• Eng avvalo
  • Beshinchidan
  • Yettinchidan
  • Zamon talablari darajasidagi oliy ma’lumotli milliy kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy harakatlar




    Download 136,12 Kb.
    bet18/31
    Sana21.05.2024
    Hajmi136,12 Kb.
    #248337
    1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   31
    Bog'liq
    Jadid adabiyoti

    Zamon talablari darajasidagi oliy ma’lumotli milliy kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy harakatlar. Madrasa ta’limining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda arab va fors tillarini o‘qitish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Maktablarda tushunmasdan quruq yodlash asosiy o‘rinni egallagan bo‘lsa, madrasalarda esa o‘qilgan asarni chuqur tahlil qilish, idrok qilih, mantiqiy fikrlash birinchi o‘ringa ko‘tariladi. Buning uchun, avvalo, arab va fors tillarini, mantiq ilmini mukammal bilish talab qilinar edi. Shu nuqtayi nazardan, hozirda umumta’lim maktablari, kollej va akademik litseylar o‘quv rejasiga mantiq ilmini asosiy o‘quv predmeti sifatida kiritish maqsadga muvofiqdir.
    Madrasalarimiz tarixidagi bunday nurli sahifalar XVI asrgacha davom etdi, temuriylar saltanatining parokandalikka yuz tutushi madrasalar hayotiga ham kuchli salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. To‘g‘ri, Samarqandda Sherdor, Tillakori; Toshkentda Ko‘kaldosh; Buxoroda Abdullaxon; Xivada Islomxo‘ja madrasa va minoralari kabi salobatli, muhtasham madrasalar qad ko‘tardi, ammo ularning dasturida naqliy ilmlarni o‘qitish yetakchilik qildi. Bu davrda aqliy ilmlar Yevropani yuksaklikka olib chiqayotgan edi. Ayniqsa, o‘lka chor Rusiyasi tomonidan bosib olingach, boshlang‘ich va oliy ta’limdagi inqiroz yanada chuqurlashdi. Maktab va madrasalarni asrlar davomida iqtisodiy jihatdan ta’minlab kelayotgan vaqf mulklari mustamlakachilar tasarrufiga o‘tdi. Maktab-madrasalarda faqat diniy ilmlargina o‘qitilib, aniq fanlardan ibtidoiy bilim olmoqchi bo‘lganlari uchun rus-tuzem maktablarida o‘qish joriy etildi. Natijada, milliy ta’lim yo‘qqa chiqarildi, bu hol uzoqni ko‘ra oladigan o‘zbek ziyolilarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular general-gubernatorlik ma’murlari ta’qib va tazyiqlari ostida inqiroz botqog‘iga botgan ibtidoiy maktablar o‘rnida “usuli savtiya” metodiga asoslangan “usuli jadid” maktablari tashkil qilish, madrasalarni zamonaviy ilmlar zaminida qayta tiklash, zamonaviy oliy o‘quv yurtlari - universitetlar tashkil qilish uchun kurash olib bordilar. Bu ishlarning tepasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Saidahmad Vasliy, Abdurauf Fitrat kabi istiqlol fidoyilari turdilar.
    Madrasalar islohi masalasini ham Rusiya musulmonlari orasida birinchi bo‘lib kun tartibiga qo‘ygan mutaffakkir Ismoilbek Gasprinskiy bo‘ldi. U 1881-yilda nashrdan chiqargan “Rusiya musulmonligi” asarida, “Tarjimon” gazetasida e’lon qilgan turkum maqolalarida bu masalaga alohida e’tibor qaratadi. Avvalo, u arab tili, fiqh va aqoid kabi fanlarni ona tilida o‘qitish masalasini qo‘yadi: “Ona tilimizda dars o‘tilmagani holda juda og‘ir bo‘lgan arabiy darslar fors tilida o‘tilib, yana mushkul bir ahvolga qo‘yilgandir. Bu ahvolda ilm tahsili va taraqqiyoti bo‘ladimi? Albatta bo‘lmaydi. Yilda olti oy, kunda uch soat, nazoratsiz, imtihonsiz, bir nizom va intizomsiz tahsil albatta 15-20 yil umr talab qiladi va shuncha umr ketgandan keyin ham na arab tili bizga boylik berar, na turk tilida kamolat berar”.
