|
O‘qitish tizimi va metodikasini yangilash zaruratining kun tartibiga qo‘yilishi
|
bet | 11/31 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 136,12 Kb. | | #248337 |
Bog'liq Jadid adabiyotiO‘qitish tizimi va metodikasini yangilash zaruratining kun tartibiga qo‘yilishi. Milliylik va milliyat masalasi Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy kabi mutafakkirlar faoliyatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning bu haqdagi so‘zlariga e’tibor bering: “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat, eng avvalo, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘paytirmaguncha, taraqqiy yo‘liga kirib madaniyatdin foydalanmas. Yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarini ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarining har jihatdan intizom va aqmolig‘a ahamiyat berib, bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetishdururlar. Aning uchundirki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lib, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar”.
“Usuli qadim”, rus-tuzem maktablaridagi kamchiliklar, jiddiy xatolar jadid pedagoglarini bu sohada chuqur o‘ylab ish tutishga chaqirdi. Ular o‘qitish tizimini va metodikasini yangilash zarur degan qarorga keldilar va bu borada anchagina ishlar qildi. “Usuli jadid”, “Usuli savtiya” maktablarining ochilishi, ularda o‘qitish tizimini usuli maddiya va usuli savtiyada olib borilishi, yangi metodik qo‘llanmalarning nashr ettirilishi, Munavvari Qori tomonidan yangi maktablar uchun yo‘riqnomalar ishlab chiqilishi fikrimizni isbotlaydi.
Ismoilbek Gaspirali 1881-yilda bosmadan chiqargan “Rusiya musulmonligi” asaridayoq Rossiya imperiyasi tasarrufidagi turkiy xalqlar, shu jumladan, Turkiston xalqlari ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish loyihasini kun tartibiga qo‘ydi. Bu turkiy xalqlar tafakkuridagi buyuk inqilob edi. Chor Rossiyasi O‘rta Osiyoni bosib olgach, qabih assimilyatsiya siyosatini olib bordi. Bunga ko‘ra juda katta nufuzga ega bo‘lgan turkiy xalqlarning tili, dini, madaniyati, tarixidan mahrum etish va ularga gegemon millatning tili, dini va madaniyatini singdirishga, bir so‘z bilan aytganda, o‘tmishga buyuk madaniyatga, tarixga ega bo‘lgan musulmon turklarini yutib yuborish, ruslashtirish siyosatini qo‘lladi. Bu yo‘lni chor Rossiyasi Ivan Grozniy (1530-1584) davridayoq Qozon tatarlariga nisbatan qo‘llay boshlagan edi.
Ismoilbek Gaspiralining “Rusiya musulmonligi” asari mana shu siyosatga qarshi yozilgan asar edi. U chor Rossiyasining bu siyosatiga qarshi hamjihatlik, hamkorlik, teng huquqlilik siyosatini taklif qildi, faqat taklif qildi emas, talab qildi.
Musulmonlar uchun ochilgan rus va rus-tuzem maktablari o‘lik tug‘ilgan muassasaga o‘xshaydi. Uni bitirgan bolalar rus hayotining tashqi ko‘rinishinigina egallab, o‘z millatining eng yaxshi an’analarini, urf-odatlarini, tarixini butunlay yo‘qotgan kishilardir. Shuning uchun ham I.Gaspirali fikricha, ma’naviy barkamollik, millatni takomillashtirish an’anaviy ta’lim-tarbiya maskanlarida, ya’ni maktab va madrasalarda faqat ona tilida amalga oshirilishi kerak. Savol tug‘iladi: nima uchun Ismoilbek Gaspirali ona tili va maorif masalasiga bu darajada birlamchi vazifa deb qaraydi? Uning fikricha, millatning o‘zligini belgilovchi asosiy omil til va maorifdir. Shuning uchun ham Ismoilbey Gaspirali keyinroq maqolalaridan birida yozgan edi: “Til birligi masalasi bizning hayotimizda hayot-mamot masalasidir. Va biz bu masalada bir qadam ham orqaga chekinmaymiz. Biz uchun orqaga chekinmoqqa yo‘l yo‘q. Yashasin millat!”.
“Keyingi yillarda, - deb yozadi I.Gaspirali, - Rossiyaning Sharqqa nisbatan buyuk madaniylashtiruvchi missiyasi haqida tez-tez eshitishga va o‘qishga to‘g‘ri keladi. Yaxshi. Ammo bu missiya nimada o‘z ifodasini topishi kerak? Nahotki, hozirda kechayotgan siyosat qozilarni uyezd boshliqlari bilan, noiblarni politsiya boshliqlari bilan, beklikni oblast yoki guberniya bilan, ushrlarni jon boshiga olinadigan soliqlar va boshqa to‘lovlar bilan, kimxob to‘n va chakmonlarni dvoryanlik yoqalari bilan almashtirish orqali bu missiyani bajarish mumkin bo‘lsa?!”.
