Yunoniston.
Qadimgi yunon dinlari haqida ma’lumot beruvchi manbalar
ko‘p, ular ichida qadimgi yunon dostonlari hamda yunon faylasuflarining bizgacha
yetib kelgan asarlari yaxshi manba bo‘lib xizmat qiladi.
Qadimgi yunonlar hayvonlar timsollarini ilohiylashtirganlar. Bunda ho‘kiz
timsoli birinchi o‘rinda bo‘lib, xo‘kiz suratlari qadimgi yunon tasvirlarida tez-tez
uchrab turadi. Shuningdek, yunonlar ilon timsolini, yana bir qator hayvon va
qushlarni ilohiylashtirganlar. Demak, aytish mumkinki, qadimgi yunonlarda
totemistik tushunchalar keng tarqalgan.
54
Qadimgi yunonlarda odam shaklidagi xudo timsollari ko‘p uchraydi va
ushbu xudolar ko‘pincha ayol timsolida bo‘ladi. Masalan, shunday tasvirlardan
birida bir ayolning ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib turgan itning oldida qo‘llarini
yuqori ko‘targan holda turgani tasvirlangan.
G‘ildiraksimon shakllar yordamida quyosh va oy timsollariga ishora
qilganlar va buning bilan ularni ham ilohiylashtirganlar. Toshlarda ba’zi
daraxtlarda ilohiy kuch mavjud deb hisoblaganlar, g‘orlar va ungurlarga esa
o‘limdan keyingi hayot hamda turli marosimlarga bog‘lab diniy tus berganlar.
Qadimgi yunon dinida totemizm singari ilk diniy tasavvurlarning ba’zi
belgilari sezilib turadi:
mirmadanlar
ning chumolidan tarqaganligi haqidagi afsona
yoxud ilonoyoq Kekropning Afina asoschisi ekanligi haqidagi afsonalar shunga
asos bo‘la oladi.
Yana qadimgi ovchilik an’analariga oid marosimlar va sehrgarlik rasm-
rusumlari ob-havo bilan bog‘liq bo‘lgan. Masalan, Mefanax (Korinfika) shahrida
jazirama issiq shamollarni haydash uchun ikki kishi bir oq xo‘rozni ikkiga bo‘lib,
qo‘lga ko‘tarib tokzor atrofida har tomonga yugurganlar. Yoxud shunga o‘xshash
yomg‘ir chaqirish ham alohida marosimni talab etgan.
Yunonlar dinining mana shu qadimgi shaklida tabiatni o‘rab turgan turli-
tuman mayda ruhlar: suv ruhlari, o‘rmon ilohlari,
nayad, driad
, tog‘ ruhlariga
ishonish asosiy o‘rin tutgan.
Ushbu xalqlarda ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladigan yomonlik
keltiruvchi sehrga ishonch mavjud bo‘lgan. Bunda yer ostidagi qora kuchlar
haqidagi tasavvurlar nazarda tutiladi. Ulardan qahrli Gekata birinchi o‘rinda
turgan. Agar odamlar biron kimsani dushman tutib yo‘q qilmoqchi bo‘lsalar, shu
xudolar ismini tilga olib la’natlaganlar. La’nat yuborish va duoibad qilishning ham
o‘ziga xos rasm-rusumlari bo‘lgan, biroq bunday yovuz sehrgarlik u qadar
ahamiyatga ega sanalmagan. Yunonlar sehrdan keng foydalanganlar. Bemorlarni
davolash, kasallikning muolajasida ham tabobat bilan bog‘liq urf-odatlar uzoq
saqlangan. Tarixan juda ham qadim-qadimlarga borib taqaladigan yunon
e’tiqodlaridan biri – bu o‘lim va undan keyingi holat haqidagi tasavvurlardir.
Yunonlar odatiga ko‘ra, o‘lgan kishi tanasini yerga ko‘mishgan yoki sag‘anada
saqlangan. Ularning fikricha, o‘lganlar ruhi yer osti makoni – Aidada to‘planadi.
Inson qanday hayot kechirgan bo‘lishidan qat’i nazar, xoh u qo‘rqmas askar
bo‘lsin, xoh dehqon, barcha birdek mana shu Aida deb atalgan joyda og‘ir
mashaqqatlarga yo‘liqadi. Shuning uchun ham yunonlar bu qiyinchiliklar girdobiga
tushadigan marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimini o‘zlariga burch deb
bilganlar va katta e’tibor bilan amalga oshirganlar. Yunonlar, garchi o‘limdan
unchalik qo‘rqmagan bo‘lsalar-da, insonning o‘limidan keyingi taqdirini o‘ylab
dafn etilmay itlar yoki biron boshqa yirtqichlarga yem bo‘lishini nihoyatda katta
55
fojia sanaganlar. Ular marhumlar oziq-ovqatga muhtoj bo‘ladilar deb, ularga
maxsus oziqalar hozirlashgan.
Yunon diniy qarashlarining yana bir o‘ziga xos jihati – aslzoda
qahramonlarni ilohiylashtirish. Xalq qahramonlariga ishonchning shakllanishi
biroz kechroq bo‘lgan. Bunday ishonchning yuzaga kelishiga xudolarga bo‘lgan
ishonchning pasayishi sabab qilib ko‘rsatiladi. Ilk ko‘rinishida alohida urug‘ning
madadkor ruhlari, boshlang‘ich ajdodlari qahramon sifatida talqin qilingan.
