida rivoyat bor. Bu voqyeani islom tarixida «Sa'd» voqyeasi deb ataladi.
Muhammad olti-yetti yoshligida, ya'ni onasi Omina hayotdan ko‘z yumgach, uni bobosi Abdumutallib o‘z tarbiyasiga olgan. «Abdumutallib Muhammad allayhissalomni o‘z bolalaridan yuqori tutib har tarafga borsalar olib borar erdilar».(Qarang: Badoyi'u-r-rivoyat.T., «Yozuvchi» nashriyoti, 1995 yil, 12-bet).
Lekin oradan ikki yil o‘tib, bobosi ham vafot etgan. Shundan keyin Muhammad tarbiyasi katta amakisi Abu Tolib qo‘lida bo‘lgan. Bolaligida u amaksining qo‘y va echkilarini boqqan. Keyinchalik Abu Tolib Muhammadni bir marotaba karvon bilan Suriyaning Busro shahridagi bozorga ham olib borgan. Ancha voyaga yetganda Muhammad savdo karvonlarini tuzishda xizmat qilgan. 595-yilda amakisining maslahati bilan Muhammad badavlat beva ayol Xadichaning xizmatiga kirib, uning mollarini karvon bilan Suriyaga olib borib sotib kelgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u Xadichaga uylangan.
Ilk Islom manbalarida Xadichaning yoshi haqida ikki xil ma'lumot uchraydi. Ovrupo islomshunoslari Muhammad 25 yoshida o‘zidan 15 yosh katta bo‘lgan ayolga uylangan, deb kamsitish maqsadida, faqat ana shu ma'lumotlardan bittasini mutloqlashtirganlar. Ularning asarlari orqali bu ma'lumot Sovet milliy va targ‘ibot adabiyotida ham keng tarqalgan edi.
Aslida, ikkinchi ma'lumot ham mavjud bo‘lib, bu ma'lumotlar Muhammadning keyingi xotini oysha so‘zlariga asoslangan. Shunga ko‘ra Muhammad uylangan vaqtda 23 yoshda, Xadicha esa 28 yoshda bo‘lgan. Bu ma'lumotni haqiqatga yaqinroq deb hisoblash kerak, chunki Xadicha Muhammaddan oltita farzand ko‘rgan. Birinchi ko‘rgan farzandi, o‘g‘liga al-Qosim deb ism qo‘ygan, u ikki yoshligida vafot etgan. To‘rt qiz: Zaynab, Ruqiya, Ummi-Gulsum, Fotimalar katta bo‘lib turmush qurishgan. 613 yilda esa yana bir o‘g‘il ko‘rgan bo‘lib, unga at-Tohir deb, ism qo‘ygan, u go‘dakligida vafot etgan.
(Qarang: Mutallib Usmanov. Qur'oni Karim va janobi Rasulullohning amallari.T., «Nur» , 1992 yil 9,73-betlar).
Muhammad bilan Xadicha 15 yilga yaqin g‘oyat tinch va yaxshi turmush kechirganlar. Qizlarini turmushga uzatganlar. Zaynabni uzoq qarindoshining o‘g‘li Lakit Abul-Os ibn Rabiga, Ruqiya bilan Ummi-Gulsumni esa amakisi Abdul Uzzaning ikki o‘g‘liga, Fotimani amakisi Abu Tolibning o‘g‘li Aliga turmushga berganlar. Oilada: Muhammad, Xadicha, Fotima, Ali, ozod qilingan qul-o‘g‘il Zayd ibn al-Xorisa, hammasi bo‘lib besh jon yashashgan.
