19
“Ziyoli kishi kuchli va irodali bo‘lmog‘i kerak.
Chunki uning elkasidagi vazifasi og‘ir, yo‘li esa olis.
U insonparvarlik fazilatini amalga oshirishni
o‘zining vazifasi deb biladi.”
Konfutsiy
Muvaffaqiyatli ishlash uchun har bir o‘qituvchi pedagogik
mahoratga ega bo‘lishi zarur. Pedagogik mahorat egasi oz mehnat sarf
qilib, katta natijaga erishadi. Ijodkorlik hamisha uning hamkori
bo‘ladi. Pedagogik ishga qobiliyatli, iste’dodli kishidagina pedagogik
mahorat bo‘lishi mumkin.
Qobiliyat esa faoliyat jarayonida paydo bo‘ladi va rivojlanadi.
Qobiliyatli va mahoratli o‘qituvchi oldida esa hozirgi kun talabi
asosida vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qila oladigan, buyuk vatanni
dildan sevadigan va bu yo‘lda o‘z jonini ham ayamaydigan yoshlarni
vatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash vazifasi turadi.
O‘qituvchilik kasbi ulug‘ va sharafli, murakkab, o‘z o‘rnida mas’uliyatli kasblardan biridir.
Dunyodagi barcha insonlarni komil bo‘lib yetishishida o‘qituvchi sababchi bo‘ladi. Barcha joylar-
dagi hamma kasb-hunar, ilmli, olimu fuqarolar o‘qituvchining mehnati samarasidir. O‘qituvchi
mehnatini biror narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
O‘qituvchilik kasbini egallashga intilayotgan har bir inson o‘zida avvalo iroda, sabr-matonat,
pedagogik mahoratni, o‘qituvchilik ixtisosligiga xos bilim, malaka, ko‘nikmalarni egallashi lozimdir.
Bugungi kun o‘qituvchisi: dunyoqarashi keng, hamma voqea, hodisa ustida erkin fikr yurita
olishi; o‘zi o‘qitadigan fanni chuqur egallagan bo‘lishi; hozirgi zamon fan-texnika talabiga muvofiq
yaxshi dars berishi va uning har daqiqasidan unumli foydalanishi; pedagogika, psixologiya hamda
o‘z fanining metodikasini yaxshi bilishi zarur.
Pedagogik mahorat o‘ziga bolalar haqidagi ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning
mazmuni, metodlari haqidagi keng bilimlarni qamrab oladi. Bu bilimlar umumiy pedagogik
madaniyatni tashkil etadi, o‘qituvchi-tarbiyachi bu madaniyatni egallamas ekan hech vaqt o‘z
kasbining chinakam ustasi bo‘la olmaydi.
Zamonaviy o‘qituvchiga birgina umumiy madaniyatning o‘zi kifoya qilmaydi. Bolalarni
kuzatish, ularni o‘sishidagi muhim narsalarni jamiyatda vujudga kelgan asosiy g‘oyalar bilan
taqqoslash, ularni rivojlanish yo‘llari va usullarini aniqlash turli vositalar, tarbiyaviy ta’sir
ko‘rsatish usullarining o‘zaro bir-biriga o‘tishi dialektikasini chuqur tahlil qilish, pedagogik
izlanishlar va yutuqlarni ilmiy jihatdan bir sistemaga solish malakalari zarur bo‘ladi.