Jadid maktablari rivojining hududiy o‘ziga xosligi, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Xivada jadid maktablari taraqqiyoti




Download 136,12 Kb.
bet15/31
Sana21.05.2024
Hajmi136,12 Kb.
#248337
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   31
Bog'liq
Jadid adabiyoti

Jadid maktablari rivojining hududiy o‘ziga xosligi, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Xivada jadid maktablari taraqqiyoti. Usuli jadid maktabdorlari to‘siqlar, ta’qib va tazyiqlardan cho‘chimadilar, ular o‘z faoliyatlari doirasini kengaytirib bordilar. Toshkent, Samarqand, Qo‘qon, Farg‘ona vodiysi shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan mutafakkirlar bilan aloqa bog‘ladilar. Qrim, Turkiyaga talabalar yuborish, o‘z saflarini o‘sib kelayotgan bilimli yoshlar hisobiga mustahkamlashga kirishdilar. Buxoroning ilg‘or kuchlarini birlashtirish uchun jamiyat kerak edi. 1909-yilda Buxoro jadidlari “Tarbiyati atfol”, (“Bolalar tarbiyasi”) nomli yashirin jamiyat tuzdilar. Bu jamiyatning sa’y-harakati bilan usuli jadid maktablari yana birin-ketin ochila boshladi. Jamiyat nizomida siyosiy masalalar o‘z ifodasini topmagan bo‘lsa-da unga Buxoro amirligi siyosiy tuzumini, davlat ma’muriyatiga ilg‘or yoshlardan kiritish va shu yo‘l bilan davlat siyosiy tuzumida ilg‘or o‘zgarishlar yasash ko‘zda tutilgan edi.
Milliy uyg‘onish harakati Buxoro amirligida Turkiston o‘lkasiga nisbatan kech vujudga keldi. Buning obyektiv sabablari bor. Buxorodagi mutaassiblik va uni rag‘batlantirgan mustamlakachilar o‘lka taraqqiyotining dushmanlari edi. Shunga qaramasdan, jadidchilik harakati Buxoroda shiddat bilan rivojlandi, hatto uning siyosiy bosqichga ko‘tarilishi Turkiston jadidlariga nisbatan oldinroq kechdi. Bu jarayonda, ayniqsa, Abdurauf Fitrat va Fayzulla Xo‘jayevlar katta faoliyat ko‘rsatdilar. Shu ma’noda, Buxoro amirligida jadid maktablarining keng quloch yozishida Fitratning “Munozara”, “Hind sayyohi bayonoti” asarlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Vatanimiz tarixida XIX asrning ikkinchi yarmida hukmronlik qilgan xonlar orasida hech biri adabiyot va san’at, ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya, mamlakat obodonchiligi sohasida Muhammad Rahimxon Feruzchalik faoliyat ko‘rsatgan emas. Ma’rifatparvar hukmdor 47 yil xonlik qildi, dastlabki o‘n yil mustaqil xon sifatida, ammo Rusiya mustamlakachilik siyosati eng yuqori bosqichga ko‘tarilgan bir davrda, 37 yil Rusiya imperiyasining vassali sifatida faoliyat ko‘rsatdi. U butun hukmronligi davrida ulug‘ ustozi, Turonzaminning buyuk mutafakkiri Muhammad Rizo Ogahiyning raiyatni ma’rifat nuridan bahramand qilish haqidagi o‘gitlariga izchil amal qildi;
Bu so‘zlarnikim, men bayon ayladim,
Necha bayt birla ayon ayladim.
Bularga sayu shahki qilsa amal,
Oning mulkiga yetmas aslo xalal.
Hukumat binosi bo‘lur ustuvor,
Oning xonadonida tutg‘ay qaror.
Shaho, olam ichra bugun shohsen,
Burundin bu so‘zlarga ogohsen.
Umidim budurkim, amal qilg‘aysen,
Amal aylamakda jadal qilg‘aysen.