Savdo ishlari bilan Suriya, Falastinga borgan vaqtlarida Muhammad iudaizm (yahudiy) va nasroniy (xristian) dinlari bilan tanishgan, katta ruhoniylar suhbatida bo‘lib, yakka xudo va payg‘ambarlar, ayniqsa Muso (Moisey) va Iso (Iisus) payg‘ambarlar to‘g‘risida ko‘p qiziq ma'lumotlar eshitib, ta'sirlangan. Yoshlik paytlarida bobosi Abdul Mutallib va uning suhbatlarida qatnashgan ulamolardan din to‘g‘risida ko‘p saboq olgan edi. U bir necha yillar mobaynida mutassil ravishda diniy tafakkur va ibodat bilan shug‘ullanib turgan. Uning xotirasi kuchli bo‘lib, xulosalar chiqarishga qobiliyatli bo‘lgan. Nihoyatda taqvodorlik bilan hayot kechirgan. Muhammad Makka yaqinidagi Xiro g‘origa borib doimo ibodat qilgan, bir necha kunu tunlarni shu g‘orda o‘tkazish odati bo‘lgan. «Diniy yozuvlarni biladigan odam» sifatida tanilgan qarindoshi Varaqa ibn Navfaldan ham ta'lim olgan. Muhammad payg‘ambar 610 yilda 40 yoshida Makkada aktiv Xanif sifatida faoliyat boshlab, Islom dini, barcha borliqning, u dunyo-yu bu dunyolar egasi Ollohni targ‘ib qilib, hammani yangi dinga e'tiqod qilishga da'vat eta boshlagan.
Muhammadga vahiy kelgan. Ollohdan farishta Jabroil vahiy keltirgan. (Vahiy - lug‘aviy ma'nosi: «Uqdirish», «diliga solish» mazmunida Ollohning payg‘ambariga yuborgan amri).
Muhammadning Islom dini uchun olib borgan kurashi ikki davrga: Makka va Madina davrlariga bo‘linadi.
Islomni Makka davridagi targ‘iboti, mushrikiylikka qarshi olib borgan kurashi, melodiy 610 yilning 15 dan 16 avgustga o‘tar kechasidan boshlanib to 632 yilning 8 sentyabr-igacha, ya'ni 23 yil davom etgan.
Ibn Is’hoq-Ibn Xishomning «Siratu-r-Rasul-Olloh» asarida shunday rivoyat keltirilgan: Muhammad Xiro g‘orida tunab qolgan bir kechada osmondan ovoz eshitgan va farishta Jabroil unga «O‘qi!» deb buyurgan. U «Men o‘qishni bilmayman»,-deb javob bergan. Jabroil yana «O‘qi!» deb ikki bor takrorlagan va har daf'a u og‘ir azob chekkan. Oxirida farishta unga ko‘rsatib turgan yozuvni behos o‘qigan. Keyin Jabroil uning Ollohning elchisi qilib olinganini aytgan. (Qarang: Yuqoridagi kitob, 10-bet).
Rasulilloh Xiro g‘oridan qaytib kelib, bo‘lgan voqyeani va Qur'on surasining vahiy qilinganini xotini Xadichaga aytgan va darhol Xadicha vahiyni kalima qilib qaytarib musulmon bo‘lgan.
Qur'onning 96-«Alaq», Lahta qon surasining dastlabki beshta oyatida:
Bismillohi-r-Rahmoni-r-Rahim
Iqra' bismi rabbika-l-lazi xalak
Xalaka-l-insona min alak
Iqra' va rabbuka-l-akram
Allazi allama bi-l-kalami
Allama-l-insona mo lam ya'lam
Tarjimasi:
O‘qi, yaratgan Parvardigorning nomi bilan
Insonni laxta qondan yaratganning nomi bilan
O‘qi, Parvardigoring fazlu karamli
Uning o‘zi qalam bilan o‘rgatgan
Insonga uning bilmaganini o‘rgatgan.
Dastlabki vahiy kelgan kechasi «Laylatul qadr»-mazmuni «qudrat kechasi» yoki «taqdir kechasi», ilohiy qudrat tufayli Qur'on yuborila boshlangan va unda islomiylar taqdiri belgilangan kecha, degan ma'no mavjud.
Musulmonlar Laylatul qadr kechasini muqaddas deb bilishlari ana shundan paydo bo‘lgan. Dindorlar har yili shu kechada Olloh har bir musulmon ibodat paytida iltijo qilgan tilagini hisobga olib, uning taqdiri haqida hukm chiqaradi, baxt ato etadi, deb ishonadilar. Shuning uchun ham laylatul qadr kechasida Qur'on o‘qib, Ollohga iltijo qilib chiqish rasm bo‘lib, u katta savob hisoblanadi.
