|
O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq muammolar
|
bet | 8/31 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 136,12 Kb. | | #248337 |
Bog'liq Jadid adabiyotiTayanch tushunchalar: ta’lim islohi, Turkistonning tanazzuli, usuli qadim, o‘qitish usullari, rus-tuzem, millat ma’rifati, o‘qitish tizimi, yangicha o‘qitish metodikasi.
Ta’lim islohi bilan bog‘liq g‘oyalarning Turkistonning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy tanazzuli bilan bog‘liq ekani. XIX asrning 50-80-yillari davomida Markaziy Osiyo to‘laligicha chor Rusiyasi tomonidan bosib olindi. Mavjud Qo‘qon xonligi 1875-yildayoq butunlay tugatildi, Xiva xonligi va Buxoro amirligi mustaqillikdan mahrum etilib, Rusiya vassaliga aylantirildi. 1867-yil iyulda Rusiya podshohi Aleksandr II farmoni bilan Turkiston harbiy okrugi va general-gubernatorligi ta’sis etildi, uning birinchi general-gubernatori etib general Konstantin fon Kaufman tayinlandi. U cheksiz huquqlarga ega bo‘lib, faqat Rusiya podshohiga bo‘ysunar edi. Nomidan ko‘rinib turganidek, bu hukumat harbiy kuchga asoslangan edi, uning hukmdorlari ham harbiy edi, general-gubernatorlik tasarrufidagi oblastlar, uezdlar, volostlar nachalniklari - hammasi harbiy xizmatchilardan, yuqori unvonli zobitlardan tayinlanardi, general gubernator, albatta, general unvoniga ega bo‘lar edi. Bir so‘z bilan aytganda, Turkiston o‘lkasi katta harbiy kuch bilan zanjirband etildi. General-gubernatorlik Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv va Kaspiyorti viloyatlarini o‘z tarkibiga olib, Toshkent uning markaziga aylantirildi. Gubernatorlik o‘lkada mustamlakachilik siyosatini mustahkamlash uchun ba’zi bir ma’rifiy-ma’naviy tadbirlarni bajarishga kirishadi. 1870-yilda rus tilida “Tуркестанский видомости”, 1871-yildan birinchi bor o‘zbek tilida “Turkiston viloyatining gazeti” chiqarila boshlandi. Gazetadaga N.Ostroumov muharrirlik qildi.
Gazeta yerli aholini ruslashtirish, rus-tuzem maktablarini targ‘ib-tashviq qilish ishida katta faoliyat ko‘rsatdi. Gazetaning umumiy siyosiy yo‘nalishi haqida yozuvchi Ziyo Said (1901-1938) quyidagilarni yozgan edi: “1884-yilda Turkiston general-gubernatori bo‘lib tayinlangan Ruzenbaxning farmoni bilan 1885-yildan boshlab gazetaning bir tomoni ruscha bo‘lib chiqdi. Buning sababini gazeta muharriri (bu vaqtlarda Ostroumov muharrir edi) bunday deb ko‘rsatadi: “Chunonchi, ul baland darajalik o‘tgan yil Samarqand va Farg‘ona muzofotlariga borib qaytib kelgandan so‘ngra men gazeta muallifiga mehribon bo‘lib aytgan edilarkim, Turkiston viloyatidagi bul gazetni o‘quydurg‘onlar va ham bir ozgina Rusiya xatini taniydurg‘on odamlarg‘a foyda yetkurmoqlik uchun bul gazetni keladurg‘on yilda Rusiya tilida tarjima qilib chiqarilsa yaxshiroq bo‘ladur deb” .
Ruzenbax Turkiston general-gubernatori bo‘lib belgilangandan keyin gazeta betida “Yerliklar uchun rus maktablari kerak” degan mavzuda yozilg‘on maqola va xabarlar ko‘rina boshlaydi. Ya’ni ruslashtirish siyosati va yerlik xalqdan chor chinovniklari hozirlash masalasi shu Ruzenbax kelgandan keyin matbuot maydonig‘a yana keskinroq qo‘yiladi. Bu narsa shuni ko‘rsatadikim, gazetaning bir tomonini ruscha qilib chiqarish mana shu masala tevaragida qilinayotgan ishlar va ko‘rilayotgan choralarning mag‘zini chaynab ko‘rishdan iboratdir. Butun sarlavhalarni ruscha qo‘yish (shu yillardan boshlab butun maqola va xabarlarning sarlavhalari ruscha qo‘yilib boradi) rus tilini umumlashtirish uchun bo‘lsa kerak”.
