|
ONA TILI VA ADABIYOT O‘QITISHDA YANGI USUL VA PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALARNING QO‘LLANILISHI
|
bet | 27/31 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 136,12 Kb. | | #248337 |
Bog'liq Jadid adabiyotiONA TILI VA ADABIYOT O‘QITISHDA YANGI USUL VA PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALARNING QO‘LLANILISHI
REJA:
1. Usuli maddiyaning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash.
2. Usuli savtiya – zamonaviy o‘qitish usuli ekani.
3. Tahlil va tarkib usullarining o‘ziga xosligini muhokama qilish.
4. Usuli jadid maktablari uchun Munavvarqori tuzgan yo‘riqnomaning ahamiyati.
5. Darslarning turlari: axloqiy va fanniy darslar.
Tayanch tushunchalar: usuli maddiya, usuli savtiya, zamonaviy o‘qitish, tahlil va tarkib usullari, Munavvarqori yo‘riqnomasi, axloqiy darslar, fanniy darslar.
Usuli maddiyaning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash. Usuli jadid maktablarida Fanlarni o‘qitish metodikasiga oid birorta ilmiy-uslubiy asar yaratilgan emas, yaratilgan bo‘lsa ham bizgacha yetib kelgan emas. Jadid pedagoglarining dars berish usullari, o‘qitish uslubiyatiga munosabatlari haqida munosabatlar juda kam saqlangan. Ammo ushbu masalalarga munosabat ular yaratgan darsliklarida, o‘quv qo‘llanmalarda turli shakllarda o‘z ifodasini topgan.
Usuli maddiya - dastlab XIX asrning boshlarida olmoniyalik pedagog Iogann Gerbert (1776-1841) tomonidan yaratildi. Bu usul o‘qish va yozishga o‘rgatishda hijo usuliga nisbatan bir muncha qulayliklarga ega edi. Bu usulga, asosan, so‘zlarni harflarga bo‘lib, bu harflarni so‘zning eng kichik juz’i deb qaralgan va undosh harflarning nomlari aytilib, shakllari ko‘rsatiladi. Alifbo tartibidagi undosh harflarning nomiga unli tovushlar qo‘shib, turli bo‘g‘inlar hosil qilinadi. Be+o bo, te+u tu, mim+u mu va boshqalar. Muallim bu bo‘g‘inlarni o‘qiydi, uning ortidan o‘quvchilar bir necha marta, to yod bo‘lib ketguncha takrorlaydilar. Shu tariqa undosh tovushga unli tovush qo‘shish bilan 130 dan ortiq hijo hosil qilish mumkin. Bu bo‘g‘inlarni yodlab, esda saqlash o‘quvchilar uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi.
Usuli maddiyaning yana bir xususiyati shundaki, unda undosh tovushlarning nomlari bir-biriga qo‘shilmaydi, balki bir undosh tovushning nomiga turli undosh tovushlar qo‘shilib, ochiq bo‘g‘in hosil qilinadi. Shunga ko‘ra “maddiya” “mad” so‘zidan olingan bo‘lib, “cho‘zish”, “cho‘ziq” ma’nolarini bildiradi. Bu usulning idrok qilish, tushunish asosiga emas, balki ko‘rish va ko‘r-ko‘rona yodlash asosiga qurilganligi uchun usuli savtiya metodidan ancha zaif hisoblanadi.
Shularga qaramasdan, usuli maddiyaning hijo usuliga nisbatan ijobiy tomonlari ham mavjud: o‘quvchilar hijo hosil qilish yo‘llarini tushunib yetadilar va keyinchalik yod olgan hijolari ishtirokida so‘zlarni o‘qishda qiynalmaydilar. Usuli maddiya metodi asosida Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, Abdulvahob Ibodiyning “Tahsilul alifbo”, Muhammadamin ibn Muhammadkarim Hojining “Rahbari avval” Mulla Rustambek ibn Yusufbek Hojining “Ta’limi avval” alifbo darsliklari usuli maddiya asosida tuzilgan. Ular “usuli qadim”, “usuli jadid” maktablarida keng qo‘llangan.
Usuli maddiya metodining barcha xususiyatlari, ayniqsa, Rustambek ibn Yusufbek Hojining “Ta’limi avval” alifbo darsligida yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Masalan, alifbo muallifi darsligida (yo) unlisini olib, undosh harflar bilan qo‘shib, hijolar hosil qiladi: bi, ni, di, ri,zi, ki, ub, yoki bo, to, ro, do, zo va boshqalar.
Ushbu alifbo darsligi ham Munavvarqorining “Adibi avval” alifbosi kabi o‘zidan keyingi harflarga qo‘shilmaydigan munfasil harflarni o‘rgatishdan boshlanadi. Bu, albatta, to‘g‘ri yo‘l edi. Chunki, bu harflar so‘zning boshida ham, o‘rtasi va oxirida ham bir xil shaklga ega, boshqa harflar esa turli shakllarga o‘zgaradi. Buni maktabga endi qadam qo‘ygan bola idrok qilishi ancha mushkul. Dastlab alif ishtirokida turli ochiq va yopiq bo‘g‘inlar, keyin bir-ikki bo‘g‘inli so‘zlar hosil qilinadi.
Munfasil harflarning so‘z boshida, o‘rtasida va oxirida qo‘llanishlari o‘tib bo‘lgandan keyin yozuvda so‘z boshida va o‘rtasida bir xil ko‘rinishga (nuqtalarning soni va o‘rnidan tashqari) ega bo‘lib, b, p, s, t, n, i harflar ishtirokida ochiq va yopiq bo‘g‘inlar, bir-ikki bo‘g‘inli so‘zlar hosil qilish o‘rgatiladi. Shuni unutmaslik kerakki, A.Avloniy, Munavvarqori alifbolarida bo‘lgani kabi Rustambek domla darsligida ham berilgan ko‘p so‘zlar ma’no bermaydi. Ular faqat harflarning yozilishini, qo‘shilishdagi ko‘rinishini tushuntirishga qaratilgan. Bunday ta’limiy kamchiliklar XX asr boshlarida yaratilgan hamma alifbo darsliklariga xosdir. Buni darslikning boshida hali ko‘p harflar o‘rganilmagani, o‘rganilgan ikki-uch harf ishtirokida so‘z topish ancha murakkablikni vujudga keltirishi bilan izohlash mumkin.
Hamma harflar, ularning turli o‘rinlardagi shakllari o‘rganilib bo‘lingandan keyin fatha, kasra, zamma, tashdid kabi harakatlar va ularning qo‘llanishi tushuntiriladi. Alifbo qismining oxirida yozilishi bilan o‘qilishi o‘rtasida farq qiluvchi so‘zlar beriladi.
Ushbu usuli maddiya Qozon tatarlari tomonidan tuzilgan alifbo darsliklari orqali o‘zbekcha o‘qitish tizimiga ham kirib keldi.
|
| |