Muhammad Rasulilloh targ‘ibotiga dastlab yaqin qarindoshlaridan bir qismi ishonib, uning izdoshlariga aylanishdi. Islomni qabul etganlar safi kengayib borgan. Quraysh qabilasidagi yoshlarning bir qismi ham payg‘ambarga ishonib islomni qabul etganlar. Muhammad dastlabki to‘rt yilda o‘z hovilisida targ‘ibot olib borgan. Uning tarafdorlari 35 kishiga yetgach, badavlat zadagonlardan birining o‘g‘li al-Arkam 614 yilda yig‘ilishlarni o‘z hovlisi-da o‘tkazishni taklif qilgan. Al-Arkam hovlisida islomni qabul qilgan Umar ibn-ul-Hattob 40-musulmon bo‘lgan kishi hisoblanadi. Islom tarixida dastlab islomni qabul qilgan 40-45 kishilar obro‘-e'tiborli bo‘lib, ular orasidan keyinchalik Abu Bakr, Umar, Ali, Ja'far kabi ulug‘ kishilar yetishib chiqqanlar.
Muhammad va uning safdoshlari doimo birga bo‘lishib, to‘ylarda ham, azada ham, namozu ro‘zalarda, iftorlik va jumada ham hamkorlikda bo‘lib, bir-birlarining ahvolidan xabar olishgan, yordam qilishgan, manfaatlari, oila, mol-mulklari doimo bahamjihatlikda yashagan va tasarruf etilgani uchun ularni «mo‘minlar jamoasi» deb atashgan. «Mo‘min-musulmon» atamasi ana shu tariqa paydo bo‘lgan.
Ana shu dastlabki bosqichda Muhammad payg‘ambar targ‘ibotida odamlarni yakka xudo Allohga iymon keltirishga da'vat etadi. Yakka xudoga iymon mohiyati Ibrohim payg‘ambar e'tiqodini tiklash, odamlarni halollikka, birovning haqqiga xiyonat qilmaslikka chaqirish mazmunida talqin etiladi. Savdo bilan shug‘ullanish savob ish, pulga foyda olish (sudxo‘rlik) esa qattiq gunoh deyiladi, oxirat yaqinlashgani-ni, u kun kelgach, Olloh barchaning ishini hisob-kitob qilishi, oxirat kunining dahshatlari, har kimning qilmishiga yarasha ajr borligi, ya'ni gunohkorlari do‘zaxga, savob ishlar qilganlari jannatga tushishi kabi g‘oyalar targ‘ibotning asosiy mazmunini tashkil etgan.
Islom uchun kurashning Madina davri
Islom tarixidan ma'lumki, Muhammad va uning safdoshlari «muhojirlar», ya'ni ko‘chib kelganlar, yasriblik musulmonlar esa «ansorlar», ya'ni «yordamchilar», deb nom oldilar. Ulardan Muhammad payg‘ambarga eng yaqin turgan va maslahatchi bo‘lgan bir guruhi «sahobalar» (ko‘pligi «asxob»-safdoshlar) deb ataladi. Muhammad payg‘ambar ko‘chib kelgandan so‘ng Yasrib Madina, ya'ni shahar, ba'zan esa Madina an-Nabiy (payg‘ambar shahri) deb atala boshlandi. Keyinchalik Islom adabiyotida Makka va Madina Islomning muqaddas markazi sifatida «Makkai mukarrama» «Madinai munavvara» deb ataladigan bo‘ldi.
Muhammad Madina Markazidagi maydonda o‘z izdoshlari bilan juma namozini o‘qiydi va shundan boshlab barcha musulmonlar to‘planib (jamoat bo‘lib) Muhammad payg‘ambar imomligida namoz o‘qishi an'anaga aylanadi. Shu yerda payg‘ambar birinchi bor xutba aytgan, keyin xutba ham an'anaga aylangan. Xutba islom an'anasida o‘ziga xos duo-iltijo shakli bo‘lib, Muhammad payg‘ambar musulmonlar jamoasiga g‘alaba va omonlik tilab, xutba o‘qigan.