Chor mustamlakachilari o‘lkaga faqat moddiy zarar keltirish bilan cheklanmadilar, uning ma’naviyatini, tilini, dinini, milliy his-tuyg‘ularini oyoqosti qildilar. Qadimiy shaharlarimizdagi osori-antiqalar, noyob qo‘lyozma asarlar Peterburg, Moskva shaharlariga betinim tashib ketildi. Noyob qo‘lyozma asarlarning tashib ketilishiga qarshi Orenburgda Fotih Karimiy muharrirligida chiqadigan “Vaqt” gazetasi ham katta tashvish bilan quyidagilarni yozgan edi: “Bu yerda (Turkistonda ) ulkan eski asarlar ochko‘z mujovur (qo‘shni)lar tarafindan Ovrupa sayyohlarina yo‘q-bor aqchalar barobarina va rus ma’murlarina hadya edilanarak, verulub bitmushdur... Aziz va nodir asarlarning bo‘yla ravishda talof o‘lmoqlari uchun taassuf etmoyani kimsa inson dagildur”.
Markaziy Osiyo chor Rusiyasining to‘qimachilik sanoatini paxta bilan ta’minlaydigan asosiy xom ashyo bazasiga aylantirildi. Paxtaga bo‘lgan ehtiyojning kun sayin oshib borishi paxta tozalash, yog‘, sovun zavodlarining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. O‘lkada mahalliy paxtachi, zavodchi boylar, Rusiyaning markaziy shaharlari bilan aloqa qiluvchi “maskovchi” boylar, nisbatan ancha zaif bo‘lsada, rus kapitalistlariga raqobat qiluvchi mahalliy burjuaziya paydo bo‘ldi. Masalan, Farg‘ona viloyatidagi katta-kichik 157 ta paxta tozalash zavodining 107 tasi mahalliy burjuaziya qo‘lida edi. O‘lkada kapitalistik munosabatlarning paydo bo‘lishi bilan yaramas, o‘ta salbiy illatlarni ham olib keldi. Bu illatlar mahalliy xalq axloqiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi: mehmonxonalarda, restoranlarda iflos ishlar bilan shug‘ullanish hollari vujudga keldi.
Bu haqda akademik V. Bartold quyidagilarni yozadi: “Yerli aholining ruslar bilan yaqinlashishi, rus tilini o‘rganishi rus hayotining, asosan, tashqi, salbiy tomonlarini olib kirdi. Fahsh hayot kechirishga, vino, pivo ichish, buning ustiga, Rusiya hukumati ham mustamlaka davlatlari ma’naviyatini, diniy e’tiqodini buzish, vino va papiros bilan savdo qiladigan maxsus tarmoqlarni kengaytirdi, fohisha ayollarning hayot faoliyati rivojlanishiga katta imkoniyatlar yaratdi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasidagi fohisha ayol Liza va Artun, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanidagi Mariya Ostrova, Tavallo she’rlarida chor Rusiyasi siyosati fosh etilgani tasodifiy hol emas.
Bu misollar ta’lim islohi bilan bog‘liq g‘oyalarning Turkistonning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy tanazzuli bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi. Jadid pedagoglari bu muammolardan qutulish yo‘li farzandlarning bilimli bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lni tanlashida deb bildi va ta’lim islohi bilan bog‘liq g‘oyalarni ilgari surdi.
“Usuli qadim” va rus-tuzem maktablariga nisbatan tanqidiy qarashlarning shakllanishi. 1880-1890-yillarga kelib, o‘lkada kapitalistik munosabatning kirib kelishi va milliy burjuaziyaning vujudga kela boshlashi eski ta’lim-tarbiya tizimiga ham milliy ziyolilar o‘rtasida tanqidiy munosabatni kuchaytirdi. Bu hol mustammlakachi ma’murlarni tashvishga sola boshladi, eski maktablarni nazorat ostida saqlash, o‘lkaga kirib kelayotgan yangiliklardan “muhofaza” qilish maqsadida Turkiston o‘quv ishlari qoshida mahalliy maktab va madrasalar bo‘yicha nazorat komissiyasi tashkil etilib, uni boshqarish V.Nalivkinga topshirildi, bu komissiya 1898-yildan oblast va uyezdlar ma’muriyati ixtiyoriga o‘tkazildi.
V. Nalivkin 1901-yilda Toshkent shahridagi eski maktablarning ahvoli haqida quyidagilarni yozadi: “Eski maktablar uchun qurilgan maxsus binolar deyarli yo‘q. Aksar maktablarda mashg‘ulot masjidlarda yoki to‘gridan-to‘g‘ri masjidlarning ayvonida yoki masjidning hujrasida o‘tkaziladi. Chunonchi, Toshkentning eski shahar qismidagi 142 ta maktabdan 109 tasi masjidlarda, 27 tasi domlalar uyida, 5 tasi mozorlar huzurida va qorixonalarda bo‘lib, faqat bitta maktab maxsus qurilgan binoga ega”.