Muhammad Rahimxon Soniy o‘zbek xonlari orasida birinchi bo‘lib Xivada 1873-yilda litografiya tashkil qildi, ulug‘ mutafakkirlar Alisher Navoiy, Abulg‘ozi Bahodirxon, Munis, Ogahiy, Komil Xorazmiy asarlarini chop ettirdi. O‘lkada mavjud tarjima maktabini yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tardi, yosh avlod tarbiyasi masalasiga katta ahamiyat berdi. Feruzning bevosita rahnamoligida Muhammad Rizo Ogahiy Sharqning buyuk mutafakkirlari Unsurulmaoliy Kaykovusning “Qobusnoma”, Shayx Muslihiddin Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe” kabi pedagogikaga oid asarlarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi. Ogahiy “Qobusnoma” tarjimasi muqaddimasida Muhammad Rahimxonning bunday rahnamoligi haqida quyidagilarni yozadi: “Amir Unsurulmaoliy Kaykovus binni Iskandar binni Vushmagirning o‘z o‘g‘li Gilonshoh uchun jam qilg‘on nasihatnomasi ul shahzodayi ozodaning nazari anvori mutolaasig‘a yetishdi va musaffo xotirig‘a uni turkiy til bila tarjima qildirmoq tamannosi tushdi. Bu bandayi faqir Muhammad Rizo mirob Ogahiy bir kuni ul janob majlisig‘a borib, duo sharoitin taqdimig‘a yetkurdim va ul janobning lozimul bashorati bila ham ul majlisning bir go‘shasida o‘ltirdim. Darhol menga necha turlik mehribonliklar ko‘rguzib, mazkur “Nasihatnoma”ni ilkimga berib dediki: “Bu nusxani turkiy til bila tarjima qil, toki turk tavoyifining avomi ham bu pandlardin bahra olg‘ay va bizning otimiz, sening so‘zing olam inqirozig‘acha zamon avroqida boqiy va yodgor qolg‘ay”.
XIX asrning ikkinchi yarmida Xiva xonligida ham Buxoro va Qo‘qon xonliklaridagi kabi ibtidoiy maktablarning ahvoli juda nochor edi. Bu maktablarda 4-5 yil o‘qib, hatto savod chiqara olmas edilar. O‘zbek pedagogikasi tarixida nihoyatda mushkul bo‘lgan bu masalaga qo‘l urgan va muvaffaqiyatli hal qilgan mutafakkir Shermuhammad Munis bo‘ldi. Uning “Savodi ta’lim” asari 1804-yilda yaratilgan bo‘lib, XX asr boshlarida A.O.Porsev tipolitografiyasida “Savodi ta’lim ma’guldastai rayohin” nomi bilan bir necha marta nashr etildi. Ushbu asar bolalarni husnixatga o‘rgatish maqsadida yaratilgan bo‘lsa-da, bir necha o‘n yillar davomida “usuli savtiya”, hatto ilg‘orroq bo‘lgan “usuli qadimiya” maktablari uchun yaratilgan alifbo darsliklari bilan birga savod chiqarish bo‘yicha qo‘llanma sifatida foydalanib kelindi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Buxoro amirligiga nisbatan Xiva xonligida Muhammad Rahimxon Soniy va mirzaboshi Komil Xorazmiy rahnamoligida usuli jadid maktablari ancha erta ochila boshladi. 1891-yildayoq ulug‘ mutafakkir Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Urganchda birinchi usuli jadid maktabi ochildi. Ushbu maktab xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi, unda dastlab 25 o‘quvchi ta’lim oldi.
Xivada ochilgan ushbu “Maktabi mahramiy” va “Maktabi jadida”da 113 nafar talaba 1907-yil 28-mayda valiahd Asfandiyor va devonbegi huzurida, 31-mayda esa qozilar, oxund (mudarris)lar, muftiylar huzurida imtihon topshirdilar. Imtihon ahli Xiva va Urganchda yana ikki usuli jadid maktabi ochish va Qozondan yana ikki muallim taklif qilishga qaror qildilar. Xonlikdagi yangi maktablar noziri Ramazon Muhammad Karimzoda bu qarorni barchaga e’lon qildi.