Keyingi islom tarixida hukmronlar tarixining barqaror bo‘lishini tilab, juma namozidan oldin xutba o‘qilgan. Xutba o‘qiydigan ruhoniylar xatib (ba'zan imom-xatib) deyilgan. Muhojirlar va ansorlar bir-birlari bilan aka-uka tutinib, Madinada yagonada diniy jamoa-musulmonlar jamoasi paydo bo‘ldi va uni «Ummat al-Mo‘minin», deb ataldi. Uni ayrim manbalarda qisqa qilib «umma» deb ham ataladi. «Umma» dinga asoslangan kishilarning birlashishi edi.
Muhojirlar bilan ansorlar shahar markazida masjid va payg‘ambarga uy qurdilar. Payg‘ambar oilasini ham Makkadan Madinaga ko‘chirib keltirildi. Makkadan yarim yil ichida bir nechta guruh musulmonlar Madinaga ko‘chib keldilar.
Muhammad Madinada payg‘ambar deb tan olindi, keyinchalik esa siyosiy hokimiyat ham uning qo‘liga o‘tdi. U bosh lashkarboshi, bosh qozi, bosh imom edi. Muhammad payg‘ambar rahbarligida musulmonlar Madinaga ko‘chib kelgandan keyin bu yerda to‘rtta - muhojirlar, avsetlar, xazrajiylar va yahudiylardan iborat guruhlar vujudga keldi. Muhammad ular o‘rtasida birlikka erishish uchun alohida ahdnoma tuzdi va hujjat sifatida rasmiylashtirdi. Olimlarning yozishicha (Masalan, Muhammad Hamidulloh) bu hujjat «Madina konstitutsiya»si edi. Hujjatda, bu to‘rt guruh bir jamoadan iborat, ular bir kuch sifatida jangga kiradi, asirlarni qutqarish uchun sarflangan harajatlarni ham o‘rtada qilinadi, ular o‘z oralaridan hyech kimni qarovsiz qoldirmaydi, qonunbuzar va jinoyatchilarga qarshi birga kurashadi, barcha dindorlarning himoyachisi Allohdir, dindorlar esa bir-biriga himoyachidir, dushman bilan jang tugagach, barcha guruh birlikda sulh tuzadi, o‘ldirilgan shaxs uchun dindorlar bir-biridan qasos olish huquqiga ega, lekin qon to‘kmasdan tovon to‘lash ma'quldir, hamma guruhlar islom dushmani bo‘lgan qurayshlarga qarshi kurashadilar, hyech kim ularni himoya qilmasligi kerak, bu ahdnomani buzganlar Allohning qahriga uchraydi, deb yozib qo‘yilgan edi. Bu tarixiy hujjat islom mamlakatlarida ilk feodalizm davrida g‘oyat muhim ahamiyatga ega edi. Uning ko‘pgina talablari hozir ham ahamiyatga ega. Madinada birlik va hamjihatlik paydo bo‘lgach, Muhammad payg‘ambar Makkaga qarshi kurash boshlab yubordi.
Makkadan shimolga, Falastin va Suriya yerlariga olib boradigan karvon yo‘li Madina yaqinidan o‘tardi. Bu yo‘l Makka hokimlari va savdogarlari uchun g‘oyat katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun, dastlabki yillarda kurash ana shu kavron yo‘li ustida boshlangan.
