• 3 - AMALIY MASHG‘ULOT
  • Xiva xonligida usuli jadid maktablari




    Download 136,12 Kb.
    bet26/31
    Sana21.05.2024
    Hajmi136,12 Kb.
    #248337
    1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   31
    Bog'liq
    Jadid adabiyoti

    Xiva xonligida usuli jadid maktablari. Vatanimiz tarixida XIX asrning ikkinchi yarmida hukmronlik qilgan xonlar orasida hech biri adabiyot va san’at, ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya, mamlakat obodonchiligi sohasida Muhammad Rahimxon Feruzchalik faoliyat ko‘rsatgan emas. Ma’rifatparvar hukmdor 47 yil xonlik qildi, dastlabki o‘n yil mustqil xon sifatida, ammo Russiya mustamlakachilik siyosati eng yuqori bosqichga ko‘tarilgan bir davrda, 37 yil Russiya imperiyasining vassali sifatida faoliyat ko‘rsatdi. U butun hukmronligi davrida ulug‘ ustozi, Turonzaminning buyuk mutafakkiri Muhammad Rizo Ogahiyning ruhiyatini ma’rifat nuri bilan bahramand qilish haqidagi o‘gitlariga izchil amal qildi.
    XIX asrning ikkinchi yarmida Xiva xonligida ham Buxoro va Qo‘qon xonliklaridagi kabi ibtidoiy maktablarning ahvoli juda nochor edi. Bu maktablarda 4-5 yil o‘qib, hatto savod chiqara olmas edilar. O‘zbek pedagogikasi tarixida nihoyatda mushkul bo‘lgan bu masalaga qo‘l urgan va muvaffaqiyatli hal qilgan mutafakkir Shermuhammad Munis bo‘ldi. Uning “Savodi ta’lim” asari 1804-yilda yaratilgan bo‘lib, XX asr boshlarida A.O.Portsev tipolitografiyasida “Savodi ta’lim ma gultastai rayohin” nomi bilan bir necha marta nashr etildi. Ushbu asar bolalarni husnixatga o‘rgatish maqsadida yaratilgan bo‘lsa-da, bir necha o‘n yillar davomida “usuli savtiya”, hatto ilg‘orroq bo‘lgan “usuli qadimiya” maktablari uchun yaratilgan alifbo darsliklari bilan birga savod chiqarish bo‘yicha qo‘llanma sifatida foydalanib kelindi.
    Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Buxoro amrligiga nisbatan Xiva xonligida Muhammad Rahimxon Soniy va mirzaboshi Komil Xorazmiy rahnamoligida usuli jadid maktablari ancha erta ochila boshladi. 1891-yildayoq ulug‘ mutafakkir Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Urganchda birinchi usuli jadid maktabi ochildi. Ushbu maktab xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi, unda dastlab 25 o‘quvchi ta’lim oldi. Diniy ilmlar bilan bir qatorda jug‘rofiya, tarix, hisob kabi aniq fanlar hamda rus tili alohida o‘quv predmeti sifatida o‘qitildi. Qozondan maxsus o‘qituvchi chaqirilgan edi. An’anaviy mahalliy maktablardan farqli ravishda dars jadvali, har bir dars 50 minut davom etib, 10 minutlik tanaffus joriy qilindi. Bu maktabni hatto Muhammad Rahimxonning o‘z ham kelib ko‘rdi, o‘g‘li Asfandiyorni shu maktabda o‘qishga berdi, maktabning kerakli jihozlari, o‘quv qurollari uchun davlat xazinasidan mablag‘ ajratdi. Ma’lumotlarga qaraganda, bo‘lg‘uvsi devonbegi, Xiva xonligida jadidchilik harakati rahnamolaridan Sayid Islomxo‘ja ibn Sayid Ibrohimxo‘ja, shoir va mutafakkirlar Yusufbek Bayoniy, Muhammad Rasul Mirzo (Komil Xorazmiyning o‘g‘li), Ahmad Tabibiy, Avaz O‘tar o‘g‘li shu maktabda rus tilini o‘rganganlar.
