Buxoro amirligida jadid maktablari rivojining o‘ziga xosligi




Download 136,12 Kb.
bet25/31
Sana21.05.2024
Hajmi136,12 Kb.
#248337
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   31
Bog'liq
Jadid adabiyoti

Buxoro amirligida jadid maktablari rivojining o‘ziga xosligi. Darhaqiqat, XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Buxoroyi sharifning ma’rifat tarqatish borasidagi mavqeyi butunlay inqirozga yuz tutgan, maktab-madrasalar dasturidan aniq fanlar olib tashlangan, mutaassiblik hukmron edi. Bir so‘z bilan aytganda, Buxoro ilm maskanlari tubdan islohga muhtoj. Nafaqat ta’lim-tarbiya tizimini, birinchi navbatda, feodal-davlat tizimini tubdan o‘zgartirish kerak edi.
1904-yilda Russiyaning Yaponiya bilan bo‘lgan urushda yengilishi mustamlaka Turkiston o‘lkasida ham ham xalq ahvolining keskin og‘irlashuviga sabab bo‘ldi. 1905-yil Russiyadagi inqilobiy voqealar Buxoro amirligiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. 1908-yilning yoz faslida Ismoilbek Gasprali ikkinchi marta Buxoroga keladi. Bu safar ziyolilar bilan uchrashdi, maktab va madrasa islohati masalasiga alohida e’tibor berdi. Buxoro amrligi hududida ham “Tarjimon” gazetasi keng tarqala boshladi, “usuli savtiya” metodiga asoslangan maktablar ham birin-ketin ochila boshladi. Shu paytdan boshlab Buxoroda ham “jadid” va “qadim” nizolari boshlandi.
Ahmad Donish vafotidan keyin uning shogirdlari va hammaslaklari Sadri Ziyo, Inoyat mahzum, Abdulmajid qori, Zufunun, Abdulvohid Munzim, Sadriddin Ayniy va boshqalari maktab va madrasa islohati borasidagi qarashlarini amaliyotda davom ettirdilar. Buxoro amrligi hududida dastlabki “usuli savtiya” – usuli jadid maktablarining ochilishi Sadriddin Ayniy va Mirza Abdulvohid Munzim nomlari bilan bog‘liq. Sadriddin Ayniy ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoroda tatar muallimlari ochgan usuli jadid maktablari mavjud edi. Ayniy va Munzim ushbu tatar maktablaridagi o‘qitish usullarini o‘rganadilar va o‘z maktablariga tatbiq qildilar: “Shunday qilib, 1326-yil hijriyda shavvol oyining o‘nida (1908-yilning oktabrida) Buxoro shahrining ichida Darvozayi Sallohxona guzarida Mirza Abdulvohid uyida tojik tilida birinchi martaba buxoroliklarga maxsus usuli jadida maktabi ochdik. Bu maktabda ikki oy muddatida o‘quvchilarning adadi 12ga yetishdi. Lekin ta’lim tartibi nihoyat darajada buzuq va bizning barchamiz usul va yangicha qoidadan xabarsiz edik. Ichimiz ta’lim va isloh o‘ti bilan yonmoqda edi”.