    Madrasalarda muddati tartib-intizom, belgilab qo‘yilgan ma’lum o‘quv muddati kerak. Darhaqiqat, islohotni madrasa tartib-intizomidan, hamma talabalar ham, domlalar ham bo‘ysunishga majbur bo‘lgan qonun-qoidalardan boshlash kerak. Avvalo, talabalarni oziq-ovqat, oshpazlik, o‘tin-ko‘mir, umuman, tirikchilik mashaqqatlaridan ozod qilish kerak, toki ular butun imkoniyatlarini, vaqtlarini ilm olishga safarbar qilsinlar. Buning uchun madrasalarda hamma talabalar uchun umumiy oshxonalar tashkil qilish, ma’lum bir vaqtda hamma talabalar ovqatlanishi, darsga kirishi, dam olishi va ma’lum bir vaqtda darslar tugashi belgilab qo‘yilishi kerak, bir so‘z bilan aytganda, hamma talabalar sinf-sinflarga bo‘linib, yagona jadval asosida dars olib borilishi kerak. Ismoilbek Gasprinskiy dars kunlarini ham tartibga solish, haftaning 6 kunida dars jadvali asosida 8-9 soatdan dars o‘qish, yillik o‘qishni 9-10 oy uzluksiz qilib belgilash va har yil oxirida yillik imtihon o‘tkazish, shu yo‘l bilan madrasada o‘qish muddatini 5 yil qilib belgilash masalasini qo‘yadi. Shu bilan birga, islohotchi mudarrislarga ham katta ma’suliyat yuklaydi. Ularning talabalarga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish uchun boshqa xizmatlardan imomlik, xatiblik ishlaridan ozod qilish, ularning iqtisodiy ta’minotini yaxshilash masalasiga alohida e’tibor beradi. Uning fikricha, o‘qituvchilar va talabalar davlat tomonidan iqtisodiy jihatdan to‘la ta’minlanishi kerak.
    Aksincha, gubernatorlik ma’muriyati esa milliy ta’lim muassasalarini barbod qilish yo‘lidan bordi. Ismoilbek Gasprinskiy so‘zlariga e’tibor bering: “Nima qilmoq kerak? Islohoti mulohaza va g‘ayrat. Bugungi kunda tahsilni kengaytirmoq, maydonlashtirmoq hech mumkin emasdir. Lekin bir qancha islohotlar orqali amalga oshirish mumkin, deb o‘ylaymiz. Eng avvalo, to‘qqiz oylik tahsil yo‘lga qo‘yilishi kerak. Ikkinchidan, talabani oziq ovqat tadorigidan bo‘shatib, har kuni 8-9 soat dars bilan mashg‘ul bo‘lishini ta’minlash kerak. Uchinchidan, madrasa va hujralarning sharoitlari yaxshilanib, talaba u yerda hordiq chiqarmog‘i lozim. To‘rtinchidan, talabaning osh-ovqatini tayyorlab berish kerak. Sinf-sinf qilib dars bermoq uchun guruhlarni 2-3 turli mullalarga topshirib, ular talaba va madrasa sharoitidan xabardor bo‘lib, nazorat qilishlari kerak. Beshinchidan, har bir madrasada bir oshpaz va bir xizmatchi bo‘lishi kerak. Ular ovqat tayyorlash va boshqa shu turdagi ishlar bilan band bo‘ladilar. Oltinchidan, mudarris afandilar imomlik va xatiblik kabi ma’muriyatlardan ozod qilinib, yashashlari uchun yetarli darajada maosh va vaqf tayin qilinishi kerak. Yettinchidan, dars davomida ona tilimizda o‘qish, yozish va ilmi hisobga biroz ko‘proq e’tibor qaratish lozim. Haftada 1-2 kun arab tilida gaplashadigan kunlar madrasada boshqa tilda so‘zlashish ta’qiqlanishi kerak. Sakkizinchidan, barcha talabalarning dars, ovqat va dam olish vaqtlari belgilanib, sinf-sinf bo‘lib ma’lum vaqtlarda barchalari darsga va ovqatga borishlari lozim. Bu kabi va shunga o‘xshash tartiblar bilan 10 yillik darslar 5 yilda tamomlanishi kerak. Yana boshqa islohotlar undan keyin mulohaza qilinaveradi.
    Ismoilbek Gasprinskiy ushbu maqolasida madrasalarning faqat ma’muriy jihatlariga – tartib intizomigagina e’tiborni qaratadi, ularda qanday fanlar o‘qitilishi, o‘qitish usullari kabi asosiy masalalar haqida o‘quv muassasida tartib-intizomni qonunlashtirgandan keyingina fikr yuritish mumkin bo‘ladi. Umuman, madrasalarda odatda o‘qish bir yilda olti oy bo‘lib, o‘qish davomida ro‘za kunlari, Ramazon va Qurbon hayitlaridan bir hafta oldin va bir hafta keyin darslar to‘xtatilgan, bu ham 6 oylik, o‘qish muddatini yanada qisqartirgan. Chuqurroq e’tibor beriladigan bo‘lsa, Gaspralining madrasalar islohi munosabati bilan o‘rtaga qoʻyayotgan talablari hozirgi zamon oliy o‘quv yurtlaridagi talabalar uchun maxsus umumiy yotoqxonalar, oshxonlarni eslatadi. Talabalarga biriktirib qo‘yilgan domlalar yotoqxonlarda maxsus tarbiyaviy ishlarni olib boradilar. Yotoqxona va talabalar yashash sharoitni yaxshilashda ma’lum ishlarni amalga oshiradilar.
