• Usuli jadid” va “usuli qadim” kurashining metodika rivojiga ta’siri.
  • Jadid maktablari rivojida xayriya jamiyatlarining o‘rni




    Download 136,12 Kb.
    bet14/31
    Sana21.05.2024
    Hajmi136,12 Kb.
    #248337
    1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   31
    Bog'liq
    Jadid adabiyoti

    Jadid maktablari rivojida xayriya jamiyatlarining o‘rni: Yangi ochilgan maktab oldidagi o‘ta murakkab va katta mablag‘ bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun shirkatlar, xayriya jamiyatlari, matbaa-nashriyotlar tashkil qilish zarurati tug‘iladi. Qolaversa, millatning istiqbolida jamiyat va shirkatlarning ahamiyati katta. Bunday jamiyatlarni tashkil qilish, ular faoliyatini zamon talablariga moslashtirish borasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Hamza kabi jadidchilik harakati rahbarlari katta ishlarni amalga oshirdilar. Ularning sa’y-harakatlari bilan Toshkentda “Turon”, Buxoroda “Tarbiyayi atfol”, Qo‘qonda “G‘ayrat” xayriya jamiyatlari, o‘nga yaqin shirkatlar, nashriyotlar, kutubxonalar tashkil etildi. Bularning hammasi, birinchi navbatda, usuli jadid maktablari faoliyatini muntazamlashtirish hamda matbuot va nashriyot ishlarini yaxshilashga qaratilgan edi. Xususan, Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘lining bu sohadagi faoliyati, ayniqsa, e’tiborga loyiqdir. U jamiyat ochish qonun-qoidalari, jamiyatning maqsad va vazifalari haqida maqola ham yozdi. Uning “Jamiyat qanday ochilur?” maqolasida quyidagilarni o‘qiymiz: “Maktabni ochub qo‘ya qolg‘on ila ish bitmasligi, balki aning farqi va davomi uchun moddiy va ma’naviy yordam va ma’voanatlar, g‘ayrat himmatlar lozim ekanligi anglashilmishdur. Buning uchun eng yaxshi chora jamiyatni tuzmishlar. Ya’ni rasmiy bir qonun doirasinda xalqdan iona yig‘ib ochilmish va ochiladurg‘on maktab va dorilulumlarning nuqson va ehtiyojlarin yengillik ila isloh qilmoq va ado qilmoq usulini ijod etmishlar. Bora-bora bu jamiyat shu qadar taraqqiy qilmish va rahmat kasb qilmishki, madaniy millatning butun taraqqiyoti diniya na ehtiyojiyoti milliyalar uchun eng ishonchli suyanchiq va muttakoyi ettihoz o‘linmish va ularda madaniyat narvonining birinchi bosqichi maktab, ikkinchisi jamiyat ekan, hozir ko‘b yerlarda maktabni ikkinchilikka qoldirub, birinchi bosqichlik nomi muqaddasasini jamiyat o‘zina olmishdur”.
    Munavvarqori va Abdulla Avloniylar 1909-yilda Toshkentda ilk bor ochilgan “Jamiyati xayriya”ning asoschilari bo‘ldilar. Bu haqda Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li - Toshqin quyidagilarni yozadi: “Shahrimizda musulmon yoshlari tomonidan yangi ochilgan “Jamiyati imdodiya” otliq bir ko‘mak jamiyati bor edi. Buni boshlab ochuvchilar: 1) Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li, 2) Bashirulloxon Asadullaxo‘ja o‘g‘li, 3)Mulla Abdulla Avloniy, 4)Nizomqori Mulla Husayn o‘g‘li, 5) Toshxo‘jahoji Tuyoqboy o‘g‘lilari ekanlar. Buni ochishdan maqsadlari nodon o‘zbek xalqini bilim bilan oqartish bo‘lsa, jamiyatnning raisi Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li ekan”.