Maktablarda Mirza Abdulvohid Munzim, Sadriddin Ayniy, Ahmadjon Hamdiy Buxoroda faoliyat ko‘rsatayotgan tatar muallimi Holid Burnashev maktabiga boradilar, ta’lim qoidalaridan tortib, kitob va darsxona tartibigacha, o‘qiladigan ilmlardan tortib, kitob va darsliklargacha tanishadilar, ma’lumotlar oladilar. 1908-yilda Buxoroda ilk bor tashkil etilgan “Birodari Buxoroyi sharif” hayriya shirkatining topshirig‘iga binoan Sadriddin Ayniy Samarqandga keladi va bir necha yillardan beri jadid maktabi ochib, faoliyat ko‘rsatayotgan Abduqodir Shakuriy maktabi, uning o‘qitish usullari bilan tanishadi. S. Ayniyning bu tashrifi A. Shakuriyni hayratga soldi, chunki “usuli jadid”ni - “usuli savtiyai tadrijiya” metodini o‘rganish maqsadida Shakuriy undan uzoqroqqa – Qozon, Bog‘chasaroy, Istanbulga borgan Ismoilbek Gaspirali bilan tanishgan va bir qancha o‘quv darsliklarini, “Xo‘jayi sibyon”, “Rahbari muallimin” yoki “Muallimlarga yo‘ldosh” alifbo va metodik qo‘llanmasidan bir necha nusxa olib kelgan edi. A. Shakuriy S. Ayniyga usuli savtiya maktablari uchun Ismoilbek Gaspiralining “Xo‘jayi sibyon”iga o‘xshagan darslik-alifbo yaratishni maslahat beradi. Ushbu usuli savtiya maktablari uchun kitoblar – darslik va qo‘llanmalar juda zarur edi. S. Ayniy A. Shakuriy taklifiga amal qilib, “Birodari Buxoroyi sharif” shirkatining muassisligida usuli jadid maktablari uchun “Tahzib us-sibyon” (“Pokiza bola”) qiroat darsligi (o‘qish kitobi)ni yaratdi. Kitob 1909- va 1917-yillarda ikki qatla nashr qilindi. S. Ayniy va A. Munzim maktabi ancha muvaffaqiyat qozondi. O‘quvchilar soni kun sayin ortib bordi. 1909-yilning oktabrida Buxoro tarixida birinchi marta ushbu maktabda o‘quvchilardan imtihon olish tantanasi bo‘lib o‘tdi. Yosh-yosh bolalar berilgan matnlarni burro-burro o‘qidilar, domlalarining savollariga bulbulday javob berdilar. O‘quvchilarning bilimidan, maktabning tartib-qoidalaridan imtihonda qatnashganlar juda mamnun bo‘ldilar, ma’rifatli boylar maktabni durustroq binoga ko‘chirish haqida fikr bildirdilar. Hatto, mufti domla Ikrom mudarrislarni, eski va yangi maktabdorlarni, imtihon ahlini, mullalarni bu ulug‘ voqea bilan tabrikladi. Buxoroning ochiq fikrli keksa ziyolilaridan to‘qson yoshli Bo‘riboy afandi ko‘ziga yosh olib, majlis ahliga shunday murojaat qildi: “Men umidvormanki, o‘n yilgacha Buxoroda inqilob voqe’ bo‘lur, vatan avlodi bu kungi razolat va safolatlardan qutulur. Esizki, u kunni men ko‘ra olmayman, siz yoshlar ko‘rasiz. Ming qatla shukurkim, ishning boshlanganini ko‘rdim”.
Bu ulug‘ xayrli ish ham necha-necha o‘n yillar davomida taraqqiyot ildiziga bolta urib kelayotgan millatni jaholatda qorong‘ulikka sudrayotgan, mustamlakachilar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolgan mutassiblar – “qadimchi”larning keskin qarshiligiga uchradi. Birinchi usuli jadid maktabi Buxorodagi Russiya elchixonasi xodimlarining aralashuvi bilan yopildi. Bu ishda Russiya hukumati oxrankasining yashirin a’zosi, qozonlik tatar Mulla Qamar domla hamda Russiyaning Buxorodagi agentligi xodimi, poraxo‘rlikda nom chiqargan Shul’ga ismli kimsa katta faoliyat ko‘rsatdi. E’tiborli tomoni shundaki, birinchi usuli jadid maktabining Buxoroda ta’qib ostida olinishi, uning yopilishi, maktabdorlarning quvg‘in qilinishi Russiya imperiyasidagi turkiy qardoshlar gazeta va jurnallarida aks sado berdi. “Mulla Nasriddin” hajviy jurnali Buxoro mutaassiblarini fosh etuvchi hajviy rasmlar va maqolalar e’lon qildi.