Dastlabki jang 624-yil mart oyida Badr qudug‘i atrofida bo‘lgan. Bu jangda Muhammad boshchiligida 300 dan ziyod musulmonlar va Abujahl boshchiligida 850 Makkalik qo‘shin qatnashgan. Urushda musulmonlar yengib chiqadi. Natijada musulmonlar jamoasi mustahkamlanadi. Jangda musulmonlar 30 ta ot, 150 ta tuya, ko‘p qurol-anjomlarni o‘lja oladi. 624-yil 16 mart (Hamal) kuni Qur'onning 8-al Anfol (O‘lja) surasi vahiy bo‘ladi. Bu surada o‘ljani qanday taqsimlash ko‘rsatilgan. Unda, o‘ljaning beshdan bir qismi musulmonlar jamoasining manfaatiga, piyoda askarga bir hissa, otliq asqarga ikki hissa berilishi ko‘rsatilgan, adolatli taqsimlashga da'vat qilingan. Keyinchalik bu qoida xalifalar davrida ham saqlanib qolgan. Badr jangida 622 yildagi ahdnoma buzilganligi uchun Kaynuka yahudiy jamoasi jazolanadi va 624 yil 10 aprelda ko‘chirib yuboriladi. Musulmonlar bilan yahudiylarning tarixiy nizolari o‘sha davrdan boshlanib, hozirgi davrda arab davlatlari bilan isroil mojaralarida davom etmoqda.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, musulmonlar bu davrda (Makkada ham Madina ham) an'anaviy muqaddas shahar hisoblangan Quddus (Ierusalim) tomonga qarab namoz o‘qishgan. Qiblaning o‘zgarilishi va Makkadagi Ka'baning qibla deb belgilanishi Badr jangi va Kaynuka bilan to‘qnashuvdan keyin yuz bergan.
Shuningdek, birinchi bor masjidda namoz o‘qish boshlanishi oldidan azon aytish ham shundan boshlangan. Payg‘ambarning Bilol ismli ozod qilingan quli azonchi (muazzin)lik qilishni boshlagan. Xuddi shu davrda birinchi bor ro‘za tutish marosimi va u tamom bo‘lgach ro‘za hayiti namozi ham kiritilgan. Ro‘za tutish 625 yilning ramazon oyidan tutilishi belgilab qo‘yilgan edi. U hozir ham o‘z kuchini saqlamoqda.
Makka zodagonlarining boshlig‘i Abu Suf'yon payg‘ambardan va musulmonlardan o‘ch olishga qaror qiladi. U Madina vohasidagi Banu Nazir degan yahudiy qabilasi bilan yashirin til biriktirib, ulardan musulmonlar to‘g‘risida ma'lumotlar to‘playdi. 625 yil 21 martda Uhud degan adirlikda jang bo‘lganligi uchun «Uhud jangi» deyiladi. Bu jangda makkaliklardan 3000 otliq va tuya minggan askar va musulmonlardan ming kishilik lashkar Muhammad qo‘mondon-ligida qatnashadi. Maydonga makkaliklardan pahlovon Abu Talha va madinaliklardan Bahodir Ali tushadi. Ali Talhani yengadi va musulmonlar hujum boshlab makkaliklarning markazi yanchib tashlanadi. G‘alaba alomatlari ko‘rina boshlaganda askarlardan bir qismi makkaliklar qarorgo-hidagi o‘ljalarga tashlanadi. Bularni ko‘rgan kamonchilar ham o‘ljaga qarab ketadilar, natijada mudofaa mavqyei ochiq qoladi. Makkaliklarning 200 otliqdan iborat guruhi Hamid Ibn Valid boshchiligida musulmon qo‘shinlarining o‘ng qanotini osongina qirib tashlaydi. Madinaliklar chekina boshlagan paytda Muhammad boshiga urilgan qilichdan yaralanadi. Madinaliklar payg‘ambarni jang maydonidan olib chiqadilar va tog‘ orasiga yashiradilar. Jang maydonini aylanib chiqqan Abu Suf'yon musulmonlardan o‘chini olganiga qanoat hosil qilgach, ularning iziga tushib ta'qib qilmasdan orqaga, Makkaga qaytadi.
Musulmonlar tog‘ oralig‘idan chiqib halok bo‘lganlarni yig‘adilar. Payg‘ambarning, ular shahid (ya'ni islom dini uchun jang qilib fidoyi bo‘lganlar), shu boisdan yuvish va kafan-lashga muhtoj emas, degan hukmi asosida o‘z kiyimlarida dafn qiladilar. Bu keyinchalik aylanadi. Musulmonlar shaharga qaytgach, bir necha kun motam tutadilar. Ilk manbalardagi ma'lumotlarga ko‘ra, musulmonlardan 70-74 kishi, ular orasida payg‘ambarning eng jangovar amakisi Hamza ham shu jangda halok bo‘ldilar. Makkaliklar talofati esa 24 kishidan iborat bo‘ldi.