    Bir oz vaqt o‘tgach, bu jamiyatning muassislari safiga jadid pedagog-maktabdorlari Rustambek ibn Yusufbek hoji va Husanxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li, savdogar boylardan Komilbek va Karimbek Norbekovlar ham qo‘shildilar. Bu jamiyatning faoliyat doirasi ancha keng bo‘lib, jadid maktablarini iqtisodiy jihatdan ta’minlash, iqtidorli talabalarni taraqqiy etgan chet el oliy o‘quv yurtlariga yuborish kabi masalalar uning asosini tashkil qilgan.
    1913-yilda Abdulla Avloniy va Munavvarqori “Jamiyati xayriya” zaminida Toshkentning ma’rifatparvar ziyolilari, boylari bilan birgalikda “Turon” jamiyatini vujudga keltirdilar.
    Abdurauf Fitrat tarjimayi holiga nazar tashlar ekanmiz, “Tarbiyati atfol” tahsil va ijod bilangina mashg‘ul bo‘lib qolmay, Turkiyada o‘qiyotgan vatandosh o‘quvchi-talabalarga ham iqtisodiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatish, Buxoro va Turkistondan talabalar kelishini ko‘paytirish va muntazamlashtirish maqsadida jamiyat tuzishga kirishadi. Bu haqda Zaki Validiy To‘g‘on quyidagilarni yozadi: “Bu jamiyat (“Tarbiyai atfol” jamiyati ko‘zda tutilmoqda — U.D.) Istanbulda bir shu’ba ocharoq, unga 1911-yilda 15, 1912-yilda 30 nafar talaba yubordi. Bu shu’ba “Buxoro ta’mimi maorif jamiyati” (“Buxoro umumiy maorif jamiyati”) nomi bilan rasmiy bir jamiyat shaklini oldi. 1910-yilda Eron yo‘li bilan Istanbulga kelgan Fitrat ila Muqimiddin va Rusiya yo‘li bilan kelgan Usmonxo‘ja, g‘uljalik Abdulaziz, Sodiq Ashur o‘g‘li bu jamiyatning quruvchilari edi”.
    Ushbu jamiyat faoliyati davomida ellikdan ortiq buxorolik va turkistonlik talabalarga yordam ko‘rsatdi. “Buxoro ta’mimi maorif jamiyati” o‘zbek yoshlarining Turkiyaga kelishini ko‘paytirish va muntazamlashtirishda, ularni ham iqtisodiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyat kasb etdi.
    “Usuli jadid” maktablari taraqqiyotini nashriyot-matbaalarsiz, kutubxonalarsiz tasavvur etish qiyin. Bu holni yaxshi tushungan jadid mutafakkirlari matbaa-nashriyotlar, ular qoshida maktablarni zamonaviy o‘quv adabiyotlari, darsliklar bilan ta’minlash maqsadida kutubxonalar tashkil qildilar. 1913-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy “Nashriyoti Behbudiya” va uning qoshida “Kutubxonai Behbudiya”, 1915-yilda Hamza Qo‘qonda “G‘ayrat” kutubxonasini tashkil qilgan. Hamza “G‘ayrat” kutubxonasi yordamida Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abduvahob Ibodiy darsliklaridan o‘nlab nusxa olib, “usuli jadid” maktablariga tarqatgani ma’lum.
    Is’hoqxon Ibrat 1908-yilda “Matbaayi Is’hoqiya” nomida matbaa-nashriyot, uning qoshida “Kutubxonai Is’hoqiya” tashkil etdi. Kutubxonaning maktabga oid bo‘limida I.Gasprinskiyning “Xo‘jayi sibyon”, “Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo‘ldosh” nomli alifbo va metodik asarlaridan tortib, XX asr boshlarida o‘lkada nashr etilgan o‘nlab alifbo va turli darsliklar bor edi. Afsuski, 30-yillar qatag‘onida kutubxona ham yo‘q qilindi.
    Darhaqiqat, usuli jadid maktablari faoliyat doirasining kengayib borishida, ularni darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashda, iqtidorli yoshlarning taraqqiy etgan chet el oliy o‘quv yurtlarida ilm olishlarida xayriya jamiyatlari, nashriyot-matbaa va kutubxonalar katta madadkor bo‘ldi.