Usuli jadid maktablari bunday to‘siqlar, ta’qib va tazyiqlardan cho‘chimadilar, ular o‘z faoliyatlari doirasini kengaytirib bordilar. Toshkent, Samarqand, Farg‘ona vodiysi shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan mutafakkirlar bilan aloqa bog‘ladilar, Qrim, Turkiyaga talabalar yuborish, o‘z saflarini o‘sib kelayotgan bilimli yoshlar hisobiga mustahkamlashga kirishdilar. Buxoroning ilg‘or kuchlarini birlashtirish uchun jamiyat kerak edi. 1909-yilda Buxoro jadidlari “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) nomli yashirin jamiyat tuzdilar. Bu jamiyatning sa’y-harakati bilan usuli jadid maktablari yana birin-ketin ochila boshladi. Jamiyat nizomida siyosiy masalalar o‘z ifodasini topmagan bo‘lsa-da, unda Buxoro amrligi siyosiy tuzumini isloh qilish, davlat ma’muriyatiga ilg‘or yoshlardan kiritish va shu yo‘l bilan davlat siyosiy tuzumida ilg‘or o‘zgarishlar yasash ko‘zda tutilgan edi. Jamiyatning birlamchi masalasi Buxoro o‘quv muassasalarini tubdan isloh qilish edi. Buxoro eski maktablarini isloh qilish ishi amalda boshlangan bo‘lsa-da, oliy o‘quv yurti hisoblangan madrasalar islohi boshlanmagan, ular ilmli, malakali mutaxassislar tayyorlashdan yiroq edi. Shuning uchun “Tarbiyai atfol” jamiyati iqtidorli yoshlarni Orenburg, Ufa, Qozon, Bog‘chasaroy, Istanbul kabi shaharlarga o‘qishga yuborishni birinchi vazifa sifatida belgiladi. Buning uchun mablag‘ kerak edi. Xalq istiqboli, ma’rifati uchun jon kuydirguvchi mulkdorlar ham iqtisodiy yordam beruvchi ziyolilar, davlat arboblari ham topildi. Jamiyatning katta sa’y-harakati natijasida uning dastlabki yilidayoq bir guruh yoshlar Istanbulga o‘qishga yuborildi. Sadriddin Ayniy bu haqda quyidagilarni yozadi: “Ikmoli tahsil uchun Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li (1878-1968), uning birodarlari Atoxo‘ja (1894-1938), Mazhar Mahzum, Burhon Mahzum o‘g‘li, Abdurauf Fitrat, Muqimbek Istambulga safar qildilar. Fitrat mazkur talabalarning eng iste’dodlisi, eng fozili edi”.
Buxoro jadidlarining, “Tarbiyai atfol” jamiyatining o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlardan yana biri o‘z matbuot organiga ega bo‘lish edi. 1905-yilgi rus inqilobi Russiya imperiyasini larzaga soldi, Nikolay podshoh biroz chekinib, 17-oktabrda manifest e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Ushbu manifestga binoan ba’zi bir demokratik islohatlar bilan bir qatorda, matbuot erkinligi rasman e’lon qilingan edi. Bundan foydalangan Turkiston jadidlari “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” kabi gazetalar nashr qildilar. Ular Buxoro mutafakkirlariga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan edi. Jamiyatning harakati bilan 1912-yil 11-martdan tojik tilida “Buxoroyi sharif”, 1912-yil 14-iyuldan o‘zbek tilida “Turon” nomli gazeta nashr qilina boshladi. Bu ikki gazeta nafaqat Buxoroda, balki butun Turkiston o‘lkasida ham katta e’tibor qozondi. Maktab va madrasalar islohati, “usuli savtiya” maktablarini targ‘ib-tashviq qiluvchi o‘nlab maqolalar e’lon qilindi. 1912-yil sentabrdan “Turon” gazetasi muharririyati Istanbul dorilfununini bitirib kelgan G‘iyos mahzum Husayniy qo‘liga o‘tdi. Gazeta endi haftada 3 marta muntazam chiqib turdi. Bu ikki gazeta ma’rifat ahliga kuchli ta’sir ko‘rsatdi, ilm-ma’rifat yo‘lini mash’al kabi yoritdi. Buxoroning hamma guzarlarida yangi maktablar qayta ochila boshladi, bunga asosiy sabab shu ikki gazeta bo‘ldi. Ularning mushtariylari kun sayin butun Turkiston o‘lkasida ham ko‘payib bormoqda edi. Bu hol mustamlakachi ma’murlarga ma’qul emas edi, gazetalarni yopish uchun esa sabab topa olmas edi. Bunday vaziyatlarda ular mahalliy hukumat nomidan ish ko‘rar edilar. 1913-yil 2-yanvarda Buxorodagi rus elchixonasida kichik amaldor Petrov imzosi bilan shunday farmoyish keldi: “Buxoro amiri janobi oliyning xohishlari bilan ushbu kundan e’tiboran “Buxoroyi sharif” va “Turon” gazetalari nashri to‘xtatildi”.
