|
O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq muammolar
|
bet | 22/31 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 136,12 Kb. | | #248337 |
Bog'liq Jadid adabiyoti1 - AMALIY MASHG‘ULOT:
“USULI JADID” VA “USULI QADIM” O‘RTASIDAGI KURASH VA UNING MILLIY METODIKA RIVOJIGA TA’SIRI
REJA:
1. “Usuli jadid” maktabi g‘oyasining shakllanishi va Turkiston hayotiga kirib kelishi omillarini o‘rganib chiqish.
2. “Usuli qadim”ning mohiyati va uni isloh qilish zaruratini tahlil etish.
3. “Usuli jadid” nazariyasining asoschilarini aniqlash.
4. Milliy metodika rivojining ijtimoiy-tarixiy, metodik-texnologik asoslarini tushuntirish.
5. “Usuli jadid”ning zamonaviy o‘qitish tizimi yuzaga kelishidagi o‘rnini muhokama etish.
Tayanch tushunchalar: usuli jadid maktabi g‘oyasi, usuli qadimning mohiyati, usuli jadid nazariyasi, milliy metodika, axloqiy darslar, “Usuli jadid”ning o‘qitish tizimi.
“Usuli jadid” maktabi g‘oyasining shakllanishi va Turkiston hayotiga kirib kelishi omillarini o‘rganib chiqish. Jadid va qadim oʻrtasidagi kurashda vaqtli matbuot muhim minbar vazifasini oʻtadi. “Turkiston viloyatining gazeti” keyinchalik, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona” gazetalarida, “Oyna”, “al-Isloh”, “al-Izoh” jurnallarida keskin tortishuvlar, kurashlar uzluksiz davom etdi. Jadidlar sharq tillari bilan bir qatorda rus, ingliz, nemis, fransuz kabi gʻarb tillarini oʻrganishgan yoshlar edilar. Taraqqiyotga gʻov boʻlayotgan qadimchilarni, ilm-maʼrifat taraqqiyot sarchashmasi boʻlmish Qurʼoni karim kitobini toʻgʻri idrok va talqin qilishdan mahrum boʻlgan mutaassiblarni keskin fosh etish bilan barobar va taraqqiy etgan Yevropa va Sharq davlatlari tomon izlandilar. XX asr tongidayoq oʻnga yaqin Sharq va Gʻarb tillarini ancha mukammal bilgan Is’hoqxon Ibrat 6 tilni oʻz ichiga olgan “Lugʻati sittati al-sina” lugʻatini yaratdi. Is’hoqxon Ibrat xalqni Gʻarb maʼnaviyati, ilm-fan taraqqiyotidan bahramand etish uchun “Millatni kim isloh etar?” maqolasida odob-axloq tarbiyasi din ulamolari zimmasida ekanligini taʼkidlaydi.
“Usuli qadim”ning mohiyati va uni isloh qilish zaruratini tahlil etish.
“Usuli jadid” va “Usuli qadim” oʻrtasidagi kurash haqida gap ketganda, Is’hoqxon Ibrat bilan toshkentlik maktabdor mulla Xusanxoʻja oʻrtasida kechgan munozaralarni eslab oʻtish maqsadga muvofiqdir. Mulla Xusanxoʻja va Is’hoqxon Ibrat oʻrtasidagi kechgan munozara “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida eʼlon qilindi. Mulla Xusanxoʻja domla oʻz maktabini yengil-yelpi isloh qilib “Jadid maktabi” deb eʼlon qiladi va xalq bolalarini maktabiga tashviq qiladi. Mulla Xusanxoʻja eshon oʻgʻli 1907-yilining 1-sentabrdan biz sartiya bolalariga oʻqitadurgon usuli qadimiyamizni usuli jadid tartibigʻa olib jamoa-jamoa qilib oʻqitadur. Choraki, mazkur tariqa tartibida maktab bolalarining tez fursatda savodlari chiqib, koʻp narsaga foydalar hosil boʻlur ekan. Birinchi jamoa “Haftiyaki sharif” , ikkinchi jamoa “Kamoloti sharif”, uchinchi jamoa “Chahor kitob” bilan “Fuzuliy” yoki “Navoiy” , toʻrtinchi jamoa “Ilmi Faroyiz” oʻqib, tamom qilib, muddati 2 yil yoyinki 3 yil moʻyonasida madrasalarda oʻqimoqni xohlaganlari madrasalardan chiqib oʻqimoqqa qodir boʻlur ekanlar”. Yuqoridagilardan maʼlum boʻladiki, mulla Xusanxoʻja oʻz maktabini “isloh” qilib, katta ijobiy oʻzgarishlar kiritgani yoʻq (Jamoa-jamoa boʻlib oʻqitishdan tashqari). Xalq farzandlarini savodli qilishdan shuhrat qozongan “usuli savtiya” metodi asosida Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Munavvar qorining “Adibi avval” alifbo darsliklari nashr qilingan, yangi oʻqitish metodlari vujudga kelgan bir paytda ushbu domla yosh bolalar psixologiyasiga, bilim saviyasiga, yoshiga hech mos kelmaydigan “Haftiyak”, “Kalomi sharif” kabi bir qancha kitoblarni oʻqitadi. Mulla Xusanxoʻja domla oʻzining “Toshkent musulmonlari haqinda” maqolasida yangi usul savtiya maktablarini tanqid qiladi va eski maktablarni yengil-yelpi isloh qilish, ya’ni oʻquvchilarni kaltak bilan jazolash usullarini bekor qilish, ularni jamoa-jamoa qilib oʻqitish va davomatini tartibga solish bilan kifoya qiladi degan shior bilan chiqadi. Bu gaplardan soʻng Is’hoqxon Ibrat bunday maktablarni xalq bolalari umrini barbod qilishiga qalbdan achinadi: “Muallim bechora aziz farzandlarimizni kaltak-qamchi yoʻq bahonasi-la besh-oʻn sanalar osmonga qaratib, “Alif bezavar, alif bezavar” deb, shovqin qildirib-qildirib, bir harf ham oʻquv yozuv bildirmayincha umrlarini barbod qilib yotmoqqa taqviyatgina boʻladur”.
