|
O`zbek tili va adabiyoti” fakulteti o`zbek tili va adabiyoti kafedrasi
|
bet | 7/9 | Sana | 02.02.2024 | Hajmi | 60,38 Kb. | | #150391 |
Bog'liq Gap boʻlaklari (2)Chor-atrof yaproqlarning mungli shivir-shiviriga to‘ldi. (O‘.H.).
Eganing olmosh bilan ifodalanishi. Ega bosh kelishik shaklidagi ot o‘rnida qo‘llanuvchi olmoshlar bilan ifodalanadi: Ular kulimsirab askiyaga quloq solishdi (P.Q.) Kimdir unga darrov bir kosa ovqat keltirib berdi. (O‘.Usmonov). O‘zingiz juda aqlli, uzoqni ko‘radigan odamsiz. (S.Soliyev).
Eganing harakat nomi bilan ifodalanishi. Ega harakat nomi bilan ifodalana oladi: ... ariqdan oqqan suvning shildirashi eshitila boshladi... (P.Q.). Boshliq bo‘lish oson, boshlamoq qiyin. (Maqol).
Eganing otlashgan sifat bilan ifodalanishi. Sifatlar otlashib, gapda ega bo‘lib kelishi mumkin: Botir topsa, barcha yer, baxil topsa, bosib yer. (Maqol). Yaxshi yaxshining qadriga yetar. (Maqol).
Eganing otlashgan son bilan ifodalanishi. Sonlar ham otlashib, ega vazifasida keladi: Ikkovi ham bir-biriga juda o‘xshash... (P.Q.). Tarbiya axloq va oqillikka tayanmog‘i lozim. Birinchisi yaxshi fazilatni o‘stirsa, ikkinchisi ba’zilarning illatidan himoya qiladi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Eganing otlashgan olmosh bilan ifodalanishi. Ega vazifasida sifat, son o‘rnida qo‘llanuvchi otlashgan olmosh bilan ham ifodalanadi: Bu, ehtimol, ona suti bilan kirgan g‘ayrishuuriy bir tuyg‘udir. (P.Q.). Odamlar uchun xuddi mana shunisi kerak edi. (CH.Aytmatov).
Eganing otlashgan sifatdosh bilan ifodalanishi. Bosh kelishikdagi otlashgan sifatdosh ega vazifasini bajaradi: Ishlagan xor bo‘lmas (Maqol). Qimirlagan qir oshar (Maqol). Birlashgan daryo bo‘lar, tarqalgan irmoq bo‘lar (Maqol).
Eganing otlashgan ravish bilan ifodalanishi. Ravish otlashganda, gapda ega bo‘lib kelishi mumkin: Ko‘p so‘zning ozi yaxshi, oz so‘zning o‘zi yaxshi (Maqol). O‘qishning erta-kechi bo‘lmas (Maqol).
Eganing otlashgan taqlid so‘z bilan ifodalanishi. Taqlid so‘zlar otlashib ega vazifasini bajaradi: Otning dukura-dukuri relslarning tutashgan joyiga urilayotgan g‘ildirak tovushi bilan uyg‘unlashib ketardi. (Ch.Aytmatov). Bu shovqinlarni karnayning vat-vati bosib ketadi. (S.A.)
Eganing otlashgan undov so‘z bilan ifodalanishi. Ega vazifasida otlashgan undov so‘z kelishi mumkin: Yer kurrasida qadim-qadim zamonlardan yangragan musiqiy «qur-ey!» bunday keyin ham tinmaydi. (S.Nurov).
Eganing otlashgan modal so‘z bilan ifodalanishi. Otlashgan modal so‘z ega vazifasini bajarishi mumkin: Bor so‘ylaydi, yo‘q o‘ylaydi. (Maqol).
Ega ba’zan frazeologik ibora bilan ham ifodalanishi mumkin: Birovning ko‘nglini ko‘tarish qiyin, ko‘nglini cho‘ktirish esa oson.
Bundan tashqari, ega so‘z birikmasi yoki gapga teng predikativ birlik bilan ifodalanadi.
Eganing so‘z birikmasi bilan ifodalanishi. Ega vazifasida so‘z birikmasi kela oladi: Haqiqat va to‘g‘rilikni sevadigan odam doim vijdoni farmoniga itoat qiladi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Eganing gapga teng predikativ birlik bilan ifodalanishi. Ega-kesim munosabati aks etgan predikativ birlik ega vazifasida kela oladi: Bilagi zo‘r birni yiqitadi, bilimi zo‘r – mingni (Maqol).