    Usuli jadid” va “usuli qadim” kurashining metodika rivojiga ta’siri. Munavvarqori Abdurashidxonov jadid maktablarining kundalik o‘quv-tarbiya ishlaridan tortib, yillik bitiruv imtihonlarini uyushtirishgacha, “usuli savtiya” yo‘lini qobiliyatli yosh o‘qituvchilarga o‘rgatishdan tortib, maktablarni zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashgacha bo‘lgan uzluksiz jarayonni boshqardi. Uning bu faoliyati davrining ulug‘ mutafakkirlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Mahmudxo‘ja Behbudiydek jadidchilik harakatining karvonboshisi unga madadkor bo‘ldi. Behbudiyning bu boradagi so‘zlariga e’tibor bering: “Turkistonda muallim chiqarmoq uchun dorilmuallimin bo‘lmasa ham, har shaharda usuli ta’limdan xabardor bir-ikki nafar muallim albatta bordur. Ana, muallimlikka tolib kishilarni alarning huzurig‘a yuborib, 3-4 oy zarfida usuli ta’limdan xabardor qildurmoq mumkindur. Agar boyafarz, ushbu xizmatni muallimlarimiz iltizom qilsalar, ul holda muallimlikka havaskor yoshlarni bir oz zahmatlik bo‘lsa ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkandda Munavvar Qori janoblarining maktabig‘a yubormoq kerakdurki, mushoran alayhning munday toliblarni mamnuniyat ila qabul etmoqlarig‘a amindurmiz. Ishda, muhtaram qarindoshlar, millatimizning tilagi va eng zo‘r ehtiyoji ushbu shaylar ediki, nazari oliylaringiza arzu taqdim etduk”.
    Bunday tadbirlar jadid maktablarining o‘lka bo‘ylab keng tarqalishida muhim ahamiyat kasb etdi: 1903-yilda Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy-Ajziy, Abduqodir Shakuriy, Said Alizoda, Qo‘qonda Abdulvahob Ibodiy, Ashurali Zohiriy, Hamza, Po‘latjon Qayumiy, Namanganda Ishoqxon Ibrat, So‘fizoda, Buxoroda Abdulvohid Munzim, Sadriddin Ayniy, Xorazmda Husayn Kushayev, Bobooxun Salimovlar boshchiligida usuli jadid maktablari tarmoqlari kengayib bordi.
    Bunday maktablar dastlabki vaqtlarda hukumat ruxsatisiz ochila boshlagan edi, keyin ularning ochilishi, butun faoliyati to‘la gubernatorlik nazoratiga o‘tdi. Jadid maktablarining faoliyati endi nihoyatda og‘ir kecha boshladi. Bir tomondan, mutaassib ulamolar, “usuli qadim” tarafdorlari “usuli jadid” maktablariga qarshi turli-tuman bo‘htonlar uyushtirdilar, muallimlarini esa hatto kofirlikda aybladilar, xalq bolalarini bunday maktablardan qaytarishga harakat qildilar. Shu o‘rinda Samarqandning Ulug‘bek madrasasi jomesida 5-6 ming namozxon o‘rtasida mutaassiblarning shoir va pedagog Siddiqiy-Ajziy va Abduqodir Shakuriylarni kofirga chiqarishlarini, Mirmuhsin Shermuhamedov va So‘fizodalarni sazoyi qilib, o‘z Vatanidan quvg‘in qilishlarini esga olish o‘rinlidir. Mutaassiblarning bunday xatti-harakatlari, ikkinchi tomondan, bundan ham dahshatliroq kuch bo‘lmish mustamlakachi ma’murlarning ta’qib va tazyiqlariga katta yo‘l ochib berdi. Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li siyosiy tashkilotlarning uzluksiz so‘rovlariga javob berishga, do‘q-po‘pisalariga, qamoqlariga chidashga majbur bo‘ldi. Shuning uchun ham “usuli jadid” maktablarining taraqqiyoti va ko‘lamining kengayishi, ayniqsa, mustamlaka Turkiston o‘lkasi sharoitida ancha og‘ir kechdi. Bu haqda Munavvarqorining sobiq o‘quvchisi, Anqara universitetining professori Ibrohim Yorqin (Ibrohim Orifxon o‘g‘li – 1902-1993) xotiralarida quyidagilarni yozadi: “1913-yilda Eshonxo‘ja Xoniyning maktabini bitirgach, Munavvarqorining ikki sinfli rushdiy maktabida o‘qigan yillarimizda Rusiya idorasi o‘quv inspektorlari maktabimizga to‘satdan kelib, foydalanayotgan kitoblarimizni tekshirardi. Ularning maqsadlari bizning maktabda mavjud bo‘lgan darslik va boshqa o‘quv kitoblarining Rusiya idorasi nuqtayi nazaridan zararlimi yoki yo‘qmi, shularni tekshirish edi”.