    Turkiston o‘lkasida madrasalar islohi mahalliy maktablarga nisbatan bir muncha kech boshlandi. Buning asosiy sabablaridan biri mustamlakachi ma’murlarning madrasalar islohotiga keskin qarshilik ko‘rsatishi edi. N.Ilminskiy 1879-yil 29-sentabrda shogirdi N.Ostroumovga yo‘llagan xatida madrasalarni aslo isloh qilmaslik, ularning dasturiga, dunyoviy, amaliy va ilmiy fanlarni kiritishga yo‘l qo‘ymaslikni maslahat beradi. Uning fikricha, bunday fanlar mahalliy yoshlar milliy ongining uyg‘onishida asosiy vosita bo‘ladi, bu esa Rusiyaning o‘lkadagi hukmronligiga qarshi kurashda ular uchun qurol bo‘ladi. 
    O‘lka madrasalarining bunday parokandaligi, tartibsizligi o‘zbek ma’rifatparvarlarini ancha tashvishga solayotgan edi. Aniq fanlarni egallash orqaligina o‘lkani qoloqlikdan, xalqni jaholatdan qutqarish mumkinligiga o‘zbek mutaffakkirlari ishonar edilar. 1880-yillardayoq Shayxovand Tahur dahasi qozisi Sharifxo‘ja Poshshoxo‘ja o‘g‘li madrasalarda fizika fanini o‘qitish masalasini general-gubernator oldiga olib chiqqan edi. Sharifxo‘ja va Sebzor dahasi qozisi Muhiddinxo‘ja Hakimxo‘ja o‘g‘li Toshkentning ruslar yashaydigan qismiga yaqin bo‘lgan Eshonqulidodxoh madrasasida rus tilini o‘qitish masalasini ko‘tardilar. Ammo Ilminskiy g‘oyalariga amal qilgan gubernatorlik ma’murlari ularning bu talablariga tish-tirnoqlari bilan qarshi chiqdilar.
    Turkiston o‘lkasi madrasalari ahvoli Orenburgda atoqli mutaffakkir Rizo Faxriddin muharrirligida chiqadigan “Sho‘ro” jurnalida qizg‘in muhokama va munozara mavzusi bo‘ldi. Shu ma’noda, Sadriddin Ayniyning “Buxoro shahrinda tahsil”, N.Yovushevning “Samarqand madrasalari”, “Turkiston madrasalarinda dars programi” , A.Asmoniyning “Xiva mamalakatinda madrasalar”, S.Mustafoning “Buxoro madrasalari” kabi maqolalarini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Bu maqolalarda Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Qo‘qon madarasalari haqida fikr yuritilib, ularning tashqi ko‘rinishi me’moriy san’atning go‘zal namunasi sifatida baholandi. Ammo madrasalarning ichi, ya’ni ulardagi o‘quv dasturlari, darsliklari, o‘qitish usullari-umuman pedagogik texnologiya tamoman yaroqsiz, zamon talablariga javob bermaydi, deb tanqid qilindi, bor haqiqat aytildi. Buxoro madrasalaridagi 18-20 yillik o‘quv dasturi, talabalar umrining bekor o‘tishi, o‘qitilayotgan fanlarning davr ehtiyojlariga mos kelmasligi ko‘p afsus bilan tilga olinadi.
    XX asr boshlariga kelib, madrasalar islohoti haqida “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida ham maqolalar tez-tez ko‘rina boshladi. O‘zbek mutaffakkirlari orasida madrasalar faoliyati, uni isloh qilish masalalari bilan ko‘proq mudarris Saidahmad Vasliy Samarqandiy shug‘ullandi. Uning madrasalar islohiga bag‘ishlangan maqolalari “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalarida, “Oyna”, “Al-isloh” jurnallarida anchagina chop qilingan.

    Download 136,12 Kb.
    1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   31




    Download 136,12 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Zamon talablari darajasidagi oliy ma’lumotli milliy kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy harakatlar

    Download 136,12 Kb.