Milliy metodika rivojining ijtimoiy-tarixiy, metodik-texnologik asoslarini tushuntirish




Download 136,12 Kb.
bet23/31
Sana21.05.2024
Hajmi136,12 Kb.
#248337
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   31
Bog'liq
Jadid adabiyoti

Milliy metodika rivojining ijtimoiy-tarixiy, metodik-texnologik asoslarini tushuntirish. 1905-yil siyosiy voqealar jadidchilik harakatining yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishiga, ko‘lamining kengayishiga, milliy ong, milliy tafakkurning rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Turk, tatar, ozarbayjon, boshqird mutafakkirlari bilan aloqalar yanada mustahkamlandi. Yangi “usuli jadid” maktablari soni mahalliy maktabdorlar, hur fikrli ziyolilar sa’y-harakati hisobiga ancha ortdi. Bu hol mustamlakachilarning yanada qattiqroq qarshiligiga duch keldi. Farg‘ona viloyati xalq o‘quv yurtlari inspektori O.Yegorov 1909-yilda Turkiston o‘lkasidagi rus-tuzem maktablarining ahvoliga bag‘ishlangan maxsus kengashda kuyunib shunday degan edi, “Yaqin kelajakda yangi metoddagi mahalliy maktablarning keng yoyilishi va ularga nisbatan mahalliy aholi e’tiborining keskin ortib borishi bilan rus-tuzem maktablari tamom xarob bo‘ladi”.
“Usuli jadid” maktablarini butunlay yopib qo‘yish yoki ta’qiqlashdan gubernatorlik ma’muriyati qo‘rqar edi, chunki bunday maktablarni yashirin ravishda tashkil qilishga, ayniqsa, mahalliy xalqning qattiq norozilik harakatiga olib kelar, ko‘plab yoshlarning chet elga, birinchi navbatda, Turkiyaga borib o‘qishiga yo‘l ochilar edi. Mahalliy pedagoglarning jadid maktablarini ochishi gubernatorlik ma’muriyati tomonidan qattiq nazorat ostiga olindi. Shu munosabat bilan 1909-yilda Turkiston o‘quv okrugi qoshidagi maxsus komissiya “Farmoyish” ishlab chiqdi. Farmoyishning hamma moddasi mahalliy millat farzandlari uchun ochiladigan maktablarga bir katta to‘siq vazifasini bajaradi. Bu bilan ichki Rusiyadan kelgan tatarlar tomonidan ochilgan va ochilayotgan “usuli jadid” maktablarining faoliyati to‘xtatildi. Natijada, “usuli jadid” maktablarining soni keskin kamaya boshladi. Endi dunyo yuzini ko‘rayotgan “usuli jadid” maktablarida qo‘llash uchun mahalliy mualliflarning darsliklari hali yo‘q darajada yoki yetarli emas edi. Atoqli maorifchi Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval” alifbo darsligi nihoyatda kam miqdorda nashr qilinib, hatto rus-tuzem maktablari uchun ham yetishmas edi. “Usuli jadid” maktablarida Majid Qodiriy tomonidan yaratilgan va 1910-yilda nashr etilgan “Hisob” darsligiga qadar Qozon va Turkiyada nashr qilingan matematika bo‘yicha turli darsliklardan foydalanilar edi.
Jadid mutafakkirlariga qarshi olib borilayotgan ta’qiblar haqida Sadri Maqsudiy 1912-yilda uchinchi chaqiriq Rusiya Davlat dumasi minbaridan quyidagilarni bayon qilgan edi: “Har bir millatning o‘ziga xos muqaddas, qadrli odatlari mavjud. Adolatli davlat xalqlarning bunday qadriyatlariga qarshi hech qanday dahl qilmaydi. Bular millatning tili, badiiyati, maktabi va boshqalardir. Bizning hukumatimiz esa turkiy millatlarning muqaddas odatlariga qarshi muntazam ravishda tajovuz qilib turadi: maktablarimiz, adabiyotimiz, badiiyatimiz ta’qib ostiga olinadi. Faqat bir yil davomida 150 dan ortiq eng e’tiborli o‘qituvchilar, mullalarning uylari tintuv qilindi. Qo‘qon shahrida mahalliy inspektor (nazoratchi) farmoyishi bilan 20 ga yaqin maktab yopildi va o‘qituvchilari haydab yuborildi. Toshkentda Munavvarqoriga Madrasa qoshida rus sinfi ochishga ruxsat berilmadi, Namanganda Husayn Makayev o‘qituvchilik ishidan chetlashtirildi”. Ammo gubernatorlik jadid maktablarining keng quloch yoyishiga qarshi qanchalik to‘siqlar qo‘ymasin, tabiiy-tarixiy jarayonni to‘xtata olmadi.