Kesim va uning ifodalanishi
Ega anglatgan predmetning predikativ belgisini ifodalaydigan, ega haqidagi hukmni bildiradigan bosh bo‘lak kesim deyiladi.
Kesim o‘zida predikativlikni aks ettiradigan, gapni grammatik jihatdan shakllantiradigan bosh bo‘lak hisoblanadi.
Kesim ifoda materialiga ko‘ra (qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanishiga ko‘ra) ikki turga ajratiladi: 1) fe’l kesim; 2) ot kesim.
Fe’l kesim. Turli fe’l shakllari bilan ifodalanadigan kesim fe’l kesim deb yuritiladi: Yo‘l chetida zarg‘aldoqlar sayraydi. (P.Q.). O‘rik qiyg‘os gullaganda, birdan havo sovib, laylakqor yog‘ib berdi. (P.Q.).
Fe’l kesim ba’zan frazeologik ibora bilan ham ifodalanadi: Tog‘ etagida qishloqning mirzateraklari elas-elas ko‘zga tashlanadi. (P.Q.).
Ot kesim. Fe’ldan boshqa so‘z turkumlari (ot, sifat, son, olmosh, ravish, undov va b.) bilan, shuningdek, fe’lning harakat nomi shakli bilan ifodalanadigan kesim ot kesim deb ataladi.
1) kesimning ot bilan ifodalanishi. Ot kesim vazifasida ko‘pincha bosh kelishikdagi ot, ba’zan esa o‘rin-payt, chiqish, jo‘nalish kelishiklardagi ot yoki ko‘makchi bilan qo‘llangan ot kelishi mumkin: Yoshning hurmati - qarz, qarining hurmati – farz. (Maqol). So‘zning ko‘rki - maqol. (Maqol). O‘sha kuni Norboy ota dalada edi. (P. Q.). Safaviylar ham o‘zimizning turkiy ulusdan. (P.Q)
Ot bilan ifodalangan kesim nafaqat bosh kelishik shaklida, ba’zan jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishiklar shaklida bo‘lishi mumkin, hatto ko‘makchi orqali shakllangan bo‘lishi mumkin. Masalan: Ilmu hunar yerga emas, elga. (Maqol). Haqiqat kuchda emas, kuch haqiqatda. (V.Kataev). Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun.(Maqol).
2) kesimning sifat bilan ifodalanishi: O‘rmon ichi sersoya, salqin.(P.Qodirov) Uning bo‘yi baland edi. (P.Qodirov)
3) kesimning son bilan ifodalanishi: Besh karra besh - yigirma besh. Qayiq kattagina, eshkagi to‘rtta edi. (P.Qodirov) So‘zimiz, va’damiz, ahdimiz bitta, do‘stlikda yaratgan baxtimiz bitta.(Maqol). 4) kesimning olmoshbilan ifodalanishi : Endi navbat sizniki. (P.Qodirov) Sen uning kimi bo‘lasan? (Ch.Aytmatov) Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun.(Maqol) 5) kesimning harakat nomi bilan ifodalanishi: Bir ko‘rgan bilish, ikki ko‘rgan tanish. (Maqol)
6) kesimning ravish bilan ifodalanishi: Podshoni kuyov qilishga havasmandlar ko‘p edi.(P.Qodirov). 7) kesimning modal so‘z bilan ifodalanishi: Oy tunda kerak, aql kunda kerak. (Maqol) Tengdoshlari ichida undan tez chopadigani, chillak otishda undan ustasi yo‘q.(P.Qodirov). 8) kesimning undov so‘z bilan ifodalanishi: Ellarni qutqazgan mardlarga balli! Mardlarni yetkizgan yurtlarga balli! (M.SHayxzoda)