Is’hoqxon Ibrat eski ta’lim-tarbiya, oʻqituv tizimiga qarshi yozgan maqolasida eski maktablarni hasharot uyalariga oʻxshatadi: “Bolalarni eski maktablar ila jamoagʻa taqsim qilib, kelish-ketish, kaltak ila qamchi masalalarini isloh qilmoqda, albatta, lozimdur. Lekin oʻqilajak kitoblar – mazkur eski kitoblar, oʻqitajak domlalar – eski domlalar maktablarida – eski hasharot uyalari boʻlgʻondin bu masalalarning martabalar isloh etilsa-da bekor, behudadur”.
Is’hoqxon Ibrat eski maktab oʻqituvchilarini chalasavodligini, johilligini, xalq farzandlarini tarbiyalashga, ularga bilim berishga qodir emasligini ochib tashladi va ularni taʼlim-tarbiya sohasiga yaqinlashtirmaslik, jismoniy mehnatga majbur qilish talabi bilan chiqdi: “Agar vijdon, insof ila muhokama qilsak, tavaqquvsiz va taraddudsiz eski maktablarimizni asoslaridan yiqib, joylariga tartib va intizom bilgan yangi usul domlalarning himoyasida boʻlgan maktablar va’z etmak lozimdur. Eski maktabdorlarimizni dehqonchilik hunarlariga sahv etmak muvofiqi haqiqatdur. Bu soʻzim janobi mullalarga, eski va yangi domlalarimizga oxirgi soʻzim”
Is’hoqxon Ibrat usuli savtiya maktablarida rus tilini oʻqitish uchun rus tili oʻqituvchilarini yoki rus tilini mukammal biladigan kishilarni oʻqituvchi qilib tayinlashni maqsadga muvofiq deb bildi: “Agar Rusiya ilmlarini bilmoq darkor boʻlgan holda oʻshal maktablarda Rusiya muallimlaridan saqlab, biror dars Rusiya ilm zabonidan taʼlim berilgan holda ancha naf olur edilar”
“Usuli jadid” nazariyasining asoschilarini aniqlash. Is’hoqxon Ibrat oʻzi ochgan maktabga, ilgʻor pedagog rus va nemis tillarini mukammal biluvchi tatar maorifchisi Abdulrauf Shahidiy va Husayn Makayevni taklif qildi va ular bilan yonma-yon turib xalqni ilm-maʼrifatli qilish yoʻlida xizmat qildi. Is’hoqxon Ibrat birinchilardan boʻlib maktabiga badantarbiya darsini kiritdi. Bu dars “Is’hoqiya bogʻi”da harakatli oʻyinlar sifatida olib borildi. 20 yil davomida Toʻraqorgʻon tumani xalq qozisi lavozimida ishladi. Shoir va pedagog Muhammadsharif Soʻfizoda faoliyati ham mutaassiblar bilan “usuli qadim” tarafdorlari bilan keskin kurashlarda oʻtdi. Faoliyatining ilk bosqichlaridayoq “Vahshiy” taxallusida bitilgan, jaholat va jaholatparastlikni fosh etuvchi asarlari uchun mutaassiblar uni “dahriy”, “beadab”, “badasl” deb eʼlon qilgan edilar. 1913-yilda oʻz vatani Chustga qaytib kelgach mahalliy matkabdorlardan tubdan farq qiluvchi “usuli jadid” maktabini ochadi unda jugʻrofiya, handasa, hisob kabi zamonaviy fanlar ona tilida oʻtiladi.