Ismoilbek Gasprali 1891-yilda Turkiston general-gubernatori A.Vreveskiyga o‘lkadagi maktab va madrasalarni tubdan isloh qilishga qaratilgan maktub bilan murojaat qiladi. U ushbu maktubida mahalliy maktablarda o‘qitish tartiblarini soddalashtirish, 6 yilda ibtidoiy maktabda beriladigan bilimni, xat-savod o‘rgatishni 2 yilda amalga oshirish ana shu yo‘l bilan iqtisod qilingan 3-4 yilni musulmonlar turmush sharoitini, maktabini buzmagan holda rus tilini o‘qitishga sarflash masalasini qo‘yadi. Buning uchun ba’zi bir ilg‘or madrasalarni oliy darajada qayta qurib, islohot o‘tkazish orqali “oliy Madrasa” tashkil qilib, ona tili va adabiyot, rus tili, rus qonunshunosligi va pedagogika fanini asosli o‘rgatib, mahalliy millat farzandlaridan o‘qituvchilar tayyorlash kerakligini ta’kidlaydi. Bu yo‘l bilan Milliy metodika rivojining ijtimoiy-tarixiy, metodik-texnologik asoslarini ochib beradi.
Jadidchilik harakatining mohiyatiga e’tibor qilib qaralsa: u ma’rifatparvarlik emas, balki ma’rifatchilik edi. “Ma’rifatchilik” iborasiga iste’dodli olim Sh.Rizaev alohida urg‘u berib, uni atroflicha tahlildan o‘tkazgan. Darhaqiqat, ma’rifatparvarlar, asosan, ma’rifat homiylari tarzida, “tashqaridan” turib, ya’ni xalqning iste’dodli farzandlarini qo‘llab - quvvatlash orqali va o‘z asarlari yordamida bilvosita faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsalar, ma’rifatchilar bir paytning o‘zida ham homiylar, ham ma’rifatning qora mehnatchilari edi. Nazariy yo‘nalish bilan amaliyotning ana shunday chambarchas bog‘liq holda olib borilishi jadid ma’rifatchilari uchun Ovro‘pa ma’rifatparvarlari asrlar mobaynida bosib o‘tgan yo‘lni bir necha o‘n yil ichida “kesib chiqish” imkonini yaratdi. U fidoyilik evaziga bunyodga keldi.
Jadidlar xalqning fikrlash darajasini oshirish ularni mustaqillikka yetaklaydi deb o‘ylashardi. Bu esa, albatta, yangi usuldagi maktablarni ochish orqali amalga oshirilardi. Lekin podsho hukumati bunday usuldagi maktablar faoliaytiga tazyiq o‘tkazardi. Har qanday ta’qib va tazyiqlarga, mutaassib ulamolarning dashnomlariga, bo‘htonlariga qaramay, jadid maktablari xalq e’tiborini qozonishi, ayniqsa, musulmon qardoshlarning bu boradagi hamjihatliklari, hamkorliklari general-gubernatorlik siyosatdonlari, mafkurachilari faoliyatini yanada kuchaytirdi. 1909- yilda Nikolay Ostroumov “Tуркистанский видомости” gazetasida maqolasini e’lon qildi. Unda muallif quyidagilarni yozadi: “Rus ma’muriyatining yerliklar eski maktablariga nisbatan qo‘llagan mensimaslik, nazar-pisand qilmaslik siyosati o‘lkadagi hukmronligimizning dastlabki o‘n yilligida o‘zini oqlagan bo‘lishi mumkin. Ammo keyingi uch o‘n yillikda bu siyosat o‘zini oqlamaganini hech narsa bilan yashirib bo‘lmaydi. Mana, chindan ham pushaymon bo‘ladigan voqea sodir bo‘ldi. Biz o‘lkada katta qiyinchiliklar bilan bir necha rus-tuzem maktabi ochganimizda, boshqalar tashqaridan (Qrimdan) katta g‘ayrat bilan o‘lka maorifi uchun boshqa bayroq ostida mustaqil faoliyat olib bordi. Bu yangi usul maktablari ma’muriyatning hech qanday ruxsatisiz ochila boshladi va ajablanarli, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tomoni shundaki, hozir ham bunday holat oblast, uyezd ma’muriyatlari, hatto hukumat maktablar inspektsiyasi nazoratisiz davom etmoqda”. Bunday maktablar dastlabki vaqtlarda hukumat ruxsatisiz ochila boshlagan edi, keyin ularning ochilishi, butun faoliyati to‘la gubernatorlik nazoratiga o‘tdi. Jadid