Eski maktablar sanitariya-gigienaning oddiy talablaridan ancha yiroq edi. O‘quvchilar, asosan, bo‘yra yoki poxol ustiga to‘shalgan sholcha yoki kigiz ustida o‘tirib, dars o‘qir edilar. Xonaning to‘rt tomoniga taxtadan yasalgan uzun-uzun “eshak” (skameyka) qo‘yilgan bo‘lib, uning ustiga yozish va o‘qish uchun kerakli jihozlarini, kitoblarini qo‘yib o‘qiganlar. O‘quvchilar o‘quv bosqichlariga qarab; bir tomonda “taxtaxonlar”, bir tomonda “abjadxonlar”, bir tomonda “haftiyakxonlar”, to‘rda ko‘rpachada domla o‘tirgan. Bolalarni maktabga necha yoshdan va qachon qabul qilish, o‘qish muddati, dars soatlari qat’iy belgilab qo‘yilmagan, umuman, dars jadvali bo‘lmagan, o‘quvchilar yoshiga, o‘qish darajasiga qarab guruhlarga (sinflarga) bo‘linmagan, bu hol ta’lim-tarbiya saviyasini yanada pasaytirgan. Maktabda jismoniy jazo ta’lim-tarbiya usullarining asosiy turlaridan biri bo‘lgan. “Eti – sizniki, suyagi – bizniki” xalq iborasining paydo bo‘lishi eski maktablar faoliyati bilan bog‘liq. Eski maktablarning maxsus binolari bo‘lmagan, asosan, masjid va madrasalar, xonaqohlar qoshida xona ajratilgan, ba’zan madrasani bitirganlar o‘z uyida maktab ochgan, ba’zi hollarda o‘z hovlisida maktab uchun hashar yo‘li bilan maxsus bino qurgan domlalar ham bo‘lgan. Bunday xayrli ishlarda xalqimizning saxovatli, ma’rifatli boylari sidqidildan yordam berganlar. Ta’kidlash kerakki, o‘z uyida maktab ochgan e’tiborli domlalar o‘qitish sharoitini iloji boricha yaxshilashga harakat qilganlar. O‘qituvchilik kasbini dildan sevuvchi, kelajak avlod tarbiyasini muqaddas biluvchi, izlanuvchi pedagoglar hamma vaqt xalq e’tiborida bo‘lganlar.
Dars eski maktabda quyosh chiqishi bilan boshlanar, peshinda 12-13 larda o‘quvchilar uylaridan olib kelgan yeguliklarni tanavvul qilar, maktabga yaqinroq yashovchilar uylariga borib peshinlik qilar, bir oz dam olar va yana o‘qishni davom ettirar edilar. O‘qituvchilar bolalarga hech qanday harakatli o‘yinlar, didaktik o‘yinlar mashq qildirmas edi. Ko‘p maktablarda jismoniy tarbiya, estetik tarbiya masalalariga e’tibor berilmagan, ertalabdan to o‘qish tugaguncha bir joyda qadalib o‘tirib, berilgan vazifani bajarishgan, asosan, o‘qish yoki takrorlash bilan band bo‘lganlar. Bola ruhiyatini yaxshi biladigan domlalar har 1,5 – 2 soatda tanaffus e’lon qilgan, vazifani yaxshi bajarib kelgan o‘quvchi “ofarin”, “barakallo” deb rag‘batlantirilgan, dangasalik qilganlarga tanbeh berilgan. Maktabda juma kuni dars bo‘lmagan, haftaning payshanba kuni odob-axloq darsi bo‘lgan. Bu darsga, asosan, “Shariati iymon” kitobi asos qilib olib borilgan. Eski maktablarning asosiy vazifasi musulmon axloqini o‘quvchilar ongiga singdirish, shu bilan birga ba’zi o‘quvchilarni ta’limning ikkinchi - oliy bosqichi madrasaga tayyorlash edi. Maktabni bitirganlik haqida hech qanday hujjat berilmagan. Eski maktablar davr talablaridan qanchalik uzoq bo‘lmasin, o‘quvchilar xotirasini, yodlash qobiliyatini ancha rivojlantirgan. Dastlab maktabga borgan yosh bolaning eng birinchi ishi harf-yozuv tanimoq, o‘qishga o‘rganmoqdir. Chunki bular uning boshqa kattaroq narsalarni o‘rganishiga yo‘l ochadi. Ammo bu bolalar endi mehribon ona quchog‘idan chiqib, olamning jiddiyat eshigiga oyoq bosadilar. Bu vaqtda ular ko‘pi bilan 6 -7 yoshlarda bo‘ladilar, hissiyotlar tamoman ular ustidan hokimlik qiladi: bunday sharoitda o‘qituvchi ularga qiziq-qiziq hikoyalar aytib, jiddiyatni oz bo‘lsa-da yumshatishi, bolalarda maktab degan olamga muhabbat uyg‘otishi kerak bo‘ladi.