O‘qitish tizimi va metodikasining yangilanishi Behbudiy faoliyatida ham kuzatiladi. “Usuli jadid” maktablarida hamma o‘qish huquqiga ega bo‘lgan. Chor amaldorlari bu paytda Turkistondagi yangi usuldagi maktablarni biron ayb topib darhol bekittirib quyar edi. Chunki, podsho hukumati “begona xalq”ning qisman bo‘lsa ham ilm-ma’rifatli bo‘lishini, dunyoviy bilimlarni o‘rganishini istamasdi. Yangi usul maktablarini faqat podsho hukumati emas, balki mahalliy ruhoniylar, eski maktabning domlalari ham yoqtirmas edilar. Ular yangi usul maktablari “islom diniga rahna soladi”, “bu maktablarning muallimlari “kofir”, deb tashviqot yuritar edilar. Bunday qarash va to‘siqlarga qaramasdan Behbudiy va uning maslakdoshlari “usuli jadid” maktablarida Turkiston farzandlarini o‘qitish ishlarini jadal suratda olib borardilar. Maxmudxo‘ja Behbudiyning “usuli jadid” maktabidagi o‘qitish ishlari quyidagi tartibda olib borilar edi: “Maktab ikki bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqich – ibtidoiy qism, deb nomlangan. Buning tahsil muddati to‘rt yil. Birinchi yilida forscha va arabcha yozuv hamda o‘qish o‘rganilgan. Suralar yod olingan. Hisob darsi o‘rgatilgan. Umuman bir yil davomida yozmoq o‘qimoqni to‘liq o‘rganganlar. Ikkinchi yilida xaftiyak, imon va e’tiqoddan dars, fors, turkiy va arab tilida she’rlar, qasidalar o‘qitilgan. Uchinchi yilida Qur’oni Karim, islom ibodati, tajvid, Sa’diydan nasihatlar, fors va turkiy til puxta o‘rgatilib, undan insholar yozdirilardi. Hisobdan turli taqsimot va ish yuritish kabi zaruriy jihatlar o‘qitilgan. To‘rtinchi yilida esa Kalomu Sharif, mufassal tajvid, forsiy va turkiy nazm va nasr, axloq darsi, turkiy va forsiy til, hisob tarix, jo‘g‘rofiya o‘qitilgan. Bu to‘rt sinfni tamomlagan bolalarni muallimlarning o‘zi taqsimlagan. Xohlasa ikkinchi bosqichga qoldirar, ularning o‘zlashtirishlariga qarab madrasaga yuborar, bolaning o‘zi xohlasa Yevropa maktablariga yuborar yoki tirikchilik uchun ishlashga yo‘llanma berardi”.
Maktabning ikkinchi bosqichi – rushadiya bo‘lib, bunga to‘rt sinf – ibtidoiy qismni tamomlaganlar o‘tkazilar edi. Bu bosqichda o‘qitiladigan dars va ilmlarning mundarijasi quyidagicha: birinchi yili arab tili, jo‘g‘rofiya, shafaqiya, fors tili, tarjima jumla muxtasar, tarixi anbiyo va islom tarixi, Sa’diyning “Guliston”, turkiy tili o‘qitilgan; ikkinchi yil –arab tili, shifoxiya, tarix, islom axloq, turk tili, hisob, fors yozuvi va hokazolar; uchinchi yil – arab tili, hisob, xat yozuvi, tarix turkiy til, rus tili ham o‘qitilgan; to‘rtinchi yil –arab tili, rus qozixona xatlari, bo‘listnoyxona xatlari, turk tili va adabiyoti, salomatlik, maktab va hayot, ishq va muhabbatsiz axloq va boshqa ko‘pgina hayotiy darslar o‘qitilgan.
Behbudiy maktabida har yilning oxirida tantnali imtihonlar o‘tkazilib turilardi. Imtihonlarga, albatta, ota-onalar va boshqa mehmonlar ham taklif qilinardi. Bu birinchidan: “usuli jadid” maktablarini ko‘proq targ‘ib qilish va uning o‘qish tartiblarini ko‘rsatish bo‘lsa; ikkinchidan: maktabni hayotiyroq qilish, ya’ni oila va maktab birligini amalga oshirish edi. Sakkizinchi sinf, ya’ni ikki bosqichni tamomlagan shogird arabcha, forscha va turkchada bemalol so‘zlab yozardi. Ruschani ham o‘qib, bemalol gaplasha olardi. Turkistonning boshqarma mahkamalarining barchasida ishlashga qurbi yetardi. Bu shogird maktabda muallimlik ham qila olar, tijorat bilan ham shug‘ullanar, hatto muharrirlik ham qo‘lidan kelardi.
Bir so‘z bilan aytganda jadidchilar o‘qitish tizimini va metodikasining yangilash orqali butun jamiyatni, kelajak hayotni o‘zlari kutgan ozod, hur, taraqqiy etgan davlatni qurmoqchi bo‘ladilar. Buning uchun ularga har tomonlama yetuk, bilimli va qudratli yoshlar zarur edi. Eskicha usul maktablari bu vazifani bajara olmasligi aniq edi. Rus-tuzem maktablarida esa maqsad, vazifa umuman boshqa tomonga qaratilgan edi. Shu sabali jadid pedagoglari bu vazifani yangi jadid maktablarida amalga oshirishni maqsad qildi. Bu yo‘lda yangi darsliklar, dasturlar, nizom va yo‘riqnomalar ishlab chiqdi. Munavvarqori tomonidan tuzilgan yo‘riqnoma, Ismoil Gaspirinskiy darslik kitoblari va dasturlari, Behbudiyning 1907-yilda tuzilgan “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi (Loyihaga Behbudiy “Umumiy maktablar” bobini kiritdi)” shu g‘oyaga asoslangan edi.
|
| |