maktablarining faoliyati endi nihoyatda og‘ir kecha boshladi. Bir tomondan, mutaassib ulamolar, “usuli qadim” tarafdorlari “usuli jadid” maktablariga qarshi turli-tuman bo‘htonlar uyushtirdilar, muallimlarini esa hatto kofirlikda aybladilar, xalq bolalarini bunday maktablardan qaytarishga harakat qildilar. Shu o‘rinda Samarqandning Ulug‘bek madrasasi jomesida 5-6 ming namozxon o‘rtasida mutaassiblarning shoir va pedagog Siddiqiy-Ajziy va Abduqodir Shakuriylarni kofirga chiqarishlarini, Mirmuhsin Shermuhamedov va So‘fizodalarni sazoyi qilib, o‘z Vatanidan quvg‘in qilishlarini esga olish o‘rinlidir. Mutaassiblarning bunday hatti-harakatlari, ikkinchi tomondan, bundan ham dahshatliroq kuch bo‘lmish mustamlakachi ma’murlarning ta’qib va tazyiqlariga katta yo‘l ochib berdi. Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li siyosiy tashkilotlarning uzluksiz so‘rovlariga javob berishga, do‘q-po‘pisalariga, qamoqlariga chidashga majbur bo‘ldi. Shuning uchun ham “usuli jadid” maktablarining taraqqiyoti va ko‘lamining kengayishi, ayniqsa, mustamlaka Turkiston o‘lkasi sharoitida ancha og‘ir kechdi. Bu haqda Munavvarqorining sobiq o‘quvchisi, Anqara universitetining professori Ibrohim Yorqin (Ibrohim Orifxon o‘g‘li – 1902-1993) xotiralarida quyidagilarni yozadi: “1913 yilda Eshonxo‘ja Xoniyning maktabini bitirgach, Munavvarqorining ikki sinfli rushdiy maktabida o‘qigan yillarimizda Rusiya idorasi o‘quv inspektorlari maktabimizga to‘satdan kelib, foydalanayotgan kitoblarimizni tekshirardi. Ularning maqsadlari bizning maktabda mavjud bo‘lgan darslik va boshqa o‘quv kitoblarining Rusiya idorasi nuqtayi nazaridan zararlimi yoki yo‘qmi, shularni tekshirish edi”. Generalgubernatorlik ma’murlari usuli jadid maktablarining keng quloch yozishiga qanchalik to‘siqlar qo‘ymasin, tabiiy-tarixiy jarayonni to‘xtata olmadi.
1909-yilda Rossiya Davlat dumasida – “G‘ayri ruslarning davlat tasarrufidagi maktablarda ta’lim-tarbiya qaysi tilda olib borilishi kerak?” degan mavzu yana muhokama etiladi. Unga binoan “turkistonliklarning adabiy tili yo‘qligi” sababli ta’lim-tarbiya faqat rus tilida olib boriladi, agar mahalliy so‘zlarga ehtiyoj tug‘ilgan taqdirda esa arab yozuvida emas, faqat kirill yozuvida ta’lim beriladi, degan farmoyish e’lon qilinadi. Bu farmoyish turkiyzabon ziyolilarning, pedagoglarning qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi. Unga qarshi “Tarjimon” gazetasida e’lon qilingan “Chig‘atoy tili” sarlavhali maqolada quyidagilarni o‘qiymiz: “Samarqand, Farg‘ona, Sirdaryo qit’alarining shevalari eski chig‘atoy shevasidur. Bu sheva adabiy o‘ldig‘i butun jahona ma’lumdur. Hatto turk shevayi adabiyalarining eng qadimi va mabdayi o‘ldug‘i lisoniyun (tilshunoslar) oldida masdaq (tasdiqlangan)dur. Taftazoniylar, Ahmad Yassaviylar, Ali Qushchi, Alisher Navoiy va boshqalar vujuda keltirmish Turkiston tili nechuk “tilsiz”, “adabiyotsiz” ot o‘linur?! Rus millatining lisoni adabiy o‘lmadig‘i zamonda Lomo‘no‘suf, Pushkin kabi rus adiblarining vujudidan uch va to‘rt yuz sana muqaddam Chig‘atoy, ya’ni Turkiston tili forsiyya foyiq (g‘olib) bo‘lindig‘i da’vo o‘linur-da, bugun Turkiston belisondur, deyu nasil (qanday) hukm o‘linur?! Kiyev va Mo‘sqva baldalarinda rum va lotin lisoninda biror rahbon (rohiblar) shqolasi ta’sis edilmasdan muqaddam Buxoro va Samarqandda ilmi tib, hay’at, falsafa, ta’rix, jug‘rofiya, xandasa va soira dars va tahsil edilur. Ulug‘beklar, Forobiylar, Ibn Sinolar kabi turk hukamosi yetishurda, buyuklarning ahfodi (avlodi) bu kun nechuk tilsiz ot o‘linur?!”.