Bolalarni o‘qishga o‘rgatishning mashhur uch usuli bor: usuli tahajji (usuli hijo), usuli maddiya, usuli savtiya. Eski mahalliy maktablarda o‘qishga o‘rgatishning usuli tahajji – usuli hijo metodi qo‘llangan. Bu usul eng qadimgi, shu bilan birga, eng qiyin usul bo‘lib, Yevropada XVIII asr oxirida bu usuldan voz kechishgan, Turkiston eski maktablarida esa XX asrning 20-yillarigacha davom etgan. Shuni unutmaslik kerakki, eski mahalliy maktablar davr talablaridan ancha orqada qolib ketgan, maktabda olgan bilimlar bolalar uchun hayotda hech bir asqotmas edi. Chunki mohiyatni tushunmay, quruq yodlash asosida olingan bilim maktabni tugatach, tez orada xotiradan ko‘tarilar, hatto o‘qish va yozishni unutib yuborar edilar. Asosiy masala shundaki, o‘quvchi matnni ongli, ravon, ifodali o‘qigandagina uning mazmuniga, mohiyatiga chuqurroq kirib boradi va bilim ko‘nikmalarini hosil qiladi. Ikkinchidan, bolalar hayotda o‘z bilimlarini mustahkamlab borishlari uchun ona tilida o‘quv adabiyotlar yo‘q, bo‘lsa ham juda kam miqdorda yaratilar va nashr qilinar edi. Bu esa xalq o‘rtasida savodsizlik doirasini yanada kengaytirib borar edi. Ovrupo mamlakatlari ilm-fan, texnikasining eng yuqori bosqichlariga ko‘tarilayotgan bir paytda eski milliy maktablarda bu fanlarni tasavvur ham qila olmas edilar. Pedagogikadagi bu inqirozni mustamlakachilar yanada chuqurlashtirishga, mutaassiblikni avj oldirishga zo‘r berdilar va ko‘p hollarda bunga erishdilar ham. Odatda, eski maktablarda o‘qishga yangi kelgan yosh bolalar bilan birga 3-4 yil davomida o‘qib kelayotganlar bir paytda, bir xonada o‘qitilar edi. Ko‘pincha muallim katta yoshli o‘quvchilar bilan dars olib borishni ma’qul ko‘rar, yangi kelgan murg‘ak bolalarni nisbatan yaxshiroq o‘zlashtirgan o‘quvchiga, xalfaga topshirib qo‘yar edi. Bu ham bolalarning maktabga bo‘lgan qiziqishining, ulardagi tug‘ma qobiliyatning so‘nishiga, yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘lar edi. Bolalarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish, lug‘at boyligini yil sayin oshirib borish, fikrlash doirasini kengaytirishdek pedagogikaning muhim masalalariga butunlay e’tibor bermas edilar.
Eski maktabdorlar maktabdan tashqari ishlar bilan umuman shug‘ullan-maganlar va ulardan bunday tarbiyaviy ishlar talab qilinmagan ham. Kim ham talab qilardi, eski mahalliy maktablar davlat e’tiboridan, ta’minotidan butunlay chetda bo‘lsa. Lekin shunga qaramasdan, ba’zi bir mahalliy maktabdorlar ham bolalarning maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlariga e’tibor berganlar. Bola tarbiyasini o‘zi uchun sevimli va muqaddas ish deb bilgan iste’dodli muallim-pedagoglar bolalarni tabiat qo‘yniga olib chiqqanlar. Bunday ishlar ko‘proq Navro‘z kunlari, gul bayramlari munosabati bilan amalga oshirilgan. O‘quvchilar muallim rahbarligida bir kunlik oziq-ovqat va osh masallig‘ini olib, tabiatning go‘zal go‘shalariga borishgan. Bunday ishlarda faqatgina dam olish vazifasini o‘z oldilariga qo‘ymay, bu sayl yoki sayohatdan olgan taassurotlarini qisqacha og‘zaki va yozma bayon qilib berish vazifasi o‘quvchilarga topshirilgan. Savodxonligi mukammal bo‘lgan yuqori bosqich o‘quvchilari Vatan va uning go‘zalligi haqida ancha chiroyli insho yoki she’r yozishga erishganlar. Bunday tadbirlar o‘quvchilarni millatparvarlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, ularning go‘zallikni nozik his qilishga o‘rgatishda ahamiyati katta bo‘lgan. Albatta, bunday ta’lim-tarbiyaviy ishlar reja asosida hamma maktablarda barcha o‘qituvchilar tomonidan amalga oshirilgan emas.
|
| |