    Har qanday ta’qib va tazyiqlarga, mutaassib ulamolarning dashnomlariga, bo‘htonlariga qaramay, jadid maktablari xalq e’tiborini qozonishi, ayniqsa, musulmon qardoshlarning bu boradagi hamjihatliklari, hamkorliklari general-gubernatorlik siyosatdonlari, mafkurachilari faoliyatini yanada kuchaytirdi. 1909-yilda Nikolay Ostroumov “Туркистанский видомости” gazetasida “Что делать с новометодными мактабами?” nomli maqolasini e’lon qildi. Unda muallif quyidagilarni yozadi: “Rus ma’muriyatining yerliklar eski maktablariga nisbatan qo‘llagan mensimaslik, nazar-pisand qilmaslik siyosati o‘lkadagi hukmronligimizning dastlabki o‘n yilligida o‘zini oqlagan bo‘lishi mumkin. Ammo keyingi uch o‘n yillikda bu siyosat o‘zini oqlamaganini hech narsa bilan yashirib bo‘lmaydi. Mana, chindan ham pushaymon bo‘ladigan voqea sodir bo‘ldi. Biz o‘lkada... katta qiyinchiliklar bilan bir necha rus-tuzem maktabi ochganimizda, boshqalar tashqaridan (Qrimdan) katta g‘ayrat bilan o‘lka maorifi uchun boshqa bayroq ostida mustaqil faoliyat olib bordi. Bu yangi usul maktablari ma’muriyatning hech qanday ruxsatisiz ochila boshladi va ajablanarli, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tomoni shundaki, hozir ham bunday holat oblast, uezd ma’muriyatlari, hatto hukumat maktablar inspektsiyasi nazoratisiz davom etmoqda”.
    Chor hukumatining mustamlaka o‘lkalarda qo‘llagan maktab sohasidagi siyosati shunday ediki, iloji boricha, usuli jadid maktablarini taqiqlash, juda bo‘lmaganda, ularning keng tarqalishiga to‘sqinlik qilish, shu yo‘l bilan bunday maktablar rivojlanishining oldini olish edi. Turkiston o‘lkasiga nisbatan Tatariston, Boshqirdiston, Qrim va Kavkaz o‘lkalarida ancha ilgari bunday jarayon kechgan va ularga qarshi kurashda ma’muriyat katta tajriba orttirgan edi. Bu o‘lkalarda ham usuli jadid maktablariga birinchi bo‘lib mutaassib ulamolar, “qadimchi”lar qarshi chiqqan edilar. General gubernatorlik ma’muriyati usuli jadid maktabdorlariga oppozitsiyada bo‘lgan mahalliy mutaassiblar, “qadimchi”larni qarshi qo‘ydi, bu kurashda ularni rag‘batlantirdi, bu maktablarga, ularning tashkilotchilariga qarshi turli bo‘htonlar, siyosiy aybnomalar uyushtirdi. Bu bilan gubernatorlik ma’muriyati, birinchidan, mustamlaka xalqlarini asriy qoloqlikda, mutelikda asrashdek qabih niyatini amalga oshirgan bo‘lsa, ikkinchidan, o‘zini musulmon dini himoyachisi sifatida ko‘rsatdi. Chor hukumati ma’murlari o‘zbek ziyolilarini bir-biriga qarama-qarshi ikki qutbga ajratib tashladilar, an’anaviy mahalliy masjid-madrasalarning, eski maktablarning ko‘payishiga katta imkoniyat yaratdilar. Turkiya, Bog‘chasaroy, Ufa, Qozon, Tiflis, Orenburgdan keladigan nashrlarning tarqalishini qattiq