Muhammad Rahimxon Feruz vafotidan keyin taxtga o‘tirgan Asfandiyor ham usuli jadid maktablari rivojiga katta hissa qo‘shdi. Ayniqsa, devonbegi Said Islomxo‘ja bunday ma’rifiy ishlarga bosh bo‘ldi. Qozondan muallimlar taklif qilish, ular yordamida usuli jadid maktablari ochish davom etdi. XX asr tongidayoq Islomxo‘ja zamona talablariga hamohang holda o‘z hisobidan ikki qavatli usuli jadid maktabi qurdirdi, rus, tatar muallimlarini jalb qildi. U bunday faoliyati tufayli “Vaziri akbar” degan sharafli unvonga musharraf bo‘ldi. Uning bu faoliyati “Tarjimon” gazetasi e’tiborini o‘ziga qaratdi: “Islomxo‘ja iqtizoyi zamonaga ko‘ra ilm va ma’rifat nashrini daxi lozim ko‘rub, Xivaya ruscha va tatarcha muallimlar keltirmish va bir qoch adad usuli jadida maktablari ochdirmish edi. O‘z masorifindan bir maktab bino qildirdi. Maktab islohina so‘nggi yillarda cho‘x xidmat etdi... Xivada ba’zi ilmlarning Buxorodan ilgarida o‘lmasinda Islomxo‘janing ta’siri o‘ldi, demak mumkindir”.
Sayid Islomxo‘ja bilan Asfandiyorxon taraqqiyparvarlikda fikran bir-birlariga juda yaqin edilar, buning ustiga Asfandiyorxon Islomxo‘jaga kuyov ham edi. Bunday fikriy yaqinlik natijasida xonlikning Xiva va Urganch shaharlarida zamonaviy shifoxonalar, pochta-telegraf, maorif-madaniyat maskanlari barpo etildi va ularga xonlik xazinasidan mablag‘ ajratildi.
Jadid maktablarining Xorazm xonligi bilan Buxoro amirligida shakllanish va rivojlanish jarayoni bir-biridan tubdan farq qiladi. Buxoro amirligida usuli jadid maktablarining keng ko‘lamda tarqalishiga yuqori tabaqa - amir, qushbegi, qozikalon va mutaassib ulamolar keskin qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsalar, Xiva xonligida, aksincha, bu masalada xon boshchiligidagi yuqori tabaqa farmonbardor bo‘ldi, pastki tabaqa, hatto mahalliy muallimlar ancha sustlik qildi. Shuning natijasi o‘laroq jadidchilik, jadid maktablari keng quloch yoza olmadi. Jadid maktabdorlari, usuli jadid pedagoglari, muallimlari xalq orasidan yetishib chiqmadi, xonlik, asosan, Qozon tatarlaridan, Turkiyadan, Boqchasaroydan darsliklar, turli o‘quv kitoblari olish, muallimlar jalb qilish masalasi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bu yo‘l bilangina xonlik maorifini tubdan isloh qilish mumkin emas edi. Xiva xonligidagi mavjud ahvolga “Tarjimon” gazetasi ham taassuf bildirdi: “Boqchasaroydan olingan dars kitoblari, Qozondan chaqirilan muallimlar Xivaya yarashmayur, kelishmayur esa xivalidan muallimlar yetishdirmali va Xivada tab’ o‘linajoq alifbolari vujudga keltirmali. Bunda hech bir kimsa zarar ko‘rmaz. Toshkand bo‘yla bir chora bo‘ldi”.

Download 136,12 Kb.
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   31




Download 136,12 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Jadid maktablari rivojining hududiy o‘ziga xosligi, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Xivada jadid maktablari taraqqiyoti

Download 136,12 Kb.