Mana shunday og‘ir sharoitda o‘zbek jadid pedagoglari ona tili hamda milliy adabiyotni o‘qitishga millatning hayot yoki mamoti masalasi sifatida qaradilar, ona tili va adabiyot o‘qitishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqdilar. Bunday masalalar ularning darsliklarida o‘z ifodasini topdi. Milliylik va milliyat masalasi Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Fitrat kabi mutafakkirlar faoliyatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning bu haqdagi so‘zlariga e’tibor bering: “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat, eng avvalo, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha, taraqqiy yo‘lig‘a kirub, madaniyatdin foydalanmas. Binoan alayh, yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarini ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarining har jihatdan intizom va akmolig‘a ahamiyat berib, bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetushdururlar. Aning uchundurki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar”.
Jadidlar yurt istiqloli va taraqqiyotini zamonaviy mutaxasislarsiz tasavvur qila olmadilar. Shu munosabat bilan jadidlar asosiy e’tiborni mahalliy xalq bolalaridan kuchli kadrlar tayyorlashga kirishdilar. Ular bu vazifani amalaga oshirish uchun maktab-maorif tizimini takomillashtirish kerak ekanligini anglab yetdilar. Shu maqsad yo‘lida yangi usul maktablarini yaratishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar. Yangi usul maktablarining boshqa maktablaridan farqi va yutuqlari shundaki, bu maktablarda sinf dars tizimiga o‘tildi. Ko‘rgazmali materiallardan foydalanish ancha samarali usul ekanligi isbotlandi. Sinf xonalarning toza va yorug‘ligi, partalarda o‘tirib o‘qitilishi, dars tanaffuslarining joriy etilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Jadid maktablari ortib borgan sari ularning dars berish tizimi takomillashib boraverdi. O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yoyilishida Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘rni beqiyosdir. Behbudiya maktabida har yilning oxirlarida tanatanali imtihonlar o‘tkazilib turilardi. Imtihonlarga, albatta, ota-onalar va boshqa mehmonlar ham taklif qilinardi. Bu birinchidan: “usuli jadid” maktablarini ko‘proq targ‘ib qilish va uning o‘qish tartiblarini ko‘rsatish bo‘lsa; ikkinchidan maktabni hayotiyroq qilish, ya’ni bola va maktab birligini amalga oshirish edi. Sakkiz sinf, ya’ni birinch bosqichni tugatgan shogird arabcha, forscha va turkchada bemalol so‘zlab, yozardi. Ruschani ham o‘qib, bemalol gaplasha olardi. Turkistoning boshqarma mahkamalarining barchasida ishlashga qurbi yetardi. Bu shogird maktabda muallimlik ham qila olardi, tijorat bilan ham shug‘ullanar, hatto muharrirlik ham qo‘lidan kelardi. Har yilgi imtihonlarga barcha joydagi vakillarga xat yuborilib taklif etilardi. Lekin ko‘pchilik maktabning yutuqlarini ko‘ra olmaganlar kelmasdi. Behbudiy aytar ediki: “Kelib ko‘rsunlar, durust bo‘lsa, rivoj bersunlar, nodurust bo‘lsa, dalil ila isbot qilsunlar... maqsadimizda xizmatdan va millatdan boshqa narsa yo‘qdur”.

[1] http: // www.yazykoznanie.ru


[2] Sharopova S. Til o‘qitish dasturlarining amaliy ahamiyati. Metodist. Ilmiy maqolalar to‘plami. –Toshkent, 2017. -B.8-12.
[3] L.Abduhamidova. Kompyuter lingvistikasining avtomatik tahrir yo‘nalishi. BMI. –T., 2016.


Download 136,12 Kb.
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   31




Download 136,12 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Milliy metodika rivojining ijtimoiy-tarixiy, metodik-texnologik asoslarini tushuntirish

Download 136,12 Kb.