nazorat ostiga oldilar. Bu bilan gubernatorlik ma’murlari mustamlakachilik mafkurasining ustunlaridan bo‘lmish missionerlar rahnamosi N.Ilminskiy ko‘rsatmalariga amal qildilar. Gubernatorlik ma’murlari ma’rifat fidoyilariga qarshi kurashda, ularni xalq o‘rtasida badnom qilishda eng qabih usullardan ham qaytmaganlar. Keksalarning xabar berishiga qaraganda, 1908-yili N.Ostroumov Samarqandda Ulug‘bek madrasasi jomesida bir necha ming nomozxon huzurida usuli jadid maktablarida o‘qiyotgan yoshlar musulmon dini ahkomlariga amal qilmay qo‘yayotganliklari, bunday maktablarda islom diniga xilof ilmlar o‘qitilayotgani haqida “kuyunib” ma’ruza qilgan. Qora xalq, mutaassib ulamolar uning ma’ruzasidan qattiq mutaassir bo‘lib, “g‘ayridin bo‘lsa ham bizga, dinimizga qanchalar mehribon” deb, ko‘zlariga yosh olib, duo qilgan ekanlar. Usuli jadid maktablarida dunyoviy fanlar bilan barobar ona tili va milliy ma’naviyatning chuqur o‘qitilishi gubernatorlik ma’murlariga yoqmas edi.
    1905-yil voqealari jadidchilik harakatining yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishiga hamda milliy matbuotning vujudga kelishiga turtki bo‘ldi. Turk, tatar, ozarbayjon, boshqird mutafakkirlari bilan aloqalar yanada mustahkamlandi. Jadid maktablari soni mahalliy maktabdorlar, hur fikrli ziyolilar sa’y-harakati hisobiga ancha ortdi. Bu hol mustamlakachilarning jadid maktabdorlariga qarshi kurashini yanada faollashtirdi. Farg‘ona viloyati xalq o‘quv yurtlari inspektori O. Yegorov 1909-yilda Turkiston o‘lkasidagi rus-tuzem maktablarining ahvoliga bag‘ishlangan maxsus kengashda kuyunib shunday degan edi: “Yaqin kelajakda yangi usuldagi mahalliy maktablarning keng yoyilishi va ularga nisbatan mahalliy aholi e’tiborining keskin ortib borishi bilan rus-tuzem maktablari batamom xarob bo‘ladi”.
    Usuli jadid maktablarini butunlay yopib qo‘yish yoki taqiqlashdan gubernatorlik ma’muriyati qo‘rqar edi, chunki bu ish bunday maktablarni yashirin ravishda tashkil qilishga, ayniqsa, mahalliy xalqning qattiq norozilik harakatiga olib kelar, ko‘plab yoshlarning chet elga, birinchi navbatda, Turkiyaga borib o‘qishiga yo‘l ochilar edi. Shuning uchun mahalliy pedagoglarning “usuli savtiya” (“tovush usuli”) metodiga asoslangan maktablarni ochishi gubernatorlik ma’muriyati tomonidan qattiq nazorat ostiga olindi. Shu munosabat bilan 1909-yilda Turkiston o‘quv okrugi qoshida maxsus komissiya “Farmoyish” ishlab chiqdi. U shunday masalalarni o‘z ichiga olgan edi:
    1. Mahalliy maktablar gubernatorlik ma’muriyatining maxsus ruxsatnomasi bilan ochiladi.
    2. Mahalliy maktablarni ochish va unda o‘qitish siyosiy jihatdan to‘la ishonchli bo‘lgan Rossiya fuqarolarigagina ruxsat etiladi.