Russiya hukumati Buxoroda nafaqat amrlik davlat tuzumi islohatiga, hatto maktab va madrasa islohatiga ham tish-tirnog‘i bilan qarshi edi, shu bilan birga, omma o‘rtasida amirga qarshi nizo uyg‘otish uchun kurashar va bu bilan o‘zini “oppoq” qilib ko‘rsatishga urinar edi.
1913-yilning bahorida Istanbulda o‘qiyotgan bir guruh yoshlar – Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li, Atoxo‘ja, Fitrat, Homidxo‘ja vatanlariga qaytib keldilar. Ular ham Buxoroda “usuli jadid” maktabi ochib ishga kirishdilar. Ularning katta harakati bilan “Ma’rifat kutubxonasi” va “Barakat shirkati” ochildi. Bu kutubxonalarning asosiy maqsadi “usuli savtiya” maktablarini kitoblar, darsliklar bilan ta’minlash edi. Shu maqsadda jadid ziyolilari Turkiyada tahsil ko‘rayotgan buxorolik yoshlar bilan aloqa bog‘ladilar: har bir yangi chiqqan kitoblar, darsliklar, Tatariston, Qrim, Ozarbayjonda chiqadigan nashrlar kutubxonaga kelib turdi. 1913-yilda Homidxo‘ja va Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li Buxoroda, Atoxo‘ja va Fitrat Shaxrisabzda maktab ochdi, maktab ishlari ancha rivoj topdi. Usmonxo‘ja maktabida 100 dan ortiq o‘quvchi ta’lim ola boshladi. O‘qituvchilarga, ayniqsa, “usuli savtiya” metodini biladigan o‘qituvchilarga ehtiyoj nihoyatda oshdi. Samarqand, Toshkentdan muallimlar olib olib keldilar, usuli ta’lim va tadrisni o‘rganmoq uchun yashirin jamiyat Hoshimqorini Bog‘chasaroyga, yosh o‘qituvchilardan Ziyoiddin mahzumni Ufaga, Zahiriddin Faxriddinzodani Oranburgga yubordi. Jadid mutafakkirlari ilm-ma’rifat yo‘lida qanchalik harakat qilmasinlar, ularning faoliyati Buxoro sharoitida shunchalik qattiq qarshiliklarga uchradi, hatto ular aziz hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, islohat ishlarini amalga oshirdilar. Jadidchilik harakatining ashaddiy dushmanlaridan bo‘lmish Burhoniddin Buxoro qozikaloni mansabini egallagach, dastlabki harakati “usuli jadid” maktablarini yopish bo‘ldi. “Usuli jadid” maktablarining birinchi bor 1909-yilda yopilishida va bu maktablarning bunyodkorlari Sadriddin Ayniy va Abdulvohid Munzimning Buxorodan quvg‘in qilinishida ham shu Burhoniddin bosh-qosh bo‘lgan edi.