Uhud jangidagi mag‘lubiyatdan keyin Madinada bir oz kelishmovchilik, payg‘ambarni ayblash bo‘lib o‘tadi, ammo umuman Muhammadning obro‘siga putur yetmagan. Dushman bilan til biriktirgani va payg‘ambar, uning safdoshlariga suiqasd uyushtirgani uchun Banu Nazir yahudiy qabilasi bilan urush olib boriladi hamda 625 yilning sentyabrida bu qabila ko‘chirib yuboriladi.
Ularning yerlariga musulmonlar ko‘chib kelib joylashadi. Bu vaqtdan keyin musulmonlar bilan yahudiylar murosasi yomonlashadi.
Banu Nazir qabilasi bilan urush bo‘lib turgan vaqtda bir necha musulmon qaerdandir ichkilik topib ichishadi va kayf qilib, o‘zaro janjallashadilar. Shu munosabat bilan Qur'onning 5-Moida surasidagi 90-oyatda aroq va boshqa kayf qiladigan ichkilik harom, deb ko‘rsatilgan. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, ichkilikni Qur'onda birdaniga harom deyilgan emas. Avval, Makka davrida kayf qiladigan ichimlik Xudo bergan rizq (musallas uchun) kunjut, zaytun yog‘ini siqib olish kabi Allohning ne'matlaridan deyilgan (12-sura 49-oyat). Madinaga xijrat qilingach, oradan ko‘p o‘tmay, maydan ma'lum foyda ham bor, lekin uning foydasidan zarari ko‘proq deyilgan (2-sura 219-oyat). Payg‘ambarning yaqin safdosh-laridan biri Amir Ibn Avf (Uhud jangidan so‘ng) kayf bilan namozga kirib, Qur'on surasini buzib o‘qiydi. 4-sura 43-oyatdagi «kayf holatingizda namozga yaqinlashmangiz», degan ko‘rsatma ana shu hodisa bilan bog‘liq hisoblanadi. Ichkilikbozlikning musulmonchilikka zid, ahloq-odobga xilof, jamiyatga zararli ekanligini yodda saqlamoq darkor, buni bizga Rasulullohimiz aytib ketganlar.
Uhud jangidan keyin Muhammad rahbarligida atroflardagi badaviy arablari musulmonlikka dohil qilindi, jamoa mustahkamlandi. Payg‘ambarimiz diniy rahbar, bosh imom ham harbiy qo‘mondon (lashkarboshi), ham ma'muriy rahbar sifatida hamma tan olgan buyuk shaxsga aylandi.
Hijratdan keyingi o‘tgan 3 yil ichida huquqiy va ahloqiy munosabatlarni takomillashtirishga qator karor va qonunlar kiritiladi va ular keyinchalik islom shariatida mustahkam o‘rin egallaydi. Bu qoidalarning asosiy qismi Qur'onning 2-al-Baqara («Sigir») va 4-al-Niso («Ayollar») suralarida bayon etilgan.(Qarang: Qur'oni Karim. Alouddin Mansur. «Cho‘lpon».T. 1990 y. 6-35.54-71-betlar). 2-al-Baqara surasida jumladan, hijratning ikkinchi yilida Makkadagi Ka'ba tomon qibla, deb hisoblangan (2-sura, 143-150 oyatlar). Jihod urushlarida (islom dini uchun) halok bo‘lgan kishilar shahid deb belgilangan (2 suraning 154-oyati). Musulmonlarga o‘limtik go‘shti, qon, to‘ng‘iz go‘shti, Allohdan boshqa (sa-nam)larning nomini tilga olib so‘yilgan hayvonlarning go‘shti harom qilingan (2-sura 173-oyat). Qasos olish, o‘lim oldidan o‘z mol-mulkini vasiyat qilish, ro‘za tutish, haj marosimlarini ijro etish (2-suraning 196-200-oyatlari), qurbonlik qilish (2-suraning 196-oyati) haqidagi qoidalar kiritilgan (2-suraning 178-187-oyatlari). Pora berish va pora olish ta'qiqlangan (2-suraning 188-oyati). Kayf qiladigan ichkilik ichish noma'qul deyilgan, maysir (arablar o‘rtasida keng tarqalgan qimor o‘yini) ta'qiqlangan (2-suraning 219-oyati). Oila-nikoh qoidalari, mahr berish, taloq, uch taloq, erdan ajralgan yoki eri o‘lib beva qolgan ayollarning kutish muddatlari (addat-idda), farzandni emizish, otalik-onalik huquqi kabi (2-sura 226-243-oyatlar) qoidalar kiritilgan.