    3. Mahalliy maktab qaysi millat bolalari uchun ochiladigan bo‘lsa, uning o‘qituvchilari ham o‘sha millatga mansub bo‘lishi shart.
    4. Mahalliy maktablarda faqat Rossiya senzurasi ruxsati bilan chop etilgan kitoblargina o‘qitiladi.
    5. Ma’muriy politsiya idoralarida ishlovchi mas’ul shaxslar zimmasiga barcha mahalliy musulmon maktablarini aniq ro‘yxatga olib borish va ro‘yxatdan o‘tmagan maktablarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklatiladi.
    6. Maxsus ruxsatsiz maktab ochgan shaxslar maktab ochish va o‘qituvchilik ishidan abadiy mahrum etiladi.
    7. Mahalliy maktablardagi o‘qitish ishlari va ularda joriy etilgan tartib-qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qilib turish mahalliy ma’murlarga hamda maktab nozirlariga yuklatiladi.
    Farmoyishning hamma moddasi yangi maktablar ochishga qarshi qaratilgan katta to‘siq edi. Uchinchi moddadagi ta’kidga ko‘ra, o‘quvchilar qaysi millatga mansub bo‘lsa, maktab ochuvchi muallim ham o‘sha millatga mansub bo‘lishi kerak. Bu bilan ichki Rossiyadan kelgan tatarlar tomonidan ochilgan va ochilayotgan “usuli jadid” maktablarining faoliyati to‘xtatildi. Natijada, bunday maktablarining soni keskin kamayib ketdi.
    Yuqorida tilga olingan farmoyish asosida Turkiston o‘lkasidagi bir necha maktablar yopib qo‘yildi, o‘qituvchilari tintuv qilindi. Usuli jadid maktablari gubernatorlikning mana shunday og‘ir ta’qib va tazyiqlari ostida faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. Jadid mutafakkirlariga qarshi olib borilayotgan bunday ta’qiblar haqida Sadri Maqsudiy 1912-yilda uchinchi chaqiriq Rossiya Davlat dumasi minbaridan turib quyidagilarni bayon qilgan edi: “Har bir millatning o‘ziga xos muqaddas, qadrli odatlari mavjud. Adolatli davlat xalqlarning bunday qadriyatlariga qarshi hech vaqt daxl qilmaydi. Bular millatning tili, badiiyati, maktabi va boshqalardir. Bizning hukumatimiz esa turkiy millatlarning muqaddas odatlariga qarshi muntazam ravishda tajovuz qilib turadi: maktablarimiz, adabiyotimiz, badiiyatimiz ta’qib ostiga olinadi. Faqat bir yil davomida 150 dan ortiq eng e’tiborli o‘qituvchilar, mullalarning uylari tintuv qilindi. Qo‘qon shahrida mahalliy inspektor farmoyishi bilan 20 ga yaqin maktab yopildi va o‘qituvchilari haydab yuborildi. Toshkentda Munavvarqoriga madrasa qoshida rus sinfi ochishga ruxsat berilmadi, Namanganda Husan Makayev o‘qituvchilik ishidan chetlashtirildi”.
    Darhaqiqat, jadid shoiri To‘lagan Xo‘jamyorov Tavallo ilk o‘zbek teatri truppasi a’zolariga nisbatan “Kimni sahnada ko‘rsang, ani jasorati bu” deb yozgan so‘zlari bevosita usuli jadid maktablari ochgan pedagoglarga ham taalluqli bo‘lib, bu ish chinakam jasorat va fidoyilik edi. General-gubernatorlik ma’murlari usuli jadid maktablarining keng quloch yozishiga qanchalik to‘siqlar qo‘ymasin, tabiiy-tarixiy jarayonni to‘xtata olmadi.