Buxoro hududida usuli jadid maktablarining keng quloch yozishida, ayniqsa, Mulla Ikrom domla (1848-1928)ning xizmatlari katta bo‘ldi. Bu inson hali jadidchilik harakati Buxoroga kirib kelmasdan ancha oldin Ahmad Donishning islohatchilik g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan, bir necha bor Turkiyada bo‘lib, u yerdagi ta’lim-tarbiya tizimi bilan chuqur tanishgan, usuli savtiya metodini o‘rgangan, Buxoro ulomosi o‘rtasida katta mavqega ega bo‘lgan mudarris edi. U bilan hatto usuli jadid maktablarining ashaddiy dushmani, 1910-1920-yillarda Buxoroda qozikalon vazifasini bajargan Burhoniddin ham hisoblashishga majbur edi. 1914-yilda Buxoroning mashhur eshonlaridan Shoyaxsiyning payg‘ambar yoshiga to‘lishi mubosabati bilan katta marosim o‘tkaziladi. Unda amirlikning deyarli hamma kazo-kazolari ishtirok etadi. Ushbu yig‘inda Mulla Ikrom bilan qozikalon Burhoniddin o‘rtasida “usuli jadid” maktablari xususida katta to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Albatta, hamma yig‘inlarda hoziru nozir chor amaldorlaridan Buxoro politsiyasi boshlig‘i Vilman ham bo‘ladi va 1914-yil 14-iyunda siyosiy agentlikka bu yig‘in haqida batafsil raport yo‘llaydi. Eski maktab tizimini himoya qilib chiqqan Burhoniddinga qarshi Mulla Ikrom munozara so‘ngida quyidagi otashin so‘zlarni bayon etdi: “Hozir ham Buxoro o‘z olimlariga ega. Ammo bular o‘z hayotini butunlay ilm-fanga bag‘ishlagan o‘n minglab kishilar orasidan chiqqan baxtli insonlardir. Nima uchun biz Buxoroning gullab-yashnashi va ravnaqi uchun hukumatdan eski usulni yangisi bilan almashtirishni talab qildik? Agar Buxoroda boshqa sharoit bo‘lganda, bunday olimlar soni minglarga ham yetgan bo‘lardi. Men amaldorlar bilan ruhoniylar orasida o‘zimga madad topmasam, muqaddas ish uchun ochiq kurash maydoniga kirib jabr chekishga va o‘z o‘limini qabul qilishga ham tayyorman”.
1914-yil 4-iyulda Burhoniddin qozikalon jadid maktablarini badnom qiluvchi va bu maktablarni tezda yopishga qaratilgan quyidagi mazmunda amir Olimxonga ariza yozadi: “Amiri marhum (amir Abdulahad ko‘zda tutilmoqda) davrlarida ulamoning fatvolari bilan usuli jadid maktabining harom va bid’atligi sobit bo‘lib, janobi oliyning amrlari bilan yopilgan edi. Bir necha vaqtdan beri yana musfid jadidlar bosh ko‘tarib, shaharning har tarafida maktablar ochib, xalqning bolalarini buzib, fitna va fasod qo‘zg‘atib yuribdilar, Agar janobi oliyning amrlari bilan ushbu maktablar tezlik bilan bog‘lanmasa, mullavachchalar bu bid’atni barham bermoq uchun o‘zlari qo‘g‘alishlari aniqdir, U holda mamlakatda fitna va fasodlar ko‘payib, davlati oliyga zarar yetishi ehtimoldir”.
Shu tariqa usuli jadid maktablari ikkinchi marta yopildi. Birinchi jahon urushi yillarida “usuli savtiya” maktablari soni yana bir muncha ko‘paydi, maktablar islohati masalasi yana ko‘tarildi.
Milliy uyg‘onish harakati Buxoro amrligida Turkiston o‘lkasiga nisbatan kech vujudga keldi. Buning obyektiv sabablari bor. Buxorodagi mutaassiblik va uni rag‘batlantirganga qaramasdan, jadidchilik harakati Buxoroda shiddat bilan rivojlandi, hatto uning siyosiy bosqichga ko‘tarilishi Turkiston jadidlariga nisbatan oldinroq kechdi. Bu jarayonda, ayniqsa, Abdurauf Fitrat va Fayzulla Xo‘jayevlar katta faoliyat ko‘rsatdilar. Shu ma’noda, Buxoro amrligida jadid maktablarining keng quloch yozishida Fitratning “Munozara”, “Hind sayyohi bayonati” asarlari muhim ahamiyatga ega bo ‘ldi.

Download 136,12 Kb.
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   31




Download 136,12 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Buxoro amirligida jadid maktablari rivojining o‘ziga xosligi

Download 136,12 Kb.