Kesim tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1) sodda kesim yakka bir asosli fe’llar bilan ifodalangan kesimlar hamda bog‘lamasiz kelgan ot kesimlardir. Sodda kesim ifoda materialiga ko‘ra ikki xil: sodda fe’l kesim, sodda ot kesim. a) sodda fe’l kesim tuslangan fe’l, ravishdosh, sifatdosh bilan ifodalangan kesimdir. Masalan: Ot yiqilayotganda, Humoyun oyoqlarini uzangidan chiqarib egardan qumga sakradi. (P.Qodirov) Qalin qorlar erib, o‘tlar ko‘karib qoldi. (Ch.Aytmatov) b) sodda ot kesim fe’ldan boshqa so‘z turkumlari: ot, sifat, son, olmosh, ravish, undov so‘z, modal so‘z, shuningdek, fe’lning harakat nomi bilan ifodalangan kesimdir. Masalan: Yolg‘onchi kishi har kim qoshida beobro‘dir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur») Keng-keng ko‘chalari bor-u, lekin markazi tiqilinch. (P.Qodirov) Soyda tosh ko‘p, terib chiqaraverasan. (P.Qodirov)
2) tarkibli kesim ikki va undan ortiq so‘z shakllarining qo‘shiluvidan hosil bo‘lgan kesimdir. U doim yetakchi va yordamchi qismlardan tashkil topib, yetakchi qism asosiy ma’noni, yordamchi qism qo‘shimcha ma’noni ifodalaydi. Ifodalanishiga ko‘ra tarkibli kesim ham ikki xil bo‘ladi:
a) tarkibli fe’l kesim fe’lning analitik shakli bilan ifodalanadi. Bunda o‘zining leksik ma’nosini saqlagan fe’l yetakchi fe’l, qolganlari esa ko‘makchi fe’l yoki to‘liqsiz fe’l bo‘lib, yetakchi fe’ldan anglashilgan harakatning bajarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan turli qo‘shimcha ma’nolarni ifodalaydi. Yetakchi fe’l asosan ravishdosh shaklida bo‘ladi. Masalan: Bu yumshoq, mulohazali odamga yotoqdoshlarning mehri oshib qolgan edi. (A.Muxtor). O‘rmon ichidan qushlarning sayrashi... eshitilib turadi. (P.Qodirov). b) tarkibli ot kesim fe’ldan boshqa so‘z turkumlarining bog‘lama bilan birikishidan yuzaga keladi. Bunda tarkibli ot kesimning ot qismini ot, sifat, son, olmosh, ravish yetakchi qismini tashkil qiladi, yordamchi qismini esa bog‘lama vazifasidagi «bo‘lmoq», «sanalmoq», «hisoblanmoq», «tuyulmoq» kabi fe’llar, shuningdek, «edi», «ekan», «emish» to‘liqsiz fe’li tashkil etadi.
Tarkibli ot kesimda asosiy ma’no yetakchi qism, ot qismida bo‘ladi. Yordamchi qism, bog‘lama esa qo‘shimcha ma’noni, grammatik ma’noni: mayl, zamon, shaxs-son ma’nolarini ifodalaydi.
O‘zbek tilida bog‘lamani qo‘llanishiga ko‘ra ikki turga ajratish mumkin:
1. So‘z bog‘lamalari: bo‘lmoq, hisoblanmoq, sanalmoq, ko‘rinmoq, tuyulmoq, edi, ekan kabilar.
2. Affiks bog‘lama: -dir.
Affiks bog‘lama sodda ot kesim tarkibida qo‘llanib, doimiy sintaktik zamonni ifodalaydi. Masalan: Agar yolg‘iz esang hamdam kitobdir, Bilim subhidagi nur ham kitobdir,. (Abdurahmon Jomiy)
Ko‘pincha mazkur bog‘lama qo‘llanmasligi mumkin, nol shaklida ishlatilishi mumkin: Aqlning o‘lchovi – idrok Ø. (Maqol). Dono durdan a’lo Ø. (Maqol).
So‘z bog‘lama tarkibli ot kesimni shakllantiradi va turli mayl, zamon, shaxs-son ma’nolarini ifodalash uchun xizmat qiladi. Masalan: Yomonga bosh bo‘lguncha, yaxshiga yo‘ldosh bo‘l. (Maqol). Uying tor bo‘lsa ham, ko‘ngling keng bo‘lsin. (Maqol). Shirboz qo‘zining tandir kabobi juda yaxshi bo‘ladi-da. (P.Qodirov). Avazning akasi Ortiq shu edi (P.Qodirov).
Tarkibli ot kesim harakat nomi + kerak, lozim, mumkin, shart, darkor kabi so‘zlar shaklida ham kelishi mumkin. Masalan: Endi jiyan panoh istab borsa, qanoti tagiga olishi mumkin. (P.Qodirov). Bu vatanni tashlab ketmoqchi bo‘lganlarga qat’iy zarba berilmog‘i lozim. (P.Qodirov).