Aslzoda xonadonlarning alohida ajratilishi bilan ularning ilk ajdodlari ham
ulug‘lana boshladi. E’tiborli va kuchli xonadonlarning ajdodlari nomi
boshqalarnikidan yuqori qo‘yilib, uni ulug‘lovchi va unga sig‘inuvchilar soni ham
ortib borgan. Shu tariqa Gerakl, Iffikal, Ivrinom, Borea, Erota kabi
qahramonlardan iborat xudolar panteoni vujudga keldi.
Gerakl butun yunon o‘lkasida mashhur qahramon timsoli bo‘lib, uni quyosh
xudosi deb bilganlar. Ammo ba’zi tadqiqotchilar uni tarixiy shaxs deb
hisoblaydilar, ya’ni Gerakl timsoli xalq qahramoni shaxsining afsonaviylashtirib
yuborilgan ko‘rinishidir. U doriylar qabilasiga mansub Geraklidlar sulolasining
bobokaloni hisoblanadi. Doriylar tomonidan Peloponnessaning katta qismini bosib
olinishiga sabab bo‘lgan «Geraklidlar yurishi» mil. av. XII – XI asrlarda bo‘lgan
tarixiy voqeadir. Geraklning mana shu yurishlar davomida ko‘rsatgan
qahramonliklari uning butun Yunoniston bo‘ylab mashhur bo‘lishiga va u haqda
ko‘plab afsonalar to‘qilishiga olib keldi: uning hatto osmonga ko‘tarilib ketgani va
Ellada xudolaridan biriga aylangani haqida afsona tarqaldi. Geraklning o‘g‘li Fest
sikionliklarni o‘z otasini qahramon sifatida emas, xudo sifatida ulug‘lashga majbur
qildi.
Bundan tashqari, joylarda e’tiborli oilalar jamiyatda keng tarqalib ulgurgan
marosimlarni qo‘llariga ushlab qolishga harakat qildilar. Jumladan, Afinada
Erextey, Buta kabi qahramonlar kulti zodagon Butadlar xonadoni qo‘lida bo‘lgan.
Qadimgi yunon xudolari mahalliy va umumiy xudolar toifasiga bo‘linadi.
Mahalliy xudolarga o‘zaro urushlarda yordam beradi, deb e’tiqod qilingan bo‘lsa,
umumiy xudolar tashqi dushmanga qarshi kurashlarda yordam beradi deb
ishonilgan. Yunonistonda alohida shaharlarning o‘z xudolari bo‘lganligi bu
mamlakatning siyosiy tarqoqligidan xabar beradi. Gomer davrida yunonlarning
madaniy jamoasi umumyunon xudolari hisoblanmish Olimpiya xudolariga ibodat
qilishi bilan ajralib turar edi. Olimpiya ulug‘ xudolari panteonining kelib chiqish
masalasi juda murakkab. Ularning har biri o‘ziga xos bo‘lib, ba’zilari Ellada
davridan avvalgi xudolarning yunonlar tomonidan o‘zlashtirib olinganidir.
Ularning eng ulug‘i Zevsning xotini shahloko‘z Gera hisoblangan. U
Mikenning qadimiy homiysi sigir-xudo ko‘rinishidadir. Ikkinchisi Poseydon
56
Peloponnessada qadimiy dengiz xudosi bo‘lib, unga sohildagi baliqchilar
sig‘inishgan.
Afina ham Olimpiya xudolaridan bo‘lib, shaharlar va qo‘rg‘onlar homiysi
hisoblangan. Uning «Afina xudosi», «Afinalik ayol», «Pallada», «Poliada» kabi
ellikka yaqin sifatlari bo‘lib, o‘z davrida Yunonistonning eng oliy xudolaridan biri
bo‘lgan. «Ellada tavsifi» kitobida unga atab 73 ta ibodatxona, ziyoratgohlar
qurilgani eslatiladi. Bu jihatdan Afina Artemidadan keyingi o‘rinda turar edi.
Qadimgi afsonalarga ko‘ra Afina jangovar xudo sifatida to‘la qurollangan holda
tasvirlangan. Shuningdek, uning obrazida totemistik jihatlar ham saqlanib qolgan.
U goho boyqush, goho ilon, gohida esa zaytun daraxti timsollarida tasavvur
qilingan.
Artemida
yunon xudolari orasida buyuklaridan hisoblanar edi. Eng ko‘p
ibodatxona va muqaddas qadamjolar unga atab qurilgan. Qadimiy afsonalar va turli
tasvirlarda Artemida ovchi qiz shaklida tasvirlangan.
Eng ko‘p tasvirlangan
Apollon timsoli o‘ta murakkab va noaniq obrazdir. U
Zevs va Letoning o‘g‘li, Artemidaning akasi hisoblanadi. Apollon so‘zining
ma’nosi ba’zida «halok qiluvchi», ba’zida «chorva rahnamosi» sifatida talqin
qilingan.
Zevs esa
«xudolar va odamlar» otasi hisoblangan. Unda ellikka yaqin
mahalliy xudolarning sifatlari jamlangan bo‘lib, ular Zevsning sifatlari o‘laroq
saqlangan. Zevs haqidagi afsonalar ko‘proq Krit va Fessaliyada tarqalgan. Zevs
ismi «yog‘duli osmon» ma’nosini bildiradi.
Bulardan tashqari, yunonlar Asklepiy, Pan, Afrodita, Ares, Gefest, Gestiya,
Hermes kabi xudolarga sig‘inganlar.
|