    1898-yili Xivada orenburglik muallimlar Mahmud Vafo va Abdurahmon afandilar tomonidan “usuli savtiya” maktabi ochildi. Ammo bir oylik faoliyatidan keyin “taassufning ziyoda o‘ldig‘ini anglab, Urganch shahrina ketdilar va u yerda “usuli savtiya” maktabi kushod etdilar”.
    Xiva xonligida jadid maktablari taraqqiyotining oldini olish maqsadida 1894-yildan boshlab Turkiston general-gubernatorligining faol aralashuvi bilan dastlab Xivada, keyinroq Urganchda rus-tuzem maktablari ochila boshladi. Bunday maktablarni o‘z homiyligiga olgan Sayid Islomxo‘ja millat ma’naviyatidan kelib chiqqan holda ular dasturiga rus tili, riyoziyot, jug‘rofiya, handasa kabi fanlar bilan bir qatorda, ona tili va adabiyot hamda musulmon dini qonunlarini kiritadi, ularning o‘qitilishini o‘zi nazorat qiladi. Chunki u “Turkiston viloyatining gazeti”, “Tarjimon” gazetalarida rus-tuzem maktablari mohiyati haqida kechayotgan munozaralarni kuzatib borar, bunday maktablardan general-gubernatorlik ko‘zlagan maqsadlarida milliy til, adabiyot va islom ma’naviyatining o‘qitilishga katta e’tibor berdi.
    Komil Avaz “Garchi erurman tole’yi Feruz” maqolasida alohida ta’kidlaganidek, Feruz xonlikda ta’lim-tarbiya, maorif sohasida ham katta islohatlarni amalga oshirgan. 1904-yil noyabr oyida Muhammad Rahimxon farmoniga muvofiq Urganch shahrida “usuli savtiya” metodiga asoslangan jadid maktabi ochildi, Qozondan taklif etilgan pedagog Husayn Kushayev muallimlik qildi, o‘quvchilar soni 45 nafarga yetdi. 1906-yilda esa ota-onalar, maorifparvarlarning taklifiga muvofiq Urganchda xuddi shunday maktab qiz bolalar uchun ham ochildi. Muallim etib uning rafiqasi Komila Kushayeva tayinlandi. Ushbu maktabni Muhammad Rahimxon borib ko‘radi, ta’lim-tarbiya ishlarining yangicha yo‘lga qo‘yilganidan mamnun bo‘ladi, Husayn Kushayev boshdan oyoq sarpo bilan taqdirlanadi va xonlik xazinasidan maktabga iqtisodiy yordam ko‘rsatishga qaror qiladi.
    Asfandiyor valiahdlik vaqtidayoq “usuli savtiya”ga asoslangan yangi maktablarning usuli qadim maktablaridan afzalliklarini tushunib yetgan, islohatchilik faoliyati bilan ancha e’tibor qozongan yangilik tarafdorlaridan edi. 1907-yil fevralda Xiva aholisining arziga binoan Qozon shahrining mashhur Olimjon Barudiy madrasasidan ikki nafar usuli jadid muallimini taklif etadi. Bu muallimlar ishtirokida yangi maktab ochadi, shu bilan birga, maktabi rushidiya (o‘rta maktab) ochish ishlarini boshlaydi: “Kelajak may oyida, inshooloh, maktabi rushidiya ochilajakdur. Maktabning sohibi vuzaroyi kiromdan Islomxo‘ja janoblari o‘lub, muallimi daha Ahmad Nuriddin afandidur”.
    Xivada ochilgan ushbu “Maktabi mahramiy” va “Maktabi jadida”da 113 nafar talaba 1907-yil 28-mayda valiahd Asfandiyor va devonbegi huzurida, 31-mayda esa qozilar, oxund (mudarris)lar, muftiylar huzurida imtihon topshirdilar. Imtihon ahli Xiva va Urganchda yana ikki usuli jadid maktabi ochish va Qozondan yan ikki muallim taklif qilishga qaror qildilar. Xonlikdagi yangi maktablar noziri Ramazon Muhammad Karimzoda bu qarorni barchaga e’lon qildi.