XULOSA
O’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, uning hamma sohalarda mustaqilligining ta‘minlanishi bilan o’zbek tiliga qiziqqan barcha kishilarning tilning ichki tomoni – fonetik, leksik, frazeologik, grammatik xususiyatlarini o’rganish bilan birgalikda, uning amaliy tomoni, til birliklaridan qanday foydalanish masalasini o’rganish ham muhim ahamiyatga egaligi o’z isbotini ko’rsatmoqda. Tilda so’zlovchining tinglovchiga bo’lgan ekspressiv munosabatini ifoda etuvchi bir talay vositalar mavjud. Frazeologizmlar nominativ va qo’shimcha (kesatish, jirkanish, nafrat, so’kish, qarg’ish singari salbiy; erkalash, hazil, rag’batlantirish kabi ijobiy) ma‘no – munosabat aks ettiruvchi nutqiy birliklardir.
Ushbu kurs ishini yozish jarayonida quyidagi xulosalarga kelindi:
1. Grammatika – til sathlari ichida eng turg’un bo’lim hisoblanadi. Grammatik taraqqiyot bu tilning sifatiy rivojlanishini aks ettiradi, chunki tildagi qatlam(math)lararo miqdoriy o’zgarishlar grammatikada umumlashadi hamda grammatik kategoriyalarning, grammatik ma’no ifodalovchi vositalarning taraqqiyotiga ichki omil bo’lib xizmat qiladi.
2. Grammatik ma’ no, grammatik shakl va grammatik kategoriya grammatikaning eng muhim tushunchalaridir va bular o`zaro uzviy bog`langan. Grammatik ma’ no tilda rang-barang usullar bilan ifodalanadi.
3. Fe’ l zamonlari ham grammatik ma’ no ifodalaydi. Bu zamonlar faqat nutqdagi, matndagi so`zlarning qaysi zamonga oid ekanligini ko`rsatish bilan chegaralanmay, balki tashqi dunyoda sodir bo`ladigan voqea va hodisalarning qachon bo`lib o`tganini, ya'ni aynan gapirilayotgan vaqtda yoki gapirilayotgan vaqtdan oldin yo keyin sodir bo`layotganligini ifodalash uchun ham xizmat qiladi.
4. Tilimizda juda ko`p holatlarda ayni bir grammatik ma’ no sintetik shakl bilan ham, analitik shakl bilan ham ifodalanishi mumkin.
5. Barcha grammatik vositalar tilning barqarorligi, ta’ sirchanligi va ohangning to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’ minlaydi.
Gap tarkibidagi o‘zaro tobe bog‘lanishda bo‘lgan so‘zlardan bittasi tobe bo‘lak, ikkinchisi hokim bo‘lak vazifasini bajaradi. Тobe bo‘lak hokim bo‘lakka bog‘lanib, hokim bo‘lak talab etgan sintaktik vazifada keladi. Ana shu vazifa gap bo‘lagi nomi bilan yuritiladi
Gap tarkibida tobe bog‘lanib ma’lum so‘roqqa javob bo‘luvchi so‘z yoki so‘zlar birikmasiga gap bo‘lagi deyiladi. Masalan, o‘qituvchimga gul berdim. Bu gapda uchta gap bo‘lagi bo‘lib, birinchisi kimga? so‘rog‘iga javob bo‘lib, to‘ldiruvchi vazifasida, ikkinchisi nima (ni)? so‘rog‘iga javob bo‘lib, to‘ldiruvchi vazifasida, uchinchisi nima qildi? so‘rog‘iga javob bo‘lib, kesim vazifada kelyapti.
To’ldiruvchilar (aniqlovchisi bilan) egadan keyin keladi. Jamoa a’zolari xorijiy mehmonlarga bayram chiqishlarini namoyish etdi.
Vaziyat holi kesimdan avval keladi: Uzoqdan daryo mavjlanib ko’rinar edi.
Gap bo’laklari tartibining o’zgarishi inversiya deyiladi. Inversiya ma’lum maqsadlarda amalga oshiriladi: O’zgargan tartib-inversiya asosan she’riyatda uchraydi: Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o’zbegim.
Ma’no urg’usi gap bo’laklari tartibining o’zgarishi orqali namoyon bo’ladi. Biz konsertga kecha bordik. Ma’no urg’usini olgan bo’lak kesimdan oldin joylashadi.
Ikki bosh bo’lakli gaplar ikkinchi darajali bo’laklar ishtirokiga ko’ra yig’iq va yoyiq gaplarga ajratiladi. Faqat bosh bo’laklar (ega va kesim)dan iborat gap yig’iq gap deyiladi. Talabalar qatnashdilar. Ikkinchi darajali bo’laklar ham ishtirok etgan gaplar yoyiq sodda gap deyiladi.
|
| |