Shu bilan birga, oʻz vaqtida oʻqiy olmagan kattalar uchun kechki maktab, Kamarsadada yetim-yesirlarni tarbiyalash uchun “Dorul-aytom” (Yetimlar uyi) ochadi. Soʻfizoda tabiatan tiksoʻz, oʻta jasoratli, betga chopar boʻlgan. Soʻfizoda oʻz maktabi peshtoqida shunday soʻzlarni shior sifatida yozib qoʻydi: “Men boʻyoqchimanki, maktab xumida rang berib, qora chapanilarni oʻn ikki oyda oq qilaman”. Qattiq taqib va qutqulardan soʻng, “Turkiston viloyatining gazeti” quyidagi xabarni eʼlon qildi: “Chust shahrida bir mulla shoir usuli jadid maktabini ochgan ekan. Chust aholilari aning axloqi buzuq deb tarqatib, oʻzini Chustda haydab yuborgan ekanlar” .
Soʻfizodaning sheʼrlarini jaholatparastlar tanqid qilib uni oyoq-qoʻlini bogʻlab sazoyi qildilar va shunday fatvo eʼlon qildilar: “Vahshiy” uchun baqqol mol sotmasun, sartarosh sochini olmasun, choyxona va yigʻinlar uni takjoydan mahrum qilsinlar”. Ushbu mash’um voqeadan keyin Soʻfizoda yashirincha Namanganning Shahand qishlogʻiga keladi va Xoʻjamatvali (Xoʻja Muhammad Vali bogʻi – hozir Respublika miqyosidagi shifoxona – Sanatoriy) xonaqohiga joylashadi. U bu yerda ham oʻz hayotini bagʻishlagan muallimlik bilan shugʻullanadi. Soʻfizoda ikkinchi bor oʻz vatanidan chiqib ketishga majbur boʻldi. Hindiston, Afgʻoniston mamlakatlarida yashadi, u yerlarda ham maktablar ochdi, muallimlik qildi. Samarqandagi “usuli jadid” maktablarining rivojlanishi Mahmudxoʻja Behbudiy, Siddiq Ajziy, Abduqodir Shakuriy, Sayidrizo Alizoda, Sayidahmad Vasliy, Hoji Muinlarning jonbozliklari bilan uzviy bogʻlanadi.
Ammo bular orasida Abduqodir Shakuriyning pedagog sifatidagi oʻrni alohida, u haqiqiy maʼnoda tugʻma pedagog edi. Madrasalarni tugatgach, 1901-yilda butun faoliyatini, hayotini oʻqituvchilikka bagʻishladi. Bir kuni mulla Badriddin Shakuriyni yangi maktab ochishga undaydi. Shakuriy 1321-savr oyida (1903-yil) Hoʻqandga joʻnadi. Unda Beshquduq mahallasida Umar Hoji Munavvar oʻgʻlining himoyasi va muallim Salohiddin Majidiy qoʻli ostida uning otasidan qolgan mayda bir shiyponning ostida 3 arshinlik partali 25 talabali bir maktab ochildi”. U kuniga 18-20 soatlab ishladi, dars berdi, maktab uchun yangi jihozlar, oʻquv qurollari tayyorladi. U Ismoilbey Gaspirinskiyning “Tarjimon”, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetalari, Rizo Faxriddinning “Shoʻro” jurnalini, ayniqsa, ulardagi “usuli tadris”ga bagʻishlangan maqolalarni muntazam kuzatib bordi. Shakuriy bir necha marta oʻldirish tahdidi bilan yozilgʻon xatlar oldi. Shakuriy maktabida 140-150 nafargacha oʻquvchi muntazam taʼlim olgan. 1904-yilda Abduqodir Shakuriy ulugʻ mutafakkir, Turkistonda jadidchilik harakatining karvonboshisi Mahmudxoʻja Behbudiy bilan tanishadi va ular oʻrtasida hamkorlik vujudga keladi.
Jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, otashin publitsist Mirmuhsin Shermuhammedov “Afandim Samarqandliklar!” deb boshlanuvchi maqolasida maorif fidoyilarini mutaassib ulamolardan himoya qilishga daʼvat etdi. Unda shunday chaqiriq bor edi: “Afandim Samarqandliklar! Bugun behamiyatligingiz maydoni jaholatda muboriz talab qilur. Yoʻq esa, zoʻrgina jamiyat orasinda bir xoini millat islomgʻa haqorat zabonini tebratib, otigʻa magʻoyir nuqtalar soʻzlab sizlarning nomusimizni hoki mazlatgʻa qoʻshibdur...” Shu kabi gaplar maqoladan oʻrin olgan edi. Jadid mutafakkirlari bilan kurashda ulardan ustomonlik bilan foydalangan Rossiyaning Turkistondagi mustamlakachilik siyosatining ustunlari N.Ostromov boshchiligidagi missionerlar edi. Jadid shoiri Toʻlagan Xoʻjamyorov – Tavallo ilk teatr truppasi aʼzolariga nisbatan “Kimni sahnada koʻrsang, ani jasorati bu” deb yozgan soʻzlari bevosita usuli jadid maktablari ochgan pedagoglarga ham toʻla taalluqli boʻlib, bu ish chinakam jasorat va fidoyilik edi.
|
| |