    Muhammad Rahimxon Feruz vafotidan keyin taxtga o‘tirgan Asfandiyor davrida ham usuli jadid maktablari oʻz faoliyatini davom ettirdi. Ayniqsa, devonbegi (bosh vazir) Sayid Islomxo‘ja bunday ma’rifiy ishlarga bosh bo‘ldi. Qozondagi muallimlar taklif qilish, ular yordamida usuli jadid maktablari ochish davom etdi. XX asr tongidayoq Islomxo‘ja zamona talablariga hamohang holda o‘z hisobidan ikki qavatli usuli jadid maktabi qurdirdi, rus, tatar muallimlarini jalb qildi. U bunday faoliyati tufayli “Vaziri akbar” degan sharafli unvonga musharraf bo‘ldi. Uning bu faoliyati “Tarjimon” gazetasi e’tiborini o‘ziga qaratdi: “Islomxo‘ja iqtisodi zamonaga ko‘ra ilm va ma’rifat nashrini daxi lozim ko‘rib, Xivaya ruscha va tatarcha muallimlar keltirmish va bir qoch adad usuli jadida maktablari ochdirmish edi. O‘z musorifinda bir maktab bino qildirdi. Maktab islohina so‘nggi yillarda cho‘x xidmat etdi… Xivada ba’zi ilmlarning Buxorodan ilgarida o‘lmasinda Islomxo‘ja ta’siri o‘ldi, demak mumkindir”.
    Sayid Islomxo‘ja 1907-1910-yillarda qurdirgan madrasa (Islomxo‘ja madrasasi va minora Xivadagi eng ko‘rkam va eng e’tiborli o‘quv muassasi va tarixiy obidasi hisoblanadi. Uning xonlikda, shariat – din peshvolari, ruhoniylar orasida ham e’tibori katta edi. U, ayniqsa, maktab va moarif sohasida katta faoliyat ko‘rsatayotgan bir paytda 1913-yil 9-avgustda xonning “Nurillaboy” saroyidan chiqib, o‘z foytunida ketayotgan bir vaqtda sirli ravishda o‘ldiriladi.
    Jadid maktablarining Xorazm xonligi bilan Buxoro amirligida shakllanish va rivojlanish jarayoni bir-biridan tubdan farq qiladi. Buxoro amirligida usuli jadid maktablarining keng ko‘lamda tarqalishiga yuqori tabaqa – amir, qushbegi, qozikalon va mutaassib ulomalar keskin qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsalar, Xiva xonligida, aksincha, bu masalada xon boshchiligidagi yuqori tabaqa farmonbardorlar bo‘ldi, pastki tabaqa, hatto mahalliy muallimlar ancha sustlik qildi. Shuning natijasi o‘laroq jadidchilik, jadid maktablari keng quloch yoza olmadi. Jadid maktabdorlari, usuli jadid pedagoglari, muallimlari xalq orasidan yetishib chiqmadi, xonlik, asosan, Qozon tatarlaridan, Turkiyadan, Bog‘chasaroydan darsliklar, turli o‘quv kitoblari olish, muallimlar jalb qilish masalasi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bu yo‘l bilangina xonlik maorifini tubdan isloh qilish mumkin emas edi. Xiva xonligidagi mavjud ahvolga “Tarjimon” gazetasi ham taassuf bildirdi: “Bog‘chasaroydan olingan rus kitoblari, Qozondan chaqirilgan muallimlar Xivaya yarashmayur esa xivalidan muallimlar yetishdirmali va Xivada tab’ o‘linajoq alifbolari vujudga keltirmali. Bunda hech bir kimsa zarar ko‘rmaz. Toshkand bo‘yla bir chora bo‘ldi”.
    3 - AMALIY MASHG‘ULOT:

    Download 136,12 Kb.
    1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   31




    Download 136,12 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Xiva xonligida usuli jadid maktablari

    Download 136,12 Kb.