625 yilning oxiri 626 yilning boshlarida vahiy qilingan 4-surada oila, nikoh, vorislik, yetim-yesirlar huquqi kabi 2-suradagi (Uhud, jangidan keyin) masalalar yanada batafsilroq aytib o‘tilgan. Mukammal yangi qonun-qoidalar (4-suraning 1-39, 127-130-oyatlar), shuningdek jihod urushlarida ishtirok etish, shahidlar va ularning oilalari haqidagi qoidalar vahiy etilgan (4-suraning 71-104-oyatlari).
Islom tarixida, sho‘ro islomshunosligida va targ‘ibotga moyil adabiyotlarda ko‘pgina munozara, kelishmovchilikka sabab bo‘lgan ko‘p xotin olish (poligamiya) masalasiga alohida to‘xtalib o‘tmoq zarur. Bu masalaning tub tarixiy mohiyatini oyatning matnini tahlil qilmasdan tushunish qiyin. 4-suradagi 3-oyat «Oyat at-taadud az-zavjot» (ko‘p xotinlilik haqidagi oyat) deb nomlangan. Uning arabcha matni quyidagicha: «Va ni xiftum allo tuksitu fi-l-yatomo fankixu mo toba lakum minan-nison masno va sulosa va rubo'a, fa in xiftum allo ta'dilu fa-voxidatan av mo malakat aymonikum, zolika adno allo ta'ulu», ya'ni «Agar yetimlarga nisbatan adolatsizlikdan qo‘rqsangiz, u holda o‘zlaringizga yoqqan ayollardan ikkitasini, uchtasini, to‘rttasini nikohingizga olingiz. Ularga nisbatan teng bo‘lolmaslikdan qo‘rqsangiz, unda faqat bittasiga, yoki o‘z qo‘l ostingizda bo‘lganlarga nikohlaningiz. Bu adolatdan chetlanmaslikka yaqinroq».
Ma'lumki, Badr va Uhud janglarida, oraliqdagi 10 dan ortiq mayda to‘qnashuvlarda, jami 180 dan ortiq kishi halok bo‘lgan edi. Ulardan qolgan tul xotinlaru yetim bolalarning turmushi va ta'minoti masalasi paydo bo‘lgandi. yetimlar va bevalarni boqish, tarbiyalash maqsadida to‘rttagacha xotin olishga ruxsat etilgan. Lekin ularga teng qaray olmagan kishi bo‘lsa bitta xotin olsin, hatto o‘z cho‘risiga uylansin, deyishning mohiyatida shahvatparastlik emas, balki vujudga kelgan murakkab ijtimoiy, huquqiy va ahloqiy muammolarni hal qilish zaruriyati yotadi.
Bu masalada musulmonlarga ibrat bo‘lish uchun payg‘am-barning o‘zi Uhud jangida yaralanib, keyin vafot etgan yaqin safdoshi Abu Salama ibn Abdul Asadning xotini Ulima Salamaga 626 yilning mart oyida uylanadi va uning yetim qolgan ikki o‘g‘ilchasini o‘z tarbiyasiga oladi.
Feodalizm sharoitida o‘rta asrlar musulmon mamlakat-larida diniy mutaassiblik kuchayadi, ilk islomga xos demok-ratik va insonparvarlik g‘oyalarining mazmuni unutiladi, boylar va hokimlar uchun yetimlarga g‘amxo‘rlik emas, balki shuhratparastlik va shahvatparastlik tuyg‘ulari hamda oilaning mol-mulkini ko‘paytirish, o‘z manfaat, huquqlarini kuchaytirish kerak edi. Lekin bu mohiyatan ilk islomga xos ahloqiy tamoyillarni qo‘pol buzish bo‘ldi.
|
| |