     “Usuli jadid” nomini olgan “usuli savtiya”ga asoslangan maktablar mohiyat e’tibori bilan “rus-tuzem” maktablariga qarshi vujudga keldi. “Usuli jadid” maktablarida milliy ma’naviyati yuksak, millat, Vatan istiqboli uchun jon kuydiruvchi yoshlarni tarbiyalab yetishtirish birinchi o‘rinda turgan. Jadid pedagoglarining buyuk xizmatlari shundaki, ular maktablarda ona tilida ta’lim-tarbiya berishga, milliy adabiyot, musulmon dini va ma’naviyati asoslarini o‘qitishga hal qiluvchi masala sifatida qaradilar. Chunki ular millatning o‘zligini saqlovchi asosiy vosita ona tili va milliy adabiyot deb bildilar. Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanidagi Miryoqub bilan jadid Sharafiddinxo‘jayev o‘rtasida kechgan suhbatni eslang.
    1905-yildan keyin g‘ayriruslar (turkiy xalqlar) maorifi muhokamasi yana jiddiy tus oldi. Rossiya maorif vazirligidagi korchalonlar musulmonlar uchun ochilgan va ochilayotgan davlat tasarrufidagi maktablarida ona tilini kirill alifbosida o‘qitish masalasini ko‘tardilar. Bunga qarshi “Tarjimon” gazetasi yozadi: “Ey go‘spo‘dalar, aqla murojaat eting. Bizim o‘z alifbomiz vor: ham diniydur, ham dunyoviydur. Ruscha va fransuzcha o‘qiymiz, lekin o‘z alifbomizni hech bir vaqt, hech bir o‘rinda tark etmaymiz... Bu ishda mantig‘sizlig‘g‘ami taajjub edalim yoki izhor o‘linan haqoratami hayron o‘lalim?!”.
    Rossiya imperiyasi tasarrufidagi turkiy xalqlarni ruslashtirishga qaratilgan Ilminskiy usulini Turkiston o‘lkasi ta’lim-tarbiya tizimiga tatbiq qilar ekanlar, ularni “usuli qadim” tarafdorlari emas, “usuli jadid” ijodkorlari, tarafdorlari qattiq tashvishga soldi. Buning sabablarini Ilminskiyning o‘zi shunday izohlaydi: “Taraqqiyot sari yuz tutib, isloh bo‘layotgan musulmonlik G‘arb madaniyati keltirib chiqargan texnik imkoniyatlardan foydalansa, shu bilan birga, zamonaviy maktablar ochishga kuchini safarbar etsa, u yangi tarixiy bosqichga chiqadi va nasroniylik uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli Gasprinskiy ilgari surayotgan jadidchilik oqimiga qarshi chiqishga majburmiz. Rus hukumati va ziyolilari jadid maktablarining ochilishiga ruxsat berish bilan o‘zlari o‘tirgan daraxt shoxini kesmoqdalar”.
    Mana shunday og‘ir sharoitda o‘zbek jadid pedagoglari ona tili hamda milliy adabiyotni o‘qitishga millatning hayot yoki mamoti masalasi sifatida qaradilar, ona tili va adabiyot o‘qitishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqdilar. Bunday masalalar ularning darsliklarida o‘z ifodasini topdi. Milliylik va milliyat masalasi Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Fitrat kabi mutafakkirlar faoliyatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning bu haqdagi so‘zlariga e’tibor bering: “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat, eng avvalo, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha, taraqqiy yo‘lig‘a kirub, madaniyatdin foydalanmas. Binoan alayh, yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarini ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarining har jihatdan intizom va akmolig‘a ahamiyat berib, bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetushdururlar. Aning uchundurki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar”.

    Download 136,12 Kb.
    1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   31




    Download 136,12 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Jadid maktablari rivojida xayriya jamiyatlarining o‘rni

    Download 136,12 Kb.